google-site-verification=Sfc5fgCylBWBT4bCn0bIGXyn069rrYYRjsKrCWp3uPI
O'tkazib yubormang

BIZNES “BO‘RI»LARI sarguzasht detektiv qissa

Behruz oxirgi paytlarda ancha o‘zgarib qoldi. Institutning ikkinchi bosqichiga o‘tdi-yu, o‘qishni butunlay yig‘ishtirib qo‘ydi. Qo‘shni mahalladagi akaxoni Botirning gapi bilan bozorda savdo qilib, pul topa boshladi. Dastlab buni ota-onasiga bildirmaslikka harakat qildi. Ammo uyiga institutdan Behruzni yo‘qlab bir-ikki bor qo‘ng‘iroq qilishgach, Azamat aka bilan Holida opa o‘g‘illarining o‘qishga bormayotganidan xabardor bo‘ldilar.

biznesssssssssss

Qorong‘u tushgach har doimgidek uyga kirib kelgan Behruzni Azamat aka so‘roqqa tutdi.
– Xo‘sh, o‘g‘lim, qayoqlarda yuribsan, shu paytgacha?!
– Qayerda ham bo‘lardi, dada, o‘qish bilan bo‘lib, o‘rtog‘larimnikida qolib ketibman. Undan oldin kutubxonaga o‘tgan edim…
– Qani men bilan yurgin-chi, bir o‘g‘ilbolachasiga gaplashib olaylik.
Azamat aka o‘g‘lini o‘z xonasi tomon boshladi.
– O‘rtog‘imnikida edim, kutubxonaga borgandik, degin?!
– Ha, dada, shunday, – dedi Behruz ohista. U otasining gapirish ohangidan biroz xavfsirar edi.
– Ko‘zga tik qarab yolg‘on gapirishni qachon o‘rgana qolding, ahmoq?! Rostini ayt!
Dadasining vajohatidan qo‘rqib ketgan Behruz gap nimadaligini angladi. Hozirgi vaziyatda yana yolg‘on gapirsa, o‘ziga yomon bo‘lishini his qilib, gapni dangaliga ko‘chdi.
– Dada, o‘zingiz bilasiz, kap-katta yigit bo‘lib qoldim. Meni ham o‘rtoqlarim kabi kiyingim, ulardek mashina mingim, ko‘p pul bilan yurgim keladi. Shuning uchun bozorda ul-bul narsa olib-sotib, pul topayapman. O‘qish bo‘lsa qochib ketmas, keyinroq qoldirgan darslarimga yetishib olaman. Bilasiz-ku, institutning eng yaxshi talabalaridan biriman.
Behruz bu gapi bilan o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi. Ammo otasi uni eshitishni istamadi:
– Shunday eding, qachonlardir. Endi talaba degan nomga ham munosib bo‘lolmayapsan, o‘g‘lim. Ayti-chi, nima yetmayapti, o‘zi senga?..
Ularning oilasi o‘rtahol oila. Azamat aka ham Holida opa ham o‘qituvchi. Ikkovlari ham mahallada obro‘-e’tibor qozongan kishilardan. Yolg‘izgina o‘g‘illari Behruzga hammaning havasi keladi. Unga yoshligidanoq bilim sirlarini o‘rgatib, iqtidorli bola qilib yetishtirdilar. Buning natijasida Behruz o‘z bilimi bilan shahardagi eng obro‘li oliygohlardan biriga davlat grandi asosida o‘qishga qabul qilindi. Dastlabki yili quvonchi ichiga sig‘may, binoyidek o‘qib yurgan Behruz bir yildan so‘ng, butunlay o‘zgardi. O‘qishdagi do‘stlari oldida o‘zini kemtik seza boshladi. U ham boyvuchcha o‘rtoqlari kabi bo‘lishni istab qoldi. Ota-ona yolg‘izgina o‘g‘illarini qo‘ldan kelgancha ta’minlab berishga, tengqurlaridan kam bo‘lmay yurishiga harakat qilar edilar. Ammo oxirgi paytda bu Behruzni qoniqtirmay qo‘ydi. Kundan kunga ehtiyojlari ko‘payib, qanday qilib bo‘lsa ham ko‘p pul topishni o‘ylay boshladi. Shunday kunlarning birida tanishi Botir unga bozorda ishlashni taklif qilib qoldi. Negaki Behruzni oldi-berdini yaxshi tushunadigan, aqlli, halol bola ekanligini mahalladagilar, jumladan Botir ham yaxshi bilardi. Avvaliga Behruz bu taklifga o‘ylanib qoldi. Chunki Botir o‘zining «uchar»ligi bilan shaharda nom chiqargan biznesmenlardan bo‘lib, unga ishonish qiyin edi. Shunday bo‘lsa ham Behruz tavakkal qaror qildi. Botirning taklifi unga o‘z maqsadlariga erishishi yo‘lida yoritgich bo‘lib ko‘rindi. Institutga bormay, bozorda dori-darmon sota boshladi. Har kuni Botir unga yangi-yangi tovarlar olib kelar, Behruz esa ularni doimiy «kliyent»larga ko‘tara savdo qilib sotar edi. U ikki hafta ana shu savdoda ishlab shu paytgacha ushlab ham ko‘rmagan pullarni ko‘rdi. Unga bu hayot yoqib tushdi. Ota-onasi bozor odamni buzadi, deb ko‘p ta’kidlaganlari uchun ham buni ulardan yashirdi. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. Bugun Azamat aka o‘g‘lining siridan boxabar bo‘ldi.
– Senga hali oila tashvishi tushib qoldimi?! Bu bilan siz meni boqa olmayapsiz, shu sababli o‘qishni tashlab, ishlayapman demoqchimisan?! – deya gapini davom ettirdi Azamat aka. Negadir uning ovozi titrab chiqar edi. Unga o‘g‘lining gapi andak og‘ir botgandi.
– Yo‘q, dada! Unday emas. Sizga hech qanday e’tiroz bildirmoqchi emasman. Men shunchaki o‘z aravamni o‘zim tortmoqchiman xolos.
Otasi qanday gap gapirsa, Behruz unga darhol bahonalarni qalashtirib tashladi. Azamat akaga esa o‘g‘lining so‘zlari ta’sir qilmay qolmadi. «Bolam katta bo‘lib qolibdi. Men sezmay qolibman. Endi yetishmovchiliklarini yuzimga soladigan bo‘libdi. Bozorga chiqsa, battar buziladi. Bu masalani vaqtida bir yoqlik qilmasam bo‘lmaydi» – o‘yladi ota.
– Boshingda hozircha men bor ekanman, sen faqat o‘qishingni bil. Bozorni yig‘ishtir. Kerakli ehtiyojlaringni barchasiga mana men turibman, tortinmay aytaver. Darslaringni esa ertadan boshlab o‘zim nazorat qilaman.
Umrida otasiga gap qaytarmagan Behruz bu safar odatini buzdi.
– Unday qila olmayman, dada. Meni o‘zimga yarasha orzularim bor. Institut esa ularga yetishishim yo‘lida halal beryapti. Asta-sekin istaganlarim amalga oshayapti. Mana hozir o‘zingiz ham buni ko‘rasiz.
Behruz shahd bilan o‘rnidan turdi-da, xonasiga kirib ketdi. Bir ozdan so‘ng qaytib chiqib, otasining oldiga bir o‘ram pul tashladi.
– Bu – ikki hafta ichida ishlab topganlarim, oling dada, bular sizga. Bugundan keyin ham topganimni uyga olib kelaman. Faqat bozorga chiqishimni ta’qiqlab qo‘ymang, iltimos!
Azamat aka nima qilishini bilmay qoldi. U bir tomondan o‘g‘li o‘zini-o‘zi eplay oladigan darajaga yetganidan quvonsa, bir tomondan uning o‘qishni yig‘ishtirib qo‘yganidan xavotirlandi.
– Yo‘q, Behruz! Mening oxirgi so‘zim – shu! O‘qishingni o‘qiysan, bozorga esa qadam ham bosmaysan. Mana bu pullarni esa nima qilishni o‘zing o‘ylab top, menga seni o‘qishdan qolib, savdodan topgan puling kerak emas. Qachonki, oliygohni bitirib, o‘z kasbing ortidan daromad qilsang, men o‘shanda senga oq yo‘l tilayman, qo‘llab-quvvatlayman! Bu masalaga boshqa qaytmaylik, aks holda o‘zing bilasan!..
Behruz noiloj qoldi. Agar yana gap qaytarsa, otasi bilan jiddiy munozaraga borib qolishi tayin. Chunki Azamat aka oxirgi gaplarini mushtini tugib, o‘zini zo‘rg‘a bosgancha gapirdi.
– Xo‘p, dada, tushundim.
Azamat aka boshqa bir og‘iz ham gapirmay, xonadan chiqib ketdi.
Behruz hozirgi vaziyatda otasiga bozorga chiqmaslikka so‘z bergan bo‘lsa ham, aslida uning bu ishni tashlash niyati yo‘q edi.
«Uyga institutdan yana qo‘ng‘iroq qilishsa yoki ko‘p dars qoldirganim uchun talabalar safidan chiqarib yuborsalar, dadam meni o‘ldiradi! Ertagayoq bir chorasini topishim kerak», – Behruz ana shularni xayolidan o‘tkazib, uyquga ketdi.
Ertalab hammadan oldin uyg‘ongan Behruz akaxoni Botirnikiga yo‘l oldi. Manzilga yetib borganida Botir mashinasini ko‘chaga olib chiqib, darvozani yopayotgan edi.
– Ha, ukaginam, tong sahardan nima gap?!
– Assalomu alaykum, Botir aka. Sizda ikki og‘iz gapim bor edi.
– Tinchlikmi, ishqilib? O‘tirchi mashinaga yo‘lda aytib berasan.
Behruz mashinaning old o‘rindig‘iga o‘tirdi. Qayoqqadir shoshilayotgan Botir eshik yopilar-yopilmas avtomobilni katta ko‘cha bo‘ylab uchirib ketdi. Tonggi sukunatni xo‘roz qichqirig‘i buzdi. Qora «Neksiya» g‘uvillagancha endigina oqara boshlagan shafaq qo‘yniga singib, bir zumda ko‘rinmay qoldi…

* * *

To‘rt qavatli zamonaviy bino. Uning atrof talabalar bilan gavjum. Shu payt panjara bilan o‘ralgan bino hovlisini to‘ldirib qora «Neksiya» kirib mashina ichidan olifta kiyingan yigit tushdi va bino tomon yo‘naldi. To‘planib turgan bolalardan biri talabalar orasidan yorib o‘tib, yigit tomon yurdi.
– Assalomu-alaykum, Botir aka!
– Iya, Farhod, qalaysan? O‘qishlaring yaxshimi?
Olifta yigit bolaga istamaygina qo‘l uzatib, nomigagina hol-ahvol so‘radi.
– Anchadan buyon oldingizga o‘taman, deb yurgan edim. Haligi ish uchun ming bir hijolatdaman, Botir aka. Agar iloji bo‘lsa, meni kechiring. Boshqa takrorlanmaydi.
– Bo‘lar ish bo‘ldi, Farhod. Boshqa bu mavzuga qaytish shart emas. Hozir shoshilib turgan edim. Sobir aka o‘zlaridamilar?
– Ha, shu yerda edilar… Siz ishingizni bitirib chiqavering. Men kutib turaman, Botir aka.
– Kutishingdan foyda yo‘q. Darsingdan qolma. Bo‘lgan voqealarni unut, Farhod. Mening senda gapim qolmagan.
U bino darvozasidan ichkariga kirib ketdi. Haligi bola nima qilishini bilmay turib qoldi.
Bir oy avval Farhod Botirning ishongan odami edi. Dori savdosi Behruzga o‘tmasdan oldin bu ish bilan ana shu bola shug‘ullanardi. Katta pul ichida yurgan Farhod o‘z manfaati yo‘lida xo‘jayiniga bildirmay xiylagina «ish» qilardi. «Mahsulotlar ichidan yaroqsizlari ko‘p ekan, xaridorlarga aldanib qoldim, kirim puli kam chiqdi», deya turli bahonalarni ro‘kach qilib, cho‘ntagini qappaytirdi u. Bundan boshqa ishlari ham ko‘p bo‘lgani uchun Botir uning gaplariga ishonib, «Ha, mayli, bozorda shunaqasi ham bo‘ladi. Keyingi safar ehtiyot bo‘l» deb qo‘ya qolar, aslida shundaymi yoki yo‘qligini surishtirib ham o‘tirmasdi. Farhodning orttirgan boyliklari tez orada samarasini berdi: zo‘rg‘a yurib turgan eski «Jiguli»si yap-yangi «Matiz»ga aylandi. Tadbirkorlikda ko‘zi pishgan, har narsaga aqli yetadigan Botir hushyor tortishining o‘rni kelganini sezdi. U kishi bilmas tarzda Farhodni kuzata boshladi. Bir kuni har doimgidek kassani qabul qilib olish maqsadida bozorga kelgan Botir sotilgan tovarlarni obdon hisob-kitob qildi. Xo‘jayinning bunday harakatlariga odatlanmagan Farhod o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. So‘nggi uch oy ichidagi savdoning kirim-chiqimini cho‘tga solib ko‘rgan ikki ming dollar kamomadni aniqladi. Shunda ham bu hisob sotuvchi keltirgan bahonalarni ayirib tashlaganda kelib chiqdi.
– Xo‘sh, Farhod, bu pullar qayerga ketdi? – so‘radi Botir jiddiy qiyofada.
– Hech qayerga ketgani yo‘q, Botir aka. Qoratoshdagi doimiy xaridorimiz bor-ku, Mastura opa, o‘sha kishining pullari yetmay qolgan edi, nasiyaga mol berib yuborganman. Yana ayrim mijozlarimizning ham qarzlari bor,– dedi Farhod o‘zini yo‘qotmaslikka harakat qilib. Garchi uning so‘zlari yolg‘on bo‘lsa-da, vaziyatdan chiqib ketish maqsadida, og‘ziga kelgan bahonani aytib yubordi. Lekin bu bilan Farhod xato qilgandi. Botir yonidan qo‘l telefonini chiqardi-da, o‘sha mijozga qo‘ng‘iroq qildi.
Ayol bilan gaplashgan Botir nasiyaga hech qanday tovar olinmaganini aniqladi. Bundan tashqari, u oxirgi kelganida bir million uch yuz minglik dorini naqd pulga olib ketganini ham bilib oldi. Vaholanki, ro‘yxatda Mastura opaga to‘qqiz yuz minglik dori sotilgani yozilgan edi. Shunda Botir «yaroqsiz» dorilar qayerga ketganligini ham anglab yetdi.
– Narsalarning hammasini menga topshir. Hoziroq ishdan bo‘shading. Ertaga tushlikdan so‘ng, ikki mingni uyingga o‘tib olib ketaman. Tayyorlab qo‘ygin. Aslida yaroqsiz narsa mahsulot emas, sen ekansan. Haftaning oxirigacha ular uchun ham beradiganingni tayyorla. Miqdori qancha ekanligini mendan ko‘ra o‘zing yaxshi bilsang kerak.
– Men, men… Botir aka, kechiring. Hammasini qaytaraman. Faqat meni haydamang. Bundan keyin takrorlanmaydi,– dedi Farhod yig‘lagudek bo‘lib.
– Ishonch bir marta sindimi, uni qayta tiklab bo‘lmaydi, gap tamom.
Farhod Botirning ortidan mashinasining oldigacha ergashib bordi. U tinmay uzr so‘rar, yalinib-yolvorar edi. Lekin Botir uning gaplarini eshitishni ham xohlamadi. Mashinaga o‘tirib, shahd bilan haydab ketdi.
Shundan keyin Farhod aytilgan pullarni qaytarib berdi. «Matiz»ini sotib, «yaroqsiz» dori-darmon haqini ham qopladi. Farhodning maqsadi nima qilib bo‘lsa ham ishiga qaytish edi. Biroq Botir bunga yo‘l qo‘ymadi.
Shu sababli ham Farhod qanday qilib bo‘lmasin ishiga qaytish niyatida edi. Fakultet oldida Botirni ko‘rib qolgani esa uning uchun ayni muddao bo‘ldi. U hozir ham Botirning ko‘nglini yumshatish maqsadida harakat qilib ko‘rdi. Lekin Botir qat’iy qarorga kelib bo‘lganidan, uning o‘rniga Behruzni ishga olganidan Farhodning xabari yo‘q edi.

***
Behruz yo‘l bo‘yi Botirga bo‘lib o‘tgan gaplarni aytib berdi.
– Uka, sen siqilma. Men hozir Oqqo‘rg‘onga borib, dorilarni olib kelaman-da, ularni senga tashlab, o‘zim institutga o‘taman. O‘qishingni tinchlantirib qo‘yamiz. Havotir olma, uyingga boshqa qo‘ng‘iroq qilishmaydi, talabalar safidan ham chiqmaysan. Shaxsan Sobir akaning o‘zi bilan gaplashib kelaman.
– Rahmat, Botir aka. Oldingizda qarzdorman.
– Bo‘ldi, Behruz. Muammolaringni kallangdan chiqarib tashla. Bugungi savdoni o‘yla. Hozir seni bozorga tashlab qo‘yaman. Yukxonadan tovarlarni olib, bozorni boshlayver. Tong ham otdi, mijozlaring kutib qolgandir. Men bir oz shoshilyapman, ikki soatlarda qaytaman.
Mashina bozor eshigi oldida to‘xtadi. Behruz tushib qoldi.
Botir dori savdosini yuritish uchun Behruzni bekorga tanlamagan edi. Chunki o‘zi maktabni bir amallab bitirgani bois iqtisodiyot, hisob-kitob ishlarini unchalik yaxshi tushunmas edi. Botirning yutug‘i faqat ishni ko‘zini bilishida. U qanday qilib, qayerdan pul topish yo‘llarini biladi. Lekin oxirgi paytda unga «aql» bo‘ladigan inson kerak edi. Biznes amaliyotini o‘tagan bo‘lsa ham bu haqida yetarli bilim va tushunchasi yo‘q Botir bugungi kunga kelib iqtisodiyot fakultetida o‘qiyotgan, kelajakda shu sohaning mutaxassisi bo‘lmish Behruzga ayni muhtoj edi.
Botirning niyati xususiy firma tashkil qilish bo‘lib, shu kunlarda hujjat yig‘ish ishlari bilan band edi. Bunda bevosita Behruzning yordami katta ahamiyatga ega, deb hisoblardi. Bundan tashqari dori savdosini o‘ziga to‘g‘ri, halol kishigagina ishonish mumkin. Shu yo‘nalishda katta pulni aylantirayotgan Botirga dori sotuvchiligi uchun mahallada odob-ahloqi namunaliligi bilan nom chiqargan Behruz eng munosib nomzod edi. Uzoqni o‘ylab ish tutgan Botir Behruzning etagidan mahkam tutdi. Aslida birovga zig‘ircha yordami tegmaydigan tadbirkor yangi shogirdi uchun hech narsani ayamadi. Uni qiziqtirish uchun sotuvchilik ish haqini keragidan ortiq to‘lab, iltimoslarini yerda qoldirmay Behruzni qo‘llashda davom etdi. Yigitchaning bozorga chiqayotganidan otasining norozi bo‘lgani birinchi navbatda uni qattiq tashvishga soldi.
O‘sha kuni Botir Oqqo‘rg‘ondan tovarni olib kelib, Behruzga tashladi-da, institutga yo‘l oldi. U fakultet dekani Sobir Abdullayev bilan Behruz masalasini hal qilib olish niyatida edi.

* * *

Fakultet dekani Botirni iliq kutib oldi.
– Biz tomonlarga qaysi shamol uchirdi, Botirbek? Ishlaringiz joyidami, ukaxon?! Bizdan nima xizmat?
– Bir kichkina iltimos yuzasidan kelgan edim, Sobir aka. Agar iloji bo‘lsa, qo‘llab yuborsangiz…
– Qo‘limdan kelsa bajonidil, ukaxon! Sizga «yo‘q» deb bo‘ladimi? Ozib-yozib bir mehmon bo‘libsiz…
– Qo‘lingizdan keladi, aka… Xullas, bir ukamiz sizning soyangizda tahsil olyapti. Uni siz ham taniysiz. Ikkinchi bosqichda o‘qiydi. Ismi – Behruz.
– Ha-ha, bo‘ldi. Azamat domlaning o‘g‘lini aytyapsiz-da…
– Ha, o‘sha bolaning masalasi yuzasidan…
– Behruzning o‘zi yaxshimi? Anchadan buyon darslarga kelmayotgan ekan.
– Huddi shu masalada oldingizga keldim. Men Behruzdan bir-ikkita hujjatlarni to‘g‘rilashga yordam berishini so‘ragan edim. Shu bilan bo‘lib, o‘qishga kela olmayapti. Agar «yo‘q» demasangiz, yana bir-ikki oy menga qarashib yuborsa, keyinchalik kelib o‘qishini yetkazib olardi…
Sobir Abdullayev Botirning gaplarini diqqat bilan eshitdi. Uzoq mulohaza qilgach, uning yuzlariga rozilik alomati indi.
– Mayli, Botirjon. Sizni hurmat qilganim uchun ruxsat beraman. Faqat, ora-orada kelib, o‘qituvchilarga ko‘rinib ketsin. O‘zi yaxshi o‘qiydigan bola-ku!
– Albatta, Sobir aka. Sizga katta rahmat. Ha, yana bir narsa bor: buni Behruzning uyidagilar bilmasin… Azamat akani bilasiz-ku, meni unchalik yoqtirmaydi.
Ta’lim-tarbiya sohasida ko‘pni ko‘rgan dekanga biznesmen iltimosining bu tomoni bir oz shubhali tuyulgan bo‘lsa-da, so‘zidan qaytishni istamadi.
– Tushunarli, bu yog‘idan xavotir olmang! Ishlaringiz yaxshilikka bo‘lsin, uka!..
Botir o‘rnidan qo‘zg‘aldi va ichki cho‘ntagidan bir o‘ram pulni olib, Sobir akaning stoli ustidagi qog‘ozlardan birining qatiga tiqib qo‘ydi.
– Bu nima qilganingiz, Botirjon? Oling buni! – Sobir aka qarshilik qilishga urindi.
– Sizga katta rahmat, aka! Buni men chin dildan beryapman. O‘zi arzimagan…
– Xafa qilyapsiz, uka…
– Olmasangiz men qattiq xafa bo‘laman. Bu – shunchaki… Biror xizmat bo‘lsa, bemalol qo‘ng‘iroq qilavering. Mana bu mening telefon raqamim.
Botir cho‘ntagidan tashrif qog‘ozini chiqarib stol ustiga qo‘ydi-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha xonadan chiqib ketdi. Tashqarida uni Farhod kutib turardi. Eshikdan chiqishi bilan u Botirga ergashdi.
– Botir aka, iltimos, menga imkon bering. Xatoimni albatta to‘g‘rilayman. Halol ishlashga so‘z beraman.
– Buning umuman iloji yo‘q. O‘rningga odam olib bo‘lganman, – U shunday dedi-da, mashinasiga o‘tirib, yurib ketdi.
Farhod o‘ylanib qoldi. «Mening o‘rnimga kimni ishga oldi ekan?! Kim bo‘lsa ham rosa omadi chopibdi-da! Bozorga o‘tib, sobiq ish joyimni kuzatib kelsam, yomon bo‘lmas edi».
U ishdan haydalganidan buyon o‘zini o‘zi yeb qo‘yay dedi. Maza qilib davru davronini surib yurgan bir paytda «paq» etib qo‘lidagi imkoniyatni o‘z aybi bilan qo‘ldan chiqardi-yu, endi stipendiya bilan kechayotgan oddiy hayotga ko‘nikishi qiyin bo‘lyapti. Ammo maqsadi dargumon bo‘lsa ham eski ishidan umidini uzgisi kelmasdi. Shu kunlarda siqilganidan darslarga ham kirmay qo‘ydi. Uning butun o‘y-xayolini bitta narsa band etgan: nima qilib bo‘lsa ham ishga qaytish.
Farhodning xayolini band etgan o‘ylar uni bozor tomon yetakladi. U dori-darmon rastasi tomonga yetib bordi-yu, vaziyatni kuzatib, ko‘zlariga ishonmadi. U yerda yaqin do‘sti, maktabda birga o‘qigan sinfdoshi va hozirda kursdoshi bo‘lmish Behruz qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilardi. Farhod rastada odam kamayishini chetda turib bir oz kutdi-da, so‘ng huddi bozor aylanib yurgan kishidek Behruz tomon yaqinlashdi.
– Farhod, o‘zingmisan, do‘stim, yaxshimisan?!
Behruz rastadan sakrab o‘tib, quchoqlashib ko‘rishdi.
– O‘qishda nimaga ko‘rinmayapsan, desam, bu yerda ekansan-da, Behruz. Nima qilyapsan, o‘zi?! – Bilmagan kishidek so‘radi Farhod. Behruz yaqin do‘stiga barcha voqealarni aytib berdi.
– Men ham senga o‘xshab biznesmen bo‘lib qoldim, – dedi kulimsirab u. – O‘zing ham qandaydir tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan eding. Sirli biznesing bo‘lyaptimi?
– Rahmat, o‘rtoq. Mening ham ishlarim ham joyida. Asta-sekin qimirlab yuribmiz, – dedi Farhod sir boy bermay.
U dori savdosi bilan shug‘ullanib yurgan paytida buni Behruzga aytmagan edi. «O‘z do‘stingdan ham gap yashirasanmi?» deb bir oz ranjiganida, «Yaxshisi sir bo‘lib qo‘ya qolsin», deya qisqa javob qilgandi Farhod. Shu sababli ham Behruz o‘zi bilmagan holatda do‘stining ishini olib qo‘yganini bilmasdi.
Farhod bo‘lgan voqealarni eshitgach, Botir akasining nima uchun oliygohga borganini ham anglab yetdi.
– Bozor o‘tkinchi narsa. Bu ishni deb o‘qishga bormayotganing yaxshi emas, – achingannamo gap boshladi Farhod.
– Shu gap sendan chiqayaptimi? – kulib so‘radi Behruz.
– Men ham avval sendek fikrlardim. Bozorsiz hayotimni tasavvur etishim qiyin edi. Lekin bu xato ekan. To‘g‘risini aytsam, men savdoni tashladim. Hozir biz yoshmiz, ayni o‘qiydigan payt. Senga ham maslahatim, yig‘ishtir bu ishni.
Farhod endi hiyla yo‘liga o‘tib, Behruzning ko‘nglini bu ishdan sovutish niyatida edi. Bir qaraganda uning gaplari do‘stning achingan nolasi bo‘lib ko‘rinsa-da, aslini olganda g‘ayirlik, ko‘rolmaslik kabi illatlar ham bu «mehribonchilik»ning tilga ko‘chishiga sabab bo‘ldi.
– Bundan tashqari, Botir akani hamma biladi, – gapini davom ettirdi Farhod. – U odam pulning oldida hech narsadan tap tortmaydi. Oxiri bora-bora senga qiyin bo‘lishi mumkin. Do‘stimsan-da, achinganimdan gapiraman…
– Qo‘y bu gaplaringni, – mavzuni yopishga harakat qildi Behruz. – Men o‘zimga ma’qul bo‘lgan yo‘lni belgilab olganman. Maslahating uchun rahmat, do‘stim. O‘qishda nima gaplar? Shundan gapir. Kursdoshlarning hammasi yaxshi yuribdimi?!
– Nima demoqchi bo‘lganingni bildim, Behruz! Azizani so‘ramoqchisan, shunaqami?
– Ha, o‘shani…
Behruz chuqur «uh» tortdi. Uning bunday o‘zgarishiga asosiy sabab – Aziza edi. U kursning eng go‘zal qizi edi, Behruz uchun. Shu bilan birga… Hullas Aziza uchun ham Behruz ko‘proq pul topishga harakat qilyapti…
Aziza shahardagi eng boy biznesmen Asror akaning yakkayu yagona qizi. U oddiy hayotga o‘rganmagan. O‘qishga mashinada kelish, har kuni restoranma-restoran dugonalari bilan sayr qilish, ayamay pulni sovurish u uchun oddiy va odatiy hol. Ammo shunday bo‘lsa ham o‘zini katta olmaydi. Hamma bilan munosabati bir xil. Uning odob-ahloqi, o‘zini tutishiga talabalardan tortib o‘qituvchilargacha havas bilan qarashadi. Behruz uni birinchi kursda o‘qiyotgan ilk kunlaridanoq yoqtirib qolgan edi. U Aziza bilan tezda do‘stona munosabatga kirishib ketdi. Tez orada ular yaqin do‘st bo‘lib qolishdi. Sinfxonada darsdan so‘ng qolib topshiriqlarni birga bajaradigan bo‘ldilar. Hamma ishda Behruz Aziza bilan birga edi. Faqatgina uni uyiga kuzatib qolmasdi, xolos. Chunki Aziza o‘zining shaxsiy avtomobilida o‘qishga kelib, o‘shanda uyga qaytib ketardi. Tabiiyki, qiz bolaning mashinasiga o‘tirishga Behruzning g‘ururi yo‘l qo‘ymasdi. Aziza bir necha bor iltimos ham qildi, lekin u ko‘nmadi. «O‘zim mashina olsam, o‘shanda seni har kuni uyingga olib borib qo‘yaman. Sening chambarak aylantirishingga hojat ham qolmaydi», deb javob qaytarar edi u har safar.
Ularning orasidagi munosabat qanchalik yaqin bo‘lmasin, do‘stlik chegarasidan nariga o‘tmas edi. Aniqrog‘i, birinchi qadamni tashlashga Behruzning ruhiy kuchi yetmadi. U Azizaning ko‘nglini og‘ritib qo‘yishdan, uni yo‘qotishdan qo‘rqdi. Lekin baribir hodisa ro‘y berdi. 25 may – bitiruvchilar kuni edi o‘sha payt. Darsdan so‘ng Behruz Azizani bir oz aylanishga taklif qildi. Qiz rozi bo‘ldi. Ular kechki paytgacha shahar aylandilar. Aziza mashinasini uyda qoldirgani bois, Behruz uni taksida kuzatib qo‘ydi. Endigina uyga kirib ketishga chog‘lanayotgan qiz bilan yigit tik turgancha yana biroz suhbatlashdi. Gap o‘z yo‘nalishida borib, o‘lmas mavzu muhabbatga kelganida sekinladi. Qizni doimo kuldirib yurishga harakat qiladigan, so‘zamol Behruz birdan jiddiy tortdi. Avvaliga gapini nimadan boshlashni bilmay oniy sukut saqlagan yigit ovozi biroz titrab dardini to‘kib soldi.
– Bilasanmi, Aziza! Avvallari qiz bola bilan yigit kishining o‘rtasida do‘stlik bo‘lmaydi, deyishsa, ishonmasdim. Bora-bora bu rost gap ekanligini anglab yetayotganga o‘xshayman.
– Nahotki?.. – deya sirli jilmaydi qiz bir oz uyalib. – Unda bizlar hech kim ekanmiz-da, shunaqami?..
– Yo‘q, bizlar shunchaki do‘st emasmiz. Balki sen meni shunday deb bilarsan, lekin mening senga bo‘lgan xislarim do‘stlik tushunchasidan ancha ustun turadi.

biznesssssssssssss2

– Unda ayting-chi, siz bilan salom-aligi quyuq bo‘lgan, bir-biringizga darslarda doimo yordam berib yuradigan kursdoshlaringiz Nargis, Nilufar, Sohibalar siz uchun kim do‘st bo‘lmay. Agar do‘stim emas desangiz, yolg‘on aytgan bo‘lsiz, agar ha, desangiz, unda ular ham… – Qiynoqi savollar bilan Behruzni jig‘iga tegish Azizaning odati edi. Bu gal ham u yigitni «mot» qilmoqchi bo‘ldi, ammo eplay olmadi, Behruz huddi shu savolni kutib turgandek darhol javob qaytardi:
– Javobini savolingni ichidan ham qidirsang bo‘lardi, Azi!.. Ular bilan meni bir narsa – kursdoshlik majburiyati bog‘lab turadi. To‘g‘ri, ular men uchun begoni emas va o‘z navbatida do‘st ham deb bo‘lmaydi.
Aziza o‘zining dono savoliga zukkolik bilan javob qaytargan suhbatdoshiga tikilgan ko‘yi jim qoldi.
– Senga anchadan buyon bir gapni aytmoqchi bo‘lib yurgandim, – dedi yigit oradagi sukutni buzib.
– Jiming, Behruz, – Aziza nozikkina barmoqlarini Behruzning labiga bosdi. – Aytmasangiz ham bilaman. Hozir kech bo‘lib qoldi. Ertaga darslar tugagach, gaplashamiz…
Aziza kulimsiradi-da, yugurganicha uyiga kirib ketdi.
Qizning ortidan kuzatib qolgan Behruz tushunarsiz xislar og‘ushida ortiga qaytdi. Shu daqiqadan boshlab u tezroq erta bo‘lishini sabrsizlik bilan kuta boshladi.
O‘sha kuni Behruz kechasi bilan shirin xayollar surib, uxlay olmadi. Asta-sekin osmon oqarib, tong ota boshlagandagina ko‘zi ilindi…
Ertalab u ko‘zini ochganida soat millari to‘qqiz bo‘lganini ko‘rsatardi. Buni ko‘rgan Behruz shoshilgancha yuz-qo‘lini yuvdi-da, nonushta ham qilmay oliygohga yo‘l oldi.
U auditoriyaga kirib borganida falsafa o‘qituvchisi o‘z ma’ruzasini o‘qitayotgan edi. Behruz domlaning ruxsati bilan ichkariga kirdi va o‘z partasiga – Azizaning yoniga kelib o‘tirdi. Qiz bugun avvalgidan ham boshqacha bo‘lib, go‘zallashib ketgan edi. Stuliga o‘tirgan zahoti xushbo‘y atir hididan mast bo‘lgan Behruz Aziza tomonga qaradi. Qiz jilmaydi-da, qog‘ozga nimalarnidir yozib yigit tomon surib qo‘ydi. Behruz nigohini yozuvga qaratdi. Unga «Ha, uyquchi! Ko‘p uxlaganingizdan ko‘zlaringiz shishib ketibdi-ku! Yana qanday qiziqarli kitob o‘qidingiz, kechasi bilan», deb yozilgan edi. Behruz ham unga javob yozdi. «Haligacha o‘qishga botina olmagan kitobim – Navoiyning «Layli va Majnun» dostonini varaqlab chiqdim», degan so‘zlar bor edi unda.
Aziza yana yozdi: «Xo‘sh, asar qiziqarli ekanmi?!» «Shu darsdan keyin gaplashib olaylik. Mening xayolimdagi tuyg‘ular chizgini oldida bu kitobdagi muhabbat ifodalari unchalikmasga o‘xshadi» deya javob yozdi Behruz.
Dars ham tugadi. Ular oliygoh hovlisiga chiqdilar. Behruz Azizani nariroqdagi chinor tagidagi o‘rindiq tomon boshladi.
– Aziza, men senga bu gapni anchadan buyon aytmoqchi bo‘lib yurgandim. Mana vaqti keldi… Sen… Sen dunyodagi eng yaxshi qizsan. Sensiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Men seni judayam-judayam yaxshi ko‘raman!.. – dedi Behruz qizning shahlo ko‘zlariga boqib. Avvallari doimo hazil qilib, kulib gapiradigan Behruz hozir hayajonga yo‘g‘rilgan jiddiylik bilan gapirardi.
Aziza jim bo‘lib qoldi. So‘ng ohistagina gap boshladi:
– Behruz, men sizdan aynan shu so‘zlarni eshitishdan ham eshitmaslikdan ham juda qo‘rqar edim… Men bilan qanchalik yaqin do‘st bo‘lmang, bizning oilaning an’analaridan xabaringiz yo‘q… Men dadamga o‘qishga kirmasimdan avval, hech kimni sevib qolmaslikka so‘z berganman. Qachonki ular istagan insonga turmushga chiqqunimcha ana shu qoidaga amal qilishim shart. Dadam mening ko‘nglim bilan bu masalada hisoblashmaydilar. Men ularni yaxshi ko‘raman. U kishining gaplarini ikki qilolmayman… Aytmasligingizdan qo‘rqishim esa… Hayotimga siz kirib keldingiz-u, men o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Bergan va’damning qaysidir qismlarini buzdim. Menga nisbatan tuyg‘ularingiz beg‘uborligiga shubha qilmayman, ammo agar sizning sof muhabbatingizni qabul qilsam, umuman chegaradan chiqqan bo‘laman.
Azizaning ko‘zlari yoshga to‘ldi.
– O‘zim istasam ham bunday qila olmayman, – nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, so‘zlarini davom ettirdi qiz. Uning ko‘zlaridan oqayotgan marjon-marjon yoshlar tiniq yuzlarini yuvib tusha boshladi. – Aslida bu gaplarni kechaning o‘zidayoq aytishim kerak edi. Lekin ko‘tarinki kayfiyatingizni buzgim kelmadi…
Kutilmagan javobni eshitgan Behruz muhabbatining siqilayotganini ko‘rib, uning so‘zlari ta’siridan dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib ketdi.
– Mening bittagina savolimga javob ber. Faqat rostini ayt, sen ham meni sevasanmi? – dedi yigit qizning yoshlarini artib qo‘yar ekan.
– Ha, – dedi Aziza ohista. – Lekin bu muhabbat kitobini ochmaganimiz ma’qul. Baribir buning kelajagi sarob ko‘rinadi, dadam umuman boshqacha fikrlaydilar…
– Menga ana shu javobning o‘zi yetarli Sen siqilma, biz albatta baxtli bo‘lamiz, Aziza…
O‘sha kundan boshlab Behruz o‘zgardi. Hayot qaysidir tomonlari haqida yanada chuqurroq fikrlaydigan bo‘ldi. Qanday qilib bu zamonda kuchli bo‘lish yo‘llarini o‘yladi, o‘zini iqtisodiy jihatdan tiklab olishi mumkin bo‘lgan usullar haqida fikr yuritdi. Ana shu kunlarda ta’bir joiz bo‘lsa, qidirgan omadi Botir qiyofasida qarshisida namoyon bo‘ldi. Mana hozir u o‘zi istagan yo‘lda va o‘z ko‘nglidagi niyatlari sari qadam tashlamoqda. Hozir Farhoddan Aziza haqida so‘rashining sababi ham shunda edi.
– Aziza mendan seni har kuni so‘raydi, – javob berdi Farhod. – O‘qishga kelmayotganingdan xavotirda. Qo‘ng‘iroqlashib turibsanmi, o‘zi?..
– Ha, gaplashayapmiz. Lekin Azizaga mening bozorda savdo qilayotganim haqida aytma, o‘rtoq.
– Yaxshi, do‘stim, meni bilasan-ku! Seni ko‘rganim yaxshi bo‘ldi, harholda.
Shundan so‘ng do‘stlar xayrlashdilar. Farhod endigina ko‘zdan yo‘qolgan ham ediki, savdo rastasi oldiga Botir kirib keldi.
– Qalaysan, Behruz?! Savdolar yaxshimi?! – hol-ahvol so‘radi Botir.
– Rahmat, aka. Bugun kechagiga nisbatan ancha zo‘r bo‘ldi! Bundan tashqari yana bir yangilik bor! Quvasoydan keladigan xaridorimiz keyingi keladigan tovarlardan ikki millionlik doriga oldindan to‘lov puli berib ketdi.
– Yaxshi, ukam! Menda ham sen uchun muhim xabar topiladi! O‘qishingni hal qildim, ko‘ngling xotirjam bo‘lsin.
– Nahotki! Sizga katta rahmat, Botir aka!
– Hechqisi yo‘q, Behruzbek! Agar yana biror muammo bo‘lsa, menga murojaat qilaver! Ha-ya, ertaga o‘n birlarda uyimga kelgin. Ish bor.
– Ertaga bozor kuni emas-ku!
– Shuning uchun ham, anavi firmaning hujjat ishlarini ertaga hal qilib olmoqchiman. Bir-ikkita narsalarni sening nomingga rasmiylashtiramiz. Ochilajak firmamizning boshlig‘i sen bo‘lasan!
– Ishonchingizni oqlayman, Botir aka!
– Ertaga seni kutaman!
Botir shunday deb, bugungi kassadagi pullarni qabul qilib oldi-da, rastadan uzoqlashdi. Aslini olganda Botirning dori-darmon savdosidagi biznesi qonunan kafolatlanmagan edi. Dorilar turli kimyoviy vositalar yordamida yashirin sexlarda tayyorlanar, ularning sog‘liq uchun qanchalik foyda yoki zararligi mavhum edi. Botir faqat olib-sotish ishi bilan shug‘ullangani uchun ham ularning manbaasi haqida qiziqmasdi ham. So‘nggi paytlar Botir kabi ro‘yxatdan o‘tmagan savdogarlarni soliq xizmati xodimlari tinch qo‘yishmayotganligini hisobga olib, u o‘z ishini qonuniylashtirishni va shu orqali o‘zi ko‘zlagan buyuk marralarga erishishni o‘ylab qo‘ygandi.
Behruz rastadagi dorilarni yig‘ishtirib, sumkaga soldi. Chunki bozor oxirlab, odamlar siyraklashib qolgan edi. U bozordagi ishlarini tinchitdi-da, qo‘l telefonidan Azizaga qo‘ng‘iroq qildi. Ular uzoq suhbatlashdilar. Ertasi kuni uchrashib olishga kelishdilar.

* * *

– Mana bu yerga imzo cheking, bu yerga ham, – «Xususiy korxona va tashkilotlarni hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish» bo‘limi xodimi Behruzga hujjatlarni ko‘rsatdi. U hujjatning aytilgan o‘rinlariga qo‘l qo‘yib berdi.
– Sizni tabriklayman. Shu daqiqadan boshlab siz «Behruz darmon-savdo» xususiy firmasining rahbarisiz. Botirjon esa sizning ish boshqaruvchingiz sifatida faoliyat yuritadilar.
Behruz hayron bo‘lib, Botirga qaradi. U esa «hammasi joyida» degandek ko‘zini qisib qo‘ydi. Hujjat ishlari yakunlanib, Behruz bilan Botir tashqariga chiqdilar.
– Botir aka!.. – gap boshlamoqchi bo‘ldi Behruz.
– Nima demoqchi ekanligingni bilaman, Behruz. O‘zing guvohi bo‘lganingdek, firmani sening nomingga rasmiylashtirdim. Bilasan-ku, hujjat ishlariga yo‘qroqman. Shuning uchun ham qog‘ozda firmaning rahbari sen bo‘lding. Bu yoqda esa ishni o‘zim yuritaveraman. Hali shaharda bizning o‘nlab dorixonalarimiz bo‘ladi. Rejalar amalga oshsa, ko‘p turdagi dorilarni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz.
– Katta rahmat, aka. Menga ishonib shundoq firmani nomimga rasmiylashtirdingiz, oldingizda qarzdorman.
– Hayot o‘zi shunaqa, Behruz. Gohida sen menga, goho esa men senga yordam beraman. Bundan keyin tutingan og‘a-ini bo‘lib qoldik. Har qanday ishing bo‘lsa, tortinmagin! Men ham qarab turmayman! – dedi Botir Behruzning yelkasiga qoqib.
– Botir aka, shu… yana bitta narsa so‘ramoqchi edim…
– Bemalol, uka, qo‘limdan kelsa…
– Ikki-uch soatga mashinangizni berib tursangiz, bitta «nozik» joyga o‘tib kelmoqchi edim.
Botir «nima uchun kerak?» deb ham so‘rab o‘tirmadi. Hali Behruzning gapi tugab ulgurmasdan mashinaning kalitini tutqazdi.
– Bugun qiladigan asosiy ishim bitdi, Behruz. Ikki soat emas, kechgacha senga, shu arava. Kechqurun uyga tashlab ketarsan. Men dam olmoqchiman. Ketdim uyga…
– Katta rahmat, aka. Sizni uyingizga tashlab o‘taymi?..
– Yo‘q, sen boraver. Men taksida ketaveraman.
Behruzning quvonchi ichiga sig‘may, «Neksiya»ga o‘tirdi-da, Aziza bilan uchrashuvga oshiqdi. Telefon orqali gaplashganidan so‘ng, uning butun o‘y-xayolini muhabbati band etgandi. Shuning uchun ham u Botirning qilayotgan ishlariga ortiqcha e’tibor ham berib o‘tirmadi.

***

Shahar chetidagi daraxtzor. Ko‘klam fasli tugab, jazirama kunlar boshlangani uchun bu yerdagi salqinlik, mayin shabboda odamga xush yoqadigan edi. Ko‘pincha bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan yoshlar ana shu manzilda uchrashadilar.
Daraxtzor yonida qizil «Neksiya» avtomobili to‘xtab turibdi. Nariroqda esa bir qiz daraxtzor yonidan oqib o‘tuvchi soyga tikilgancha xayol bilan turardi. Sukunatni qushlarning sayrashi buzardi, xolos. Shu payt uzoqdan mashinaning guvvillagan ovozi eshitildi. Tovush borgan sari yaqinlashib, qora rangdagi «Neksiya» ko‘rindi. Avtomobil xuddi shu markadagi qizil mashina oldiga yaqinlashib, to‘xtadi. Motor shovqinidan o‘ziga kelgan qiz e’tiborini «mehmon» tomonga qaratdi. Mashinadan chiroyli kiyinib olgan Behruz tushib keldi.
– Kutib qolmadingmi, Aziza? Men bir oz kechikdim.
– Yo‘q, unchalik emas, – javob berdi qiz. Uning negadir kayfiyati yo‘q edi. – Uchrashuvga kechikmadingiz-u, lekin boshqa narsaga ulgurmaganga o‘xshaysiz, Behruz…
– Bu bilan nima demoqchisan, mundoq tushuntirib gapirsang-chi?! – Behruzning ko‘nglidan nimadir o‘tdi va xavotir bilan qizning ko‘zlariga tikildi.
– Meni unashtirib qo‘ymoqchilar. Kecha dadam yaqin o‘rtoqlari bilan shu masalada gaplashayotgan edilar, eshitib qoldim.
– Nima, sen bu gapga rozi bo‘ldingmi?!
– Sizga avval ham aytgandim-ku, Behruz, mening roziligim bu yerda ahamiyatsiz, tushunyapsizmi?!
– O‘zingni bos, Aziza! Unashtirish degani to‘y degani emas-ku! Men uyimdagilarga yotig‘i bilan tushuntiraman. Oyimni senikiga borishlariga ko‘ndiraman, hammasi yaxshi bo‘ladi.
– Bilmadim, Behruz, bilmadim. Negadir hech ko‘zim yetmayapti…
– Ko‘p o‘ylanma, Azi… Sovchi yuboraman, deyapman-ku!.. Qarab turgin, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Behruz Aziza bilan ancha paytgacha suhbatlashib turdi. Lekin bu vaqt davomida qizning kayfiyati ko‘tarilmadi. Yigit har qancha gapirmasin, qizning yuzidagi g‘amginlik yo‘qolmadi.
– Men ketishim kerak. Kech bo‘lib qoldi.
– Yaxshi. Faqat sen xafa bo‘lma. Men albatta so‘zimning ustidan chiqaman, biz birga bo‘lamiz.
Aziza mashinasini o‘t oldirib, oynadan Behruzga bir bor razm soldida, ohista qo‘zg‘alib, xiyobondan chiqib ketdi. Shundan so‘ng Behruz ham mashinasiga o‘tirdi, lekin uni o‘t oldirmadi. O‘rindiqni orqaga tushirib, suyandi-da, ko‘zlarini yumib xayolga berildi.
«Ko‘p narsaga erishayotgandek bo‘lsam ham, aslida hech narsa bo‘lmadi hali. Aziza bekorga tashvishlangani yo‘q. Agar vaqtida harakat qilmasam, undan ayrilib qolishim mumkin. Lekin hozir uylana olmayman. U bilan oilaviy sharoitimiz to‘g‘ri kelmaydi. Bu yoqda Azizaning dadasi…» Behruz muhabbat dardida qattiq siqildi, tushkunlikka tushdi. Bir oz shu taxlit o‘tirganidan so‘ng mashinani yurgizdi va ko‘nglini yozish, dardlarini to‘kib solish maqsadida yaqin do‘sti Farhodnikiga yo‘l oldi.
– Iya-iya, Behruz! Do‘stim, yaxshimisan! – soxta tabassum bilan kutib oldi Farhod.
– Rahmat. O‘zing tuzukmisan, o‘rtoq?!
– Shukur, shukur… Qanday shamollar uchirdi, do‘stim?..
– Agar vaqting bo‘lsa, kiyinib chiqqin. Sening maslahatingga muhtojman, biror joyda gaplashib olamiz.
Behruzning g‘amgin kayfiyatini kuzatib, Farhod hayron bo‘ldi. Uyiga kirib, bir ozdan so‘ng kiyinib qaytib chiqqan Farhodni Behruz mashina tomon boshladi.
– Nima, Botir aka ham shu yerdami? – hayon bo‘lib so‘radi Farhod mashinaga yaqinlashar ekanlar.
– Yo‘-g‘e, bu shunchaki mashinasi. Buguncha menga berib turibdi. O‘zi uyida dam olyapti.
– Shunaqa degin…
Ular shaharning gavjum joylaridan biridagi restoranga yo‘l oldilar.
Restoranning alohida, shinam xonalaridan biriga joylashib olishgach, Behruz o‘z dardlarini do‘stiga to‘kib soldi. U Azizani qattiq sevishini, lekin ularning birga bo‘lishiga qizning otasi qarshilik qilayotganini kuyinib hikoya qildi.
– Siqilma, do‘stim, shukur qil. Mana, ishga ham joylashib olding. Bundan keyin yaxshi bo‘ladi. Dilingdagi tashvishlarni tashqariga chiqarib tashlab, faqat oldinga harakat qil, o‘rtoq. Men sening kayfiyating ko‘tarilishiga yordam beraman.
Farhod shunday deb, ofitsiantni chaqirdi va turli xil spirtli ichimliklarga buyurtma berdi.
– Anchadan buyon bunaqa o‘tirganimiz yo‘q edi. Bir otamlashamiz-da, do‘stim! Bu dunyo o‘zi shunaqa, doim ham insonning xohishi amalga oshavermaydi. Lekin hamma narsani ham ko‘nglingga olaverma. Siqilganing bilan ishing oldingga yurmaydi… O‘zingni-o‘zing xursand qilishni o‘rgan…
O‘sha kuni ikki do‘st yarim kechagacha ulfatchilik qilishdi. Umuman ichmaydigan Behruz «do‘st»ining gaplari ta’sirida aroqqa sherik bo‘ldi. Farhodning maqsadi esa, Behruzni ichirib, Botir akasi va dori savdosiga oid o‘ziga kerakli ma’lumotlarni bilib olish edi. Chunki uning yuragidagi ishdan ayrilgani alami hali ham so‘nmagan edi. Ayniqsa, Botir mashinasini ham ishonib unga berib qo‘yganini ko‘rgach, o‘zini bosib turolmadi. Nima qilib bo‘lsa ham Behruzga pand berishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. O‘zi kamroq ichib, unga ko‘proq ichirishga harakat qildi. Nihoyat niyatiga yetdi. Botir uning nomiga firma rasmiylashtirganini, o‘qishni ham dekan bilan gaplashib chiqqanini, umuman, har doim nima so‘rasa, iltimosini yerda qoldirmayotganini bilib oldi. Savdoda esa xaridorlar soni anchagina oshganligini va Behruzning bir kunda qancha pul topayotganini eshitib, xasaddan yorilib o‘lay dedi. Lekin buni Behruzga bildirmadi. U o‘zini xuddi mehribon, chin do‘stdek ko‘rsatib, qoyilmaqom rol ijro etdi.
– Endi ketsak ham bo‘ladi, Behruzbek! – turishga undadi Farhod do‘stini.
– Ha-ya, rosa kech bo‘lib qoldi-yov! Dadam meni bu ahvolda ko‘rsa, o‘ldiradi.
Ular bir-birlariga suyanib tashqariga chiqdilar.
– Mening shu yaqin orada ishim bor, do‘stim! Sen boraver. Ertaga gaplashamiz, – dedi Farhod va Behruzning «Neksiya» saloniga o‘tirib olishi uchun yordamlashdi.
– Botir akaga mashinasini berib, uyiga kirgin-da, sovuq suvda yuvinib ol. Kayfing tarqaydi, – deya qo‘shib qo‘ydi “do‘st” va silkina-silkina joyidan qo‘zg‘algan mashina ortidan mastlik va g‘ayirlik o‘tida qisilib boratgan ayyorona ko‘zlarini tikib, tirjaygancha kuzatib qoldi.
Farhodning xayolidan o‘tgan voqea esa ko‘p kuttirmadi. Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas, hali uzoq ketishga ulgurmagan «Neksiya» qarama-qarshi tomondan kelayotgan «Jiguli» bilan to‘qnashdi. Buni kuzatib turgan Farhod bir oz taraddudlandi-da, o‘zini xuddi bu voqeani ko‘rmagan kishidek tutib, yo‘l yoqasiga chiqib, taksiga qo‘l silkidi.
Bu paytda esa Behruzning hayot bilan vidolashishiga bir bahya qolgandi. «Neksiya» chap qanoti bilan «Jiguli»ga urilgani uchun kuzov qiyshayib, motor Behruzning oyog‘ini qisib qolgandi.
«Jiguli»ning shofyori zudlik bilan «Tez yordam» mashinasini chaqirdi va o‘zi «Neksiya»ning eshigini ochib, Behruzni tashqariga olib chiqishga yordamlashdi. Yetib kelgan shifokor uni «Tez yordam» mashinasida kasalxonaga olib ketdi.
Bu paytda «Jiguli»ning egasi «Neksiya»ning davlat raqamini ko‘zdan kechirib, bu mashina Botirga tegishli ekanligini darhol anglab yetgandi. Chunki Botir va uning zulukdek qora mashinasini deyarli butun shahar tanir edi.
Bir ozdan so‘ng voqea joyiga Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari yetib keldilar. Falokat haqidagi xabar shu zahotiyoq Botirning qulog‘iga yetib bordi.
Ushbu noxush voqeadan xabar topgan Botir zudlik bilan shifoxonaga yetib keldi. U Behruzning holatini ko‘rib, esxonasi chiqib ketay dedi. Shu fursatda u mashinasi haqida umuman o‘ylamadi. Hozirda Botir uchun eng asosiysi Behruzni oyoqqa turib ketishi edi. Chunki agar Behruzga biror gap bo‘lsa, uning barcha rejalari chippakka chiqishi tayin.
Behruzni jarrohlik xonasiga olib kirib ketdilar. Shifokorlar Botirga bemorni zudlik bilan operatsiya qilish zarurligini, qattiq zarba natijasida bosh miya chayqalib, badani og‘ir jarohat olganligini tushuntirdilar. Botir esa nima qilib bo‘lsa ham Behruzni sog‘ayib ketishi uchun yordam berishlarini shifokorlardan iltimos qildi.
– Bu unchalik xavfli emas, Botirbek, Tinchlaning! Agar operatsiya yaxshi o‘tsa, uzog‘i bilan bir oyda oyoqqa turib ketadi, – deya unga tasalli berdi bosh shifokor.
Shoshilganidan yotoq kiyimida kelavergan Botir tonggacha shifoxona eshigi tagida sigareta chekib o‘tirdi. Nihoyat quyosh endigina ko‘tarilayotganida bosh shifokor hamshira bilan jarrohlik xonasidan chiqib keldi. Botir yumilib borayotgan ko‘zlarini ishqalib, o‘rnidan turdi-da, shifokor tomon yurdi.
– Nima bo‘ldi, do‘xtir?!
– Xavotir olmang, Botirbek! Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Xalokat paytida oyna siniqlari uning badaniga kirib ketgan ekan, bittalab hammasini terib tashladik. Qo‘l-oyog‘ining singan yerlarini ham joyiga soldik. Xullas, hammasi yaxshi. Tushlikdan so‘ng kela olsangiz, bemor bilan uchrashishingiz mumkin.
– Sizga qanday minnatdorchilik bildirishga ham hayronman, do‘xtir, katta rahmat! Men tushlikdan keyin kelaman unda. Bu bemor mening tutingan ukam bo‘ladi. Iltimos, unga yaxshilab qaranglar. U tezroq tuzalishini istayman.
– Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, Botirbek. Biz sizni bilamiz… Xudo xohlasa, ukangiz tez kunda sog‘ayib ketadi.
Shifokor Botirning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qildi. U esa cho‘ntagidan pul chiqarib, qo‘yarda qo‘ymay suhbatdoshining oq xalati cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
– Juda ham iltifotlisiz-da, Botirbek.
– Bemorimizni shaxsan o‘zingiz nazoratga oling, aka. Bu yog‘iga men qarzdorman.
Shundan so‘ng ko‘ngli bir oz tinchigan Botir uyiga qaytishga oshiqdi. Aslida uni Behruzning holati ortida firmaning taqdiri xavotirga solayotgan edi. Firmaning rasmiy xo‘jayini bo‘lmish Behruzning sog‘lig‘i Botir uchun juda muhim edi. «Behruz oyoqqa turishi bilan rejamni amalga oshiraman. Aks holda yana biror bir muammo paydo bo‘lishi mumkin» – Botir ana shu kabi xayollar bilan yo‘l yoqasiga chiqdi va taksi to‘xtatish uchun qo‘l uzatdi. Shu payt nariroqdan u tomonga bir kishi yurib kela boshladi.
– Hoy, uka, kechirasiz, sizni bir daqiqaga mumkinmi?! – deya murojaat qildi haligi kishi Botirga. Yoshi elliklardan oshgan bu odam halokat paytidagi «Jiguli» shofyori edi.
– Adashmasam, Botirbek deganlari siz bo‘lsangiz kerak, shundaymi?! – so‘radi kishi Botir bilan so‘rashib.
– Ha, shunday. Tinchlikmi, aka?!
– Nasib etsa, tinchlik bo‘ladi, uka. Asosiysi, omonlik bo‘lsin, ishqilib… Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topilaveradi…
«Jiguli» avtomobili egasi gapni uzoqdan boshlab kelib, to‘qnashuv haqida aytib berdi va bu noxush hodisada o‘zi ham ishtirokchi bo‘lganini, natijada mashinasi anchayin yomon holatga kelib qolganini tushuntirdi. Botir bo‘lsa gap nimada ekanligini darhol anglab yetdi.
– Mashinangizni ustaxonaga olib boring. Qancha xarajat ketsa, keyin menga aytarsiz. Albatta, sizni norozi qilmayman. Mana bu mening telefon raqamim.
– Yaxshi, uka, siz nima desangiz, shu! Uch-to‘rt kundan keyin qo‘ng‘iroq qilaman.
– Ha-ya, aytgandek, bizni «Neksiya» hali ham o‘sha yerda turibdimi?! – so‘radi Botir telefon raqamini yozib uzatar ekan.
– Menimcha yo‘q, uka. Voqeadan keyin yetib kelgan DAN xodimlari qutqaruv mashinasini chaqirayotgan edilar. Jarima maydonida bo‘lsa kerak mashinangiz.
– Tushunarli. Rahmat sizga.
Shundan keyin Botir taksida uyiga qaytdi.

***

Behruz ko‘zini ochganida o‘zini qo‘l-oyog‘i gipslangan, hamma yog‘i zirqirab og‘riyotgan holatda ko‘rdi. Avvaliga nega bu yerda yotganini anglay olmadi. Bir ozdan keyin esa bo‘lib o‘tgan voqealarni birma-bir xotirladi.
Azizaning gaplari, Farhod bilan uchrashuvdagi ko‘ngilxushlik va nihoyat mashinada boshqaruvni yo‘qotib «Jiguli»ga borib to‘qnashgani – umuman, barcha bo‘lib o‘tgan voqealar esiga tushdi. Endi bu yog‘iga nimalar bo‘lishini o‘ylab, qattiq tashvishlandi. «Buguning kechagi kuningdan tashvishliroq bo‘lsa, aybni o‘zingdan qidir» deb bekorga aytishmagan xayolidan o‘tkazdi bemor. «Botir akamga mashinasi uchun nima deb javob beraman?! Uydagilarga – ota-onamga-chi?! Meni bu holatda ko‘rib Aziza nima deb o‘ylaydi? Buni Farhod eshitsa, kechagi o‘tirishda o‘zi ham bo‘lganidan juda afsuslanadi. Shu falokatni deb, hammani tashvishga qo‘yadigan bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimda. Ahmoq bo‘lmasam, shunchalik ham ko‘p icharmidim?!.» Behruz shu kabi o‘y-xayollar bilan shiftga qarab yotardi.
Tez-tez uning holidan xabar olib turgan shifokor unga damba-dam ukol qilar, dori ichirdi. Badanidagi jarohatlar yangi bo‘lgani uchun Behruz rosa qiynaldi. O‘zini uxlashga majburlasa ham, ko‘zi ilinmasdi. Hamshira tushlik olib kirdi. Bir amallab ovqatlanib olgach, bir oz orom olish maqsadida ko‘zini yumdi. Shu payt eshik taqilladi va tashqaridan yelkasiga oq xalat tashlab, qo‘lida ikkita bozorlik sumkasini ko‘tarib olgan Botir kirib keldi. Behruzning yuragi «shuv» etib ketdi.
– Assalomu-alaykum, Botir aka… – deya o‘rnidan turishga urindi u.
– Nima qilyapsan, ukajon! O‘rningdan qimirlama! – dedi Botir va borib so‘rashdi.
– Botir aka, ming bor uzr, ahmoqlik qilib qo‘ydim. Mashinangizning harajatlarini albatta to‘layman, meni kechiring, aka, – dedi Behruz g‘amgin ovozda.
– O‘zingni bos, uka! Bu ham bir falokat-da… Yigitchilikda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Sen mashina haqida o‘ylama, o‘zingning sog‘lig‘ing to‘g‘risida qayg‘ur. Birinchi o‘rinda sening omonliging. Bu – mashina, moddiy boyliklar istalgan paytda topilaveradi. Men seni ukam deganman, Behruz. Oramizda hech qanaqa qarzdorlik bo‘lmaydi, xo‘pmi?! Menga ikkinchi marta bunday demagin, tushundingmi?..
Behruz javob qaytara olmadi. Uning ko‘zlaridan yosh dumalay boshladi. Hozirgi vaqtda Botir akasi unga farishta bo‘lib ko‘rinib ketgan edi. Dunyoda shunday yaxshi odamlar borligidan Xudoga ming bora shukrlar qildi u. Yelkasini bosib turgan qayg‘u ancha yengillashdi. Endigi xavotiri – bu gaplarning ota-onasiga yetib borishida edi. Bemor bilan gaplashib o‘tirgan Botir uning dilidagini bilgandek gap boshladi.
– Qo‘rqma, Behruz. Bu narsa uyingdagilarga yetib bormaydi. Ota-onangga seni shoshilinch ravishda talabalararo musobaqaga ketdi, deb yetkazib qo‘yishadi. Dekaning Sobir akaga yana bir bor iltimos qilsam, ish bitadi. Telefon orqali uying bilan xabarlashib tur. Faqat musobaqa qatnashchisi bo‘lib, poytaxtga ketganingni unutib qo‘yma, – dedi u.
Behruz yolg‘on ammo o‘zi uchun hayrli kechadigan bu rejani eshitgach, quvonib ketdi. Kayfiyati ko‘tarilib, Botir akasiga nisbatan yanada mehri oshdi.
– Siz zo‘rsiz, Botir aka! Ilojsiz paytda yolg‘on gapirilsa, Xudo ham kechirar-a, aka? Nima deyishga ham hayronman, rahmat sizga! Kechadan buyon nima qilishni bilmayotgandim. Meni yana bir bor qutqarib qoldingiz. Telefonimni ham o‘chirib qo‘ygandim, hoziroq uyga siz aytgandek xabar qilaman.
– Yaxshi, ukajon, sen dam olishing kerak. Men ertaga yana kelaman…
Botir shunday deb, u bilan xayrlashdi va palatadan chiqib ketdi.
Behruzni o‘n besh daqiqa avvalgi tushkunlik butunlay tark etgan edi. U Botir akasi aytgan gaplari ta’siridan kasalligini ham unutib, o‘rnidan turib o‘ynab ketishiga oz qoldi.
Bir ozdan keyin o‘zini bosib olgach, uyiga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni onasi Fotima opa ko‘tardi. Behruz xuddi Botir akasi aytgandek qilib, yolg‘onchiligidan qiynalsa-da, qoyilmaqom rol ijro etdi. U o‘zini poytaxtda yurgan kishidek tutib, xavotir olmasliklarini, tez kunlarda qaytishini tushuntirdi. Vaqtida qo‘ng‘iroq qilmagani uchun uzr so‘radi. Farzandining kechqurun uyga kelmaganidan xavotirda o‘tirgan onaizor, ko‘ngli notinch bo‘lsa-da o‘g‘lining ovozini eshitib, uning so‘zlariga o‘zini ishontirdi.
Behruz shifoxonada shu taxlit kun kechira boshladi. Kunda-kunora kelib turgan Botir unga kerakli narsalarni olib kelib berar, shifokoru hamshiralar uning atrofida parvona edi. Shifoxonadagi hayotning uchinchi kuni Behruzning oldiga «qadrdon do‘sti» Farhod kirib keldi. U o‘zini qattiq iztirobga tushgan kishidek ko‘rsatib, so‘rashdi.
– Do‘stim, senga nima bo‘ldi?! Meni qo‘rqitma, o‘zingga o‘xshamayapsan, – deya u Behruzni quchoqladi.
Ikki o‘rtoq obdon hol-ahvol so‘rashib, suhbat qurdilar. Behruz Farhodning gaplarini butunlay samimiy qabul qildi. Ammo Farhodning bu yerga kelishdan asl maqsadi «razvedka» qilish edi.
– Bu voqeadan Botir akangning xabari bormi? – so‘radi Farhod gap orasida.
– Ha. O‘sha kuni tundayoq yetib kelgan.
– Xo‘sh, nima dedi?
Behruz do‘stiga Botirning barcha gaplarini aytib berdi. U mashinasiga umuman achinmaganini, asosiysi Behruzning sog‘lig‘i haqida qayg‘urayotganini eshitib, Farhodning miyasiga qon quyulay dedi.
– Botir akadan bunday hotamtoylikni kutish qiyin. Lekin agar senga shunday degan bo‘lsa, yaxshi odamga o‘xshaydi, – dedi u sir boy bermasdan.
– Ha, u men o‘ylaganimdan ham yaxshi inson ekan…
– Mayli, do‘stim. Sen o‘tgan voqealarni ko‘p eslama. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Sen dam olishing kerak. Men erta-indin yana kelaman.
Farhod shunday deb o‘rnidan turdi.
– To‘xta, Farhod, yana besh daqiqa vaqtingni olaman. Sen bilishing kerak bo‘lgan yana bir gap bor, o‘tirgin… – Behruz do‘stiga bu voqeaning otasi bilan onasiga yetib bormasligi kerakligini, Botir bergan maslahat bo‘yicha telefon orqali ularning ko‘nglini tinchitib qo‘yganini, mabodo undan ham so‘rashsa, Behruz o‘qishdagi tanlov yuzasidan shoshilinch poytaxtga ketdi, deb aytishini iltimos qildi.
– Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, Behruz! Sen aytgandek qilaman. Yaxshi qol, keyin yana ko‘rishamiz.
Farhod shunday deb palatadan chiqib ketdi. Behruzdan voqeaga bo‘lgan Botirning munosabatini eshitib, uning hafsalasi pir bo‘lgan edi. Do‘stining oxirgi iltimosidan so‘ng esa uning miyasiga yana bir «ajoyib» fikr keldi.
Bu rejani amalga oshirishni esa paysalga solib o‘tirmadi. Shifoxonadan to‘g‘ri Behruzning uyiga yo‘l oldi.
Eshikni Farhodga kerakli odam – Azamat aka ochdi.
– Iya, Farhod, yaxshimisan?! Kir uyga…
– Assalomu alaykum, Azamat aka!
– Qani ichkariga kirginchi. O‘zi sening oldingga o‘tmoqchi bo‘lib turgandim. Mana o‘zing kelib qolding.
Azamat aka Farhodni mehmonxona tomon boshladi. Ular mehmonxonadagi stol yonidagi o‘rindiqqa o‘tirdilar. Azamat aka choy quyib uzatdi va mehmonni savolga tutdi.
– Xo‘sh, Farhod, qalaysan?! Uydagilar yaxshimi?! O‘qishlar bo‘lyaptimi?
– Rahmat, Azamat aka, tuzuk. Hammasi joyida.
– Bu deyman, sen ham o‘qishda yaxshi o‘qirding shekilli. Nega seni ham tanlovga yuborishmadi? Behruz bilan birga bo‘lganingda yaxshi bo‘lardi.
Farhod birdan jiddiy tortib, maqsadga o‘tdi.
– Men ham shu masalada oldingizga kelgan edim. Faqat hozir aytgan gaplarim oramizda sir bo‘lib qolishini istayman. Bu bevosita do‘stimning, ya’ni o‘g‘lingiz Behruzning hayoti bilan bog‘liq.
– Kelishdik. Gapirchi, qulog‘im senda.
– Behruz… Behruz hozir poytaxtda emas. Shu shaharda.
– Nima? Bu nima deganing?!
– Iltimos, Azamat aka, gapimni bo‘lmay eshiting. Hammasini aytib beraman.
– Yaxshi, faqat cho‘zilmay tez-tez gapir!
Azamat akaning chakkasidagi tomirlari bo‘rtib chiqib, bo‘yni qizarib ketdi. U asabiylasha boshladi.
– Xullas, hozir Behruz kasalxonada. Ikki kun avval Botirning mashinasida halokatga uchradi. Ichib olib, rulga o‘tiribdi. Bunga asosiy sababchi Botir aka hisoblanadi. U Behruzni bozorga o‘rgatdi. Qo‘liga qo‘sha-qo‘sha pul va hatto mashinasini ham topshirib qo‘ydi. Aqlu farosatda tengsiz do‘stim esa buning natijasida g‘irt bezori – ko‘cha bolasiga aylanib qolyapti. Agar buni vaqtida to‘xtatib qolmasak, birinchi o‘rinda sizga yomon bo‘ladi, Azamat aka! Mana ikki oydirki, o‘qishga ham borgani yo‘q. Botir aka buning ham yo‘lini topibdi. Dekanimiz Sobir aka bilan kelishib chiqibdi. Hozir Behruzning kasalxonadagi holatini ko‘rib, achinib ketdim. Behruz mening yoshlikdan birga katta bo‘lgan chin do‘stim! Shuning uchun ham ortiq chidab turolmadim. Bu gaplarni sizga aytishim kerak, deb o‘yladim…
Farhod shunday deb, ko‘ziga yosh ham olgan bo‘ldi. U shunday tasirchan gapirardiki, tashqaridan qaragan odam uni do‘stining qayg‘usida kuyib ado bo‘lyapti, deb o‘ylashi mumkin edi.
– Rahmat senga, Farhod! Haqiqiy do‘st ekansan! Vaqtida mening ko‘zimni ochding. Men hoziroq bu ishning tagiga yetaman.
– Faqat buni men sizga aytganimni o‘zi bilmasin. Qattiq xafa bo‘ladi.
– Bu yog‘idan xavotir olma. Men senga so‘z berdim-ku!
Farhod Azamat aka bilan xayrlashib ko‘chaga chiqdi va ko‘ngli anchayin taskin topib uyiga yo‘l oldi. U yo‘lda ketar ekan, agar bu ishga Azamat aka aralashsa, katta janjal chiqishini va natijada Botir bilan Behruz orasidagi munosabatlar butunlay uzilishini o‘ylab, ich-ichidan quvondi. Shu payt uning yo‘lidan qizil «Neksiya» chiqib to‘xtadi va ichidan Aziza tushib keldi.
– Salom Farhod, yaxshimisiz?! – dedi u ohista tovushda.
– Qalaysiz, Aziza?! – dedi Farhod hayron bo‘lib.
– Menga Behruz kerak edi. Uch-to‘rt kundan buyon uni topa olmayapman. Eshitishimcha, qayergadir ketgan emish. Siz uning yaqin do‘stisiz-ku, bilsangiz aytolmaysizmi, Behruz qayerdaligini? Uzoqroqqa ketgan bo‘lsa ham, aniq manzilini bersangiz borib kelaman. U menga juda kerak edi.
Farhod Azizaning gaplarini eshitib turdi-da, uning ham falokatdan xabari yo‘qligini sezdi va uni bu voqeadan xabardor etishga qaror qildi. U bo‘lib o‘tgan voqealarni, Behruzning hozirgi ahvolini batafsil so‘zlab berdi. So‘zining oxirida bu gaplarni sir tutishi kerakligini ham eslatib o‘tdi. Aziza bo‘lib o‘tgan voqealarni eshitib, butunlay dovdirab qoldi. U Farhodga tezgina rahmat aytdi-da shoshilib mashinasiga o‘tirdi va uchirib haydab ketdi.
Aziza eshitib qo‘rqib ketmasligi uchun Behruz uni bu voqeadan xabardor qilmagan edi. Unga yolg‘on gapirib o‘rganmagani sabab esa qo‘ng‘iroq qilib aldagisi ham kelmagandi. Lekin voqeaning asl tashkilotchisi bo‘lmish Farhod bundan unumli foydalanib qoldi.

***
Aziza shifoxonaga Azamat akadan ham ham oldinroq kirib keldi. Hamshiraning «hay-hay»lashiga qaramay, palataga bostirib kirgan Aziza o‘zini Behruzning bag‘riga otdi.
– Behruz! Nega bu ko‘yga tushdingiz? Kim sizni bunday qildi? Nega shu paytgacha menga aytmadingiz?
Aziza tinmay yig‘lagancha unga savol yog‘dirar edi.
– O‘zingni bos! Jim, Aziza! Hech narsa bo‘lgani yo‘q! – dedi Behruz undan baland ohangda. – Nima, men o‘lib qoldimmiki, buncha yig‘i-sig‘i qilasan. Sening shunday hovliqma ekanligingni bilib ham aytmagan edim!
Bu gapdan so‘ng qiz ancha o‘zini bosib oldi va sekingina hol-ahvol so‘ray boshladi.
– Men ancha yaxshiman, – javob berdi Behruz. – O‘zingdan gapir, uydagilaring yaxshimi?! Dadangni ahdidan qaytara oldingmi?
– Yo‘q, Behruz! Dadam aytganidan qaytmaydi. Oyimga sizning uyingizdan sovchi kelishi mumkinligi haqida aytib qo‘yganman. Bir oz o‘zingizga kelib olgach, ota-onangizga aytarsiz… Eng asosiysi, tezroq sog‘ayib keting. Ha, yana bir gap. Dadam siz bilan gaplashayotganimni sezib qolibdilar. Qancha qaytarishga urinmay, u kishi siz bilan uchrashish niyatidalar. Xavotir olgan tomonim shundaki, dadam bu gapni eshitib qattiq jahli chiqdi. Hatto bu yerga ham kelishlari mumkin.
– Yaxshi. Dadajonim meni ko‘rgani kelishsa, buni nimasi yomon?! Meni ham ularga aytadigan gaplarim bor edi, o‘zi – dedi Behruz hazil aralash.
U Aziza bilan ancha vaqtgacha gaplashib o‘tirdi. Hamshira kirib, bemor bilan ko‘p suhbatlashish mumkin emasligini tushuntirgachgina, Aziza Behruz bilan xayrlashdi.
– O‘zingizni ehtiyot qiling. Men tez-tez kelib turaman, – dedi qiz va xonadan ohista chiqib ketdi.
Aziza mashinasiga o‘tirib ketayotgan bir paytda Behruz yotgan palata eshigini Azamat aka taqqillatdi va ichkariga qadam bosdi. Dadasiga ko‘zi tushgan Behruzning ko‘zlari olayib ketdi. Bir zumda yuzi qizarib, yuzini marjon-marjon ter bosdi. Farhodning aytganlariga ishonib-ishonmay bu yerga kelgan Azamat aka o‘g‘lining haqiqatdan ham kasalxonada ekanligini ko‘rib, o‘zini tutib tura olmadi. Behruz kasal bo‘lishiga qaramay qo‘llarini musht qilib u tomon yaqinlashdi. Lekin o‘g‘lining holatini ko‘rib, urishga botina olmadi. Azamat aka mushtini yozdida kaftini bir-biriga urib, qarsak chala boshladi.
– Barakalla, ota o‘g‘il! Demak festevalga yo‘llanma shu kasalxonaga berilibdi da! –dedi Azamat aka zaharxanda jilmayish bilan.
– Dada, meni kechiring! Boshqa ilojim yo‘q edi…
– Oxirgi paytlarda seni yangidan yangi «qirra»laring ochilyapti. Mundoq olib qarasa, ko‘chadagi bezori bolalaridan ham oshib tushding. Shunday qilib, o‘qishga ham bormayapsan. Dekaning Sobirni ham o‘z jinoyatingga sherik qilibsan. To‘g‘rimi?!
Shundan so‘ng Behruz otasi hamma gapdan boxabar ekanligini bildi. Azamat aka o‘g‘liga tinmay ayblar yog‘dirar, Behruz esa bunga javoban indamay, jim turishdan nariga o‘ta olmadi.
– Botir afirist bilan bo‘layotgan munosabating meni qattiq tashvishga solyapti. Sen ahmoq bola vaqtida ko‘zingni ochmasang, bundan ham battar bo‘lasan! Ahvolingga qara, Xudo ko‘rsatmasin halok bo‘lishing mumkin edi. Lekin men buni shundoq qoldirmayman. Shu daqiqadan boshlab Botir bilan umuman munosabatlaringni yo‘qotasan. Men hozir u yaramasni topib, tushuntirib qo‘yaman.
– Dada! Kerak emas! – dedi Behruz otasining ushbu gapidan keyin tilga kirib. Botir akaning umuman aybi yo‘q, bu voqeada. Aksincha u ham qattiq qayg‘uryapti. Unday qila ko‘rmang.
– Nima??? Hali uni himoya ham qilyapsanmi? Dadang bo‘lsam ham sen meni fe’limni yaxshi bilmas ekansan. Endi ko‘rsataman senga, o‘g‘iltoy! Tuzalganingdan so‘ng, jiddiy gaplashib olishimizga vaqtimiz yetadi…
Azamat aka asabiylashib, palata eshigini zarb bilan yopdida, chiqib ketdi. Yaqin o‘rtada umuman yo‘l mashinasida yurmagan Azamat aka qo‘l ko‘tarib taksi to‘xtatdi. Uning maqsadi tezroq Botirning uyiga yetib olish edi.
Botirning ko‘chasiga burilgan taksi qarama-qarshi tomondan kelayotgan bir yigitga to‘qnashib ketishiga oz qoldi. Haligi yigit so‘kingancha «Matiz»ga yo‘l berdi. Mashina ichidagi Azamat aka taksistga shu yerda to‘xtashini buyurdi va yo‘l kira haqini berib avtomobildan tushdi.
– Botir, hov, Botir! – chaqirdi Azamat aka sal nariroqda ketayotgan haligi yigitni. Tez-tez qadam tashlagancha, shoshilib qayergadir ketayotgan Botir bu ovozni eshitib to‘xtadi va ortiga qarab, Azamat akaga ko‘zi tushdi. U xuddi hech nimadan xabari yo‘q kishidek kelib Azamat aka bilan so‘rashdi. Ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan besh daqiqali suhbatdan so‘ng Botir Azamat akaning barchasidan xabardor bo‘lganini bildi.
– Uka, gapni qisqasi Behruzni tinch qo‘y. Bundan keyin u bilan munosabatlaringni umuman uzgin. Senga qo‘shilganidan buyon O‘g‘lim butunlay yomon tomonga o‘zgardi. Hozir kasalxonadan kelyapman. O‘g‘limni holatini ko‘rib, ko‘zlarimga yosh keldi. Lekin buni uning o‘ziga sezdirmadim. Shu ish unga saboq bo‘lsin deymanda… Sen uni juda erkalatib yuborgansan. Hozirgi vaziyatda Behruz bunga arzimaydi. U o‘qishi kerak…
Botir Azamat akaning gaplarini diqqat bilan eshitdi. Lekin bir og‘iz e’tiroz bildirmadi.
– Meni to‘g‘ri tushunding, deb o‘ylayman, Botir. Bu ishni yaxshilikcha hal qilaylik. O‘g‘limni yoningdan uzoqlashtir. Kelishdikmi?..
– Yaxshi, Azamat aka! Men roziman. Faqat Behruz oyoqqa turib ketganidan so‘ng, bir hafta o‘tib, u bilan butunlay aloqalarni uzaman. Chunki ungacha o‘g‘lingiz bilan bog‘liq ishlarimizni hal qilib olishim kerak. Men sizni tushundim. Siz ham menga imkoniyat bering.
– Kelishdik, Botir. Faqat o‘zing aytgan muddatdan kechikmasin.
– Va’da berdimmi, albatta bajaraman! Ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin, aka.
Botir Azamat akani tavoze’ bilan kuzatib qoldi. Bu uchrashuv Azamat akaga g‘ayritabiiy bo‘lib ko‘rindi. Chunki, Botirga aytgan gaplari uchun u birpasda qizishib urishishi kerak edi. Bundan tashqari, Botir o‘zidan katta odam gapirsa, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib eshitadigan «mulla» bolalardan emasdi. Ota-onasi ham shu bolaning kuydirgiligi orqasidan o‘n yil avval bu dunyoni tark etishgan edi. Azamat aka birinchi bor Botirning odamga o‘xshab gaplashganiga guvoh bo‘ldi. «Ha yaxshi. Xudo insof beribdi-da!» – o‘yladi u va yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortib uyiga yo‘l oldi.
Botir uchun esa bu kutilmagan uchrashuv edi. Azamat akaning unga aytgan gaplari kallasidagi rejalarni yanada tezroq amalga oshirishi uchun turtki bo‘ldi. Botir o‘sha kuniyoq rejasining birinchi qismini amalga oshirish uchun shahar markaziy bankiga yo‘l oldi. U yerga yetib kelgach, kreditlar bo‘yicha shug‘ullanuvchi bo‘limga kirdi va qo‘lidagi yig‘ilgan hujjatlarni qabul bo‘limiga topshirdi. U bankdan kredit olmoqchi edi. Shuning uchun Botir firmaning rahbari nomidan hujjatlar tayyorladi va nimaligini so‘rab ham o‘tirmay qo‘l qo‘yib bergan Behruzning imzosi bilan bankdan besh yuz million miqdorda kredit ajratishlarini so‘rab, murojaat qildi. Bankdan ushbu arizaning javobi bir haftadan keyin chiqishini aytdilar. Botir sabrsizlik bilan hafta tezroq yakuniga yetishini kutdi. Bu orada esa rejasining boshqa qismlarini amalga oshirib turdi. Ya’ni qo‘shni respublikadan uch vagon doriga buyurtma berdi. Ushbu yuk ham o‘n kun ichida yetib kelishini aytdilar. Botirning kayfiyati yuqori darajada edi.
U kunda-kunora Behruzning ahvolidan xabar olib turishini kanda qilmadi. Lekin bu mehribonchiliklarning tagida boshqa narsa yotganini Behruz xayoliga ham keltirmasdi. Botir har kelganida turli xil arzimagan sabablarni ko‘rsatib, bir nechta hujjatlarga qo‘l qo‘ydirib ketar, tashqarida esa Behruzning nomidan har turli «o‘yin»lar qilib, juda katta pul orttira boshladi. Bu vaqt orasida Behruz ham oyoqqa turib qoldi.
– Ukajonim, mana sog‘ayib ham ketding. Ertaga nasib qilsa, kasalxonadan chiqib, yangi hayot boshlaysan. O‘zim ertalab kelib mashinada olib ketaman. Firmaning rahbari sifatida joylarga borib arzimagan rasmiyatchiliklarni amalga oshiramiz. Keyin esa borib, sening sog‘ayib ketganingni yuvamiz, Behruz. Men hozir ertagalikka kafe buyurtirib keldim, – dedi Botir Behruzning oldiga navbatdagi tashrifi chog‘ida.
Hammasi ortda qolib, to‘rt muchasi sog‘ayib ketganidan Behruz nihoyatda xursand edi. U erta tongda Botir akasining ko‘magida kasalxonani tark etdi va ular birgalikda bankka yo‘l oldilar. U yerda esa bank «Behuz darmon savdo» xususiy firmasining bir oy avvalgi arizasiga muvofiq, firmaning dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mini zavod ochishi puxta qilib ko‘rsatilgan biznes rejani ma’qullab, besh yuz million so‘m miqdorda pul ajratib qo‘ygan edi.
– Behruz! Ukaginam, endi bizni oldinda buyuk ishlar kutyapti. Firmani yanada kengaytirib, o‘zimiz uchun imkoniyatlar eshigini ochadigan payt keldi. Olayotgan bu pullarimiz qisqa vaqt ichida juda katta daromad keltiradi. Men hammasini o‘ylab qo‘yganman. Faqat hozir sen « Behruz darmon savdo»ning rahbari sifatida bankning kredit bo‘limi boshlig‘i xonasida suhbatdan o‘tishing kerak. Uni so‘zlaringga ishontira olsang, shu zahotiyoq pulni olib ketamiz, – dedi Botir Behruzga mashinadan tusha turib.
– Nima deb uni ishontirishim kerak?!
– Bu pullarga chet eldan apparaturalar keltirib, o‘zimizda dori-darmon ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman, bu to‘g‘rida germaniyalik hamkorlar bilan kelishib ham qo‘yganman, deysan. Agar buni amalga oshirsak, juda katta foyda ko‘rishimizni, ularning pulini esa krediti bilan uzog‘i uch kvartal ichida qaytarib berishimizni aytasan. Xullas, shunga o‘xshagan gaplar…
– Tushundim, Botir aka! Bu yog‘ini menga qo‘yib bering, – Behruz shunday deb qabulxonaga kirib ketdi. Oradan o‘n besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, qo‘lida chek bilan quvnoq kayfiyatda chiqib keldi. U Botirning ishonchini oqlagan edi. Ular kassaga borib, chekni topshirdilar va besh yuz million miqdordagi pullarni maxsus qopda qabul qilib oldilar. Bank qo‘riqchilarining yordamida pullarni Botirning mashinasiga yukladilar.
– Endi shuncha pulni qayerda saqlaymiz, Botir aka?! – so‘radi Behruz orqa salonga bir ko‘z tashlab qo‘yar ekan.
– E-e-e, ukam! Aytdim-ku, hammasini o‘ylab qo‘yganman, deb. Hozir bizning uyga boramiz, o‘shanda ko‘rasan, – dedi Botir ortiqcha hayajonsiz. Chunki u buncha pulni birinchi marta ko‘rishi emasdi.
Pulning zalvoridan qora «Neksiya» orqa bamferi yerga tegay-tegay deb harakatlanar edi. Mashina ana shunday toshbaqayurish qilib Botirning ko‘chasiga qayrildi. Mashinadan tushgan Botir atrofda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun tevaragiga olazarak tikildi va darvozani ochdi. Behruz mashinani uy ichiga qarata haydadi. Mashina ichkariga kirgach, Botir darvozaxonaga katta qulf osib, berkitdi. So‘ng ikki qavatli uyining podvalini ochdi va Behruzning yordami bilan pullarni u yerga olib tushdi. Keng va yorug‘ podvalning burchagida ko‘z ilg‘amas katta seyf bor edi. Botir o‘n daqiqalik urinishdan so‘ng uni ochdi va yonidagi to‘rt qopni ham u yerga tiqdi. Seyfni qayta yopish ham ancha vaqt davom etdi. Buni kuzatib turgan Behruz seyfning mahobatini ko‘rib, o‘z hayratini yashirmadi.
– Bunaqa seyfni umrimda birinchi ko‘rishim, Botir aka! Juda zo‘r-ku, bu!
– Ha, endi uka, bilasan-ku! Nasib qilsa, ishimiz yurishib, shu qutini dollarga to‘ldiramiz. Buning uchun sen aytganlarimni qilavergin, hammasi yaxshi bo‘ladi. Endi ketdik.
Ular eshiklarni yaxshilab qulflab, ko‘chaga chiqdilar.
– Sening sog‘ayib ketganing sharafiga kichkinagina ziyofat tashkil qilgan edim. Hozir seni kafega tashlab o‘taman. Bir oz dam olgin. o‘zing istagan do‘stlaringni chaqirib, ko‘ngilxushlik qilishing mumkin. Joy bemalol yetadi. Men kafe xo‘jayiniga aytib qo‘yganman. Ikkita san’atkor ham keladi, qo‘shiq aytib, zeriktirmaydi.
– O‘zingiz kirmaysizmi?!
– Men tushdan keyin kelaman. Bir-ikkita ishlarim bor. Ana shularni bitirgach, ikkalamiz bi-i-ir ulfatlashamiz, Behruz ukam! – Botir shunday dedi-da, yana bir hujjatga qo‘l qo‘ydirgach, Behruz bilan xayrlashib, mashinani o‘t oldirdi.
Qora «Neksiya» avtomobili bu safar vokzal tomon yo‘l oldi. Hozir Botirni u yerda ikki vagon yuk kutib turar edi.
– Assalomu alaykum, Vositxon aka! Uzr, kechikib qoldim.
– Keling, Botirjon, keling…
Vokzalda uni qorin qo‘ygan baqaloqqina kishi kutib oldi. U ushbu vokzalning boshqaruv rahbari edi.
– Yuklarni vagondan tushirib, mikroavtobuslarga bosib qo‘ydik. Bemalol olib ketishingiz mumkin. Faqat vakil bilan oldi-berdingiz bor ekan… Shuni gaplashib olsangiz bo‘ldi.
– Qani u?!
– Mening xonamda kutib o‘tiribdi. Marhamat, kiring. Men shu yerda poylab turaman.
Botir ichkariga kirdi. U yerda uni yoshi o‘ttizlar chamasi qotmadan kelgan yigit kutib oldi. Ular anchagacha gaplashib o‘tirdilar.
– Xullas, uka, Aziz akamning ko‘ngillari tinch bo‘lsin. Uzog‘i bir oy ichida yukning pullarini olib borib beraman. Mana bu firmaning nomidan tilxat. Har ehtimolga qarshi… Sizlarning ishonchingiz uchun. Buni Aziz akamga bersang, o‘zlari tushunib oladilar.
– Yaxshi, aka. Men sizga ishondim. Ismingiz nima edi?!
– Meniki Botir. Biz oldin ham akamlar bilan hamkorlik qiganmiz. Endi esa firma kengaydi. Lekin hozirgi bu yuklarning barchasi firmamiz rahbarining buyrug‘i bilan olinyapti. Senga bergan hujjatda hammasi ko‘rsatilgan.
Ular do‘stona xayrlashdilar. Botir vokzalning binosi yonida qator turgan beshta avtobusni «Neksiya»si ortidan ergashtirdi. Eshalon Oqqo‘rg‘onga yo‘l oldi. U yerda Botirning juda katta yukxonasi bor edi. Nafaqat bu, balki qo‘shni shaharlardan kelgan farsevt-dorifurushlar ham shu yerdan tovar olib ketar edilar.
Ikki soat deganda eshalon Oqqo‘rg‘ondagi manzilgohiga yetib keldi. U yerdagi ishchilar zudlik bilan ishga kirishib, yuklarni avtobusdan tushirishga kirishdi.
– Akmal, ho‘v, Akmal! – chaqirdi Botir bino eshigi tagidan turib.
Ichkaridan sportchilar kabi gavdali o‘smir yigit yugurib chiqib keldi.
– Iya, Botir aka! Assalomu alaykum, xo‘jayin!
– Vaalaykum! Menga qara, Akmal. Mana bu yuklarni tushirib bo‘lgandan so‘ng, qaysi kliyentlarning bizdan nasiyaga tovar olganligi, umuman barcha kirim-chiqimlar haqidagi ma’lumotlarni hisoblab chiq. Hozirdan e’tiboran hech kimga nasiyaga tovar berib yuborma. Qarzdorlar esa ertadan kechikmay beradiganlarini olib kelib bersin. Mana bu yuklarni esa tezroq bo‘shatish kerak. Shuning uchun kliyentlarga qo‘ng‘iroq qil. Agar tovarlarni naqd pulga va ko‘p miqdorda sotib olishsa, qancha ko‘p olishiga qarab shuncha ko‘p chegirma qilib berishimiz mumkinligini ayt.
– Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin. Lekin tovarni arzon berib yuborsak, bizga foyda qolmaydi-ku!
– Bu yog‘i bilan ishing bo‘lmasin. Uch kundan keyin suv tekin narxga juda katta partiya tovar kelyapti. O‘shanga pul berib yuborishim kerak. Tushundingmi?!
– Juda zo‘r bo‘ladi-da, unda! – dedi Akmal og‘zining so‘lagi oqib. Chunki u katta-katta partiya tovarlar kelsa, qo‘shimcha daromad ishlab, cho‘ntagini anchagina qappaytirib olardi.
– Tushunarli bo‘lsa, ishga kirish! Men ertaga kelaman.
Botir mashinasining rulini ortga burib shaharchaga qaytdi. U yo‘lda ketar ekan, qo‘l telefoni jiringladi. Ko‘tarsa, Azamat aka ekan. U Botirning bergan va’dasini eslatib qo‘yish maqsadida qo‘ng‘iroq qilayotgan edi. Chunki u ertadan boshlab Behruzni butunlay tinch qo‘yishi kerak edi. «Yaxshi, Azamat aka. Sizga aytganlarim esimda, ertaga – oxirgi kun. Indindan boshlab o‘g‘lingizni men bilan umuman ko‘rmaysiz. Keyin uning tarbiyasi bilan bemalol o‘zingiz shug‘ullanishingiz mumkin!» – deya kulib javob berdi Botir va turubkani qo‘ydi. «Ahmoq ota. Endi o‘g‘lingni menga keragi yo‘q. Nimalar qilib qo‘yganini u hali anglab yeta olmaydi. Bilganida esa men bu yerdan ancha uzoqda bo‘laman», xayol surdi Botir. U o‘ylagan ishlari silliq ketayotganidan nihoyat baxtiyor edi.
Botir shirin xayollar bilan mashina boshqaruvini aeroport tomon burdi. U yerdan kassaga kirib, ertaga uchadigan reyslarni birma-bir ko‘zdan kechirdi va pasporti bilan pul uzatdi.
– Kanadaga. Ertaga uchmoqchiman.
Bir ozdan so‘ng kassa teshigidan bilet uzatildi. Botir o‘zini qushdek yengil his qildi va mashinasi tomon olg‘a yurdi.
Bu paytda Behruz buyurtma berilgan kafeda do‘stlari bilan shakarguftorlikni avjiga chiqarayotgan edi. Bu ziyofatda o‘qishda birga o‘qiydigan boyvachcha kursdoshlari qatori Farhod ham qatnashayotgan edi. Hamma Behruzning sog‘lig‘i sharafiga qadah ko‘tarar, ayniqsa Farhod «chin» do‘stini osmonga olib chiqib maqtar edi. Chunki oxirgi paytlarda Behruz o‘z do‘stlari orasida ancha obro‘li shaxsga aylangandi. Ayniqsa, do‘stlari «Behruz darmon savdo» xususiy firmasi uning nomiga rasmiylashtirilganidan va u Botir boyvachchaning sevimli shogirdiga aylanganidan xabar topishgach, bu hurmat yanada oshdi.
Ehtimol, Behruz ertaga uni nimalar kutayotganligini bilganida bunchalik xushnudlik yuragiga sig‘magan bo‘lardi. Negaki, Botir uni tubsiz jar yoqasida qoldirib ketayotgan edi.
Botir har daqiqasini g‘animat bilib, tinmay harakat qildi. U barcha boyliklarini pulga aylantirayotgan edi. Botir uyiga yetib kelgach, oldindan kelishib qo‘ygan xaridorlariga qo‘ng‘iroq qildi.
– Allo, kechirasiz, anavi kuni mashinamni olmoqchi bo‘lib kelgan edingiz. Ha, ha, qora «Neksiya»ni… Shuni hoziroq sotmoqchiman.
– O‘sha kuni men aytgan narxga berasizmi? – degan ovoz keldi turubkaning u tomonidan.
– Yaxshi. Kelishdik. Olib ketishingiz mumkin.
– O‘n besh daqiqada uyingizga boraman.
Botir telefon tugmasini bosib qo‘ydi va yana raqam tera boshladi.
– Allo, kechirasiz, men Botirman, uch kun avval uy olmoqchi bo‘lib, menikini ko‘rib ketgan edingiz. O‘ylab ko‘rdim. Siz aytgan narxga roziman. Barcha hujjatlar tayyor. Istasangiz hoziroq notarial idoraga boramiz…
Shunday qilib, o‘sha kuniyoq Botir uyini ham, mashinasini ham sotdi. «Neksiya»ni shu zahotiyoq olib ketishdi. Uyni esa ikki kun ichida bo‘shatib berishga kelishib oldi. Uy va mashinaning ham puli qo‘lga tekkach, Botir avvaldan buyurtma berib qo‘ygan sarrof og‘aynisiga qo‘ng‘iroq qildi.
– Asqar! Qalaysan?! Men, Botirman. Men senga aytgan masala bo‘yicha! Tez uyimga kel. Faqat besh daqiqada shu yerda bo‘l.
Asqar deganlari shunday demasa kelmaydigan uchar yigitlardan edi. «Soqqa» degan so‘zni eshitgani uchun u sanoqli daqiqalardan so‘ng eshikdan kirib keldi.
– Xo‘sh, Botir! Qancha kerak o‘zi, topamiz?!
– Menga valyuta juda ko‘p kerak… Agar topib bera olsang, yaxshigina narxda sotib olaman. Sen ham bir nimalik bo‘lib qolasan.
Botir qancha pulni valyutaga almashtirish kerakligini aytganida Asqarning esi og‘ib qolay dedi. Lekin butun shahar bo‘yicha yig‘ib bo‘lsa ham unga shu miqdordagi valyutani yig‘ib berishga va’da berdi. Ular Asqarning mashinasiga qopdagi pullarning bir qismini ortib, dollar sotib olish uchun yo‘lga chiqishdi. Asqar aytganini qildi. To‘rt soat ichida mashinadagi pullar yengillab, barchasi valyutaga aylandi.
Ikkinchi marta qolgan pullarni mashinaga yuklab, shahar bo‘ylab «sayohat»ni davom ettirganlaridan keyin barcha so‘mlar dollarga aylantirildi. Botir ko‘rsatgan yordami uchun Asqarni «rozi» qilib, jo‘natib yuborgach, avval darvozaxonani yaxshilab ichidan qulfladi. So‘ng o‘z xonasiga kirib, eshikning kalitini ikki marta buradi. Shundan so‘ng u o‘zini bexavotir sezdi va qo‘lidagi anchayin og‘ir sellofan sumkaning ichidagi pullarni stol ustiga bo‘shatdi. Pullar shunchalik ko‘p ediki, hatto stolga ham sig‘may, bir qismi yerga tushdi. Botir pullarni shoshilmasdan, bir chekkadan taxladi. Yuz dollarlik kupyuralarni yuz dona – yuz donadan qilib pochkaladi. Bir soatlik urinishdan so‘ng g‘aram bo‘lib yotgan pullar bir taxlamga keldi. Shundan keyin Botir o‘rnidan turib, xona burchagidagi shkaf tomon yurdi. Uning ikki tabaqali eshigini ochib, ichidan anchayin katta zirhli diplomat oldi va joyiga qaytib kelib, pachkalangan dollarlarni unga bir tekis qilib sola boshladi. Bir ozdan keyin diplomat pul bilan to‘ldi. Zirhli «konteyner»ning og‘zini zo‘rg‘a yopgan Botir sig‘may qolgan ikki o‘ram pulni kostyumining ichki cho‘ntagiga soldi-da, uy eshiklarini ochib, tashqari ko‘chaga chiqdi. Katta yo‘ldan o‘tayotgan taksilardan biri Botirning ishorasi bilan sekinlashib, to‘xtadi.
– Qoratoshga olib borib qo‘yasizmi? – so‘radi Botir shofyordan. Uning shoshilib turganini haydovchi sezdi.
– Mayli, aka. Qancha berasiz?!
Botir javob ham bermay kabinaga o‘tirdi. Shundan so‘ng:
– Qancha tez yursangiz shuncha ko‘p pul beraman, – dedi.

***

Behruz esa Botir akasini ziyofatning oxirigacha kutdi. Lekin undan darak bo‘lmadi. Atrofni qorong‘ulik qoplagandan so‘ng ziyofat ham yakunladi. Do‘stlari Behruzni uyiga tashlab qo‘yishdi. U bir oz shirakayf holatida ichkariga qadam bosdi.
– Vo-o-y, o‘g‘lim! Yaxshi keldingmi? Esonmisan, omonmisan?!
Hovlidagi chiroq yorug‘ida kir yuvayotgan Fotima opa o‘g‘lining yo‘liga peshvoz chiqdi.
– Yaxshimisiz aya, yaxshi o‘tiribsizmi?! – deya Behruz quruqqina salomlashdi unga javoban, garchi onasini ko‘rmaganiga bir oy bo‘lgan bo‘lsa ham. Chunki ayni damda uning boshi qattiq og‘riyotgan edi. Bundan tashqari, agar u onasi bilan quchoqlashib salomlashsa, uning ichgani bilinib qolar edi. Shu sabab ham u chayqala-chayqala tez-tez qadam bosib, o‘z xonasi tomon yurdi. Lekin unga ertaroq uxlash nasib qilmadi. Ortidan xonasiga kirib borgan Azamat aka yana o‘z «ma’ruzasi»ni o‘qidi. Behruz otasining gaplariga faqat «xo‘p» deb javob qaytarardi. Uning horigan ko‘zlarini uyqu bosayotgan edi. Bir oz vaqtdan so‘ng uning qulog‘iga otasining so‘zlari umuman kirmay qo‘ydi…

***

Ertasiga tong otganidan so‘ng eshikdan ikkita yigit Behruzni so‘rab keldi. Eshikni ochgan Fotima opa ularni tanimadi. Bu yigitlar Behruzning o‘rtoqlariga o‘xshamas edi. Behruz zo‘rg‘a o‘rnidan turib, tashqariga chiqdi va yigitlar bilan so‘rashdi.
– Behruz Qodirovsiz, shundaymi, o‘rtoq?! – so‘radi ulardan biri.
– Xuddi shunday, – javob berdi Behruz.
– Iltimos, hoziroq biz bilan yuring. Juda zarur ish bor. Bu esa bevosita sizning hayotingiz bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
– Yaxshi. Men hozir chiqaman.
Behruz shunday deb, ichkariga kirib ketdi va bir zumda kiyinib qaytib chiqdi. Fotima opaning «hay-hay»lashiga qaramay, u yigitlar bilan tez yurib ketdi. Nariroqda ularni «Jiguli» avtomashinasi kutib turar edi. Ikki yigitning taklifi bilan Behruz mashinaga o‘tirdi, uning ortidan ular ham o‘tirishdi. Shundan keyin haydovchi mashinani o‘t oldirdi.
Mashina shahar Ichki ishlar bo‘limi oldiga yetganda to‘xtadi. Ular mashinadan tushdilar. Yigitlar yo‘l boshlab oldinga o‘tdi. Behruz esa ularning ortidan ergashdi.
Ichki ishlar bo‘limida Behruzni tergovchi Shavkat Yunusxo‘jayev kutib oldi. Tergovchi bilan Behruz xonada yolg‘iz qolishgach, Yunusxo‘jayev gap boshladi:
– Iltimos, Behruz. Siz menga hozir Botir Sattorov bilan o‘rtangizda bo‘lib o‘tgan voqealarni gapirib bering. Faqat bittama-bitta, bir boshdan boshlang. Bu narsa hozirgi vaziyatda juda ham muhim. Sattorov bizni qiziqtirib qo‘ydi.
Behruz xuddi tergovchi aytganidek qilib, bo‘lib o‘tgan barcha hodisalarni birma-bir hikoya qilib berdi. Yunusxo‘jayev uni diqqat bilan eshitdi.
– Demak, firma sizning nomingizga rasmiylashtirilgan. Kecha esa Botir siz orqali bankdan besh yuz million kredit olgan, shundaymi?!
– Ha, shunaqa, – Behruz birdan nimalar bo‘lganini anglay boshladi. «Yo‘g‘-ye, bo‘lishi mumkin emas!» o‘yladi u, xayoliga kelgan o‘ydan o‘zi ham qo‘rqib ketib.
– Xo‘sh, unda siz Botir aka bilan nega qiziqib qoldingiz. Kredit olish jinoyat emas-ku?! Bu – biznes, – dedi Behruz o‘zini dadil tutishga harakat qilib.
– Men hozir sizga birma-bir tushuntirib beraman, Qodirov! Bizning bo‘lim xodimlari tomonidan doimiy ravishda maxsus reydlar o‘tkazib boriladi. Kecha kechqurun ham xuddi shunday bo‘ldi. Biz o‘zimiz bilgan ashaddiy «valyutchik»larni siquvga oldik. Biz ularni anchadan buyon ko‘z ostimizga olib yurgan edik. Taassufki, ushlangan sakkizta ashaddiy «valyutchik»ning uyini tintuv qilganimizda bir dollar ham topa olmadik. Ularda ancha-muncha «rossiyskiy», «qirg‘iz som», «qozoq tanga»ni davlat hisobiga musodara qildik. Lekin umuman AQSh dollari topolmaganimiz bizni ajablantirdi. Ularning barchasini o‘zim tergov qildim. Surishtiruvlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, ularning sakkiztasi ham reyddan ikki-uch soat oldin AQSh dollarlarini Sattorovga mo‘may daromad evaziga sotganliklarini aytishdi. Ular sotgan valyutalar qiymati kichkina pul emas. Bu bizni hayron qoldirdi. Xo‘sh, Botir Sattorov bu pullarni nima qiladi va shuncha mablag‘ni qayerdan oldi?! To‘g‘ri, biz uning mashhur biznesmen ekanligini bilamiz! Lekin shaharning boyvachcha shaxslari uchun ham bu miqdor anchagina ko‘plik qiladi. Bundan tashqari valyutani qora bozor narxidan ancha baland narxga sotib olish tadbirkor odamning ishi emas. Biz shu savollarga javob olish uchun Sattorovning uyiga odam yubordik. U yerda uyning yangi egasi ko‘ch-ko‘ronlarini tushirayotgan ekan, yigitlarimiz qaytib kelishdi. Ma’lum bo‘lishicha, u uyini va hatto mashinasini ham, umuman barcha qimmatbaho buyumlarini sotib yuboribdi. Buni aniqlagach, bizdagi shubha yanada ortdi. Bilishimizcha, siz Botirning eng yaqin odamisiz, shu sababli ham chaqirtirgan edik. Ammo siz aytgan gaplarni, kredit voqeasini bilgach, aytishim mumkinki, u sizni ham chuv tushiribdi.
Behruzning yuragi «shuv» etib ketdi. Shu payt eshik taqillab, xonaga bir yigit kirdi.
– O‘rtoq tergovchi, biz hozir muhim faktni aniqladik. Sattorov bugun kechqurun Toshkent vaqti bilan soat 23.30da Kanadaga uchish uchun yo‘l chiptasi olgan ekan.
– Juda yaxshi. Sizga rahmat.
Yigit xonadan chiqib ketdi.
– Mana izlagan narsamizni topdik. Endi Sattorov hech qayoqqa qochib keta olmaydi. Bugun operatsiyamiz muvaffaqiyatli o‘tsa, sizga ham yaxshi bo‘ladi. Bu ishni vaqtida bilib qolganimiz foydadan xoli bo‘lmadi. Aks holda, o‘zingiz ham bilgandirsiz, Botir sizni tubi chuqur jar og‘ziga keltirib qo‘yibdi. Agar u ketib qolganida, firma rahbari sifatida barcha qarzlarni siz to‘lab berishga majbur bo‘lar edingiz. Yaxshiki, baxtingiz bor ekan, uka. Endi sizga ruxsat. Bugun Sattorov ushlansa, ertaga o‘zim sizni chaqirtiraman.
Behruz tergovchining xonasidan bir ahvolda chiqib ketdi. U negadir qattiq tashvishlanar edi. Yuragi qattiq siqilar, ich-ichidagi tushkunlik kayfiyati butun vujudini chulg‘ab olayotgandek edi. U hech qachon o‘zini bunday his qilmagandi.

***

Qoratosh qishlog‘i chegaradosh hududda joylashgan ovloq bir maskan edi. Bu qishloqning yarim hududi Qozog‘iston respublikasiga qarar edi. Qoratoshning qo‘shni davlat hududiga qarashli chekkasida ulgurji tovarlar bozori bo‘lib, ikki elat vakillari shu sababli ham bemalol oldi-sotdi qilishar edi. Bu qishloqni hamma ham yaxshi bilmasdi. Lekin Botir juda ko‘p qing‘irliklardan xabardor bo‘lgani kabi, bir paytlar Qoratoshni ham har ehtimolga qarshi ko‘z ostiga olib qo‘ygandi. Mana, u o‘ylaganidek bo‘lib chiqdi. U yo‘lovchi mashinada Qoratoshga yetib keldi. Haydovchini rozi qilib jo‘natib yuborgach, bir chetda turgancha chegaradan o‘tib-qaytayotgan odamlarni kuzatdi. Bir ozdan keyin ma’lum to‘xtamga keldi chog‘i yonginasida joylashgan odmigina oshxonaga kirdi va o‘zi uchun ovqat buyurtirdi. Yigirma daqiqadan so‘ng u tamaddi qilib bo‘lgach, oshpazdan hojatxona qayerda ekanligini so‘radi. Bilib olgach, u yerga kirib, eshikni qulfladi va ichkarida ustidagi kostyum-shimini avaylab yechib, safar xurjunidagi sport kiyimlarini kiydi. So‘ng qo‘lidagi diplomatni xurjuni ichiga tiqib, ustidan kostyumi va shimini taxlab soldi va hech narsa bo‘lmagandek tashqariga chiqdi. U asta-sekin chegaraga yaqinlashar ekan, yo‘l-yo‘lakay oshxona yonidagi do‘kondan ikki dona bolalar o‘yinchog‘i sotib oldi. O‘yinchoqlar karton qutiga solingan edi. U ikki qo‘li to‘la yuk bilan ohistagina chegaradan o‘ta boshladi.
– Kechirasiz, aka, hujjatlaringiz, – so‘radi posbon yigit undan.
– O‘zim shu qishloqda tursam, ukajon! Shu yerdan shu yerga ham dokument ko‘tarib yuraymi, endi, – dedi Botir o‘zini xotirjam tutib.
– Unda qo‘lingizdagilar nima?
– Hali manovi optom bozordan o‘g‘ilchamga o‘yinchoq olgandim, brak chiqdi. Oborib shu o‘yinchog‘i bilan boshiga bir tushirib qaytmoqchiman, o‘zi bir kambag‘al odam bo‘lsam. Yig‘inib-terinib bozor qilsam-u, bu «mashennik»lar meni yana aldasa…
Botir o‘zi uchun suhbatdosh topib olgan cholga o‘xshab tinmay sayrardi. Rol o‘ynash davomida u qishloqcha gapirishni ham rosa maromiga yetkazdi. Zobit yigit uning gaplarini eshitib turib, miyig‘ida kuldi va:
– O‘ting akaxon, o‘taqoling! Juda qiziq odam ekansiz, o‘zingiz yoshsiz-ku, boboylarga o‘xshab fikr yuritasiz-a!
Botir chegaraning nariga tomoniga o‘tib, yo‘lini davom ettirarkan, qo‘shib qo‘ydi:
– Sen ham oltita bola to‘rtta xotin ko‘rsang, faylasufdan farqing qolmaydi, hali…
Botir endi niyatiga yetgan edi. U chuqur-chuqur nafas oldi-da, qadamini tezlashtirdi.
Bozorga yetib kelgach, qo‘lidagi o‘yinchoqlarni bir chetga uloqtirdi-da, kiyinish xonasiga kirib, o‘z formasini joyiga qaytardi. So‘ng xurjun ichidan mo‘ralab turgan diplomatni paypaslab ko‘rdi-da, ko‘ngli joyiga tushib chuqur entikdi.
Botirning rejasi va o‘y-xayollari bo‘yicha uni baxtli kelajak kutar edi. Bu kunlarni u necha yillardan buyon kutar edi. Mana nihoyat niyatiga yetish arafasida. U sumkasidagi pullarga xorijdan shinamgina uy sotib olib, Rossiyadagi eski jononi Anastasiya bilan shirin hayot boshlamoqchi va umrining oxirigacha o‘sha yerda qolmoqchi edi.
Bu qiz bilan Botir besh yil avval Irkutskda, Baykal ko‘li bo‘yidagi dam olish maskanida tanishgan edi. Botir har yili bir marta xorijga yigirma kunlik sayohatga chiqardi. O‘sha yili nima bo‘ldi-yu, do‘stlaridan biri Baykal bo‘yiga borishini maslahat berdi. Harbiy xizmatni Rossiyada o‘tagani bois sovuqni ko‘tarolmaydigan Botir u yoqlarga borgisi kelmas edi. Yevropaning bir nechta davlatlari va hatto Qo‘shma Shtatlar hududiga ham chiqib kelganidan so‘ng u navbatdagi dam olish kunlarini yana qayerda o‘tkazishga boshi qotib turgan bir paytda do‘stining maslahati uni o‘ylantirib qo‘ydi. Do‘sti Yorqin unga Irkutskni juda go‘zal maskan tarzida tasvirlab berdi. Ayniqsa yoz oylarida u yer sayohatchi va dam olgani kelgan odamlar bilan to‘la bo‘lishi ham qistirib o‘tdi. Shunday qilib, Botir ayni yozning jazirama oylaridan birida Baykal bo‘yiga yo‘l oldi. Safari davomida u do‘sti haq ekanligiga amin bo‘ldi. Sayohatining ikkinchi kuni u asli yahudiy millatiga mansub bo‘lgan rossiyalik qiz Anastasiya bilan tanishgach, u uchun eng maroqli onlar boshlandi. Yigirma kunlik dam olish bir yarim oy muddatga cho‘zilib ketdi. Bir ko‘ngli u shu yerda qolib ketmoqchi ham bo‘ldi. Lekin bu vaqt orasida uning yonidagi bor puli tugab bo‘lgan edi. Qizga o‘zini osiyolik boyvachcha sifatida tanishtirgan Botir bu muammoni oshkor qilgisi kelmadi va ketishi kerakligini, uni uyida ishlari kutayotganini bahona qilib xayrlashdi. Qaytib kelganidan so‘ng ham qiz bilan telefon orqali qo‘ng‘iroqlashib turdi. Botir Anastasiyani xayolidan chiqara olmadi. Qizning oltindek tovlanuvchi sarg‘ish sochlari, musaffo osmon kabi moviy ko‘zlari va go‘zal qaddu qomati uning butun o‘y-xayollarini band etgan edi. U safar xaltasini ko‘tarib, Irkutskka jo‘nab yubormoqchi ham bo‘ldi. Ammo do‘stlari uni bir amallab to‘xtatib qolishdi. Kuz va qish oylarida u yerlarda qattiq sovuq bo‘lishini tushuntirdilar. Shundan keyin kunlar tezroq isishini kutgan Botir bahor kelgach, aprel oyining o‘rtalaridayoq Baykal ko‘li tomon oshiqdi. U yerda Botirni Anastasiya intizor bo‘lib kutar edi. Shunday qilib, u o‘sha yili bahorning oxirgi oyi va butun yozni Baykal ko‘li bo‘yida o‘tkazdi. Botirning fikricha, u shuncha yil yashab, haqiqiy baxtni endi topgandek edi. O‘z o‘rnida Anastasiya ham unga befarq emasdi. Shunday qilib ular bir-birlariga qattiq bog‘lanib qoldilar. «O‘xshatmasa uchratmas» deganlaridek, bu ikki yoshning bir-biriga mos keladigan jihatlari ko‘p edi. Qiz ham Botir kabi ota-ona mehridan ancha yillar oldin mahrum bo‘lgandi. Ayrim uzoq qarindoshlarini inobatga olmaganda deyarli hech kimi yo‘q bo‘lib, Baykal ko‘lidan sakkiz chaqirim naridagi qishloqda, keng va shinam bo‘lsa ham odam yo‘qligidan huvillab qolgan hovlida bir o‘zi yashar edi. Uning hayotiga Botir kirib keldiyu, turmushiga mazmun bag‘ishlangandek bo‘ldi. Oxiri bora-bora vaziyat shu darajaga yetdiki, ular bir-birisiz tura olmaydigan darajaga yetdilar.
O‘tgan yilning yoz oyi oxirida sayohatdan qaytmoqchi bo‘lib turganida Anastasiya Botirning bag‘riga o‘zini otdi:
– Botirchik, men seni hech qayerga qo‘yib yubormayman. Nima, shu yerda yashasak bo‘lmaydimi?! Barcha sharoit bor. Eng asosiysi biz birgamiz. Shunday emasmi, – dedi qiz ruscha talaffuzda.
– Azizim, Anya! Yana bir oz kutishingga to‘g‘ri keladi. Keyingi yil kelishimda albatta shunday bo‘ladi. Men juda ko‘p pul bilan qaytaman. Piterdan dang‘illama uy sotib olib, maza qilib hayot kechiramiz.
– Yana aldayapsan, Botirchik!..
– Yo‘q, unday emas. Bu safar niyatim jiddiy. Mening bir-ikkita rejalarim bor. Bir yil ichida ularni albatta amalga oshiraman va yoningga qaytaman. Shundan so‘ng bir umr shu yerda qolamiz. Men umuman ketib qolmayman.
– So‘z berasanmi?!
– Ha, Anya. Chin so‘zim. Menga ishon.
Shunday deb Botir qizning yuzidan ohista o‘pib chiqib ketgan edi.
Nihoyat uzoq kutish onlaridan keyin Botir niyatiga yetdi. U juda katta boylik evaziga ona yurtiga qaytishi mumkin bo‘lgan barcha eshiklarni yopib, bevatanlik choponini yelkasiga tashladi-da, begona yurtga ravona bo‘ldi.

***

Shafaq oqarib, tong otayotgan bir paytda jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tayyoragohdagi operatsiyadan qaytib kelishdi. Tergovchi Yunusxo‘jayev ularni besh soatdan buyon sabrsizlik bilan kutayotgan edi. Maxsus bo‘limdagi yigitlar qaytgach, Yunusxo‘jayev jinoyat qidiruv bo‘limi katta inspektori Yo‘ldoshevning xonasiga kirdi.
– Xo‘sh, muvaffaqiyat bilan tabriklasam bo‘ladimi, Dilshodbek, – dedi u eshikdan kira solib. Bu paytda Yo‘ldoshev ichiga chuqur-chuqur tortgancha sigaret chekib o‘tirar edi.
– Ish biz o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi, Shavkat aka. Sattorov bizni boplab laqillatgan ko‘rinadi. U belgilangan soatda uchish maydoniga kelmadi. Yo‘l chiptasini atayin bizni chalg‘itish maqsadida olgan bo‘lsa kerak. Lekin u hech qayerga qochib keta olmaydi. Men respublika bo‘ylab va chegara hududlarda uni qidirish choralarini ko‘rib chiqaman.
– Balki u hozir qochishga ulgurgan bo‘lsa-chi?! Sattorov ayni damda biror bir qo‘shni davlat hududida bo‘lishi ham mumkin.
– Ehtimol… Lekin men imkoniyat darajasida albatta uni qo‘lga olishga harakat qilaman. Bu to‘g‘rida tepadan ham maxsus buyruq berildi.
– Unda ishlaringizga omad tilayman, Dilshodbek.
Tergovchi o‘rnidan turib, xonadan chiqib ketdi.

***

Behruzning tuni bilan uyqusi kelmadi. Endi ko‘zi ilinganida qandaydir yomon tush ko‘rib, cho‘chib uyg‘ondi. Bir amallab tong ottirgach, endigina yuz-qo‘lini yuvib, nonushta stoliga o‘tirgan ham ediki, eshik taqilladi. Borib darvozani ochgan Behruz tashqarida o‘zi tomon vajohat bilan qarab turgan uch insonni ko‘rdi. Ulardan ikkitasi o‘zini xuddi xos soqchilar kabi tutar, uchinchi – ularning o‘rtasida turgani esa past bo‘yli bo‘lishiga qaramay, o‘zini sherdek tutib, kibr-havoga yo‘g‘rilgan ko‘zlari bilan Behruzga yeb qo‘ygudek tikildi. Bu uchovlon ko‘rinishidan boshqa millat kishilari edi.
– Behruz senmisan, ko‘ke? – dedi ikki barzangining o‘rtasida turgan olifta unga murojaat qilib.
– Ha.
– Unda biz bilan yur-chi…
Behruz «yaxshi» dedi-da, uyga qaytib kirib, kiyimlarini almashtirib chiqdi va ko‘cha tomon yo‘naldi.
– Yana qayoqqa? – so‘radi supada choy ichib o‘tirgan Azamat aka o‘g‘lini so‘roqqa tutib.
– O‘zi buningizni ertalabdan yo‘qlab keladiganlar ko‘payib qolgan, dadasi… – dedi Fotima opa ham gapga aralashib.
– Dada, iltimos, shu safar unday qilmang. Ozgina ishim bor. Erta-indin bularni umuman yig‘ishtiraman.
U shunday deb, tez-tez yurgancha chiqib ketdi. Uni kutib turgan uchovlon Behruzni ko‘chaning narigi tomonida turgan «inomarka» tomon boshladi. Ular yurib borishar ekan, haligi olifta gap qotdi: – Shundoq katta firmaning xo‘jayini shu ekan-da. Buni nimasi boshliqqa o‘xshaydi, hayronman!
Uning gapini eshitib, ikki «xos soqchi» kulib yubordi.
Ular mashinaga o‘tirishgach, olifta yigit maqsadga o‘tdi.
– Meni Aziz aka jo‘natdilar. Sening Botir degan odaming uch kun avval bizdan bir vagon tovar olgan. Bundan xabaring bo‘lsa kerak. Chunki o‘zing qo‘l qo‘yib bergan tilxat hamda shartnoma qog‘ozi bor bizda. Kecha to‘lanishi kerak bo‘lgan pulning o‘n foizini olib borib berishinglar kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Shartnomani buzdilaring. Shu sabab Aziz aka meni yuborishga majbur bo‘ldi. Hozir tovarga to‘lanishi kerak bo‘lgan pulning o‘sha qismini olgani keldim. Roppa-rosa yigirma yetti kundan so‘ng esa qolgan to‘qson foizini kechiktirmay olib borib berasizlar, deb o‘ylayman. Har holda, Aziz akamlarning ishonchini suiste’mol qilish yaxshilikka olib bormaydi. Endi esa, pulni olib chiq. Men ketishim kerak.
Behruz bu gapni eshitib, hushidan ketishiga oz qoldi. U muammo faqat bankdan olingan kreditda deb o‘ylasa, bu yoqida uni yana bir qancha «bosh og‘riq»lar kutib turgan ekan.
– Qancha berishim kerak? – so‘radi u zo‘rg‘a.
– O‘zingning xabaring yo‘qmi?! Shartomada ko‘rsatilgan-ku?!
Behruz o‘z firmasining muhri bosilgan qog‘ozga kompyuterda yozilgan va uning tagini o‘zi qo‘yib bergan imzo bezab turuvchi shartnomani o‘qib, tepa sochi tikka bo‘lay dedi. Unda yozilgan summa bankdan olingan pullar miqdoridan ham ancha ko‘p edi. Bu pullarning o‘ndan birini to‘lash uchun hatto u uy-joyini sotganda ham yetmasdi. Lekin nima qilib bo‘lsa ham bu miqdordagi pulni hozir berib yuborish kerak. Aks holda…
– Yigitlar! Uzoq yo‘ldan kelgansiz. Yuringlar, bir oz dam olasizlar. Pulni esa uzog‘i ikki soatdan keyin olib kelib beraman. Hozir yonimda yo‘q edi. Ayrim «tochka»lardan oladiganim bor. Ozgina kutib turinglar.
– Yaxshi. Ko‘ndirding. Faqat tezroq bo‘laqol. Ikki soatdan oshmasin.
– Hozir men sizlarni shaharning eng zo‘r restoraniga olib boraman. Bir mehmon bo‘lib o‘tirib turinglar…
Behruz ularni restoranga joylashtirib chiqdi-da, o‘zi Oqqo‘rg‘onga yo‘l oldi. Uning birdan-bir umidi shu yerda edi. U yo‘l-yo‘lakay doimiy mijozlarga qo‘ng‘iroq qilib bordi. Chunki ko‘pincha ular firmadan nasiyaga tovar olib ketishar edi. Afsuski, ko‘p o‘tmay uning ikkala umidi ham puchga chiqdi. Dastlab u mijozlar orasida birorta ham qarzdor qolmaganini aniqladi. Oqqo‘rg‘onga yetib borgach esa, omborning eshigiga qulf osilganini ko‘rdi. U hech ikkilanmay yerda yotgan temir bo‘lagi bilan eshikni buzdi. Ichkariga kirganida esa omborda u yoqdan bu yoqqa izg‘ib yurgan kalamushlardan bo‘lak hech narsa qolmaganini ko‘rib, yuragi uvishib ketdi.
Endi u nima qilarini bilmas edi. Pulni olib borib berishga ham atigi bir soatdan ko‘proq vaqt qolgandi, xolos. Shu taxlit Behruz Oqqo‘rg‘onndan tushkun kayfiyatda uyiga qaytdi.
Darvozani ochib, hovliga kirganida uyda hech kim yo‘q edi. Otasi ham, onasi ham ishga ketib bo‘lishgandi. Behruz chuqur «uh» tortib, o‘z xonasiga kirdi va kitoblari turadigan javonni ochdi. Uning orqa tarafida kichkina quticha bo‘lib, Behruz yig‘ib yurgan pullarini shu yerda saqlar edi. U pullarini yorug‘roq joyga olib chiqib sanadi. Yig‘ib yurgan pullarini u valyutaga aylantirib qo‘ygan bo‘lib, unga yana bir oz qo‘shib, o‘zi uchun avtomobil sotib olmoqchi edi. «Agar men o‘z kuchim bilan mashina sotib olganimni ota-onam ko‘rsalar, ko‘ngillari tog‘dek ko‘tariladi. Menga bo‘lgan ishonchlari ortadi. O‘rtoqlarim orasida hali obro‘yim yanada oshadi», deb o‘ylagandi u. Afsuski, bu shirin orzular uzoqqa cho‘zilmadi.
Eng yomon tomoni shundaki, Behruzning qo‘lida turgan butun boshli mashina sotib olishga yetadigan pul hozir to‘lanishi kerak bo‘lgan miqdorning yarmi ham emas edi.
Behruz pulni sellofan sumkaga o‘radi-da cho‘ntagiga solib ko‘chaga chiqdi va o‘zi uchun qadrli bo‘lgan do‘sti Farhodniki tomon yo‘naldi. U ishongani, ya’ni yaqin odamidan maslahat olmoqchi va agar iloji bo‘lsa yordam so‘rash niyatida edi.
Ko‘p uxlab yuborganidan ko‘zlari shishib ketgan Farhod xomuza tortib uyidan chiqib keldi.
– E-e-e, do‘stim bormisan?! Yo‘qlab keladigan kuning ham bor ekan-ku! – dedi Farhod va Behruzni quchoq ochib kutib oldi. – Kechagina seni bolalar bilan eslab turgan edik. Sarvar bor-ku, boyvachcha, taniysan!.. Xullas, kecha o‘shaning uyida «otar» bo‘ldi, o‘rtoq. Jamoat jam bo‘ldi. Deyarli barcha oshna og‘aynilar keldi. Faqat seni yo‘qliging yaxshi bo‘lmadi. Uyingga odam jo‘natgan edik, yo‘q ekansan… O‘zi ishlaring yaxshimi, tinchmisan?!.
– Notinch, do‘stim, juda ham notinch. Boshimga falokat tushdi. Kichkina emas, juda katta falokat.
– Nimalar deb aljirayapsan? Tushuntiribroq gapir.
Behruz Farhodga barcha bo‘lgan voqealarni aytib berdi. Botir uni qattiq «chuv» tushirib ketganini, hozir esa nasiyaga olingan tovarlarning bir qismi uchun juda ham pul zarurligini tushuntirdi. Buni eshitgan Farhod hamdard ohangda uni tinglab, sir boy bermadi. Aslida ich-ichidan esa hozir undan baxtli odam yo‘q edi. Qachonlardan buyon ichini yondirayotgan hasad o‘ti uni kutilmagan baxt bo‘lib tark etdi.
– Behruz, do‘stim!.. – deya gap boshladi so‘ngra Farhod o‘rtog‘ining barcha dardlarini eshitib bo‘lgach. Behruz unga iltijoli va mungli ko‘zlarini tikib jovdiradi. Uning hozirda birdan-bir umidi shu «do‘sti»da edi.
– O‘zing ham bilib turibsan, sen so‘rayotgan summa kichkina narsa emas, – dedi «do‘st» so‘zlarini davom ettirib. – Men sening holatingni to‘la-to‘kis tushunib turibman. Lekin bu vaziyatda yordam berishim juda mushkul. Qo‘limdan hech narsa kelmaydi, deb qo‘rqaman.
– Seni ham qattiq tashvishga qo‘ydim, Farhod… Mayli, hechqisi yo‘q. O‘zim bir ilojini toparman. Har holda pulim yo‘q emas-ku…
Behruz xuddi yelkasini tog‘ bosib turgandek qiynalib, zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Belgilangan vaqt bo‘lgan. Aziz akaning yigitlari uni allaqachon restoranda kutib o‘tirishar edi. Behruz «nima bo‘lsa bo‘ldi» deb ko‘nglidan o‘tkazdi-da, Farhod bilan xayrlashib, shotir yigitlar uni kutayotgan joyga yo‘l oldi.
– Xo‘sh, yaxshi dam oldingizmi, akalar! – dedi u restoranga kirib ular o‘tirgan stolga yaqinlashar ekan, qalbini tirnayotgan g‘amni berkitishga urinib.
– Yaxshi, yaxshi, – deya ming‘irladi olifta. – Xo‘sh, olib keldingmi?! Biz ketishimiz kerak. Bu yerda yallo qilib o‘tirganimizni xo‘jayin bilib qolsa, naq o‘ldiradi-ya!
– Olib keldim, faqat bir oz kam! Qolganini bir oydan keyin beriladigan pulga qo‘shib olasizlar. Iltimos, shuni Aziz akaga tushuntiring.
Behruz cho‘ntagidagi pullarni chiqarib, uch yigitning oldiga tashladi.
– Qancha bu yerda?! – so‘radi olifta.
– To‘qqiz ming.
– Nimalar deb valdirayapsan, turshak! Bu senga maynavozchilikmi? Bir oz kam desang, ming yoki ikki ming, uzog‘i besh ming kamdir, deb o‘ylabman. Qolgan qirq bir minggi qani?
– Bir oydan keyingi pulga…
Behruz gapini tugata olmadi. Olifta yigit yonidagi ikki barzangiga imo qildi. Ular o‘rnilaridan tura solib, Behruzning qo‘llaridan qayirdilar va tashqariga olib chiqib ketishdi. Olifta yigit asta-sekin o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan, ularga buyurdi: «Mashinaga tiqlaring. Qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘ziga ul-bul narsa tiqib qo‘y. Dami chiqmay o‘tirsin! Uyga qaytamiz».
Hamma mashinaga o‘tirdi. Haydovchi xorij raqami osilgan qora «Jip» avtomobilini shahd bilan bir silkitdi-yu, haydab ketdi.

***

Mashina katta tezlik bilan ikki soatdan oshiq yo‘l bosdi. Baland binoli shahar tugab, avval pastak-pastak uylar ko‘rinib turgan qishloqlar boshlandi. So‘ng hatto yerda birorta giyoh ham o‘smaydigan biyobonga chiqdilar. «Jip» hamon o‘sha tezlikda harakatlanar edi. Salondagilarning birortasi ham «miq» etmadi. Behruz esa qattiq hayajon va kuchli issiq ta’siridan garchi mashina saloni ancha salqin bo‘lsa ham terlab ketgandi. Uning yuragi uvishib, butun vujudini qo‘rquv egallab olgan edi. U go‘yo hozir o‘zini o‘lim changalida deb his qildi. Yo‘l ona shahridan tobora uzoqlashib borar ekan, u hayotdan deyarli umidini uzib bo‘ldi. Endi unga nima bo‘lishining farqi yo‘q edi. U ko‘zlarini yumib, ichida kalima qaytarib borar, ko‘zlaridan bilinar-bilinmas sizib chiqayotgan yosh tomchilari yuzlarini yuvardi.
Uzoq yo‘l yurilganidan so‘ng nihoyat ular manzilga yetib kelishdi. Mashina o‘ziga xos tarzda qurilgan hashamatli uy oldida to‘xtadi. Mashinadan avval haligi olifta yigit tushdi va darvoza qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Eshikni ochgan yigitdan nimanidir so‘radi va salondagi yigitlariga ishora qildi. Ular Behruzni o‘rtaga olib mashinadan tushdilar va olifta yigit ortidan ergashdilar. Behruzning yurishga madori qolmagani tufayli zo‘rg‘a qadam tashlar edi. Ular eshikdan ichkariga kirib, bir nechta ichkarima-ichkari xonalarni bosib o‘tishgach, ko‘zlangan eshikka yetib keldilar.
– Aziz akaga meni keldi deb ayt, – dedi haligi yigit eshik og‘zida turgan baqaloq soqchiga.
– Hozir oldilarida mehmon bor. Kutib tur, Safar! – deb javob berdi u.
– Qanaqa mehmon? Kim u o‘zi, baqaloq? – so‘radi yigit undan.
– Asror aka bor-ku! Aziz akaning yaqin do‘sti. O‘sha…
– Ha, shunday demaysanmi, – olifta yigit miyig‘ida kulib Behruzga gap qotti. – Sening hamshaharing. Taniysanmi uni?
Hozirgi sharoitda Behruz atrofida nimalar sodir bo‘layotganini umuman anglamas edi.
O‘n daqiqalik kutishdan so‘ng yigit yana «tilga kirib», soqchiga murojaat qildi:
– Bor, kirib ayt. Aziz akaning o‘zlari menga kela solib oldimga kirgin, deyishgandi.
Berilib televizor ko‘rib o‘tirgan soqchi erinibgina o‘rnidan turdi va eshikni ikki bor taqqillatib ichkariga kirdi. So‘ng zum o‘tmay qaytib chiqdi va «kir» degandek imo qilib, o‘zi yana divanga cho‘kdi.
Yigit o‘rnidan qo‘zQaldi. U Behruzga yaqinlashib, uning yuziga bir-ikki bor shapatiladi va: «O‘zingni tutib tur. Hozir xo‘jayinning oldiga kiramiz. Namuncha o‘likka o‘xshamasang!» dedi jerkib. Yigitning ovozidan cho‘chigan Behruz bir oz o‘ziga keldi. Ular eshikdan ichkariga qadam bosdilar. Ichkarida ikki kishi berilib suhbat qurayotgan edilar. Ularning har ikkisi ham yonma-yon qo‘yilgan kresloga suyangancha kulishib o‘tirishar edi. Xonaga birdan to‘rt kishining kirib kelishi ularning e’tiborini tortdi.
Aziz aka deganlari o‘ziga yarashgan bejirim soqol qo‘ygan, o‘rta yoshlardagi jiddiy bir shaxs edi.
– Senlarga javob, – dedi Aziz aka divandan turib o‘z kreslosiga o‘tar ekan, ikki barzangi yigitga qarab. Ular so‘zsiz xonani tark etishdi.
– Xo‘sh Safarboy, kimlarni boshlab kelding, mening yonimga?! – dedi u yigitga Behruzni ko‘zi bilan ko‘rsatib.
Yigit bo‘lib o‘tgan voqealarning barchasini aytib berdi va yonidan uch soat avval Behruz bergan pullarni chiqarib, Aziz akaning stoli ustiga qo‘ydi. Lekin restorandagi bazmni hikoyasiga qo‘shmadi.
– Bu boyvachcha, pulni bergisi kelmayaptimi, hali? O‘zimizni pulni-ya?! «Darmon savdo»ning avvalgi rahbari qani? Botir bilan gaplashmadingmi?
– Uni hech qayerdan topa olmadim. Aytishlaricha, hozir u shaharda emas ekan.
Aziz aka hayron bo‘lib kreslodagi qadrli mehmoniga qaradi. Mehmon boshini qimirlatib, tasdiq ishorasini qildi.
– Menga baribir, – dedi Aziz aka stolga mushtini urib. – Shartnomaga xo‘jayin sifatida shu bola qo‘l qo‘ygan. Qanday qilib bo‘lmasin pulni shu bugunoq sug‘urib ollaring.
– Bugun to‘lanishi kerak bo‘lganinimi?
– Yo‘q! Hammasini! Bu bola mening jahlimni chiqardi. Yaxshilab adabini berlaring. Shu bugunoq hamma qarzini topib bersin. Ikkinchi bor bunaqa hezalak tadbirkorlar bilan ish qilmayman. Tushunarlimi?
Yigit Behruzni xonadan turtib olib chiqib ketdi. Ular xonani tark etishgach, Aziz aka chuqur tin oldi.
– Uzr, Asror, sening oldingda bir oz qizishib ketdim, – dedi u mehmonga kulib qarar ekan va o‘rnidan turib, yana kresloga borib cho‘kdi. – Bizning ishimizni o‘zing ham yaxshi bilasan-ku, shunaqa!.. Sal bo‘sh tursang, hamma seni «chuv» tushirishga harakat qiladi.
– Ko‘p siqilma, Aziz! Asabingni saqla. Biznes deganlari shu-da! Menda ham shunga o‘xshagan holatlar bo‘lib turadi, – dedi mehmon unga javob berib va yana Aziz akaga murojaat qildi.
– Bizning shahardagi Botirning yonida yurgan yigit shumi? – so‘radi u.
– Ha, o‘sha latta shu bo‘ladi. Oxirgi paytlarda bular so‘zining ustidan chiqolmay qolyapti.
Mehmon bo‘lmish Asror aka chuqur o‘yga toldi. Hozirgina xonadan olib chiqib ketilgan yigitning yuz tuzilishini bir zum ko‘z oldiga keltirishga harakat qildi va bu yigit o‘zi gaplashib olishni niyat qilgan bola, ya’ni qizi Azizaning muhabbati Behruz ekanligiga amin bo‘ldi. U ich-ichidan negadir Behruzning holatiga achindi. Chunki Asror akaga shahar Ichki ishlar bo‘limidagi tanishlari Botir katta pul bilan chet elga qochib ketgani haqidagi xabarni yetkazishgandi. Aslida Botir o‘tirishi kerak bo‘lgan aybdorlik kursisi endi Behruzga nasib qilayotganini, endi u yemagan somsasiga juda katta pul to‘lab berishi kerakligini ham yaxshi bilar edi.
Taqdirning g‘aroyib o‘yinini qarangki, Asror bilan Azizga hozirgi damda ana shu Behruz kerak edi. Ular hozir aynan Azizaning holati, uning yigiti Behruzni o‘ylab, rosa siqilayotgani to‘g‘risida gaplashayotgandilar. Asror aka qizini o‘zining yaqin do‘sti Aziz akaning o‘g‘liga bermoqchi edi. Bu taklif dastlab Aziz akadan chiqqan bo‘lib, uning o‘g‘li Qodir Azizani bir ko‘rishda sevib qolgan va otasiga bu haqida aytgandi. To‘yga qizdan boshqa hamma rozi va barcha tayyorgarliklar ham ko‘rilgan edi. Aziza qancha tushuntirishga harakat qilmasin, Asror akaning niyati qat’iy edi. Buni bilgan qiz oxirgi paytlarda ancha o‘zini oldirib qo‘ygan, Behruzni tunu kun o‘ylayverib halovati yo‘qolgandi. Qizining bu holatini ko‘rgan Asror aka nima qilishga boshi qotib, do‘stining oldiga kelgandi. Hozir esa gapni nimadan boshlashni bilmay, zo‘rg‘a dardini bayon qilgandi. Aziz bo‘lsa unga javoban o‘sha yigitni topib kelib, uni pulga sotib olishni taklif qilayotgan edi. Buni qarangki, oradan daqiqa o‘tar-o‘tmas «o‘lja» o‘z oyog‘i bilan kirib keldi. Buni Asror aka suhbatning boshidayoq darhol payqadi. Aziz aka bo‘lsa aybdor yigit o‘sha ularga kerak bo‘lgan Behruz ekanligini xayoliga ham keltirmadi.
Asror aka shularni o‘ylar ekan, do‘stiga gap qotdi:
– Aziz, do‘stim, hozir bir gap aytsam, o‘zing ham hayron bo‘lib qolasan!
– Xo‘sh, nima ekan, gapir, quda?! – kulib so‘radi u.
– Boyagi yigit bor-ku? Hozirgi qarzdor…
– Xo‘sh?
– O‘shani qo‘yib yuborishga majbur bo‘lasan. Agar o‘zi istasa.
– Nima? Xazillashyapsanmi?..
Asror aka miyig‘ida kulib, barchasini aytib berdi. Buni eshitgan Aziz haqiqatdan ham qotib qoldi. Bu narsa uni qattiq o‘yga toldirishga majbur qildi.
Chunki u agar Behruzni Azizadan voz kechishga ko‘ndirsa, u ham barcha qarzlardan kechishi kerak bo‘lar edi. Vaholanki, bu miqdordan yuz o‘girish oson emasdi. Lekin Aziz dilidagini Asrorga aytishga botina olmadi.
– Unda juda soz! Biz yigit bilan kelishib olamiz! Endi ko‘ngling to‘q bo‘lsin, quda! – dedi Aziz aka do‘stini kuzatib qo‘yar ekan.
– Yana oshiq yigitni xafa qilib qo‘ymagin, Aziz! – dedi hazillashib Asror aka mashinasiga minar ekan.
– Yo‘g‘-ye, Asror! Yarim soatdan so‘ng, kelishuvimiz bitsa, ortingdan shahriga jo‘natib yuboraman. Endi xotirjam bo‘laver. Qizingdagi hayotga qaytishni endi ko‘rasan.

***

Behruzni olib chiqib ketishgach, qorong‘u xonaga olib kirib tashladilar. Bir ozdan keyin esa to‘rtta barzangi yigit kirib keldi va uni ikkita qo‘lidan arqonga bog‘lab, shiftga osib qo‘ydilar. Shundan so‘ng ularning har qaysisi uni ayamay ura ketishdi. O‘n daqiqalik azobli kaltaklashdan keyin xonaga boyagi yigit – Safar kirib keldi va so‘roq qila ketdi.
– Xo‘sh, endi aqling kirdimi? Endi pullar qayerda ekanligini aytarsan, balki?!
Behruzning javob qaytarishga holi yo‘q edi. U umrida ko‘rmagan azoblarni boshidan kechirayotgani uchun hozir qayerda ekanligini-yu, nimalar bo‘layotganini ham yaxshi anglamayotgan edi.
– Gapirasanmi, yo yo‘qmi?
Safar undan javob ololmagach, yana ikki bor zarb bilan qorniga musht tushirdi. Behruzning tanasi qimir etmay qoldi. Uning og‘zidan qon aralash ko‘pik kela boshladi.
– O‘ldirib qo‘ymang yana, Safar aka! Buni tirigi o‘ligidan qimmat turadiku! – dedi barzangilardan biri. – Biz ham sizdan oldin rosa xumordan chiqdik.
– O‘lmaydi bu iflos! Bizni xonavayron qilib o‘lib ketaveradimi? Sen ko‘p gapirmay suv olib kel. Hozir o‘ziga keltiraman, bu marazni!
Barzangi bir chelak suv olib kelib, uni Behruzning ustidan sepib yubordi. Sovuq suv o‘likdek osilib yotgan tanani o‘ziga keltirdi. Xuddi shu payt eshik ochilib Aziz aka xonaga kirib keldi. U bu yerdagi vaziyatni ko‘rib bir oz shoshib qoldi va tezlik bilan barzangiga yaqinlashib uni bir chetga itarib yubordi. So‘ng nima qilarini bilmay kalovalanib turgan Safarga qaradi.
– Bu nima qilganlaring?! O‘ldirib qo‘yasanlarku, bolani!
– Axir o‘zingiz… – deya e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi Safar. Lekin gapirishga ulgurmay qoldi. Yoniga yaqinlashib kelgan Aziz aka uning gardaniga musht tushirdi.
– Men senga bu darajada qilgin demagan edim. Agar bu yigit o‘lib netib qolsa, pullarni kim to‘laydi?! Sen-mi? – dedi Aziz aka baqirib, endigina o‘zini o‘nglab yerdan turayotgan Safarga g‘azab bilan qaragancha.
– Nima qilib qarab turibsan? Qo‘llarini yechmaysanmi?! – dedi u gapini davom ettirib.
Safar ilkis o‘rnidan turib Behruzning bog‘langan qo‘llarini yechdi.
– Endi o‘zlaring tezlik bilan yordam ko‘rsatib, bu bolani odambashara qilib qo‘ylaring. Kechga yaqin xabar olaman. Men bu yigitcha bilan gaplashib olishim kerak.
Aziz aka shunday deb xonadan chiqib ketdi. Qolgan yigitlar esa shosha-pisha Behruzni ko‘tarib mehmonxona tomon yo‘nalishdi.

***

Aziza o‘z xonasida boshini yostiqqa qo‘ygan ko‘yi yum-yum yig‘lab o‘tirar edi. Otasining qarori uni butunlay karaxt ahvolga solib qo‘ygan bo‘lib, dardu-dunyosini zulmat qoplagandi. Uning ko‘ziga Behruzdan boshqa hech kim ko‘rinmas, bundan keyingi hayotida usiz yashashini tasavvur ham qila olmas edi.
Bir oydan keyin to‘yi bo‘lishini o‘ylagan Azizaning xayoliga turli yomon narsalar kela boshladi. Muhabbat deya atalmish ilohiy tuyg‘uning bevafoligi ortidan sirka ichgan, o‘zini osib qo‘ygan qizlar haqida Aziza ko‘p bor eshitgandi. Lekin u bunga ishonmas va unday qizlarning holatiga ichida kulib qo‘yar, «nahotki shunday bo‘lsa» deb hayron bo‘lardi. Vaqti keldi-ki, shunday vaziyat mana o‘zining ham boshiga tushdi. Biroq Aziza diniy ahloqiy tushunchalardan biroz xabardor bo‘lganligi uchun, o‘zini o‘zi qurbon qilish – o‘ldirish katta gunoh ekanligini bilardi. Ana shu narsani o‘ylagani uchun u irodasizlik qilib qo‘yishdan o‘zini tiydi. Shunday bo‘lsa-da uning holati havas qilarli darajada emasdi. Oxirgi ikki hafta ichida sog‘lig‘i ancha yomonlashgan – qon bosimi tushib ketgan edi. Uni hayotga bo‘lgan qiziqishini Behruzning har kuni qo‘ng‘iroq qilib turishi ushlab turar edi. Mana uch kundirki Behruzdan xabar yo‘q: qo‘ng‘iroq qilmaydi. Kuta-kuta toqati toq bo‘lgan Aziza buni turlicha tushuna boshladi. «To‘yim bo‘layotganini bilib, Behruzning mendan ko‘ngli qoldimikan?» degan xayolga ham bordi. Endi uning kutishdan boshqa iloji yo‘q. «Boshga tushganini ko‘z ko‘rar» deyishadiku.

***

Behruz ko‘zini ochganida hamma yog‘i zirqirab og‘riyotgan edi. Atrofga razm solar ekan, u o‘zini yumshoq divanda ko‘rdi. U yotgan xona esa o‘z go‘zalligi bilan atrofga tarovat bag‘ishlab turar, bir qaragan odam bu yerning mehmonxona vazifasini o‘tashini darhol payqar edi.
Behruz asta-sekin nimalar bo‘lib o‘tganini xotirlay boshladi. Xiyol ochiq turgan deraza oynasi tomon tashqariga qarar ekan, u qorong‘u tushganini ko‘rib, o‘rnidan turishga urindi. Bugun agar u uyiga bormasa nimalar bo‘lishi mumkinligini, dadasining jahldor ko‘rinishini bir zum ko‘z oldiga keltirib yuragidagi vahima yanada kuchaydi. Lekin Behruz shu o‘rinda qattiq yanglishayotgan edi. Chunki u bu yerda roppa-rosa qirq sakkiz soatdan buyon hushsiz yotgan edi. U yoqda esa Azamat aka o‘g‘lini hech qayerdan izlab topa olmagach, mahalla ichki ishlar bo‘limiga kirib o‘g‘lini qidirish uchun ariza yozib bergan edi. Yegan kaltaklarining zarbi kuchliligidan u ikki kecha-yu ikki kunduz deganda, Aziz akaning shaxsiy shifokorining mehnatlari natijasida o‘ziga keldi. Shifokor u ko‘zini ochmasidan o‘n daqiqa avval xonani tark etgan edi. O‘zining qancha vaqtdan buyon bu yerda ekanligidan bexabar Behruz qadam bosib yurishga urindi. Ammo kuchli og‘riq uni o‘rniga qayta yotqizib qo‘ydi.
Bir oz muddat o‘tgach, Behruz yotgan mehmonxonaga oppoq xalat kiygan o‘rta yoshlardagi kishi kirib keldi. Bu odam shifokor edi. Uning jiddiy qiyofasi Behruzning o‘ziga kelganligini ko‘rgach birdan yorishdi va bemoriga mamnun nazar tashladi.
– E, hayriyatey! O‘zingizga keldingizmi, yigitning guli?! – dedi u xursand bo‘lib.
– Men qayerdaman o‘zi? – so‘radi Behruz savolga savol bilan.
– Azizxon akamlarning mehmonxonasidasiz!
– O‘zi nimalar bo‘layapti? Avval urib, do‘pposladilar. Endi esa bunday izzat-ikrom?
– Bir pas sabr qilsangiz hammasini o‘zlari tushuntirib bersalar kerak. Men aralasha olmayman.
Shifokor suhbat mavzusini o‘zgartirmoqchi bo‘lib:
– Qorningiz ham rosa ochiqqan bo‘lsa kerak. Ikki kundan buyon tuz totganingiz yo‘q. Men hozir yigitlarga aytaman yeyishga ul-bul keltiradi, – dedi va eshik tomon yo‘naldi.
– To‘xtang, iltimos! Nima dedingiz? Hali men ikki kundan beri shu yerdamanmi?
Behruz shunday deb, o‘rnidan turishga harakat qildi.
– Asabiylashmang, yigitcha. Avval ovqatlanib oling. Keyin hammasini bilib olasiz.
Do‘xtir shunday deb chiqib ketdi. Zum o‘tmay esa xizmatkor qiz xonaga turli xil yeguliklar olib kira boshladi. U noz-ne’matlarni Behruz yotgan divan oldidagi stol ustiga tuzadi va bir og‘iz ham gapirmay xonani tark etdi. Behruz bazo‘r o‘rnidan qo‘zg‘olib stol tomon engashdi. U haqiqatdan ham qattiq ochiqqan edi. Shu bois ham u yeguliklarni tez-tez tanovul qila boshladi. Stol ustidagi yeguliklar kamayib, qorni to‘ygach, uning tanasini zirqiratayotgan og‘riq ham bir oz kamaygandek bo‘ldi. So‘ng u yana divanga yonboshladi.
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach, tashqaridan mehmonxona tomon tobora yaqinlashib kelayotgan zalvorli qadam tovushlari eshitila boshladi va bir ozdan so‘ng xonaga Aziz aka kirib keldi.
– Xo‘sh yigitcha, yaxshi bo‘lib qoldingmi? Tuzukka o‘xshaysan. Mana endi sen bilan o‘g‘ilbolachasiga gaplashib olsak ham bo‘ladi, – dedi u divan yonidagi stulga o‘tirib.
Shu o‘rinda Behruz ham qaddini rostlab o‘tirib oldi va bemajol ko‘zlarini Aziz akaga qaratdi.
– Boshingda qancha qarzing borligidan xabardordsan?!
Behruz tasdiq ishorasini qildi.
– Xo‘sh, qani o‘sha pullar? Qayerga berkitgansan?
– Men… Men hech narsani bilmayman. Botir aka…
Behruz kalovalanib gap boshlamoqchi edi, Aziz aka uning so‘zini cho‘rt kesdi.
– E’tiroz bildirishga harakat qilma. Men u yog‘ini bilmayman. Balki Botir bilan seni tiling bittadir?! Axir oz muncha pul emas – bu! Ha, mayli boshqa gapga o‘taylik. Hozir senda qarzingni bir qismidan qutulishing uchun imkoniyat bor. Agar uni bajarsang, ancha yengillaysan.
Behruz umid bilan Aziz akaga tikildi.
– Sen Aziza ismli bir qizni yaxshi ko‘rasan, shundaymi?
U bunday savol berilishini umuman kutmagan edi. Shu bois ham bir oz gangib qolgan Behruz astagina «ha» dedi.
– Sizlarni orangizda haqiqatdan ham muhabbat bormi yoki yo‘q, bu meni qiziqtirmaydi. Nima bo‘lganda ham sen undan voz kechishga majbursan. Dastlab xonamga kirganingda men bilan o‘tirgan odam, yaqin do‘stim va bo‘lajak qudam bo‘ladi. Ya’ni sevgan qizingning otasi! Xullas, sen hoziroq u qizga qo‘ng‘iroq qilib uni aldaganingni aytasan. Boshqa ilojing ham yo‘q. Bu holatingda qizning baxtini boylashga haqqing ham yo‘q. Endi men nima desam qilishga majbursan.
Behruz bu gaplarni eshitib, aqldan ozib qolishiga bir bahya qoldi. Shuncha narsani boy bergani yetmagandek endi muhabbatini ham yo‘qotsinmi? Ota-ona ishonchi, do‘stlarining oqibati, million-million pul, endi esa muhabbati uni tark etish arafasida.
– Yo‘q! Men bunday qila olmayman! – dedi u qat’iylik bilan o‘zini qo‘lga olib.
– Javobing ancha dadil-ku, kuyovbola?! Mabodo hazillashmayapsan-mi? Unda qarzingni oxirgi tiyinigacha mana bu yerga qo‘y! O‘shanda ovozingni balandlab gapirsang yarashadi.
Aziz aka shunday deb stolni urib qo‘ydi.
– Sen nimalar qilib qo‘yganingni yaxshi anglamayotgan ko‘rinasan… Xullas, men seni qo‘rqitayotganim yo‘q va sen bilan pachakilashib o‘tirmoqchi ham emasman. Senga oxirgi imkoniyat beraman. O‘n daqiqa o‘ylab ko‘r. O‘zingni bo‘lmasa ota-onangni ko‘z oldingga keltir. Ular seni qarzingni to‘lab bera olarmikan?.. Sen rozi bo‘lmaganing bilan sevgilingni otasi buni kutib turadimi?.. Bundan tashqari va eng muhimi – agar shartimga ko‘nmasang bu yerdan tirik chiqib ketarmikansan… Ana shularni o‘yla! Yaxshilab kallangni ishlat! Roppa-rosa o‘n daqiqadan so‘ng qaytib kelaman. Men hazillashayotganim yo‘q! Yigitcha!
Aziz aka eshikni qattiq yopib chiqib ketdi. Behruzning butun tanasi uvishib, badanini titroq bosdi. Peshonasidan ter quyilib, yuragi tez-tez ura boshladi. «Nima qilsam ekan? Nima???» uning zirqirab og‘riyotgan boshida faqat shu savol tinmay aylanar edi. Shu onda Behruzning ko‘ziga hayot shu qadar jirkanch ko‘rinib ketdiki, ayni daqiqada ajaliga ham rozi edi. U xonaga tez-tez ko‘z yugurtirib arqon yoki tig‘li biror ashyo qidira boshladi. Shu payt ko‘zi stol ustida turgan non kesadigan pichoqqa tushdi. U qo‘lini cho‘zib pichoqni oldi va alam bilan uni qattiq siqdi. «Yo‘q muhabbatimni sotmayman. o‘zi dunyoda yo‘qotmaganim shu qoldi. Men uni o‘zim bilan olib ketaman. O‘zi bu dunyoda yashab nima ham qildim. Ota-onam bu qarzlarimdan xabar topsalar ularni tiriklayin go‘rga tiqqan bo‘laman… Bu hayotda men kabi taqdir qurbonlariga o‘rin yo‘q. Aslida bu dunyoning turgan bitgani soxta, ko‘zbo‘yama jilvalardan iborat ekan. Botir kabi shaytonlar yashayotgan bu hayotda nafas olmaganim bo‘lsin. Yaxshisi… Alvido, go‘zal jirkanchliklarga to‘la dunyo!..»
Behruz pichoqni ikki qo‘llab ushlagancha qorniga tiqdi. Chidab bo‘lmas oniy og‘riqdan so‘ng u o‘zini oppoq bulutlar orasida ko‘rdi.
Uning badanidagi jarohatdan oqayotgan qon divandagi qizil xoshiya bo‘ylab oqib tusha boshladi. Shu payt eshikdan kirib kelgan Aziz aka buni ko‘rib qattiq baqirib yubordi.
– Safar! Safar dedim!
Eshikdan ikki yigit yugurib kirib keldi.
– Tezda shifokorni chaqir!
Ulardan biri yugurib chiqib ketdi. Ikkinchisi esa darhol egnidagi ko‘ylagini yechib o‘lim bilan olishayotgan Behruzning jarohatidan oqayotgan qonni to‘xtatishga urindi.
Aziz aka esa asabiylashib sigaret tutatardi va xonaning u yog‘idan bu yog‘iga tez-tez borib kela boshladi. «Shunday bo‘lishi mumkinligini bilardim. Ahmoq bola! U mendan osongina qutulmoqchi bo‘lyapti, chog‘i. Yo‘q! U o‘lmasligi kerak! Ikki yuz ellik million-a! Meni butunlay xonavayron qildi bu bola! Yo‘q!..» Aziz akaning xayolini xonaga yugurib kirib kelgan doktor buzdi.
– Menga qara Shokir! Agar o‘z joningdan umiding bo‘lsa shu bolani saqlab qolasan! U o‘lmasligi kerak. Tushundingmi? Bo‘l, tezroq qimirla!
– Xo‘p, xo‘p, Aziz aka… Xo‘p.
Shifokor bemorga darhol birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatdi. U pichoqni tanadan sug‘urib olib, jarohat yegan joyiga malham qo‘yib tikib chiqdi va soqchi yigitlarning yordami bilan uni ko‘tarib shifoxonaga olib ketdilar.
Shifoxonadagilar tezda uni operatsiya qilish kerakligini aytishdi. Aziz aka ham doktor Shokir ham bunga darhol rozi bo‘lishdi. Chunki qanday bo‘lmasin yigit omon qolishi kerak edi. Katta pulni shu bolaning dastidan yo‘qotgani sabab Aziz aka ham juda qattiq asabiylashar edi. Aslida Behruzning hayotini Aziz aka uchun chumolichalik ham qadri yo‘q. Lekin hozirgi vaziyatda bu yigitning o‘limi unga osongina qutulayotgan qochoqni eslatardi. Endi Aziz aka bu «qochoq»ni nima qilib bo‘lsa ham tutib qolishi kerak edi. Chunki yana bir tomondan Behruzning o‘limi Asror aka bilan ularning orasidagi rishtaga rahna solib qo‘yishi mumkin edi. Negaki Aziz aka do‘stiga ortiqcha harakat qilmayman, deb so‘z bergan edi.

***

Behruz Qodirovning yo‘qolib qolganligi haqidagi xabar ko‘p o‘tmay shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergovchisi Yunusxo‘jayevning qulog‘iga ham yetib keldi. Buni eshitgan mayor chuqur o‘yga toldi. Chunki u hozirda Behruzning hayoti xavf ostida bo‘lishi mumkinligini bilar edi. Endi u nima qilib bo‘lsa ham Qodirovning qayerdaligini aniqlashi va Botir Sattorovni qidirib topish yo‘llarini o‘ylab ko‘rishi kerak edi. Aslida bu uning xizmat vazifasiga kirmasa ham, u Behruzga ich-ichidan achinardi. Yunusxo‘jayev ichini kemirayotgan barcha savollarni jinoyat qidiruv bo‘limi katta inspektori Yo‘ldoshevga to‘kib soldi.
– Dilshodjon, uka, endi birinchi navbatda Qodirovni qidirib topish zarur. Botir firibgarning kasofatiga bu yosh yigitning umri bevaqt xazon bo‘lishi mumkin. Tezroq harakat qilish kerak. Behruzni topib, uni o‘z himoyamizga olishimiz va Sattorov topilgunga qadar xavfsiz joyda saqlab turishimiz kerak.
– Men barchasini o‘ylab qo‘yganman. Siz xavotir olmang. Kecha Sattorovning dori-darmon savdosidagi barcha hamkorlari haqidagi ma’lumotlarni yig‘ib chiqdim.
– Xo‘sh, biror-bir natija chiqdimi?! – hovliqib so‘radi Yunusxo‘jayev.
– Hozircha bir narsa deyishim qiyin. Lekin qo‘shni respublikaning Turkiston shahrida faoliyat yurituvchi beznesmen Azizboyda shubham bor. Oxirgi marta Sattorov shu shaxs bilan oldi-berdi qilgan. Demak, bunda ham Qodirovning imzosidan foydalangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, – dedi Yo‘ldoshev bir nuqtagan tikilib.
– Bilmadim, Dilshod, bilmadim! Tezroq harakat qilib, vaqtni g‘animat bilmasak, biznes bo‘rilari Qodirovning masalasini bir yoqli qilishadi, deb qo‘rqaman.
– Yaxshi, aka, siz xavotir olmang. Men bugun yuqoridan order ololsam, ertagayoq yigitlarni to‘plab Turkistonga yo‘l olaman.

***

Olti soatga cho‘zilgan operatsiya nihoyat yakunga yetdi. Jonlantirish xonasidan shifokor chuqur «uh» tortib chiqib keldi. Tashqarida uni Aziz akaning shaxsiy shifokori Shavkat doktor kutib turar edi. Hamkasblar o‘zaro suhbatlashishdi. Shifokor doktor Shavkatga operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini aytdi. Doktor Shavkat chuqur tin oldi. Chunki Aziz akaning gaplari uni xavotirga solib qo‘ygan edi. Behruzning omon qolgani uni ham qaysidir ma’noda saqlab qoldi. Aziz aka bir so‘zli odam bo‘lgani uchun agar Behruzga biror gap bo‘lgudek bo‘lsa, doktor Shavkat ham albatta jazolanar edi. Shavkat bu xushxabarni tezroq yetkazish maqsadida Aziz akaning oldiga shoshildi.
– Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, Aziz aka. Yigit bir haftadan keyin oyoqqa turib ketar ekan. Undan keyin u sizning ixtiyoringizda bo‘ladi, – dedi u Aziz akaga yangilikni yetkazib.
– Yaxshi. Bundan keyin ham yigitning hayotini senga ishonib topshiraman. Yana biror bir jinnilik qilib qo‘ymasin. O‘zing ko‘z-quloq bo‘l. Oyoqqa turishi bilan menga xabar berasan, – dedi Aziz aka va «senga ruxsat» degandek eshikka ko‘zi bilan imo qildi. U chiqib ketgach, Aziz aka stoli ustidagi tugmani bosdi. Zum o‘tmay xonaga yigitlaridan biri kirib keldi.
– Yakin hali ham shu yerdami yoki ketdimi? – so‘radi u yigitdan.
– Shu yerda. Shahar chetidagi sihatgohda dam olyapti. Bu yer unga yoqqan ko‘rinadi, oyning oxirlarida ketmoqchi bo‘lyapti.
– Hoziroq borib uni aytib kel. Aziz akamning shaxsan o‘zlari seni so‘rayaptilar, degin. Endi bor.
Yigit «xo‘p bo‘ladi» dedi-yu, chiqib ketdi.
Yakin deganlari aslida Aziz akaning yaqin og‘aynilaridan biri bo‘lib, u Rossiyada faoliyat ko‘rsatar, ya’ni kishi bilmas turli biznes sohalari bilan shug‘ullanar edi. Uning asl ismi Yorqin bo‘lib, Yakin uning qamoqda orttirgan taxallusi edi. U o‘zining qing‘ir ishlaridan charchab, horigan paytida yilda bir marotaba shimolni tark etib, bu yoqlarga kelar va do‘sti Azizning soyasida dam olib ketar edi. Yakin deganlari bu yerlarda xuddi o‘z uyida yurgandek o‘zini yaxshi his qilar va Aziz akadan boshqa hech kimning gapini bir tiyinga olmasdi. Bu odam juda takabbur va o‘ziga bino qo‘ygan bo‘lib, ayni chog‘da o‘ta xavfli shaxs edi. U pul deya atalmish muomala vositasini hamma narsadan ustun qo‘yar va buning oldida hech narsadan qaytmasdi. Shu bois ham boylik dardida jinoyatning deyarli barcha ko‘chasiga kirib chiqqan bu «zek»ni o‘z doirasining vakillari yaxshi tanir va hurmat qilardi.
Yakin har doimgidek Aziz akaning xonasiga eshik taqillatmay shahd bilan ochib kirdi.
– Ha, nima bo‘ldi, Azik?! Kim o‘ldi? Qaysi omboringga o‘t ketdi? – dedi u atrofga alanglab razm solar ekan, xonaga kirgan zahoti.
– O‘zingni bos, Yorqin! Hozir hazilning mavridi emas, – dedi Aziz aka jiddiy ohangda. Chunki u har doim muhim masala haqida gapirishdan avval bu ulfatini o‘z ismi bilan atardi.
Yakin ham buni bilgani bois birdan hushyor tortib, jiddiy nigohini Aziz akaga qaratdi.
– Hozir sening bir masalada yordaming kerak bo‘lib qoldi, o‘rtoq!.. Agar sendan ham jo‘yali gap chiqmasa xonavayron bo‘laman. Qancha asabbuzarliklar evaziga kelgan pullarim uchib ketadi. Tushunyapsanmi?
– Xo‘sh, nima o‘zi?!. Gapiraqolsang-chi!
Shundan so‘ng Aziz aka Behruzga aloqador barcha narsalarni Yakinga bir boshdan so‘zlab berdi.
– Xullas, – dedi u so‘zining oxirida. – Men senga o‘sha bolani topshiraman. Uni nima qilsang qil. Lekin o‘sha yo‘qolgan pullarim qaytib kelsin. Mening aylanmadagi pullarimning asosiy qismi shu. O‘zing bilasan, hozir biznesim ham avvalgidek emas.
– Bo‘ldi qil, Azik! – dedi Yakin tilga kirib. Shunga shuncha vahima qilasanmi? Garovda odam bor ekan-ku! Nimaga g‘am yeysan?! Tem boleye o‘smir yigit deyapsan, to‘g‘rimi?! Yoshi nechchilarda?
– Yigirma ikkilarda bo‘lsa kerak!
– Bo‘ldi. Menga xuddi shunisi kerak edi. Bu bolani endi menga berib yuborasan. Uni o‘zim bilan Rossiyaga olib ketaman. Keyin u yerdan yigitcha yana boshqa bir mamlakatga uchadi… Senga uzog‘i bilan uch oy ichida pulingni keltirib beraman.
Bu gaplarni eshitib, Aziz akaning birdan chehrasi yorishdi.
– Juda soz, Yorqin! Ko‘nglimni ko‘tarding. Demak, senga ishonsam bo‘ladi. Shundaymi?
– Men biror marta so‘zimni ustidan chiqmaganmanmi? – savol nazari bilan qaradi Yakin.
Aziz aka mamnun bosh chayqadi. Chunki Yakin deganlari ushlaganini uzadigan yigitlardan edi. U avvalo hamma masalada ham Azizga so‘z beravermas, agar biror narsani qilaman dedimi, albatta so‘zining ustidan chiqar edi.
– Yaxshi, Yakin! Sen dam olavergin. Bir haftadan so‘ng yigitni senga beraman. Hozir oyoqqa turib olsin.
– Bo‘pti, o‘rtoq! Unda menga ruxsat.
Yakin o‘rnidan turdi.
– Darvoqe, o‘zi bu yigitni nima qilmoqchisan? – qiziqsinib so‘radi Aziz aka.
Yakin bu savolni eshitib miyig‘ida kuldi.
– So‘yib sotaman, do‘stim. Kalla pochchasidan tashqari ellik kilo chiqar a?
– Xazil yoqmayapti, Yakin. Xo‘sh?
– Xazil emas deyolmayman Azik! Savobli xizmatga yaraydi, bu bola!.. U yoqlarda nogironlikdan azob chekayotgan milliarderlar bor!.. Nasib qilsa bu bolani eng qimmat donor sifatida pullayman! Hozir o‘smir yigitlarning narxi qimmat yuradi.
– Eski kasbingni tashlamabsan-da, – so‘radi Aziz yana biroz kayfiyati buzilib.
– Nima qilay, hozir eng ko‘p daromad shundan kelyapti-ku!
– Nima qilsang, o‘zingni ishing! Lekin tezroq pullarimni jo‘natib yubor, Yak.
– Xo‘p, dedim-ku, senga. Bo‘ldi, pul cho‘ntagimda deb hisoblayver. Men kelasi hafta kelaman.
Yakin hushtak chalib xonadan chiqib ketdi.

***

Operatsiya xonasidan palataga olib o‘tishgach, Behruz o‘ziga keldi. U ko‘zini ochdi-yu, bir zumda yana hayot tashvishlari miyasini qamrab olgandek bo‘ldi. U hayotga qaytganidan quvonmas, o‘zidan ajal ham hazar qilgandek tuyulardi, go‘yo. Shu daqiqadan boshlab u uchun hayotning butunlay qizig‘i qolmadi. Ayni damda Behruz ota-onasini ham va hatto Azizani ham umuman o‘ylamasdi. U endi hayotga tirik murda kabi nazar sola boshladi.
Oradan bir hafta vaqt o‘tgach, Behruz o‘rnidan turib yura boshladi. U deyarli sog‘ayib ketgan edi. Bundan xabar topgan Shavkat doktor buni darhol Aziz akaga yetkazdi. Barzangi yigitlar qurshovida Behruz qabulxonaga olib kelindi. Uni Aziz akaning xonasida uning o‘zi va Yakin kutib o‘tirishar edi.
Qisqa salom-alikdan keyin Aziz aka maqsadga ko‘chdi.
– Mendan baribir qochib qutula olmaysan, degan edim-ku, yigitcha! Xullas, gapni qisqa qilaman. Endi boshqa ilojing yo‘q. Seni xorijga ishga yuboryapman. O‘sha yerda bir-ikki yil xizmat qilib, qarzingni uzasan. Maoshingni mana bu akang orqali olib turaman. Faqat yo‘lga chiqishdan avval Azizaga qo‘ng‘iroq qilib ketasan. Qiz bolani kuttirish yaxshimas! Yigit kishi bo‘laturib bir qizning ko‘nglini ko‘tarib qo‘yolmaysanmi? Uni ham o‘yla!
Behruz e’tiroz bildirmay Aziz aka uzatgan qo‘l telefoni orqali Azizaga qo‘ng‘iroq qildi va unga yolg‘on gapirganini, uni hech qachon sevmaganligi va bundan keyin ham sevmasligini aytdi. Shundan so‘ng Behruz qizga baxt tilab go‘shakni joyiga qo‘ydi. Qo‘l telefonining ovoz kuchaytirgichi yordamida bu suhbatni Aziz aka va Yakin eshitib turdi. Behruz so‘zlarini oxiriga yetkazgach, ko‘zidan bir tomchi yosh dumalab tushdi. Lekin u buni yonidagilarga bildirmadi. So‘ng o‘zini dadil tutib Aziz akaga yuzlandi va:
– Agar ruxsat bersangiz, o‘z uyimga ham qo‘ng‘iroq qilib qo‘ysam, hech bo‘lmasa onam bilan xayrlashib olay, – dedi.
– Buni hecham iloji yo‘q, yigitcha! Yana jinniliging tutib, boshqacha gaplar aytib yuborishing mumkin. Ular bilan xayrlashishingni foydasi ham yo‘q. Eshitishimcha, bankdan olgan qarzingni undirish uchun uyingga soliq xodimlari va militsionerlar kelib yotibdi ekan. U yoqda boshqa qarzlaring ham borligini surishtirib bildim. Xullas, xavotir olma! Sen yo‘qolib qolganing bilan osmon uzilib yerga tushmaydi. Ikki-uch yildan so‘ng balki qaytib kelarsan…

biznesssssssss3

Shu gapidan so‘ng Aziz aka Yakinga ma’noli qarab qo‘ydi.
– Hozir sen tengi yigitlarning yo‘q bo‘lib qolgani – Rossiyaga ketgani. Seni ham uyingdagilar shunday deb o‘ylaydi. Juda bo‘lmasa yigitlarimdan birortasi borib aytib qo‘yadi. Bardam bo‘l, yigitcha! Endi ketishing kerak.
Aziz aka stolidagi qizil tugmani bosdi. Xonaga soqchi yigitlar kirib keldi.
Yakin do‘sti Aziz bilan xayrlashgach, Behruzning yelkasiga miyig‘ida kulgancha urib qo‘ydi. Ular soqchi yigitlar qurshovida tashqariga chiqdilar. So‘ng qora «Jip» avtomobiliga o‘tirishdi. Mashina aeroport tomon yo‘l oldi.

1-qism tugadi. 2006.

Alisher ABDUMALIKXON.

2 ta fikr

  1. davomi qani???

  2. Davomi hali yozilmagan. Agar siz kabi davomiga qiziqayotganlar ko’proq topilsa, keyinchalik albatta o’qiysiz, Guli. Agar yoqqan bo’lsa, hursandmiz.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter