O'tkazib yubormang

Jurnalist ishonchga loyiqmi?

So‘zkim, ayladi judo insonni hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.
Alisher NAVOIY.

Ikki talaba suhbatlashmoqda. Ulardan biri tibbiyot yo‘nalishida, ikkinchisi jurnalistika fakultetida o‘qiydi.
-O‘qishni tamomlaganingdan so‘ng qayerda ishlamoqchisan?
-Otam xususiy dorixona ochib beradi. O‘sha yerda ish yuritaman. Meni shifokorlikka o‘qitishlarining sababi ham aslida shu. Sen-chi?
– Akam xususiy gazeta tashkil qilyapti. Diplom olgach, shu nashrga muharrirlik qilaman.

Bugunning muammosi sifatida bema’no qo‘shiqlar va saviyasiz filmlarning son jihatdan ortib borayotgani to‘g‘risida ko‘p noliymiz. Ularning ma’naviy jihatdan qashshoq tomonlarini, kamchiliklari haqida ko‘p yozilayapti. Ammo biz jurnalistlar o‘z muhitimizdagi muammolar, yechimini kutayotgan masalalar to‘g‘risida ham hech o‘ylab ko‘rganmizmi?! So‘nggi yillarda Respublikamizda ko‘plab yangi gazeta-jurnallar tashkil etilmoqdaki, ba’zan ularning nomlarini birma-bir aytib chiqish ham mushkul. Aksariyat nashrlar 3-4-soni bosilganidan so‘ng, o‘zini oqlamay yopilib ketmoqda. Ayrim xususiy nodavlat nashrlar esa turli reklama usullari bilan OAV bozoridagi raqobat muhitida o‘z o‘rnini topish tadorigida olg‘a intilishda charchashmayapti.

Ma’no jihatdan to‘kis, jurnalistik talablarga javob beradigan, dardi xalq dardi bilan uyg‘un OAV qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ammo aksariyat xususiy nashrlarning asl maqsadi mushtariyni tarbiyalash emas. Ularni turli oldi-qochdi, yengil-yelpi materiallar bilan qiziqtirish, vaqtini olishdan nariga o‘tmayapti. Boshi-oxiri yo‘q, bir o‘tirishda qoralangan, ma’nosi o‘ldim-kuydimdan nariga o‘tmaydigan, ikki jins orasidagi nohayo harakatlar oshkora izohlanayotgan hikoya janriga yaqin satrlar, urish-o‘ldirish, o‘g‘rilik-bezorilik kabi turli noahloqiy obrazlarga yo‘g‘rilgan, vahshiylik, toshbag‘irlikni targ‘ib etuvchi real hayotdan uzoq detektiv qissaga o‘xshash jumlalarni bu kabi nashrlarda istalgancha topish mumkin. Bunday nashrlar shou-biznes vakillari uchun ham arzon reklama vositasi bo‘lib xizmat qilayotgani sir emas. Gazeta xodimlari xonandaning ijodi, ichki dunyosi, va oilaviy hayotini yoritish barobarida uning qanday mashinasi borligi, uyidagi xonalarning soniyu qaysi kuni qanday kiyinishigacha bo‘lgan mayda, erish ma’lumotlarni yozishdan ham tap tortishmayapti. Mashhurlarning yashirin sirlarini ochish va shu orqali shov-shuv ko‘tarishga qaratilgan «piar» uslubidagi maqolalarning vazifasi ham faqatgina mushtariy e’tiborini o‘zida saqlab qolish uchun desak, yanglishmaymiz. Bu esa endigina ko‘zga ko‘rinayotgan «bo‘lajak mashhur»ning tezda omma tiliga tushishini ham ta’minlamoqda. Qarangki, «piar» deganlari qanday soz, zamonaviy va har ikki tomon uchun foydali kelishuv a?!.

Ammo shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, xususiy gazeta-jurnallar bosma sifati bilan boshqa davlat nashrlari orasida ko‘zga tashlanib turadi. Yaltiroq muqova, sifatli qog‘oz va unga berilgan ko‘zni qamashtiruvchi ranglar maqolani o‘qishga chorlaydi, go‘yo… Lekin qaniydi so‘zning sifati ham xuddi shu qog‘ozning sifati kabi qiymatli bo‘lsa… Saviyasi pastligi barobarida imlo xatolarining ko‘pligi esa ziyoli qatlamning jig‘iga tegishi aniq. Gohida yozilgan maqolada muallifning nima demoqchi ekanligini anglash qiyin kechadi. Maqolaning mazmunini ochib beruvchi sarlavhalar ham qalamga olingan mavzu mohiyatiga yaqin emas. Uni o‘qib boshqacha xayolga borish ham mumkin.

Aksariyat nashrlarning rahbarlari jurnalistikadan yiroq insonlar bo‘lgani bois ham jurnalistika va gazetachilikka bir tomonlama yondashuv kelib chiqmoqda. Hozirda nashr mushtariyni emas, mushtariy nashrni o‘z ortidan ergashtirayotganini qanday izohlash mumkin?.. Moddiy ishlab chiqarish obektlari iste’molchilarining talabidan kelib chiqib tovar yaratadi, ammo buni OAV yo‘nalishida qo‘llash ommaviy madaniyat deya havotirga tushayotganimiz g‘arbcha g‘oyalarni targ‘ib qilishga tenglashib qolmaydimi?! Ijodkorlar har bir asarini farzandga qiyoslaydi. Shu o‘rinda tarbiya ko‘rmagan, noqobil farzandni jamiyatga qo‘shish ham jinoyat emasmi?!.

Turli oldi-qochdi mavzu va shov-shuvli xabar hamda yolg‘onga asoslangan ma’lumotlar orqali o‘z o‘quvchisiga ega bo‘lish haqiqiy jurnalistning, chinakam noshirning ishi emas. Ustozlarimiz qalam tutganda har bir so‘z ustida uzoq bosh qotirishgan. Bundan tashqari, oppoq qog‘ozni, bosma-nashrni muqaddas bilib, fikr otashida tobiga yetmagan ijod mahsulini tahririyatga taqdim etishni o‘zlariga ep bilishmagan. Chunki jurnalistlar orasida ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z-o‘zini nazoratda tutish tushunchasi bo‘lib, avvalo, yozilajak maqolaga mushtariylarning, munaqqidlarning, hamkasblarning fikri qanday bo‘lar ekan, degan doimiy istihola mavjud bo‘lgan.

Televidiniye va radioga nisbatan bosma nashrlarning mushtariyga ta’sir kuchi o‘zgacha. Bunda so‘z qadri va uning saviyasi orqali o‘quvchiga istalgancha ma’naviy ozuqa bera olish, uning fikrlashiga va eng asosiysi to‘g‘ridan-to‘g‘ri «men»iga ta’sir etish mumkin. Chop etilgan kaftdek maqola ham shu nuqtai nazardan tarixga muxrlanadi.

Jahon adabiyoti vakillaridan biri Artur Konan Doyil shunday deydi: «Matbuot, agar undan ustalik bilan foydalana olinsa, chinakam xazina». Darhaqiqat, huddi shunday. Ammo biz o‘zbek jurnalistlari ana shu xazinadan unumli foydalana olyapmizmi?!.

Bu savolga aniq javob berish bir muncha mushkul. Hukumat tomonidan barcha sohalar qatori OAV faoliyati va ularning rivojlanishiga yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Ayniqsa, yangi avlod vakillariga, yetishib kelayotgan yosh jurnalist kadrlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishi uchun barcha qulayliklar mavjud. O‘z o‘rnida biz jurnalistlarning ham oldimizda turgan vazifalar talaygina. Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda axborot poligonlari yadro poligonlaridan ko‘proq ahamiyat kasb etayotgan hozirgi vaqtda jurnalist davr bilan hamnafas holda, avvalo, mamlakatni turli tashqi axboriy poligonlardan, yot g‘oyalar ta’siridan himoya qila olishi kerak. Negaki, xalq azaldan qalam ahliga ishonib kelgan. O‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan ham ko‘proq chop etilgan maqolaga ishonch bildiradi. “Ana yozishibdi-ku”, deydi.

Shu o‘rinda biz jurnalistlar xalqning ana shu ishonchiga munosib bo‘lishimiz, o‘z ortimizdan ezgu manzillar sari ergashtira olishimiz, kerak bo‘lsa, tarbiyalashimiz darkor. Buning uchun esa, avvalo, o‘zimiz jurnalist degan ulug‘ nomga loyiq bo‘lishimiz kerak.

журналист

Bugungi kun OAV sobiq totalitar tuzum paytidagidek mavjud mafkuraning xizmatkori emas. Huquqiy demokratik jamiyatda yashayapmiz, tegishli qonun hujjatlarida senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan. Xolislikdan yiroq, juda ham jo‘n qoralangan, yozgan narsasiga jurnalistning o‘zining ham ishonishi qiyin bo‘lgan maqolalar yozgandan ko‘ra zimmamizdagi vazifalarga tanqidiy munosabatda bo‘lish, kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lida haqqoniy yondashilgan fikrlarni ko‘tarib chiqish kelajagi buyuk Vatanimizning taraqqiyotini belgilamaydimi?.. Ziyoli qatlamning old vakillari sifatida jamiyatdagi muammolarni birinchilardan bo‘lib biz anglashimiz, uning og‘riqli nuqtalariga dastlabki tashxisni biz qo‘yishimiz kerakmasmi?.. Bir so‘z bilan aytganda, jurnalist qachon o‘z nomiga munosib bo‘ladi?..
Fikrimcha qalam ahlining har biri erta tongda uyg‘ongach, bir bora o‘z-o‘ziga savol berishi kerak: jurnalist bo‘lib jamiyat uchun bugun nima bera olaman, men o‘zi jurnalistmanmi yoki tahririyat buyurtmasidan o‘zgasini yoza olmaydigan xattot?..
Tahlil qilinadigan bo‘lsa, OAVda yuqorida aytib o‘tilgani kabi yechimini kutayotgan muammolar ko‘plab topiladi. Bu muammolardan ko‘z yumib o‘tib ketish, jurnalistika sohasiga yengil nazar bilan esa qarash esa aslo mumkin emas. Ildiz otishga harakat qilayotgan, begona o‘t yanglig‘ palak yozayotgan muammolari o‘z vaqtida sug‘urib tashlash, jamiyatdagi, xususan, sohadagi mavjud muammolarni o‘z o‘rnida yechish biz yosh jurnalistlarning zimmamizdagi burch va oldimiz turgan ustuvor vazifadir.

Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter