Yigitlar so‘zida lafz yo‘q, taqvo yo‘q,
Qizlarning ko‘zida xayo qolmadi…
“Hozirgina o‘ylab turuvdim, hizrni yo‘qlagandek bo‘ldim, aka. Avliyosiz-da o‘zizam, aka!.. Gap bo‘lishi mumikinmas, aka, ertadan qoldirmayman!. Sog‘lig‘iz kerak, aka! Bir og‘iz gapiz yetadi, okajon! Shart emas brat, oka-ukachiligimiz bor-ku o‘rtada, aka!.. Judayam muruvvatlisizda, aka!.. Bo‘ldi bo‘ldi!.. Otam qilmagan yaxshilikni qilyapsiz,, unutmayman. Katta rahmat, uyaltirmayman. Yo‘q, yo‘q bir kun ham kechiktirmayman, hotirjam bo‘ling, aka! ”
Telefonda gaplashayotgan bo‘lsa-da bir qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha tarixiy koreys kinolaridagi kabi “himmatingizni cheki yo‘q hazratlari oliylari” degan misoli astoydil tavallo qilayotgan kishini avtobus bekatida o‘tirib kuzatar ekanman, bir ozdan keyin u qo‘lidagi “quticha”ning qizil tugmasini bosgach “jin ursin seni” dedi ming‘irlab.
O‘ylab qolaman. Shirinsuxan xalqmiz. Ayniqsa muomala madaniyatimiz azal-azaldan o‘ziga xoslik kasb etib kelgan. Shirinso‘zmiz. Ammo ayrim o‘rinlarda bu shirinso‘zlik fazilati zamonaviy ko‘rinishdagi illatlararo qasamxo‘rlikka yo‘g‘irilib ketayotgandek.
Bir yigitni bilaman. Ismi Qosim. Aslida “aferist” bo‘lsada yuraklarni sel qilib yuboradigan shirin muomalasi uchun yaxshiroq tanimagan ko‘pchilik uni odamgarchiligi bor yigit deb biladi. Men uchun esa na odamgarchiligi bor uni va u na yigit(!)..
O‘ylashimcha uning “aeroshohbekat”i bor — suhbatdoshining ruhini istalgan reysi bilan istalgan sayyorasiga uchirib yuborishi evaziga uning ishonchini qo‘lga kirita olish san’atiga ega shaxs. Ikki metrli bo‘yi, savlati va muomalasi uni odamlar orasida ishonchli “hojatbaror” sifatida gavdalantiradi. Aslida qo‘yib bersang, basharangga tuflashdan qaytmas, ammo ishi bitishi uchun kerak bo‘lsa, haykalingni yasab, ma’bud o‘rnida sig‘inib yuborishdan ham toymaydigan darajada “yog‘langan” muomala qiladiki, bundan vijdoni o‘ziga halaqit bermaydigan har bir odamning asablari taranglashishi va shu orqali uning makridan saqlanib qolishi ham mumkin.
Ulfatlari orasida uni shu darajada “hurmat” qilishadiki, hatto kimdir biror narsaga so‘z bersa, “Qo‘y, Qosimni qasamini ichmagin” iborasi urfga kirgan. Aslida hozir aytmoqchi bo‘lganim birgina u emas barcha Qosim va qosimsifatlar haqida.
Insonning insoiyligi uning e’tiqodi, o‘z iymoni soyasida ish tutishi bilangina o‘lchanadi. Ayniqsa erkak kishi o‘z lafzi bilan erkak. Avvaligi bobolarimiz…
Ha, mayli o‘tgan ajdodlarimiz mardligiyu halolligi haqida gapirib o‘tirmayman. Buni yaxshi bilasiz: o‘qigansiz, kuzatgansiz. Agar kecha bilan bugunnni solishtirsak, juda ko‘p o‘rinlarda ko‘pchiligimiz so‘qirmiz…
Faoliyatim huquq sohasi bilan bog‘liq paytlarda bir tergovchi aytgan edi: “So‘ngi paytdagi uchrayotgan qonunbuzarlik holatlarining yarmidan ko‘pi firibgarlik jinoyati bilan aloqador” ekan.
Vaziyatlarni haqqoniy baholaydigan bo‘lsak, barcha holatlarda ham birinchi navbatda aybdor aldanib qolayotgan jabrlanuvchilarning o‘zi. Hamma ishning ham qonuniy, oson yo‘li turganda uni aylanib o‘tishga o‘rganib qolganmiz. “Himmati” noqonuniy bo‘lsada, lafzi halol hojatbarorga uchrasangiz, baxtingiz. Ammo bu juda kamyob holat.
Mahorat va saviyamizga yarasha kursida me’yoriy, tinch hayot kechirayotib, kattaroq amalga ko‘z tikamizu o‘rtaga odam qo‘yib, pul tiqishtiramiz oqibatda berganimizga qo‘shib vaqtimizni ham yo‘qotamiz. Vaqti kelsa, “o‘ynashga ishonib, xotinsiz” ham qolib ketamiz. Asablar zavoli…
Yarim umrimiz davomida yangi mashina sotib olish uchun pul yig‘amizu, yana uch nari borsa olti oy sabrga bo‘yin egishni istamay, bugunoq toychoqqa erishimiz keladi va pulni qo‘shimcha “shapka”si bilan yana bir hojatbarorga tutqizamiz…
OAV orqali ming bor takrorlangani bilan har yili yoz oylarida sodir etilib, mashmashasi yillab cho‘ziladigan yana bir firibgarlik sohasi bor: o‘qish — oliy ta’limga olib kirish. Yana buni sohasining “uchar”lari shartli yo‘nalishlarga ham bo‘lib olishgan: paravoz, “x” variant, “kalla”, “tanka”…
Firibgarlar uchun ayni muddao bo‘layotgan yo‘nalishlarni sanasak, ro‘yxat anchaga cho‘ziladi. Takrorki, bunday holatlarga ro‘baro‘ bo‘lganingizda lafzi halol hojatbarorga uchrasangiz, baxtingiz. Ammo kamyob holat…
Eng achinarlisi shuki, qarz olib qaytarmaslik, muhim masalada va’da berib bajarmaslik, o‘z foydasi ustida “qosimning qasami”ni ichish odatiy holga aylanib ulgirgan va bu holatda odamlararo ishonchsizlik, shubha, fitnalar bolalamoqda. Biz erkaklarning aksarimizda lafz kamyob…
Savdo sohasida o‘ylab topilgan chiroyli ishontiruvlarni eshitganmisiz?! “Kimlar o‘tmagan joyda etvomman oka, turetsskiy mol bu!” Kimlar o‘tmagan joy: hox u bozor bo‘lsin hox mozor darhaqiqat hamma joydan ham qay davrlarda kimlar o‘tmagan deysiz?! “Ishoning oka, o‘zini pulimas etvotkaniz” Aslida o‘zini puli 90 ming siz 150 ming bermoqchisiz, sotuvchi 200 mingga sotish ilinjida. Kulgili va ajoyib iboralar, shunday emasmi?! Mayli, bu ham savdoning bir siri. “Sixni ham kabobni ham kuydirmaydigan” tadbirkorlarga ginam yo‘q. Faqat katta qasamlar ichib oxirini kuydirib yuborayotganlarga kuyaman xolos.
Bozorda mo‘ylovigacha oq tushgan bir amakidan qo‘y sotib oldim. Hayvon maqtovda odamdan aziz bo‘ldi, o‘zi aytgan narxdan tushmadi ham. “Sergelidan kelgan qo‘y, toliqqan” deya izohladi u hayvonning bir oz hansirab nafas olayotganini. Bozor kech bo‘lgani, boshqa tanlov ham qolmagani uchun amakining lafziga ishondim, oldim. Mashinada uyga olib keldim. Ikki soat yo o‘tdi yo o‘tmadi: qo‘y o‘ldi. Har ehtimolga qarshi sotuvchining telefon raqamini olgan edim. Bir necha bor qo‘ng‘iroq qilganimdan so‘ng, aparat o‘chirildi. Arzimas chaqa uchun hayvon azobni yelkaladi …
Pulimga emas holatdan achindim. Demak bozorda vijdon ham sotilar ekan. Yana narxiga nisbatan juda ham arzon.
Doimo yolg‘on gapiradigan odamdan so‘rashibdi: “Yolg‘on gapirmay tura olasanmi?” Shunda u javob bergan ekan: “Sizga hozir “yo‘q” deya rost gapirib qo‘yishlikdan havotirman”. Bu qadim zamonlardan qolgan hikoyat. Fikratimizcha, agar shunchaki beg‘araz yolg‘onchilikni shamollash kasalligi deb olsak, nazdimizda “katta manfaatlar” uchun ishlatilayotgan bugungi yolg‘on qasamlar misoli vabo. O‘tkinchi dunyoning sur’atan katta ammo vaqtinchalik matolariga alamli azobni ayribosh qilish haqiqiy inqiroz aslida. Qayoqqa ketyapmiz? Oxiri borar manzilimiz qayerligini bilamizmi o‘zi?..
Forsiyzabon shoirlardan biri “Odamiylik na jonu, na soqolu na nutq bilandir, To‘tida nutq, echkida soqol, eshakda jondur” deya yozib ketgan edi. Bizning yolg‘onlarimizsizham dunyo yolg‘on dunyo. Inson maqomida qolishlik uchun ham iymonni asrang! Boqiylikka da’vogarlar esa mayli o‘z yo‘llarida ketaversinlar!..
Yigitlar so‘zida lafz yo‘q, taqvo yo‘q…
Maqola davomida muqaddimada keltirilgan misraning birinchi bandiga to‘xtaldik.
Qizlarning ko‘zida xayo qolmadi…
Endi bu alohida mavzu…
Alisher ABDUMALIKXON, mustaqil jurnalist.
Tasanno!
Juda yaxshi maqola ekan. Ishlarizga omad, hecham charchamang!!!