google-site-verification=Sfc5fgCylBWBT4bCn0bIGXyn069rrYYRjsKrCWp3uPI
O'tkazib yubormang

Qashshoq ko‘paysa, mashshoq ko‘payadi

Yaqinda ko‘chada hamdo‘stlik mamlakatlaridan birida ishlab qaytgan tanishimni ko‘rib qoldim. U deyarli to‘rt yildan beri o‘sha yerda “karyera” qilayotgandi. “Butunlay qaytdim, endi bormayman. Toshkentning o‘zida “ko‘zga ko‘rinarli” bir ish qilmoqchiman” dedi u men bilan o‘zi haqida suhbatlashar ekan. Shunda u menga “Mana sen jurnalistsan, san’atga yaqinliging bor, shu narsada maslahat bersangchi” deb diliga tugib qo‘ygan o‘sha “ko‘zga ko‘rinarli” ishini aytganida chuqur “uh” tortib, ensamning tomirlari tortishib ketdi. Emishki, u orttirgan bir-ikki so‘m pulini qo‘shiqchilikka tikib, 3-4 ta ashula aytmoqchi, klip oldirib TVga chiqmoqchi, bir so‘z bilan aytganda: xonanda bo‘lmoqchi ekan.

U o‘z maqsadlar haqida shu qadar to‘lib toshib gapirar, hali aytilmagan qo‘shiqlari bilan dimog‘i osmonda ediki, go‘yo u menga hozir dastxat olmasang, keyin yonimga yaqin kelolmaysan mazmunida so‘zlarini ifoda etardi. Savodsizligidan 19 yoshidagina bir amallab 9-sinfni bitirgan, “Chorsu” bozorida cho‘ntak kesib yurib, poytaxt mirshabxonalarining deyarli barchasida mehmon bo‘lib chiqishga ulgirgan bu bola bilan bahslashgim, orzularini bo‘g‘gim kelmadi. Qofiyasi mos tushgani bilan mardikor degani san’atkor degani emas, musofir yurtda ko‘targan g‘ishtlariningni vaznini xonandalik yuki bilan solishtirmagin, xonanda o‘g‘ri bo‘lishi mumkin lekin o‘g‘ri, xonanda bo‘lolmaydi, nomi “shou-biznes” bo‘lgani bilan sahna bilan bozorni adashtirmagin, degan taqdirimda ham uning ongsiz nigohlari buni anglamagan bo‘lardi. Yana bir eng asosiy tomoni ham borki, oradan ma’lum vaqt o‘tib, haqiqatdan ham u xonanda Falonchi Fistonchiyev sifatida paydo bo‘lsa ham ajablanmayman.

Fikrimcha, inson hayotdagi ko‘nika olmagan narsalariga o‘zini ko‘niktirishga harakat qilmasa, asablari zavoliga jamiyatdagi o‘sha adolatsiz haqiqatlar to‘lov qilmaydi. Ammo vijdon deb ataluvchi siyqa bir tushuncha ham borki, boshqalarga nisbatan ijodkorda bir misqol ko‘proq tosh bosuvchi o‘sha yuk mavjud ekan oq qog‘ozning dilini siyoh qilaveradi.
O‘sha tanishim bilan kechgan qisqa suhbatdan avvalroq internetda oldi-sotdi bilan bog‘liq e’lonlarini yorituvchi saytda “Yulduzga aylantiraman. 30.000$”, “Qisqa muddatda xonanda sifatida mashhurlik sari. 50.000$” kabi e’lonlarni ko‘rib, mana senga haqiqiy “shou-biznes” degan edim. Chunki qo‘shiqqa musiqa uchun bastakorga, so‘z uchun shoirga, aranjirovka uchun yana alohida xizmat haqi belgilangan bir paytda san’atga bo‘lgan bu qarashdan taassuf qilmasa ham bo‘ladi. Zamon o‘zgaryapti, odamlarning dunyoqarashi o‘zgaryapti. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Ammo 99% mehnatni qog‘oz kapitallar bajargan taqdirda ham xonandada 1% iste’dod bo‘lishi shart. Hozirgi yulduzlikka intilayotganlar ana shu 1% iste’dodni ham o‘zlarining havoyi ishtiyoqlari bilan almashtirib qo‘yishmayaptimikin?!
San’at olamida el ko‘ziga madaniyati yuqori darajada ko‘ringan elita qatlamlar saviyasining nolga teng ekanligini ana shu soha orasida yurgan ziyoli qatlam yaxshi biladi. Nafsilambirini aytganda, bozordagi maddohdan sahnadagi mashshoqning ortiq joy qolmayapti.

rok-anekdoty

               Qo‘shiq sotib(aytib) obro‘, pul topishni orzulagan o‘sha tanishim kabi yuvilmagan oyog‘i bilan gulzorga qadam bosganlar hozirgi “yulduzlar” orasida kammi?! Nega ular bunday? Buning tag zamiri yana o‘sha eski, qadirdon aqidaga borib taqaladi: ustoz ko‘rmaganlik, bilmning yo‘qligi, saviyaning pastligiyu tarbiyasizlik. Bu o‘rinda iste’dod haqida umuman gapirmasa ham bo‘ladi. Sa’atdagi ma’naviy qashshoqlik shu emasmi?!
Rahbariyat xonandaning litsenziyasini olib qo‘yishdan avval unga o‘sha litsenziyani berayotgan paytning o‘zidayoq ko‘proq bosh qotirsa, yaxshiroq bo‘lardi. O‘zi qo‘shiqchilikka litsenziya kimlarga beriladi? Nizomga ko‘ra xavaskor xonandaning litsenziya olishgacha bo‘lgan ijtimoiy yo‘li chuqur o‘rganib chiqiladimi? Litsenziya berish uchun maxsus komissiya ishlaydimi?.. Nazarimda, litsenziyani shunchaki ruhsatnoma sifatida emas, unvon darajasida baholash, jiddiy yondashish bugunning zaruriy talabiga aylanmoqda.
Bundan yetti yil avval talabalik paytimda mashhur sariq matbuot nashirlaridan birida faoliyat yuritardim. Gazetada “iste’dod” rukni bo‘lib, rahbariyatning ko‘rsatmasi bilan san’atga endigina qadam qo‘yayotgan havaskorlar bilan suhbat uyushtirish menga topshirilgan edi. Faoliyatim yuzasidan o‘nlab “keljagi porloq yulduzlar bilan suhbatlashish baxti”ga muyassar bo‘lib, bergan savollarimga javobni ham o‘zim ijod qilishimga to‘g‘ri kelgan. Vokaldan bilim uyoqda tursin o‘zi haqidagi oddiy savollarga javob berish ham ularning aksariyatiga mushkullik tug‘dirardi. “Oka, o‘ziz chiroyli qilib biror narsa yozvorarsiz, rasmiyatchilikka yo‘roman”, deya izohlardi ular buni… Ne taassufki, bugunga kelib, ularning aksari san’at osmonida “yulduz bo‘lib porlamoqda”. To‘g‘ri, hozir ular har tomonlama o‘zini tutib olgan, balandparvoz intervyulari OAVlarda shov-shuv ko‘tarmoqda. Ammo sinchiklab e’tibor berilsa, muqaddimada poydevorning yo‘qligi shundoq bilinib turadi.
Ana shunday ma’naviy jihatdan qashshoq qatlamlarni san’at elitasi darajasiga ko‘targan va ko‘tarib borayotganlar esa afsuski yuqorida aytganimdek adolatsiz haqiqatlarga o‘zimizni ko‘niktirayotgan – Biz!.. Bu bizdagi saviyaning kemtikligimi, o‘z tinchimizni o‘ylashmi yoki oqimga qarshi suza olmaslik alamimi, bilmadim… Xalq qabul qilmasa xonanda kim? Hech kim!.. Endi bu – qo‘shiq tinglash va tanlash madaniyati alohida mavzu.
Har sohada ham ma’lum bir o‘tish davri bo‘ladi, nazarimda. O‘sha o‘tish davri san’atda o‘tdi. Gulzor yovvoyi o‘tu tikanaklarga to‘lib ketdi: saralash, yangi o‘simtalarning o‘sib chiqishini oldini olish payti keldi. “Davr izidan chiqdi, uni qaytadan izga solmoq mening zimmamga tushdi” deydi Shekspirning Gamleti. Darhaqiqat, qo‘shiqchilik san’atini tizginlash, ma’naviy qashshoqlikka barham berish payti keldi. Faqat jonli ijro, to‘laqonli musiqiy bilm va sahna madaniyati bo‘lganlargina bu bo‘stonga qadam bossin… Boshqalarga poliz ham bor. Polizda ham jamiyatga kerakli mahsulotlar yetishadi. Yovvoyi o‘t o‘zini gul deb tanishtirganidan ko‘ra sholg‘om bo‘lib jamiyatga foyda keltirgani afzal.
Savdogarmisan savdoingni qil san’atga narx berma, hunarmandmisan hunaringni qil faqat san’atda hunar ko‘rsatma. Hech narsa qo‘lingdan kelmasa, bir chetda shunchaki yasha. Lekin aslo qo‘shiq aytma!.. Iltimos!..

                                                                                                                                   
                                                                                                            Alisher ABDUMALIKXON,  IDROK.UZ.

2 ta fikr

  1. Togri fikrlar

  2. Barcha maqolalar bilan tanishib chiqdim. Rahmat hammasi tug`ri va aniq fikrlar

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter