Internetdan ma’lumot olayotgan ekansiz, “3D” o‘lchamdagi tasvirdan xabardormisiz, ushbu formatda film tomosha qilganmisiz, deb so‘rashim nojoiz. Hattoki hozir yurtimizda “5D” “7D” hajmdagi tasvirlarni namoyish etayotgan kinoteatrlar ham faoliyat yuritmoqdaki, bu ko‘pchilikka yangilik emas. Tasvirni tomoshabinga uch o‘lchamda, besh yoki yetti o‘lchamda yetkazib berish degani – uni ko‘rsatilayotgan kinotasvirga tom ma’noda olib kirish, film kechinmalarini ovoz va tashqi harakatlar yordamida tomoshabin ruhiyati to‘laroq his qilishini bildiradi. Tomoshabin go‘yo bunda nafaqat ruhiy balki jismoniy jihatdan ham filmning ichida yurgandek his qiladi o‘zini.
Endi bir o‘ylab ko‘raylik. Ushbu turdagi filmlarni bir marta bo‘lsa ham ishtirokchisi bo‘lganlar yaxshi biladi: oddiy to‘rtburchak qog‘oz ekrandagi voqealar ko‘zoynak, holatga qarab qimirlab turuvchi o‘rindiq, har tomondan o‘rnatilgan bir necha havo va suv purkovchi sodda qurilmalarning yuqori texnik maxsus programma vositasida ma’lum bir paytda harakatlanishi bizni hayratlantiradi.
Ha, texnika taraqqiyoti mo‘’jizalaridan hayratdamiz!.. Aslida esa har birimizning tomchi suvdan inson shakliga kirib, aniq chizib berilgan hayot yo‘limizda ketib borishimiz va kutilmagan paytda jon berishimiz haqiqiy mo‘’jiza emasmi?! Jism oddiy loydan bunyodga kelib, ruhimiz ma’lum vaqtga qadar omonat sifatida arshdan tushirilgani haqida chuqur fikr yurgizsak, biz ham aslida hayot atalmish filmning ojiz aktyorlarimiz xolos. Tug‘ilish va o‘lim, qanday inson bo‘lib hayot kechirishligimiz eng mukammal senariy – taqdir kitobi “Lavhul qalam”da avvaldan belgilab qo‘yilgan. Biz esa shunchaki Ulug‘ yaratguvchining mukammal chizgilar vositasida bunyod etilgan va Uning hayot atalmish buyuk kinosi ishtirokchilarimiz holos. Faqat ezgu harakatlarga buyurilgan ojiz ishtkorchi-kuzatuvchilar…
Kamchiligimiz shundaki, biz Yaratganning bizga ma’lum bo‘lgan karomatlarini, dunyoning o‘tkinchi ekanligini tilimizda tasdiqlaymizu, amalda osiy bo‘lib, boqiylikka da’vo qilayotgandekmiz. Kinoda uchraydigan oddiy o‘tkinchi epizodlarga mahliyo bo‘lib qolganimiz kabi ayrim o‘rinlarda dunyo matolari aqlimizni o‘g‘irlab olayotganligini hech birimiz inkor qila olmaymiz. Ha, inson hayvon va farishta maqomining o‘rtasidagi me’yorda yaratilgan ojiz bir molekula xolos aslida. Biz har qancha aqlli, har qancha erishuvchi bo‘lmaylik, hech bir narsa U hohlaganidan ortiq ham, kam ham bo‘lmaydi.
Har bir ruh inson jismiga kiritilishidan avval arshi a’loda – Yaratganning qabulida iymon yo‘lida sobit bo‘lishlikka, Uning aytganidadan tashqariga chiqmaslikka qasam ichar ekan. So‘ngra Buyuk Yaratguvchining qudrati bilan u xotiralar o‘chirilib, ruh inson jismiga ko‘chib, noldan dunyo yuzini ko‘rarkan. O‘xshashlikni qarangki, biz ham hayotda o‘zimiz kabi oddiy kishilar tomonidan ijod qilingan biror bir kinoni tomosha qilar ekanmiz, hissiyotga berilamiz: goh yig‘laymiz, goh kulamiz. Yana bir asosiy narsaga ahamiyat beringki, kino biror bir jinoyatchining qahramonliklari haqidagi voqealar tasviriga doir bo‘lsa, u har qancha razolatga botgan bo‘lmasin qahramonliklari va yoki boy-badavlatligi uchun ham bir muddat bo‘lsada uning o‘rnida bo‘lib qolgimiz keladi. Oddiy misol: “Shaytanat”dagi Asadbekka, “Kurtlar vodiysi”dagi Po‘latga kim xavas qilmagan?! Axir bu kino, hayotimiz esa boshqa-ku!.. Atrofimizdagi har bir zarrada hikmat yashirin. O‘ylamaymizmi?!.
Aytmoqchi bo‘lganim, bu dunyoviy hayotimiz ham aslida kinoning o‘zginasi! Unda bizning ayrimlarimiz anglab, ayrimimiz anglamay rol ijro etamiz! Qazoi qadar yetib, bu mukammal kinodagi o‘z ijroimizga doir rolimiz tugagach esa, Buyuk Rejissiyor tomonidan mehnatimiz, salohiyatimiz, buyurilganini qanday bajara olganimizga qarab, yo ajru mukofot yo jazoimiz tayinlanadi. Mana sizga eng hayratli mo‘’jiza!
Go‘yoki hayot, har narsaga Qodir zotning bizga ma’lumgina irodasi bilan bunyodga kelgan “100D” o‘lchamli kino. Ruhimiz kinoda ishtirok etish uchun jismimiz niqob sifatida berildi. Tanamizda mavjudlari: ko‘rish, eshitish, his etish, yetti muchchamizning sog‘ligi, boy yoki faqirligimiz bizga ato e’tilgan ne’mat va sinovdir.
Qog‘oz kapitallar muhim ahamiyat kasb etayogan bugungi zamonda ko‘pchiligimiz noliymiz: nega men halol bo‘laturib faqirmanu, nega qo‘shnim muttaham bo‘lsada boy?! Bunda ikki narsaga e’tibor bering, birinchidan, qo‘shningizni qaysidir sabablarga ko‘ra siz muttaham deb bilasiz, ammo Rahmon nazdida uning qanday yaxshi amallari borligi sizga qorong‘u! Ikkinchidan, agar u xalqqa oshkor tarzda sudxo‘r, qimorboz, o‘g‘ri yoki sharobxo‘r bo‘lgan taqdirda ham badavlat hayot kechirayotgan bo‘lsa, bu uning kofirligini yanada oshirish uchun yuborilgan vositadir, ehtimol. Yaratganning mo‘min bandalariga marhamati dunyoviy boyliklar bilan o‘lchanganida iymonsiz kishiga U pashshaning qanoticha ham ulush bermasligi Muqaddas kitobimizda bayon etib o‘tilgan.
Gapirsa gap ko‘p, shukr esa kam. Bugunda jannatmonand Vatanimizda yuqorida maqoyis qilganimiz – hayot kinosi eng go‘zal notalarda. Har bir islohot inson uchun. Faqat halol yashaydigan, atrofga yaxshiliklar ulashib, yetgan va yetishayotgan ne’matlarimizga shukr aytib charchamaydigan payt.
Yevropaning rivojlangan mamlakatlari hali hanuz jahon iqtisodiy inqirozi ta’siridan butkul chiqa olmay, ishsizlik soni oshib, chora izlashda davom etayotgan bir paytda dunyo iqtisodchilari e’tirofidan tushmay kelayotgan “o‘zbek modeli” sharofati, avvaldan tayyorgarligini ko‘rib qo‘yganimiz inqirozga qarshi chora tadbirlar dasturi natijasida inqirozdan yugurib o‘tib ketdik, sezmadik ham hatto, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimida so‘zlagan ma’ruzasida har jabhada tobora o‘sish, tobora yuksalish ekanligi aniq faktlar bilan izohlab o‘tildi: aynan jahon iqtisodiy inqirozi davri 2008-2013 yillarda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi 8 foizdan oshgani va 2014 yilda bu ko‘rsatgich 8.1 foizni tashkil etishi kutilayotgani, mustaqillik yillaridagi aholining real daromadlari jon boshiga 8.2 barobar oshgani esa turmush darajamiz tobora yaxshilanib borayotgani va borajagidan dalolat emasmi? Birgina poyoniga yetgan yilning o‘zida qishloq ahliga uy-ro‘zg‘or buyumlari sotib olish uchun 68 milliard so‘mlik iste’mol kreditlari, mamlakatimiz aholisiga 346 milliard so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgani, 970 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgani, 500 mingdan ortiq kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanganligi kabi shu yilning o‘zida erishilgan sanog‘i bisyor marralar yuraklarimizni hayajonga solmaydimi? Nimadan nolish mumkin?!
Bizning turmushimizni ham yuqoridagi tashbehimiz kabi hayot atalmish kinoga qiyoslasak, O‘zbekiston hayot kinosidagi eng go‘zal sahna! Fikratimiz uchun birgina Qo‘shma shtatlarga “arktika pingvinglari ko‘chib kelishni rejalashtirayotgan” qahraton sovuq kelgan bir paytda, yurtimizda qish bo‘lsada harorat mo‘’tadil ekanligini aql tarozisiga solishning o‘zi ham kifoya. Har ne bo‘lganida ham muhimi hayotning turli og‘ir-yengil sinovlarida ruhimiz sinmay, mustahkam iroda va bag‘rikenglik bilan yuksak marralar sari shiddat bilan intilib, O‘zbekiston atalmish betakror sahnada rol o‘ynayotganimiz uchun Buyuk Rejissiyorga yana bir bor shukr!!!
Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ
zo’r
Assalomu alaykum.
Oliygohda Psixologiya darsida o’qituvchimiz inson har qanday bir xillikdan 7 minutda zerikadi va bu narsa u uchun qiziqlik kasb etmay qoladi deb aytgandi. 3D, 5D, 7D formatlar o’sha zerikishni oldini olish uchun o’ylab topilgan nazarimda. Chunki ko’pchilik insonlarda «hayotda bir marta yashaymiz, o’ynab-kulib qolaylik, vaqtni chog’ o’tkazaylik» degan tushunchalar mavjud. Odam Ato va Momo Havvo yerga tushirilgandan keyingi davrlarda insonlar ming yil yashagan ekan. Ular hamma narsaga ulgurishgan.Ibodatgayam, imoratgayam, o’yin-kulgugayam, yaxshi yashashgayam. Misol uchun 1000 yil yashagan odam besh mahal namoz o’qisa, ro’za tutsa va boshqa ibodatlarni qilsa, umrining necha yili ibodat bilan o’tishini bir o’ylab ko’ring. O’sha davrda ular bilishganakan Oxiri zamon ummatlari 60-70 yil umr ko’rishlarini. Bir soddaroq ayol shunday deganakan: AGAR O’SHA ODAMLARNI KO’RGANIMDA, UMRINGNI BITTA SAJDA BILAN O’TKAZVOR, BOSHQA NARSAGA ULGUROLMAYSAN DEB AYTARDIM.
Texnika taraqqiyot topib borayotgan bu davrda FALON NARSA YARATILIBDI degan jumlalar kunda kun-ora quloqqa chalinmoqda. Ularga qarab EY INSONLAR YARATUVCHI BITTA, BIZ INSONLAR NIMALARNIDIR KASHF QILMOQDAMIZ, BIZNI QO’LIMIZDAN YARATUVCHILIK KELMAYDI deb hayqirgim keladi. Yaratilganlar ichida eng mukammali Insondir. O’sha inson ba’zida ko’p narsalarni da’vo qilmoqda. Biz qanchalik aqlli, olim bo’lmaylik Alloh izni bilan bizga bildirilgan narsalardan ortig’iga bu «ixtirochi» kallamiz yetmaydi… Biz o’zimizni shunchalik aqlli sanasakda dunyo matohiga aldanib qanchalar ahmoqlik va tubanliklar qilayotganimiz bugun o’zimiz va Yaratganga ayon.
Har bir ruhdan va’da olingani Al-Miysoq deyiladi. Shuning uchun qachondan musulmonsan degan savolga Almisoqdan deb javob beriladi. Biz hayot kinosida ixtiyoriy rol o’ynovchi mustaqil aktyorlarmiz. Bizga bitta to’g’ri-qiyin ssenariy va minglab noto’g’ri-oson ssenariylar taqdim etiladi. Ulardan birini tanlash esa o’zimizga faqat o’zimizga bog’liq. Taqdirimda borakanki shunday bo’ldi degani shunga majburmiz degani emas, balki bizning shunday qilishimiz Lahful-Maxfuzda, taqdirimizda yozib qo’yilganidir…
Dunyo hayotini kinoga o’xshatganlar har xil fikrlarni bildirishadi… Bitta kinoda birovning butun umrini tasvirlash mumkin.Bu yaxshi narsa,Chunki inson qanday yashash kerakligini balki mana shu kinodagi yaxshi qahramonlardan o’rganishi mumkin.Muhimi biz hayotimizni qanday bo’lishini tom ma’noda ko’rishimiz va to’g’irlash kerak joylarini e’tiborga olib qo’yishimizdir…
Hayotni nafaqat «100D» o’lchamli balki 1000000 D o’lchamli kino desak ham bo’ladi. Chunki Allohning nechta va qanday o’lchamlarda yaratuvchanligini hisoblashga ojizlik qilamiz. Bizga berilgan ne’mat va sinovlar esa ogohlikka undaydi.
Pul haqida gap ketganda shu narsani unutmanki- bu bir qog’oz. Insonlar pul bo’lmagan davrdayam yashashgan. Sahobalar ko’proq pul topishsa qo’rqishgan.Oxiratimni kuydiradigan narsa bu deb tezroq sadaqa qivorishga shoshilishgan.Ular narigi dunyoga o’tkizishganini naqd deb, bu dunyodagini nasiya deb bilishgan. To’g’ri hozir unaqalar deyarli topilmaydi,lekin nimaga shunchalik o’chligimizni, haqiqiy ilmli odamlar pulni nima qilganini aytib qo’ymoqchiman. QIMORBOZNI TOPGAN 1 000 000 PULI BILAN, ETIKDO’ZNI PESHONA TERI BILAN TOPGAN 50 000 PULI O’RTASIDA YER BILAN OSMONCHA FARQ BOR. Qimorboz pulini qayoqqa ishlatganini,nima olganini bilmay qoladi, etikdo’z oilasiga 2 paket bozor qib keladi yana yonida 3-4 ming puli qoladi.Gap pulni kam-ko’pligida emas.Gap barakada…
Allohga iymon keltirishdan keyingi eng yaxshi amallardan biri bu – kishining odamlarga foydasi tegishidir. Agar har birimiz shu xalq, shu Vatan uchun arzigulik nima qildim degan savolni o’zimizga bersak va unga aqalli bir marta javob bera olsak, bilasizmi 30 milliondan ortiq aholisi bor O’zbekiston Respublikasida qanday rivojlanish-yuksalish-taraqqiyot darajasini ko’rish mumkin.
Rivojlangan mamlakatlar deb gapirganda bitta narsaga e’tibor qarating.Ular shu darajaga nechchi yilda yetgan? O’zbekiston Dunyodagi okeandan eng uzoq davlatlardan biri hisoblanarkan. Shuncha ichkarida bo’lishimizga qaramay o’sha okeandagi ba’zi davlatlardan ko’rsatkichlarimiz ancha yaxshiligi, qisqa muddat ichida shu darajaga yetkanimiz, barqaror o’sish suratlarining davom etishi biz tanlagan yo’lning to’g’riligiga dalil emasmi? Okeanning nima aloqasi bor bunga degan savolni kema transporti va Dunyo okeanining iqtisodiyot uchun qanchalik muhimligini bilganlar bermasa kerak menga??? Hech narsadan nolishga haqqimiz yo’q, Faqat shukr hammasi uchun shukr. Fakultetimiz dekanining yodimda qolgan ko’plab gaplaridan biri: O’zinga bir ahamiyat ber.O’qishga kelganingda qo’l telefoning yo’q edi, hozir eng so’nggi rusumdagisi qo’lingda, noutbuk olding, stipendiyalaring kundan-kunga ko’paymoqda, yashashing yaxshi, uydagilaringga yordam beryapsan. Nimadan noliysan?
Hozir hamma sharoit bor, faqat harakat qilish, ishlash kerak.Kinodagi ISHLAMAGAN TISHLAYDI, O’RGAN STUDENT deyiladigan davrlar o’tib ketdi…
Inson mo’jizasini yaratgan, shunday tinch zamonlarda dunyoga keltirgan Robbimizga faqat shukrlar aytib yashamog’imiz darkor azizlar!!!
Xatolarim uchun uzr…
kechirasilaru bu qanaqa sayt odamni vaqtini olish uchun qilinganmi nima bu ….!
Yozib tashlashdan oldin o’ylab ko’ringlar nima qilepsilar o’zi?! Qisqa Lo’nda Ma’noli bo’ladi shartmas oyog’ini osmondan qilib tashlash!