O'tkazib yubormang

Men millatchi emasman

( Maqolaning maqsad-mazmunida millatchilikdan misqol bo‘lsa, tilimni kesib tashlayman.)

1989 yil 21 oktyabr o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi mamlakatimiz mustaqil bo‘lishidan avvalgi eng unutilmas, muhim sana bo‘lib, Vatanimiz tarixiga yozildi. O‘tgan yilar davomida hukumat tomonidan Davlat tilimizning rivojlanishi, taraqqiyoti yo‘lida olib borilgan istiqbolli ishlarni sanab o‘tirmayman. Asosiysi 70 yillik totalitar tuzumdan keyin barcha jabhalarda ish yurituvi O‘ZBEK TILIda olib borilmoqda. O‘zbek tili jahondagi tillar safida alohida mavjud til sifatida tan olindi. Darhaqiqat, xalqni xalq, millatni millat sifatida tanitguvchi vosita bu – til. Oltoy tillar turkumi turkiy tillar oilasining eng qadimiy va eng katta bo‘lagi o‘zbek tilining asrdan asrga sayqallanib, ohangi go‘zallashsada, o‘zagi o‘zgarmay kelishida Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimizning o‘z zamonasida chekkan zahmatlari, bu yo‘lda qilgan mehnatlari izohiga qalam ojiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh ona tilimizni biz o‘zbekistonliklar va yoki ko‘zlarimizda Vatan kelajagi aks etib turgan biz yoshlar qay darajada bilamiz va qay darajada foydalanib, uni qanday hurmat qilayapmiz?!. Savol qiziq va bir qaraganda tushunarsiz-a?! Keling izohlayman. Bugungi kunda o‘zini “sovremennыy” hisoblovchi ayrim yoshlar kundalik hayotda rus tilida suhbatlashishni afzal biladilar. “Menya tak udobno” niqobida ular zamonaviy ekanliklarini namoiyishkorona ifoda etadilar. Shu Vatanda tug‘ilib o‘sgan, oliy ma’lumotli, ijtimoiy-siyosiy sohalardan birida faoliyat olib borayotgan 20-25 yosh atrofidagi aksariyat rusiyzabon o‘g‘il-qizlarning jabhalardagi faol harakatlarini kuzatib, bir tomondan ularning haqiqatdan ham zamona yoshlari ekanligiga qoil qolasan, bir tomondan esa… Qaniydi bu kabi yoshlarning hammasi ham o‘z ona tilisini boshqa chet tillarini bilganidek bilsa. O‘zim chet tillariga ixtisoslashgan oliy dargohning jurnalistika bo‘limida tahsil olganman. Bo‘limimizda Laylo Tursunova, Aziza A’zamova(Agzamova), Temur Qudratov(Timur Kudratov) ism-sharfli kursdoshlarim bo‘lardi. Ular shu mamlakat fuqarosi va yoki millati o‘zbek bo‘la turib, oilasidagi tarbiya va yoki uddasidan chiqa olmasligini bahona qilib, mutlaqo o‘zbek tilida gapirmasdi aniqrog‘i XOHLAMASDIlar. O‘zbek tilini o‘rganishning uddasidan chiqa olmagan o‘sha “shovvoz”lar o‘z tanlovi asosida ingliz, ispan va yoki boshqa qaysidir chet tilini yaxshi o‘zlashtirib, o‘qishni tamomladilar. Hozirda o‘z yo‘nalishlaridagi baobro‘ tashkilotlarda faoliyat olib borishmoqda. Til – millat ko‘zgusi. Shu millat farzandi bo‘la turib, xira tortgan o‘z ko‘zguimizni tozalamasdan qo‘shnining ko‘zgusiga jilo bermoq bot-bot takrorlaganimiz vatanparvarlik tuyg‘usi oldida adolatdanmi?!.

7777.jpg

 Chet tilini o‘rganishdan maqsad o‘zga dunyolarni o‘zi uchun kashf etish, o‘zga  mamlakatlar hayotidan xabardor bo‘lish, madaniyatiga kirib borish deb, buni qaysidir  yaxshi ma’noda o‘zga qo‘riqqa ovchining hujumi deb olsak, tug‘ilib o‘sgan Vatanining ona  tilisini yaxshi bilmay o‘zga tilni o‘rganish himoyani bilmagan jangchining hujum haqida  o‘ylashiga mengzash mumkin. Yana bir oddiy misol-savol: chet tili fanlaridan “5” baho  olib, o‘zbek tili-adabiyotidan amallab “3” baho olgan o‘quvchini a’lochi deyish  mumkinmi?!.
Aynan shu o‘qishda bizdan 2 kurs pastki bosqichda ko‘pchilik teletomoshabinlarga “Davr” informatsion dasturi orqali yaxshi tanish bo‘lgan boshlovchi Arevat Gregoryan ham o‘qigan. Uning kundalik hayotda ham televidiniya orqali ham ona tilimizda aniq va chiroyli so‘zlashini ko‘rib hayratlanganman. Mana chin fuqaro qanday bo‘lishi kerak, mana haqiqiy jurnalist. Yana bir misol: internet olami muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan sayyod.com sayti rahbari Sardor Komilovga ham hurmatim cheksiz. Uning o‘z sayti orqali e’lon qilinayotgan har bir chiqishida sof o‘zbek tilidagi chiroyli tashbeh, o‘xshatish va qochirimlarni o‘qib, so‘z sehridan, tilimizning serma’noligidan diling yayraydi. Vaqti kelsa, shu inson rusiyzabon muxlislarning izohiga javob tariqasida rus tilida shunday gaplarni topib yozadiki, ularda ortiqcha gapga hojat qolmaydi. Yuqoridagi bu ikki inson ham jamiyatimizning kerak bo‘lsa eng ilg‘or, eng sovremenniy shaxslari. Farqli tomoni shundaki ular boshqa “sovremenny”lar kabi ona tilini bilmaslikni uyat hisoblashadi.
Yana bir narsani aytishdan avval ta’kidlab o‘tmoqchimanki, men chet tillarining dushmani yoki millatchi ruhidagi tor fikr egasi emasman. Lekin hozirgi kunda menga alam qiladigani shundaki, nufuzli tashkilotlar rus tilida ish olib bora oladigan, ingiliz tilida so‘zlashishni bemalol eplaydigan kadrlarni talab qilishmoqda. Til o‘rganish zamon talabi ammo nima bu masala davlat siyosati tomonidan ko‘ndalang qo‘yilgan va o‘ta majburiy masalami(?!) Tushunmayman. Yo‘q, til bilgan yaxshi. Yaxshi ham gapmi bu juda katta yutuq! Bir tilni bilgan bir, ikki tilni bilgan ikki inson degan allomalarimiz. Eng yoshlari ulug‘, eng hurmatli ustozim rahmatli Ozod domla Sharafiddinov bahslarda rusiyzabon raqibingga fikringni o‘tkazishing, unga “chyort poberi” deyishing uchun ham rus tilini bilishing kerak deganlar. Bu to‘ppa-to‘g‘ri.
Ammo o‘z kasbining yetuk mutaxassisi biror bir chet tilini haminqadar idrok etsa, mukammal bilmasa, u hech kim emasmi?! O‘zi biror bir tilni mukammal biladigan odam dunyoda bormikin? Mukammallik tom ma’noda nimani anglatadi? Hattoki Pushkin rus tilini MUKAMMAL darajada bilganmikin?.. Umuman mukammal degan so‘z insoniyatga xosmi? Xos bo‘lsa, komil inson tamoiliga intilish, orzu qilish erishib bo‘lingan marrami?.. Dunyoda hamma narsa nisbiy emasmi aslida?!.
O‘zim jurnalistman. Mutaxassisligim doirasidagi tashkilotdan bir yarim yil oldin “baland dor” ilinjida “podadan oldin chang chiqarib” bo‘shab, hozirda “mustaqil jurnalist” niqobi ostidagi bekorchiman. O‘tgan vaqt davomida eshik qoqqanim nufuzli tashkilotlarning barchasi biror bir chet tilini mukammal bilmaganim uchun safga qabul qilishmadi. Men esa maqsadimga yetishish uchun rus va ingiliz tillarining mukammallik ildizlari tomon qazishma olib borishda davom etyapman. Natija yomon emas: Sergey Yesenin she’rlarini asl holini tushunishni boshladim. Ingiliz tilidagi Artur Konan Doyl hikoyalarini berilib o‘qiyapman…
Ammo hayotiy kuzatishlarim natijasidagi yuqorida bayon etib o‘tganimdek ayrim holatlardagi ona tilimizga bo‘lgan bepisandlik ruhi dilni xira qiladi.
Dunyo tamadduni Navoiydek shaxsni boshqa ko‘rmas balki. Butun jahon tan olgan bobokalnimiz o‘zbek tilining so‘zga boyligi, serma’no va go‘zal til ekanligini yetarli asoslar bilan o‘zining ilmiy asarlarida ta’kidlab o‘tgan. Biz avlodlar ham bobokalonlarimiz tomonidan avaylanib, bizgacha yetib kelgan o‘zbek tilimizni kelajak avlodga asosini buzmay, o‘zagiga zarar yetkazmay qoldirish millat oldidagi eng katta burchimizdir. Bu bilan nima demoqchiman: chet tillaridan kirib kelib, ona tilimizda o‘rnashib qolayotgan, tilimiz o‘zgarishiga xavf solayotgan so‘zlar hpm talaygina. Bu endi boshqa mavzu.
Erkin fuqarolik jamiyatida yashayapmiz. Har birimizga so‘z erkinligi in’omi berilgan. Jahon sport arenalarida “chala, yonbosh, halol” kabi kurashga oid so‘zlarimiz yangrab, sport miqiyosida tan olinib terminga aylangani, hamyurtlarimiz davlatimiz madhiyasini baralla o‘zbek tilida yer sharining turli burchaklarida aytib qaytayotgani o‘zbek tiliga bo‘lgan faxr-iftihor tuyg‘ularini dilimizda mustahkamlaydi. Mamlakatimizda o‘tgan Navro‘z tantanalarining birida poytaxtimizda bo‘lgan yaponiyalik mehmon oynai jahon orqali sof o‘zbek tilida xalqimizni bayram bilan tabriklaganida ko‘zlarimdan o‘zgacha bir g‘urur yoshlari balqqan edi. Boshqa chet tillarini kamsitmaganim, chet tillarini o‘rganish zamon talabi ekanligini inkor etmaganim holda aytmoqchimanki, ona tilimizni dunyoga bildiradigan vaqt yetdi. Biz shunday bo‘laylikki, chet elliklar ham o‘zbek tilini o‘rgansin, shunga ehtiyoj sezsin. Deyarli bir yarim ming yillik tarixga ega eng qadimiy turkiy yozma til hisoblanmish ona tilimiz, allomalarimiz eng go‘zal va ustun jihatlarini ta’kidlab o‘tgan o‘zbek tili yana ellik, ehtimol yuz yildan keyin xalqaro tillarining sakkizinchi til bo‘lishga har tomonlama haqli.

Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ

 

4 ta fikr

  1. ҚАЛАНДАР

    Отангга раҳмат, ука! Сенга ўхшаган миллат фидойилари бор экан тилимиз барҳаётдир. Илоё халқимизнинг сенга ўхшаган фарзандлари сафи кенгаяверсин, Омин, Аллоҳу Акбар!

  2. Gap yo’q, shunday vatanparvar vatandoshimiz borligidan faxrlanamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter