google-site-verification=Sfc5fgCylBWBT4bCn0bIGXyn069rrYYRjsKrCWp3uPI
O'tkazib yubormang

Go‘dakka «isitilgan» it

Yon qo‘shnilar Sardor bilan Jamila yoshlikdan birga katta bo‘lishdi. Ular shunchalik inoq edilarki, tashqaridan qaragan odam «o‘g‘il bola bilan qiz bola shunchalik qalin do‘st bo‘lishi mumkinmi?» deb hayratlanardi. Yillar o‘tib, asta-sekin ularning qalbidagi do‘stlik tushunchasining o‘rnini boshqa bir hissiyot qamrab ola boshladi. Bora-bora ular bir-birlarisiz tura olmaydigan darajaga yetdilar… Sardor harbiy xizmatdan qaytishi bilan ularning to‘yi bo‘ldi. Bu oilaga hamma havas qilsa arzirdi.

Ular baxtli edilar… Shu tariqa ikki yil hayot kechirishdi. Ammo ularning oilasiga nimadir yetishmayotganday edi. Bu ne’mat – farzand edi… – Jamila, sen ko‘p siqilma. Xudo hohlasa, albatta farzandli bo‘lamiz, – dedi Sardor o‘ksinib yig‘layotgan xotiniga. – Do‘xtir aytgan dorilarni sen ham men kabi o‘z vaqtida ichib tur. – Foydasi bo‘larmikin?.. – Xudo hohlasa foydasi albatta bo‘ladi, Jamila… Lekin oradan qancha fursat o‘tsa hamki, kutilgan natija bo‘lmadi. Bundan ikkovlari ham ich-ichlaridan siqilardilar. Ayniqsa, Sardor. – Og‘ayni, – dedi bir kuni Sardorni o‘z huzurida yolg‘iz olib qolgan tanish shifokor. Bir gap aytsam, hafa bo‘lmaysizmi? Sardor biroz o‘ylanib, unga najot ko‘zlarini tikdi: – Ayting. – Hayotda ba’zan shunday narsalar bo‘ladiki, do‘stim, uning davosini boshqa yoqdan qidirishga to‘g‘ri keladi. – Bu nima deganingiz? – Siz farzand ko‘rishingiz uchun boshqa birortasiga uylanishingiz zarur. – Yo‘g‘-ye! – Sardor sapchib o‘rnidan turib ketdi. U shifokor aytgan taklif haqida o‘ylashni ham istamasdi. Chunki u hayotini Jamilasiz tasavvur etolmas, hatto u bilan bir umr farzandsiz yashashga ham rozi edi. Sardorning onasi Muslima opa tushungan ayollardan bo‘lib, o‘g‘liga ham, keliniga ham ortiqcha gapirmasdi. Otasi Samad aka ham o‘g‘li va kelinining ko‘nglini o‘ylab, hech narsa demasdi. Bir kuni ular o‘g‘li va kelinini yoniga chaqirib, maslahat solishdi: – O‘g‘lim, sizlarning yarangizni yangilamoqchi emasmiz. Ammo bunday yashab bo‘lmaydi. Buni o‘zlaring ham yaxshi bilasizlar, – gap boshladi Muslima opa. – Maslahatimiz bola asrab olinglar. Boshqa iloj yo‘qqa o‘xshaydi… O‘sha kuni Sardor tuni bilan o‘ylanib chiqdi. Ota-onasi to‘g‘ri aytadi. Ularni ham tushunish kerak, xonadonlarida chaqaloq ovozini eshitgilari keladi-da… Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ular «Bolalar uyi»dan bir chaqaloqni asrab olishdi. Bechorani onasi tashlab ketgan ekan. Dunyo qiziqda, birov farzandga zor, birov esa undan bezor…

2222222222

Chaqaloqqa yaxshi niyat bilan Sarvar deb ism qo‘yishdi. Sardor bolani o‘z o‘g‘lidek yaxshi ko‘rardi. Jamila har kuni go‘dakni shishadagi sut bilan boqardi, u ham Sarvarni erkalashga harakat qilar, ammo negadir ko‘ngli to‘lmasdi. Shu kunlarda ko‘ngli – dili behuzur bo‘lib, boshi aylanardi. Kun o‘tgan sayin Sardorning mehri chaqaloqqa nisbatan oshib bordi, lekin Jamila bunday emasdi. Uning go‘dakka mehri onalarnikiga o‘xshamasdi. Buni ko‘rgan Muslima opa har qancha urinmasin Jamilani bolaga o‘rgata olmadi. Bir kuni tanishlaridan biri Muslima opaga qo‘shni qishloqda bir nafasi o‘tkir duoxon borligini aytib qoldi. Bu gapni eshitib, u tugun qo‘ltiqlaganicha o‘sha yoqqa yo‘l oldi.

– Keling singlim, ko‘nglingizda qandaydir g‘am borligini ko‘zingiz aytib turibdi, – dedi otaxon eshikdan kirgan mehmonga.

– Ha otaxon, shuning uchun ham huzuringizga ataylab kelyapmanda, – dedi Muslima opa chuqur «uh» tortib. Shundan so‘ng u otaxonga o‘g‘li va kelinining musibatini bir boshdan gapirib berdi.

– Qancha harakat qilmayin, kelinim chaqaloqqa onalarcha mehrini berolmayapti. Ayniqsa, u kundan-kunga o‘zgarib ketayotgani meni xavotirga solyapti, o‘zining bolasi emasligini o‘ylab, ich-ichidan siqilyapti shekilli. Shunga sizning yordamingiz kerak…

– Ha, qiyinroq masala ekan…– dedi duoxon o‘ylanib. Keliningizni bolaga nisbatan isitib berishim mumkin. Lekin, ta’sir qilarmikin. Chunki u hali aqlini tanimagan go‘dak. Ha, mayli, chaqaloqning rasmini olib keling-chi…

Muslima opa shu kuniyoq o‘g‘lini chaqaloq bilan esdalikka suratga tushishga undadi. Sardor bunga ko‘ndi. Yoshlar shahar aylangani chiqishdi. Onasi ularni sabrsizlik bilan kutardi. Kechga yaqin ular qaytib kelishganida, qo‘llarida bir emas, beshta surat bor edi. Muslima opa rasmlarni tomosha qilar ekan, chaqaloqning yuz ko‘rinishlari Sardorga bir jihatdan o‘xshab ketishini ko‘rib, agar niyati amalga oshib, Jamila bolaga mehrini bersa, albatta yaxshi bo‘lishiga yana bir bor ishondi. – Mana endi bir ilojini qiling, iltimos, – dedi Muslima opa suratni duoxonga uzatar ekan. – Harakat qilaman, singlim, duoxon shunday dedi-da, suratni qaychi bilan qirqib, chaqaloqning tasvirini ajratib oldi va unga duo o‘qiy boshladi. Va nihoyat so‘radi: – Isitishga nima olib keldingiz? – Kelinim go‘shtni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun bozordan qazi olgandim… Duoxon yana bir necha irim-sirimlarni bajardi. Uzoq duolarni o‘qigandan so‘ng, qazini qaytarib berdi. – Katta rahmat, – dedi Muslima opa ko‘rpacha ostiga pul qistirarkan. – Agar foyda bersa, yana xursand qilaman. Muslima opa eshikdan kira solib, qo‘lidagi sumkasini keliniga uzatdi. – Jamilaxon qizim, siz yaxshi ko‘radigan narsa olib keldim, – dedi u quvnoq kayfiyatda. – To‘yguningizcha yeb oling, sizning qoningiz kam. Jamila xursand bo‘lganicha oshxonaga kirib, qazining hammasini bir tovoqqa to‘g‘radi va qaynonasining oldiga olib chiqdi. – Men sizga nima dedim axir, ataylab o‘zingizga olib keldim, qon bosimim borligini bilasiz-ku. Oxirigacha qoldirmay, to‘yib yeng, – dedi bir oz jahllangan ohangda qaynonasi. Jamila noiloj oshxonaga kirib ketdi. Јaynonasining bu gapidan g‘oyatda taajjublandi. Anchadan buyon qazi yegisi kelib boshi aylanib turganini u qayoqdan bildi ekan? U shu xayollar bilan endi bir to‘g‘ram qazi yemoqchi bo‘lib turgan edi, ko‘cha eshikdan kimdir chaqirib qoldi. – Hozir ketyapman… – Chiqib qarasa, qo‘shni dugonasi ekan. Ular anchadan beri ko‘rishmaganliklari sababli gaplashib qoldilar… Oradan yarim soatlar o‘tgach, ichkaridan qaynonasining baqirgani eshitildi: – Jamila, qaydasiz, hoy… – Ha, aya, shu yerdaman, – dedi ichkariga chopgancha. – Itimiz oshxonaga kirib ketdi, qaramaysizmi? – Kechirasiz, aya… – Tez boring, qarang… Jamila yugurib oshxonaga kirdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, idish ag‘anab, it oxirgi qazi bo‘lagini g‘ajiyotgandi. Jamila itni quvib solayotganida oshxonaga qaynonasi kirib keldi. U ag‘anab yotgan tovoqni ko‘rib, nima voqea yuz berganini tasavvur etarkan, rangi duv oqarib ketdi va alam bilan keliniga baqira ketdi… * * * – Otaxon, shu… yana yordamingiz kerak bo‘lib qoldi…– dedi ichkariga halloslab kirib kelgan Muslima opa. – Yana nima singlim? Yoki men bergan narsa ta’sir qilmadimi? Muslima opa bor gapning hammasini otaxonga aytib berdi. Buni eshitgan duoxon o‘rnidan turib ketdi: – Nimalar deyapsiz? Axir… Vaqtni boy bermang, tez borib itni ottirib tashlang, uning tirik yurishi yaxshilikka olib bormaydi… Muslima opa nima deyishini bilmay, kalavalanib qoldi. «Nimaga?» deb so‘rashga ham botina olmadi. Chunki duoxon gap tamom degandek xonadan chiqib ketgandi. Muslima opa uyiga kirib borganida ichkaridan janjal ovozi eshitilardi. Sardor Jamilani bo‘ralab so‘kkanicha, urishar edi. Muslima opa shahd bilan ichkariga kirdi. – Nima gap, Sardor? Nima bo‘ldi, kelin? – Aya o‘zingiz ayting, odam degani ham shunchalik beparvo bo‘ladimi? Ana chiqib qarang, kuchugimiz chaqaloqni uychasiga olib kirib ketibdi. Avvaliga rosa qo‘rqib ketdim. Uni olaman desam, tishlavoldi. Ko‘zi qonga to‘lib qarshilik ko‘rsatyapti. Xudo shu go‘dakni ham bizga ko‘p ko‘rmasa bo‘ldi, ishqilib… It otarlarga qo‘ng‘iroq qildim, hali-zamon kelib qolishar… Muslima opa nima deyishini bilmay, qaltiragancha devorga suyanib qoldi. Shu payt ko‘cha eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Sardor yugurib chiqdi. It otuvchilar kelgan ekan. Ko‘p o‘tmay, qattiq gumburlagan ovoz eshitildi. Itni o‘ldirishdi. Sardor yugurib borib, chinqirab yig‘layotgan chaqaloqni ko‘tarib oldi. It ovlovchilar ketishgach, ovozi ham chiqmay qolgan chaqaloqni shifokorga olib borishdi. Go‘dakni ancha tekshirgan shifokor achinarli xabarni aytdi. Qattiq o‘q tovushidan qo‘rqqan go‘dak kar va soqov bo‘lib qolgan ekan.

IDROK, 2007.

9 ta fikr

  1. Hamma hikoyalar**** oxiri tragedik tarz tugayapti.
    Ruhiyatga tushkun hoolat beradi. Normalniylaridan ********* **

  2. Ma`nosi unchalik chiqmagan .Hayotda bunaqa bo`lishiga ishonish qiyin.

  3. Alisher aka o`ziz yozganga oxshamisiz .Bundan yaxshiroq yozsa bo`lardi.

  4. yOZUVCHINI OILA QURMAGANLIGI ANIQ.Bundan yaxshiroq yozsa bo`lardi.

  5. 2007 йил ёзилган бу дўстим. Асосийси руҳиятга таъсир қила олишида кўтаринкими у тушкунми…

  6. Ёзувчи оила қурмаган ёки асар оила қурмасидан аввл ёзилган. Дунёда ҳамма нарса нисбий. Ҳар қандай фикр қайсидир маънода тўғри.

  7. Балки… Бу менинг фантазиям холос.

  8. «Men ofitserman» va «Biznes bo’rilari» asarlarini davomini tezroq chiqaringlar, iltimos. Juda qiziqarli ekan. Muallif Alisher Abdumalikxon (XON) haqida ham ma’lumot bersanglar yaxshi bo’lar edi.

  9. Tez orada “Men ofitserman”ning davomi qo’yiladi, Usmonjon! “Biznes bo’rilari”ning davomi esa hali tayyor emas.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter