O'tkazib yubormang

Shaytonbazm

Shomdan keyin ostona hatlab ko‘chaga chiqma. Jin chalib ketadi, bolam. (Buvimning nasihatlaridan).

Ko‘pdan beri shu mavzuda yozish istagida edim. Fakt, asosli fikrlar yetarli bo‘lmagani uchun bu ish shu kunga qadar cho‘zildi.

Yaqin o‘rtog‘imning tug‘ilgan kuni bo‘lib, unda tengdoshlarimdan chiqqan taklifga ko‘ra, «diskoteka» deya nomlanadigan maskanlardan birida mehmon bo‘ldik. Avvallari bo‘lmaganim uchunmi, tungi klublar haqidagi tasavvurim chet el kinofilmlaridagi kadrlar va ayrim tengdoshlarimning gap-so‘zlari bilan chegaralangan edi.

Ichkariga kirish qizlar uchun bepul, yigitlar uchun 25000 so‘mdan ekan. Chipta olgach, ustki kiyimlarimizni 5000 so‘mdan garderobga topshirib, quloqni qomatga keltiruvchi ohang og‘ushida ofitsiant yo‘l boshlagan joyga borib o‘tirdik. Hammamizning qornimiz to‘qligi uchun 2 xil ichimlik va ikki xil salatga buyurtma berdik. Tez-tez o‘chib yonayotgan mayda chiroqlarning chaqmoqsimon harakatini hisobga olmaganda klub deyarli zulmatda edi. Ijtimoiy jamiyatning turli tabaqasidagi chamasi 80-100 nafar yigit-qizlar kuchli musiqa ta’sirida mast. Ular orasida yuqori sinf o‘quvchilaridan tortib, kamida 50 yoshni urib qo‘ygan kishilarini ham uchratish mumkin. Bir qarashda qaysi jins vakillarining soni ko‘proq ekanligini bilish qiyin bo‘lsa-da, nazarimda qizlar soni nisbatan ko‘p edi. Kimlardir biz kabi alohida ajratilgan divan-stol atrofida, kimlardir to‘rt kishilik oddiy o‘rindiqlarda, yana kimlardir esa bar yonida hordiq chiqarmoqda. Mehmonlarning aksariyati esa haminqadar sahnani to‘ldirib, har ko‘yga tushgancha muqom qilardi. Sahna teparog‘i Misr fira’vinining bosh qisimi shaklida ishlargan bo‘lib, qulog‘iga naushnik taqqan ikki «Dj» yigit qo‘lida mikrofon bilan davrani qizitardi. «Ko‘cha ko‘rgan» o‘rtoqlarim holatga tez kirishib ketdi. «Yangi»ligim uchunmi bilmadim, mening vaziyatga ko‘nikishim qiyin bo‘ldi.

Yarim kechada kelgan bo‘lsak-da, klubning doimiy a’zolari nazdida bu barvaqt ekan. Tungi soat bir yarimdan oshganda odamlar soni ikki barobarga ko‘paydi. Jarayonni kuzatar ekanman, go‘yo boshqa olamga tushib qolgandek edim. Mehmonlarning aksariyati yoshlar. Yuz-ko‘zlarini kamalakmisol rangorang bo‘yab-chaplagan, kiyimining torligidan barcha a’zolari bo‘rtib chiqqan yarim-yalong‘och qiz(!)lar, sochlarini allambalo turmaklagan, qulog‘iga sirg‘a taqqan, o‘zini tutishi noodatiy yigit(!)larni har qadamda kuzatish mumkin edi. Sahnada o‘ynayotgan aksariyat qizlarning harakati o‘zbek qiznikiga, yigitlarning o‘ynashi esa yigitnikiga aslo o‘xshamsadi. Ikki jins vakillarining ma’nan noraso harakatlarini ko‘rib, bular garderobga kiyimlarini topshirganda yuzlarining terisini ham qoldirib kirishsa kerak, deb o‘ylab qolasan kishi…
Qarsam, qo‘l telefonimning quvvat toshi tugab qolgan, atrofimdagi manzaralardan ham butulay ko‘nglim sovub bo‘ldi. Uyga ketish maqsadida soat necha bo‘lganini bilmoqchi edim. O‘rtoqlarim o‘ynayotgani uchun ulardan so‘rashning mavridimasdi. Joyimdan qo‘zg‘alib, turgan yerida kuchli musiqa sadosi ta’sirida sarxush likkillayotgan olamon orasidan asta-sekin o‘tib bordim.
Nariroqdagi to‘rt kishilik stol-stul atrofida to‘rtta qiz sigaret burqsitib o‘tirardi. Ulardan biri qo‘l telefonida chamasi xabar yozish bilan band edi. Asta yonlariga yaqinlashgach, boyagi qizdan so‘radim:
-Kechirasiz, soat necha bo‘lganini aytolmaysizmi?
-Chto? Chto ti govoril, neponela?! – deya javob berdi yuz ko‘zidan o‘zbekka judayam o‘xshaydigan boyagi qiz ensa qotirib.
– Vremya seychas skolka, – so‘radim undan qayta. Musiqa shovqinidan bu gal u savolimni yaxshi eshitmay qoldi.
-Chto skolko?.. Normalno govari. 100 dollar do utra, karochi…

1Qizning qolgan gapini eshitib o‘tirmay joyimizga qaytdim. Sahnada o‘ynayotganlarni kuzata boshladim. Ko‘rinishidan o‘ziga bino quygan bir bola o‘rtani hech kimga bermay qilpillardi. Bir payt musiqa o‘zgarib boshqa bir yanada sho‘xrog‘iga ulab yuborildi va «Dj» nimalardir deb baqirdi. Haligi bola battar jazavaga tushib o‘yinini davom ettirdi va cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib ikki qo‘liga oldi-da, sochib yubordi. Vaziyatlarni kuzatar ekanman, o‘zimni og‘ir xis qila boshladim. Joyimda ortiq o‘tirolmay ko‘chaga chiqdim. Biroz qulog‘im tinchigandek bo‘ldi. Eshikdan sal narida men tengqur bir bola sigaret chekib turardi. Garchi tengdosh bo‘lsam ham salom berib, unga qo‘l uzatdim. U esa umrida hech salom olmagan odamga o‘xshab qulog‘i chakkasiga kelguncha ishshaydi : «Ha ukam, nima problema? Tinchlikmi?» so‘radi u gavdasiga yarashmagan ohangda xirrillab ikki qo‘lini cho‘ntagiga tiqib. «Muammo yo‘q, aka! Diskotekaga nega kelasizlar? Shu savolga javob olmoqchidim», so‘radim undan. «Qizu bolekansanu?.. Adashib kepqoganga o‘xshiysan. Kayf qigani, ko‘ngil ochgani kelamiza. Chotki joy-ku, bu..!» «Qatta ishlaysiz yoki o‘qiysizmi, aka?» Savolim tegib ketgan kurinadi u birpasta jiddiylashdi: « Ho‘, manga qara! « Aka, aka»lab ezvording! Tergovchimisan? Ne, boshimni qotirvossan? Yo chakaging qichib qoldimi, a-a-a o‘-o‘o‘o‘??!». Gavhar tosh bilan urishmaydi, o’yladim ichimda. «Uzr, aka»,- deya undan uzoqlashdim. Bu yer yaxshi suhbatdosh topadigan joymasligi va savolimga izoh talab qilinmasligi aniq edi. Ichkariga kirib o‘rtoqlarimni chaqirdim va ketishga undadim. Ular yana yarim soatdan so‘ng turishimizni aytib, kutishimni iltimos qilishdi.Yana tashqariga chiqdim. Bir qiz oldimga kelib, sigaret yoqib olish uchun gugurt so‘radi. Shu bahona uni gapga soldim. Boyagi savollarimni unga ham berdim. O‘zini Samira deb tanishtirgan bu qiz yuridik oliygohning 3-bosqich talabasi ekan. U mening so‘zlarimni tinglab bo‘lgach, o‘z fikrlarini aytdi:
“O‘ylashimcha, diskotekaning yomon tomoni yo‘q. Siz ichkarida kuzatgan narsalarni inkor etmoqchimasman. Qanday bo‘lish bu hammaning o‘z huquqi. Erkin demokratik jamiyatda yashayapmiz. Charchoqni chiqarish, shunchaki ko‘ngil yozish maqsadida keladigan yoshlar talay bu yerda. Masalan klubniy musiqalar mening jonu dilim. Odamning o‘ziga yoqqan ohang nervlarni tinchlantirib, kayfiyatni ko‘taradi. Bu hordiq chiqarishning Yevropacha usuli, agar bilsangiz».
Garchi mening qarashlarimni oqlamagan bo‘lsa ham, bu qizning o‘z hatti-harakatlariga izoh berganidan bir oz ko‘nglim ko‘tarildi: meni eshitadigan odam ham bor ekan-ku, bu yerda!..
Shu payt ichkaridan o‘rtog‘im chiqib, ketayotganimizni aytdi va yegan-ichganimiz hisob-kitob qilish uchun men ham ichkariga kirdim. Ma’lum bo‘lishicha, ikki xil ichimlik va ikki xil salat uchun 415000(!) to‘lashimiz kerak ekan. Hisob-kitob varog‘ida yozilgan narxlarni va ofitsiantning hizmat haqini o‘qib, o‘zimni zo‘rg‘a bosdim. Niyatimiz xolismidi yo‘qmi bilmadimu, har holda to‘rtta o‘rtoq borimizni o‘rtaga tashlaganda kerakli pul to‘plandi. Azon chaqirilayotgan payt, tonggi soat to‘rtdan oshganda «Shaytonbazm» nihoyasiga yetdi.
Osmon oqara boshlaganida uyga qaytar ekanmiz, sho‘xroq o‘rtog‘im menga gap qotdi:
-Sen nega chiqmading davraga? Bir chekkada shumshayib o‘tirishingni qara! Mazza qilib o‘ynadik. Zo‘r joy ekan. Narx-navosini aytmasa, yaxshi joy! Qizlarini aytmaysanmi!… Oh,oh,oh!… Endi tez-tez kelib turamiz-a, bolalar?..
Uning gapidan hammamiz kuldik. O‘zimni aqlli ko‘rsatmaslik uchun ularga indamadim. Buning mavridi ham emasdi. Garchi qimmatga tushgan bo‘lsa ham, o‘rtoqlarimga bu tungi bazm xush yoqqanligini ularning ko‘zlaridan ilg‘adim…
So‘ngi so‘z o‘rnida aytmoqchimanki, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan anchayin kuchliroq ekanligi ta’kidlanganda, aynan shu kabi yoshlar ongini chalg‘ituvchi g‘oyaviy masalalar ham nazarda tutilgan bo‘lsa ajab emas. Har kuni bu kabi maskanlarda qanchadan qancha yoshlar o‘ziga xos tarzda «hordiq» chiqarmoqda. Tungi bazm mehmonlarining doirasi kundan kunga ko‘payib borayotgani esa odamni o‘ylantiradi.
Mustaqil demokratik mamlakatda yashamoqdamiz. Yurtimizdagi har bir islohot zamirida inson va uning manfaatlari ustuvor bo‘g‘in sifatida gavdalanadi. Ayniqsa mustaqillikning ilk kunlaridanoq ozod yurtning ertasi deya umid bog‘lanayotgan biz yoshlarning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishimiz, ham aqlan, ham ruhan, ham jismonan barkamol avlod bo‘lib yetishishimiz yo‘lida qilingan va qilinayotgan ishlarning sanog‘i yo‘q. Shuning barobarida, barcha demokratik mamlakatlarda bo‘lgani kabi, bizda ham yuqoridagi kabi turli tungi klublar, yengil-yelpi vaqt o‘tkazish uchun ochilgan maskanlar faoliyati chegaralanmagan. Ayonki, bunday joylar faqat fikrni chalg‘itadi, sog‘lom muhitni zaharlaydi, vaqtni oladi. Buni to‘g‘ri anglab, vaqtini ilm-fan, madaniyat, sport umuman olganda ertasi bor sohalarga sarflash faqat o‘zimga bog‘liq.
Biz yoshlar buyuk allomalarni dunyo tamadduniga taqdim etgan tuprog‘i zar yurtning, kundan kun taraqqiy etib borayotgan, yuksak marralar sari yetaklaydigan imkoniyatlar eshigi ochiq mamlakatning farzandlarimiz. Milliy mentalitetimizga umuman yot bo‘lgan g‘oyalar ta’sirida vaqtimizni o‘tkazish, o‘zdan hech bir yaxshi nom qoldirmay, induvit kabi mazmunsiz yashab o‘tmoqlik ham mumkindir, balki. Ammo kelajagi buyuk mamlakatning bunyodkorlari sifatida Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘sha olish o‘z qo‘limizda.

Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ

 

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter