– Aka, mandarin necha pul?
– Yigirma ming kilosi.
– Iya, namuncha qimmat? Kunduzi bozorda aytganingizning yarmi ham emas-ku?! Kelishtiring, insof bormi?
– Insof? – kishi cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, – Qo‘l telefoni bor, cheksang sigaret bor lekin insof yo‘q, uka! – dedi u o‘z xayolida chiroyli qochirim qilganidan yayragancha xunuk ishshayib. – Istasang ol, istamasang yo‘q.
Tungi soatlarda faqat o‘zi savdo qilayotgan rastaga zarurat yuzasidan bosh suqib, ana shu qisqa suhbat ishtrokchisiga aylandim. “Nima odamlarning shu darajada yuzi qattiq bo‘lib ketganmi yo savdo qoidasimi bu” o‘yladim rastadan u aytgan narxga og‘rinibgina savdo qilib, uzoqlashar ekanman. Meni qadrim kamsitilgani emas, sotuvchining nosoz andishasi ortida yashiringan g‘azabnok-qo‘rs xis tashvishga soldi.
Ko‘p aytilganidek eng katta muallim hayotning o‘zi. Ko‘cha-ko‘yda yurar ekansiz, bu kabi hodisalar afsuski ko‘p uchraydi. “Hayot uchun kurash” deb izohlaymiz odatda biz buni. Yo‘q! Aslida hayot uchun kurash hayvonot dunyosiga xos emasmi? Odamzod hayot uchun tirash, bir-biriga yaxshi amal jilla qurisa yaxshi so‘z bilan tirgak bo‘lishi kerak emasmi? “O‘lib ketadigan dunyoda yashab qol, undan eng yaxshilarini tortib ol. Inson hayotga bir marta keladi” deyiladigan yevropacha aqida ham qulog‘imizga chalinadi. Nima bu o‘limdan keyingi KUNga ishonmaslikmi yoki HAQ KUN alomatlaridan birimi bu?.. Chuqur o‘yga tolasan, kishi…
Tobora madaniylashib bormoqdamiz: insonlarning yashash sharoiti kun sayin go‘zallashib bormoqda. Ko‘ngli esa… O‘ylab qolaman, aslida tobora nisbiatga aylanib borayotgan tom ma’nodagi ko‘ngil ayrim ijodkorlar va ba’zi shoirtabiat insonlarda qoldi xolos, nazarimda.
Odamlarning o‘zi – keragidan ortiq to‘q ammo ko‘zi – och, qalbi – och. Bo‘lgan sari yanada ko‘proq bo‘lgisi keladi. Ayniqsa bugunda holat yanada ko‘rimli tus olyapti, nazarimda. “Qor yergamas mani ichimga yog‘votti. Uchaskamni tomini yopolmay qoldim” kuyinadi shahar chetida uch qavatli dala hovli qurayotgan tanishim. “Ikki qizimni chiqardimu, shu kenjatoyimni uylashga kamharj bo‘lib, halovatim yo‘q. To‘yini ko‘rmay o‘lib ketmasam go‘rgaydi” noligani qulog‘imga chalinadi avtobusda notanish ayolning o‘z hamrohiga. “O‘n yildan beri shu la’nati eski aravamda yuraman. Qachon odamlarga o‘xshab yangi mashina haydarkanman” noliydi “Matiz”i bor qo‘shnim. “Odamlarga o‘xshab” emush?! Avvalo “lar”ga emas Odamga o‘xshaylik! Darhaqiqat, ayrim o‘rinlarda insoniylik chegarasini toptab tashladik. Atrofimiz nolalarga to‘lib ketgan. “Xudoga shukr! Hammasi yaxshi. Hayotdan mamnunman” deya chin yurakdan aytiladigan gaplar o‘tmishdan sado beryapdi xolos. Yana o‘ylayman: avvalgi odamlar qanday yashagan ekan?..
Mendan yoshlari deyarli bir asr katta bo‘lgan dadabuvim urish davrida nina bilan quduq qazib(to‘n tikib) sotish uchun 30 kilometr uzoqdagi bozorga borib-kelib, dodamlarni katta qilgan ekanlar. Bir xonadonda qozon qaynasa butun mahallaga yetgani, ocharchilik zamonida ham birov ochdan o‘libdi degan gap chiqmagani, eshiklarda qulf bo‘lmasada o‘g‘ri oralamagani haqidagi bolalik xotiralarimni eslab, ertak aytganmikanlar o‘shanda buvijonim, deyman goho.
Yaqinda qo‘shni mahallada raislikka saylov, aniqrog‘i “jang” bo‘ldi. O‘rta yoshlardagi fermer kishi bilan soqoliga oq oralagan “hoji aka” shu kichik martaba uchun ochiqdan ochiq bir birining “qonini ichdi”. Biri o‘zining yoshi ulug‘ligiyu Muqaddas safarga borib kelganini pesh qilsa, ikkinchisi mahallaga “o‘tqazib qo‘ygan” sahovatlarini minnatga aylantirdi. Juda ham uyatli holat a tashqaridan qaraganda?!. Ha, lekin aksarimiz o‘z yurish turishimizga ichki olamimiz poydevoridan nazar solsak, yuraklar uyatdan alvon rangda. Ko‘chada, jamoada har qancha muammoga duch kelmaylik vaziyatdan chiqish uchun manfaat yuzasidan chiroyli so‘zlarni ayamaymizu, oiladagi arzimas kamchiliklarda sirkamiz suv ko‘tarmaydi. Ishxonadagi boshlig‘imiz shamollab qolgan bo‘lsa, qo‘n-qo‘njimizni to‘ldirib ko‘rgani boramizu, ota-onamizdan oddiy shirin kalomimizni ayaymiz, vatanparvarlik haqida ko‘krak keramizu uydan chiqqan chiqindilarni tunda yo o‘zimiz yo boshqalarga buyurib, ariqqa oqizamiz. Katta chiqim qilib kunda kun ora huda-behuda ziyofatlar tashkil qilamizu turli bahonalar bilan gaz, elektr-energiya, issiq va sovuq suvga yillab to‘lov qilmaymiz. Bu ro‘yhatni yana davom ettirish mumkin.
Afrika mamlakatlari va dunyoning aksar davlatlarida aholi ochlikdan aziyat chekmoqda. Hind kinolarida agar mamlakatning asosiy qismi qanday yashayotgani ko‘rsatilsa, filmni ko‘rib hissiyotlar ummoniga cho‘kmay, biz va bizning mamlakatimizga ato etilgan ne’matlarga behisob sano aytgan bo‘larmidik…
Aslida sanasak atrofimizdagi ne’matlarning sanog‘i yo‘q: iymonga bo‘yin egadigan, shukr aytib charchamaydigan, qo‘limizdan kelganicha dunyoni ezgu amallarga to‘ldirib tashlaydigan holat. Ammo… ammo… ammo.. Yulduz xonim Ibragimovna bir qo‘shig‘ida aytganidek: “Tuya to‘ydi, fil to‘ydi, sen to‘ymading odamzod…”
Shu o‘rinda Navoiy bobomizning abadiyatga dahldor jumlalarini ham yana bir bor yodga olish o‘rinli:
“Futuvvat barcha bermakdir, yemak yo‘q, Muruvvat barcha qilmakdir, demak yo‘q”.
Qadimda ikki qavm odamiylik va sabrda bahslashib qolishibdi. Birinchi qavm ikkinchisiga: “Bizlar mehnatdan qidirib topganimizni behad shukrona bilan yeymiz, topmagan kunlarimiz sabr qilamiz” deyishsa, Ikkinchi qavm: “Bizda itlar shunday qilishadi. Biz esa topganimizni o‘zimizdan sharoiti quyiroqlarga infoq-ehson qilamiz, ortsa yeymiz”, degan ekanlar.
Yuqoridagi misollarni qayta-qayta o‘qing, xulosa o‘zingizdan. O‘z so‘zlarimda real voqeylikda bo‘lgan, hikmatli kitoblarda yozib qoldirilgan hodisalarni yozib, jurnalistning xolislik prinspidan kelib chiqqan holda qisqa iqtiboslar keltirdim xolos. Aslida gapirsa gap ko‘p.
Yangi davriy taqvimning ilk oyida hech kimning kayfiyatini buzmoqchi emasman. Shunchaki ko‘pchiligimizga ma’lum gaplarni eslatgan holda umr sahifamizning yangi varog‘ini pok niyat, keng ko‘ngil, ertangi kunga ishonch, so‘nmas shijoat bilan ochishingizni istardim.
Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ.