Faoliyatim savdo sohasi bilan bog‘liq paytlarda – bundan ikki yil avval begona shaxsga ishonch bildirib, butun boshli o‘rtahol oila bir yil farovon hayot kechirishi mumkin bo‘lgan summadagi tovarni to‘lovini bir yil davomida bo‘lib berish sharti bilan tavakkal unga topshirdim. O‘zini tutishi, gap so‘zlaridagi hamkorim haqidagi dastlabki fikrim ijobiy edi. Bu yog‘i esa savdo-sotiqdan xabardor ko‘pchilikka ma’lum “kino” bo‘lishini esa kutmagandim.
Quyida aytmoqchi bo‘lganlarim aslida bu voqea haqida emas. Qisqasi, hamkor va’dasini o‘z vaqtida ham, shartlashganimiz kabi ham bajarmadi. Aniqrog‘i, uzoq davom etgan muzokara, dilxiraliklar natijasida pulni berdi. Ammo kelishilgan summaning o‘ndan bir qismini qaytarmasligini va meni undan kechishimni so‘radi. Ko‘rsatilgan muddatidan deyarli yana bir yil kechiktirgani yetmaganidek uning tuyqus bunday deyishi asabimga egov urdi. Yaxshi-yomon gaplardan so‘ng unga so‘ngi qarorimni aytdim: “Agar qolgan summani qaytarmasangiz, notarius tomonidan tuzilgan qarz shartnomamiz yuzasidan ishni sud ijrochisiga chiqaraman”. Ana shunda uning aytgan gapi menga ham alam qildi, ham maqola yozilishiga sabab bo‘ldi: “Terpilamisan, ukam?!”
Ko‘cha tilida qaysidir holat yuzasidan kimgadir chaquv beradigan, qandaydir bo‘xton natijasida yuqori tashkilotlarga ariza yozuvchi, o‘z kuchi yetmaganida tashqi yordamdan foydalanish va yoinki menga noma’lum boshqa ma’nolarnida ifoda etuvchi ushbu rusiyzabon terminga odamlar, ayniqsa erkaklar orasida orlanib qaraladi. “Terpila emasman, o‘zimga o‘zim javob bera olaman”, deymiz ko‘krak kerib biz erkaklar. Aslida esa bu so‘z “ko‘cha hal qiluvchi kuch” shiori keng quloch yoygan avvalgi mustabit tuzim sarqiti emasmikin?.. Siyosiy o‘yinlardan xalqning qisqa muddat kalovalantirib qo‘ygan, jamiyatni ham iqtisodiy ham ijtimoiy jihatdan bir muncha tanazzulga uchratgan, har qadamda o‘g‘rilik, zo‘ravonlik avj olgan qayta qurish deya atalsada qonun izdan chiqqan paytlarda ommalashgan bu so‘zni hozirda og‘iz to‘ldirib, o‘rinli-o‘rinsiz ishlatishlik to‘g‘rimikin? O‘ynab gapirsak ham, o‘ylab gapirishimiz kerakmasmi.
Misol uchun o‘sha hamkorimni pulni qaytarishini talab qilib alam ustida bir musht ursam, uning menga qarshi sudga murojaat qilmasligiga kim kafolat bera olarkin?
Biz bugungi kunda o‘ta madaniylashgan, demokratik islohotlar izchil rivojlanib borayotgan jamiyatda yashamoqdamiz. Yurtimizda inson huquqlariga oliy qadriyat sifatida qaralmoqda. Har bir sohada davlatni bosh islohotchi qilib olishimiz muvofiq maqsadimizdir. Demokratiyaning tom ko‘rinishlari aks etgan AQSH va Yevropa mamlakatlarida inson u yoqda tursin hattoki qo‘shnisining kuchugini haqorat qilganlik uchun ham davlat qonunida jazo belgilangan bir paytda jahon standartlaridan andoza olgan holda o‘z milliy demokratiyamizni yaratayotgan ekanmiz, nega bu kabi eskilik sarqitlari hali ham muomalada? Uyimizni o‘g‘ri ursa, bir paytlardagidek “ko‘cha qozilari”ning uyiga emas ishlar idorasiga murojaat qilishimiz, jamiyatga xavf soluvchi turli ko‘rinishdagi g‘arazli kuchlarga qo‘lda ketmon bilan emas, qudratli qonunimiz bilan kurashishimiz ham “terpilalik”mi unda?
Tom ma’noda olganimizda bu aslida huquqiy savodxonlik yetishmasligi, tasavvurning torlik belgisi emasmi. Yo‘l harakati chog‘ida tasodifan mashinamizda boshqa bir mashinani turtib yubordik. Qo‘limizda fuqarolik javobgarligimiz sug‘urtasi bo‘la turib, DAN xodimini chaqirmay, jabrlanuvchi bilan kelishishga harakat qilamiz. Nazarimizda ortiqcha qog‘ozbozlikka vaqtimiz ketganidan joyida moddiy to‘lov qilishimiz ma’qul ko‘rinadi. Axir bu holatni davlat xodimlar hal qilib bersa, birinchidan, moddiy javobgarlikdan ozod qilinamiz. Ikkinchidan, sug‘urta kompaniyalari faoliyatining fuqorolik nazorati ishtrokchisiga aylanamiz. Sug‘urta kompaniyasining faoliyatidan davlatga to‘lanadigan soliq esa o‘zimizga oylik maosh, ijtimoiy nafaqa ko‘rinishiga qaytadi. Bunday holatda sur’atan odamgarchilik, erkaklar qoidasiga ko‘ra “terpilalik qilmaslik” deya baholasakda, terminni noto‘g‘ri qo‘llash barobarida shu yurt ham, uning qonunlari ham bizniki ekan, bot-bot takrorlaganimiz vatanparvarlik tuyg‘usi oldida adolat qilmayotgandekmiz, nazarimda.
Shu doiradagi boshqa bir holatda esa yo‘l qoidasini buzsak, yo‘l harakati nazorati inspektori bilan “kelishuv” taklif qilamiz… Bilib yoki bilmay qoidani buzdingmi, “terpilalikni or sanaydigan erkaksan-ku(!) oxirigacha erkak bo‘lib, oxirigacha to‘la”. G‘ururingni yerga urib, yolg‘on vaj ko‘rsatib yalingandan ko‘ra boshingni baland ko‘tarib, haydovchilik guvohnomasini topshir, toki ich-ichingdagi yigitlik nomusinga qo‘shilib, vijdoning ham orom olsin.
Qonunni bu kabi aylanib o‘tish usullarining hamon mavjudligi esa ong savodxonligi, huquq savodxonligiga qanchalik muhtoj ekanligimizning belgisi. Pulni birinchi, qonunni ikkinchi o‘rinda ko‘rishdan kelib chiqadigan zarar esa oqibatda jamiyatda boshboshdoqlik avj olishiga sabab bo‘lishini anglab yetmaymiz. Fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish hukumat darajasida e’tiborga olinayotganidan maqsad ham har qanday holatda qonunni yaxshi anglash va amal qilish bilan bevosita bog‘liq jarayon.
Yuqoridagi fikrlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini baholash o‘zingizdan. Xulosa qilib shuni aytamanki, bugun zamon bilagida zo‘ri borniki ham, cho‘ntagida zari borniki ham emas, saviyasi vijdoni bilan bir nuqtada kesishgan xalqniki.
Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ