– Kechirasiz, bugungi gazetalardan bersangiz!.. Kenayi, kechirasiz, sog‘ligingiz yaxshimi, – matbuot do‘konchasiga bosh suqub, ko‘rinishidan qirq yoshlarga yaqinlashib qolgan ayolga murojaat qilar ekanman, dastlabki soniyalarda u meni anglamadi. Chunki u ko‘zida yosh bilan xayol surayotgandi. – Kenayiii!.. – Voy, uzr, – dedi u darhol o‘ziga kelib, so‘ng menga o‘zim so‘ragan nashrlarni uzatar ekan: – Zo‘r aytgan-a, uka!.. Anchadan beri bunaqa ta’sirli qo‘shiq eshitmagandim. Yangicha yo‘nalish-da bu, – dedi u.
– Nimani aytyapsiz?..
Shunda men do‘kon burchagidan taralayotgan musiqaga quloq soldim : “Esimdan chiqmiydi ko‘z oldimda yig‘lagani, O‘n beshta kam uchda hayotdan ko‘z yumgani. Nimagadir o‘sha paytda kayfiyatim bo‘miydi, Nima uchun sevishganlar baxtli bo‘lomiydi”. – Ha, zo‘r aytgan, – dedim nima deyishimni bilmay ayolga hamdard ohangda. “Ma’naviy fojea bundan battar bo‘lmaydi” xayolimdan kechdi do‘kondan uzoqlasharkanman. Bundan avvalroq bu qo‘shiqni eshitgandim. Badboy, Subhan, Shaxnoza taxallusidagi bu “ijodkor”larning boshqa xirgoyilari ham qulog‘imga chalingandi. Yana shunga o‘xshash Diyor, Shohboz, Ahmad, Shahmat va yana allaqanday nomlarga ega bir qancha “podpodvalniy” xirgoyichilarga ham internetda ko‘zim tushgandi. Xullas ularning sanog‘i ko‘p, har birini eslab qolish mushkul va bu umuman kerak ham emas. Bunaqalar “hofiz”lar kuniga ko‘payyapti, go‘yo. “Ummonmaniya”dan keyin yana boshqa ong ofatlari chiqibdida, degan edim o‘shanda. Aqlini tanigan, o‘rta yoshlardagi ayol kishini ana shu qo‘shiq yig‘latayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach esa yana qo‘lga qalam olishga majbur bo‘ldim.
Inson ruhiyatiga musiqachalik hech qaysi san’at turi tez ta’sir qilmaydi. Texnika taraqqiyoti kuchi bilan maksimal ohanglarda yozilgan, ming‘irlashlari qo‘shilgan holda “shustriy o‘zbek repperchalari” tomonidan o‘zlashtirilgan bu telba xirgoyilar qo‘shiq talabi tarozisigachada solishga noloyiq ekanligini bu ayol qayoqdan bilsin. Uni yig‘latgan ta’sir aslida qo‘shiq(aytish mumkin bo‘lsa)dagi so‘zlar emas musiqa va “bass”ning kuchi emasmi. “Bass” deb ataluvchi shaytoniy bongni tovush o‘lchov birligi bo‘lmish detseballning ma’lum chegarasidan o‘tkazib eshittirilsa, inson miyasi boshqa axborot qabul qilishni to‘xtatib, musiqa manqurtiga aylanadi. Bu psixolog va musiqashunoslar tomonidan fanda isbotlangan fakt. Mahalla, ko‘cha-ko‘y, mashinada yangrab qulog‘ingiz ostida xitga aylantirilayotgan ohangga bora-bora quloq o‘rganadi so‘ng esa u sizga ham yoqa boshlaydi. Bu huddi bir tiyinga qimmat ikki soatlik hind filmini ko‘rib kulminatsion nuqtasida bir daqiqa romantikaga berilishingizga o‘xshab ketadi. Oddiy psixologiya bu. Unda tinglovchi nima qilishi kerak dersiz. Javob aniq: bu kabi qo‘shiqlarni eshitishdan barcha baravariga butunlay voz kechishi kerak. Odamlar orasidagi axborot va yangiliklarga bo‘lgan maksimal qiziqish nafaqat san’at balki boshqa sohalarda ham balolarga giriftor qilayapti. Nashavandlik yoki ignagaga o‘tirish ham o‘sha qiziqish va birinchi qadamdan kelib chiqqan emasmi?!
Bugunda turli taxalluslar ostida og‘ziga kelgan so‘zlarni qaytarmay rep aytayotgan, xirgoyi xonish qilayotgan o‘nlab repperchalar, xonandachalarning “yangi ijod”lari musiqiy saytlar va disklarda to‘lib yotibdi. Fojea shundaki, ularni minglab yoshlar hatto o‘rta yosh vakillari ham eshityapti, muxlislik qilyapti. She’r talabi uyoqda tursin so‘kinishlar, ko‘cha tilidagi iboralar bilan yo‘g‘irilgan musiqa qorishmalariga quloq tutib, buni aytganlarning aqli rasomi o‘zi yoki qo‘shig‘ida aytganidek o‘n beshta kammikin, qaysi ongi sog‘lom kishi buni eshitib zavqlanarkin, deb o‘ylab qolaman.
Seni so‘kayotgan ohangdan zavqlanish va unga muxlislik? Hayron qolasan, kishi. So‘nggi paytlarda shunday ahmoqona qo‘shiqlar chiqib ketayaptiki, ularga qiyoslaganda beixtiyor musiqashunoslarni tashvishga solgan “Ummon”guruhiga xalq artisti unvonini bervorging keladi. Qo‘shiqchilik san’atidagi ketuv xunuk ko‘rinishda: “yangi yo‘nalish ijodkorlari”ning shaydolari ortib bormoqda, manqurtizmga o‘n-o‘n besh qadam qolgandek, go‘yo.
“Asalim, man bir oylik armiyaga ketvomman. – O‘zi bir oyakanu, yaxshi borib keling”, deya boshlanadi ularning yana bir “anshlagi”. Keyin yigit armiyadan kelib, qizni xiyonatda ushlab oladi va “Nima bir oy chidomadingmi, shunchali bo‘miy kettimi” mazmunida qo‘shiq aytadi. Bu turdagi qo‘shiqlarning deyarli barchasida mavzu bir xil. Bola babnik, qiz qo‘lmaqo‘l yuradigan qirchang‘i bo‘laturib, bir biriga pokiza muhabbatdan aql beradi. Nima bu? O‘z millatining ustidan o‘zi kulishmi?.. Nima, yoshlarimiz shu darajada aynib ketganmi yoki maqsad ularni aynitishmi?.. Yig‘ishtir, karom sho‘rvangni!.. O‘zbeksan, musulmonsan, erkaksan, deging keladi.
Alisher Navoiyning ijodi yoki Otabek va Kumush muhabbati haqida so‘z ochilsa, aksariyat yoshlarning ensasi qotadi. Ammo haqiqat shuki, ular kabi ulug‘ va o‘lmas odobiy(adabiy) meroslarimiz bor ekan, milliyligimiz saqlanib kelmoqda. Manqurtlashtirishgagina xizmat qiladigan g‘arbona ohanglardan mag‘ribning o‘zi ham voz kechayotgan bir paytda bizda unga mukkadan ketish texnika taraqqiyotida yuz yil orqada ekanligimizni eslatgani yetmaganidek, ma’naviyatda ibtidoiy tuzumga chekinayotganimizdan darak emasmi?.. Aslida madaniyat va ma’rifat buyuk ajdodlarimiz mehnati, aqlu zakovati natijasida sharqda uyg‘onib, ziyo g‘arbga tomon bo‘y cho‘zgani qadim o‘tmishdan ma’lum.
Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ
Maqola uchun rahmat sizga.
Hamma illatlarning ildizida loqaydlik mudrab yotgan bo’ladi.
Har qanday ozuqani ovqat deb yeyavermaganimizdek, har qanday qo’shiqniyam ma’naviy ozuqa deb hisoblamasligimiz kerak.
Fikrizga 100 foiz qo’shilaman. Nimamish hozir zamon boshqamish . Tog’ri hozir quyosh g’arbdan chiqyaptiku aytgancha deb qo’yaman ba’zida. Buyuk rus tozuvchisi L. N. Tolstoy aytgan ekan sevgi to’ydan keyin keladi, ya’ni haqiqiy sevgi.