O'tkazib yubormang

Taxallusim Xon va men terrorchi emasman

Zamonamiz evrilishlaridan hayratda lolmiz!.. “Ochko” asri har birimizdan aql yurgizishni, tinimsiz ong mehnatini talab qilyapti.
Ochkoda yashayapmiz, hisob ochilgan: 2 1.
“Sen urmasang senga urishadi”, “Sen shug‘ullanmasang, sen bilan shug‘ullanishadi”.

O‘z mustaqil fikriga ega bo‘lmaslik, ezgu g‘oyalarini aniq maqsadlar sari yo‘naltirib olmaslik bugunda g‘oyaviy mag‘lubiyat – yot fikrlar ta’siri ostida manqurtlikka tomon oshkora yetaklamoqda.

Bugunda aksar adashgan yoshlarning kamchiligi, ojiz tomoni shariat ahkomlarini bilmaslik yoki to‘la anglamay ko‘r-ko‘rona amalga kirishish bilan bevosita bog‘liq. Ana shunday xatolar oqibatida Mustaqilligimizning sinovli kunlarida johil aqidalarga, fundamentalistik g‘oyalarga ergashib, 100 dollar uchun vatanini sotganlar kam bo‘ldimi? Dinimiz niqobida millatimizga, yoshlarimiz ongiga ta’sir qilish barobarida tinch hayotimizga tahdid solishga uringan va bugunda ham missionerlik oqimi, Iogava shohidlari kabi sektalar, turli muxolif yo‘nalishlar o‘rinishida ogohlikni hargiz yo‘qotmasligimizni eslatayotgan bunday tashqi omillarga qarshi esa faqat ma’rifat, mustahkam bilim, sobit  iymon bilangina kurashmoq mumkin.77772.jpg
 Kuni kecha chet el matbuoti mamlakatimizning Xorazm viloyatida 25 yoshli yigit 13      yoshli singlisining nomusiga tekkani oqibatida homilador bo‘lganini “suyunchi”ladi. Isnod!  Nega bunday bo‘ldi? Xalqimiz, millatimizga butkul yot unsurlar qayoqdan paydo  bo‘layapti?.. Nazarimda bu ham bizni tashvishga solayotgan “ommaviy madaniyat”  o‘choqlarining bir alangasi. Internet portallarida pornografiyani targ‘ib qiluvchi o‘zbek  tilidagi saytlar paydo bo‘la boshladi. Har qancha kurashishga urinmaylik, qandaydir  manfaatdor “ongxo‘rlar” asosan global tarmoq orqali yoshlar tarbiyasini izdan chiqarishga urinishda davom etmoqdalar. Bularga qarshi kurash zamirida yana o‘sha qadrdon aqidalar: oilada tarbiyaning o‘rni, mahalla institutlari va maktab nazorati yotadi. Dunyoda jarayonlar shunchalar tez va qaltiski, o‘z-o‘zimizni nazoratda ushlashni ta’minlovchi, eng katta dushman – nafsimiz ustidan g‘oliblik nash’asini uyg‘otguvi, shukronalik hissini tarbiyalovchi O‘zlikni anglash g‘oyasi va e’tiqod mustahkamligi bugungi kunda yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hech bir davlatning dunyoviy qonunlari agar insonning o‘z Meni shakllanmagan bo‘lsa, uni iymon-insofda, insoniylikda muttasil tutib turolmaydi. Shu barobarida hammaga ma’lum dunyoviy qonun va jazo prinsplari bilan shaxsni to‘la nazorat qilish ham mumkin emas. Agar shunday bo‘lganida jinoyatga jazo muqarrar bo‘la turib, turli mintaqalarda xilma-xil shakldagi noinsoniy holatlar, xunrezliklar umuman sodir etilmagan bo‘lardi. Suratan mavjud dunyo qonunlari tashqi cho‘chitguvchigina bo‘lgan shunchaki nisbiy ultimatum xolos.
Dam olish kuni o‘n sakkiz yoshli o‘smir qo‘shnim mendan bir narsa so‘rab uyga chiqqan ekan, bir oz kutib qoldi: asr o‘qiyotgan edim. Shundan keyin u bilan ko‘rishib, salom-alik qilgach, so‘ragan narsasini olib chiqib berdim. O‘shanda u samimiy ohangda: “Alisher aka, namozga berilib ketibsiz, vahobiylarga qo‘shilib qolmadingizmi ishqilib”, deya gapini o‘zi tushunib-tushunmagan holda iddao qildi. Bolalikdan yigitlik ko‘chasiga qarab endigina qadam qo‘ygan sodda ukaxonimning so‘zlari beg‘ubor edi: beixtiyor kulib yubordim. “Yo‘q ukam, havotir olma”!
Har bir inson ayniqsa biz yoshlarning bugunda muttasil me’yorda bo‘la olishimiz: turli “izm” va “ommaviy madaniyat”lar ta’siridan uzoq bo‘lishimiz uchun ham mustahkam iymon ustiga qurilgan o‘z kuchli mafkuramiz, g‘oyamiz bo‘lishini vaziyat taqozo etmoqda. Ammo buni hayot degani kollejga shunchaki borib kelib vaqt o‘tkazish, internet bu ko‘ngilochar tanishuv saytlari, maroqli dam disk orqali biror komediya tomoshasi, musiqa zavqi “Ummon”ning xitlari deya hisoblovchi bu yosh qo‘shnim va yoki u tengi ba’zi yoshlar qayoqdan ham bilsin.
Yana bir ukaxonimning aytishicha o‘zaro muomala munosabatlarida “birodar” so‘zini ishlatish ham xavfli bo‘lib qolgan emish?! Mana, qora kuchlar qayerimizdan foydalanayapti!.. Mana sizga savodsizlikdagi qo‘rqoqlik, bir tomonlama fikrlash. Bundan roppa-rosa o‘n besh yil avval, fevral voqealariga munosabat bildirib, mamlakatimiz rahbari diniy aqidaparaslik oqimlari ta’siriga tushib, jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan yoshlar haqida “Bizning targ‘ibotlarimiz tor doiralarda qolib ketayapti, hayotning keng qatlamlariga: g‘o‘r, dunyoqarashi tor ayrim yoshlarning ongiga yetarlicha kirib bormayapti va natijada bundaylar yot g‘oyalarga ko‘r-ko‘rona berilib, Vatan qotiliga aylanmoqdalar” deya kuyinganlarida ana shunday ongi tor ba’zi yoshlarni ham nazarda tutganlariga shubha yo‘q. Zero, yurt rahbarining bu so‘zlari hozirda ham ahamiyatliki, garchi bugunda yetishib kelayotgan ko‘pchilik yoshlarning huquqiy salohiyati, fikrlash va dunyoqarashi ancha yuqori bo‘lsada, erishayotgan yutuqlarimizga mahliyo bo‘lmay, real voqeliklardan uzilmasdan, hargiz ogohlikni yo‘qotmasligimizni davr talab qilmoqda.
“Jumaga chiqma, xavfsizlik xodimlari olib ketib qolmasin yana”, “Masjitlarda baland ovozda azon chaqirish ta’qiqlab qo‘yilibdi”, “Namozxonlar tegishli organning “qora ro‘yxat”ida turarkan”.
Shunga o‘xshash vahima gaplar eshitiladi yana odamlar orasida.
Bo‘lishi mumkin. Butun bir mamlakatning doimiy osoyishtaligi nazorati biz o‘ylagandan ancha qiyin masala. Ayniqsa hozirgi “tegmanozik” zamonda inchunun. Vijdon erkinligi Respublikamiz konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlarda aniq belgilab berilgan. Ammo g‘arazli yo‘llarda muqaddas tushunchalardan qurol sifatida foydalanilayotgan ekan, dinga e’tiqod qilish erkinligi milliy xavfsizlik va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, ahloqi, huquqi va erkinligini ta’minlash uchun zarurat tug‘ilganida cheklanishi mumkin. Ammo o‘ylashimcha aql egalari uchun buning hech bir havotirli joyi yo‘q. Ba’zi odamlar nazdida sen “ahmoq” bo‘lib, machitga chiqayotgan ekansan, nazoratchilarning aqli bor-ku, qo‘rqma!..
Bugunda turli “izm”lar, sektalar, missionerlik oqimlari, “ommaviy madaniyat” o‘choqlari o‘z-o‘zidan, tabiiy ravishda paydo bo‘layotgani yo‘q va bularga qarshi o‘z-o‘zidan kurashib ham bo‘lmaydi. Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan kurashmoqlikni hayotning o‘zi talab qilyapti. Agarki jamiyat ma’naviy hayotining muayyan sohasi bo‘lgan din, umuminsoniy ahloq me’yorlarini o‘zida mujjassam etgan ekan, barchamiz ma’lum bir e’tiqodga muhtojmiz. Inson har qancha erishuvchan bo‘lmasin qalbida mustahkam ishonchu e’tiqodi bo‘lmas ekan, shuuridagi o‘sha bo‘shliq yoki o‘zga g‘oyaning ongga kirib kelishi bir kun emas bir kun albatta uni sindiradi.
Poyoniga yetgan yil oxirlarida hukumat rahbari Surxondaryo viloyatida bo‘lib, chekka bir viloyatning muammosini o‘z muammosi sanab, jon kuydirib qilgan chiqishi, xalq deputatlari va viloyat rahbarlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishi va undagi nutqini u kishining boshqa ma’ruzalari kabi maroq bilan tingladim. Ayniqsa ularning “Erta tongda uyg‘onib, Xudodan ishimizning rivojini so‘raylik, Xudo beradi, ishlarimiz xayrli bo‘ladi” degan gaplari yodimga muhrlanib qoldi.
Bizda hech bir dinga nisbatan oshkora tashviqot yo‘q va bu demokratik sharoitlardagi eng munosib yo‘l!.. Har kimning vijdon erkinligi o‘zi bilan. Nima foydayu nima zarar, qaysi yo‘l to‘g‘riyu qay biri xato ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatib, kerak bo‘lsa dalillab turayotganining o‘zida aql egalari uchun hikmat yashirin. Bunda bot-bot takrorlashga muhtoj aqida ­yana bir bor “o‘zlikni anglash” g‘oyasi haqida chuqurroq o‘ylashimizning o‘zi kifoya.
Aziz o‘quvchi! Yuqoridagi so‘zlarimdan maqsad hech qanday diniy da’vat yoki mafkuraviy chaqiriq emas. Men shunchaki aslida ko‘pchiligimizga ayon bo‘lgan haqiqatlarni eslatib o‘tdim xolos. Maqolada aslida hech bir yangilik ham yo‘q.
Sarlavhasiga ko‘z tashlab yoki to‘rt qator satrning o‘zidan xulosa chiqarishga shoshmay oxirigacha o‘qiyotganingizga rahmat. “Bu uslubda yozish yaxshi emas”, “Bir oz chegaradan chiqib ketyapsan” deganlar bo‘lyapti qalamimga doir chiqishlarni kuzatayotgan o‘quvchi va hamkasblarim orasida.
Yo‘q! Nima o‘zi u chegara? Mustaqil mamlakatda ko‘pchilikka ayon haqiqatlarni qonunlarimizda belgilangan so‘z erkinligi orqali o‘z nuqtai nazari ostida xolis bayonlash, shubhadan holi, beg‘araz ma’lumotlar chegara bilmaydi. Senzura atalmish buzilmas temir chegaralar yigirma besh yil ortda, totalitar zamonda zanglab bitgan. Mag‘rib shamoli ta’sirida “ommaviy madaniyat” o‘choqlari muammo tug‘dirayotgan bir paytda, mustaqil Vatanga milliy ruhdagi mustaqil madaniyatlar kerak. Men sartarosh emas jurnalistman internet ham quduqdan farq qiladiki, odamlar oldida “Iskandarni shohi bor” deyishdan hadikib, so‘zlarimni “word”dagi yangi sahifaga yozib, keyin “delete” qilib yuborib humordan chiqsam yo demokratik mamlakatda, fuqarolik jamiyatida yashab turib, o‘zimga bek – o‘zbek bo‘laturib, kimlardandir cho‘chisam…
Shu o‘rinda ozod mamlakatda yashayotgan biz – allaqachon o‘z yo‘lini tanlab olgan, tom ma’nodagi baxtli kelajak tomon dadil borayotgan o‘zbeklarga ozodlik aqidasini shu nom ostida, manfaatdor uslublarda tiqishtirishga urinayotgan yana ayrim xavflarga ham nafratimni izhor qilmoqchiman: hech narsaga aralashma o‘rtoq, men o‘zbekman, o‘zimga bek, o‘zimga xonman!!! Mard bo‘lsang, yutuqlarimni tan ol, kamchiliklarimni esa o‘zim topib olaman.
“Facebook” ijtimoiy tarmog‘ining o‘zbek faolari tomonidan tashkil etilgan bloggerlar chempionatda qatnashar ekanman, o‘shalar tomonidan yana bir gap qulog‘imga chalindi. Emishki, bloggerlar musobaqasi tegishli organ tomonidan agressiv fikrlovchi jurnalistlarni ajratib olish uchun tashkillashtirilgan kichik siyosiy o‘yinmish?!. Bu fikrning aniq manbaasi bor yoki yo‘qligi menga qorong‘u. Lekin yana o‘sha gap: nima bo‘lganida ham mamlakatimizdagi har bir jarayon ezgulikka, devor ortidan fasod qilma, aralashma o‘rtoq!..
Bugunda yurtimiz ravnaqini yanada oshirish, inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, mamlakat rahbari ta’biricha demokratik sharoitlarda ommaviy axborot vositalari erkinligini isloh qilish uchun mustahkam asosga tayangan, uyg‘oq va ohangdor so‘zlar kerak. Faqat bu jumlani muallif nokamtarligiga yo‘ymang!.. Beruniy avlodiman ammo ismim Xristafor Kolumb emas: Amerika ochib bo‘lingan, taxallusimda “xon” birikmasi bo‘lsada hind kinoyulduzi Shohruxxonga taqlidim yo‘q, umuman hech qanday “xonlik”ka da’vogar ham emasman. Bolaligimda katta buvim to‘ng‘ich nevaralari bo‘lgan rahmatli dadamni “Abdumalikxon” deb atardilar. Taqdiri azal o‘z so‘zini aytib, boqiy olamga rihlat qilgan padari buzrikvorim, ilk ustozim, shoir va jurnalist Abdumalik Isomiddinovning nomlarini o‘zimda saqlab qolish, qog‘ozga tushirishga ulgirmagan so‘zlarini farzand bo‘lib ayta olishim uchun ham MEN XONMAN.
Ikkinchi bosqich natijalariga ko‘ra men kelgusi turga o‘ta olmaganim haqida kecha kechqurun feysbukda o‘qidim . Adolat bo‘ldimi yo‘q muhokama qilmayman. Maqola mavzusi ham bundan tashqari hamda alam va g‘arazlardan holi. Aslida tengdoshlarimning ilg‘or tashabbusi bilan tashkil etilgan bloggerlar bahsi bahona dilimdagilarni ayta olganimning o‘zi haqiqiy g‘alaba. Insoniyat e’tirofidanda buyukroq zavq – vijdon oromi, nazarimda.
Mana endi qalb oromda. “To‘rtinchi hokimiyat” faoliyati erkinligi yuzasidan aslida hech qanday tabu-taqiq o‘rnatilmagan mustaqil mamlakatimda ba’zilar nigohi senzor sanagan chegara hududlar bugun menga yana ochiq maydon bo‘lib ko‘rindi. Bu keng maydon ortida esa biz tomon shoshib kelayotgan Buyuk kelajakni ko‘rdim. Taxallusim xon va men ham terrorchi emasman.

Alisher ABDUMALIKXON,
mustaqil jurnalist.

9 ta fikr

  1. Mana shu fikrlariz uchunam sizni hurmat qilaman Alisher aka!

  2. Siz abadiy yashaysizmi?!

    Hayot beshavqat …!Deymiz..!
    Aslidachi ..,hayot chindan ham beshavqatmi yoki odamlar..?!
    Arzimagan bir-ikki chaqa ustida ota bolasini , bola otasini tanimayotgan , aka-uka ,opa –singil ota-onasidan qolgan merosni talashib, bir-birini yoqavayron qilayotgan bir zamonda yashayapmiz…
    Odamlarda oqibat, andishadan asar ham qolmagan..!
    Hamma bu o`ladigan zamonda bir kun , bir daqiqa bo`lsa ham yaxshi yashab qolsam deydi…
    Zamon ham, adolatu haqiqat ham , yo zaring yo zo`ring bo`lsa senikiiiiiii..!
    Bu zamon va makonda hamma narsaning o`z narhi bor..!
    Keling , mahalladan boshlaymiz …
    Mahalladan turar joyingiz haqidagi ma`lumotnomani olish uchun besh ming so`m to`lamasdan olib ko`ringchi.?!Albatta , olsangiz bo`ladi to`lovsiz ham , agar mahalla raisi yoki uni kotibi onangizni dugonasi yoki otangizni o`rtog`i bo`lsa ..!
    Ana endi Tavsifnoma yoki Dalolatnomani o`zingiz baholab olavering…
    Keyingi manzil ham , tez-tez murojaat qiladigan maskanimiz shifohona …Hozirda shifokor qabuli o`n besh ming so`mdan ,yuz ming so`mgach toifasiga qarab…Qabul shunch bo`lsa , tashhis qancha bo`lar ekan.?!Yana katta qilib , “ TIBBIY XIZMATLAR BEPUL “ deb yozib qo`yishadi, kiraverishda …
    Shifohonaga ishi tushgan odam biladi xizmatlar pullikmi yoki bepulligini !Hullas , hamma narsani hal qilsa bo`ladi pul bilan …!” Puling bo`lsa changalda sho`rva” deganlari shu bo`lsa kerak..Qo`yib bersang mehr –muhabbatni ham narhlab qo`yishadi …Aslida ,asl tuyg`ularni ham juda kamchilik qadrlamoqda ..!Bugungi kunda mehrni ham pul bilan o`lchaydigan bo`lib qoldik.Mana oddiy bir misol : Yoshi 55-60 ni urib qo`ygan bo`lishiga qaramay ,hali ham namozni bo`yniga olmagan ko`pchilik(afsuski ayrim deya olmayman) ota-onalarimiz kunda-kun ora habar oladigan oddiy ishchi (yoki o`qituvchi) bo`lib ishlaydigan o`g`li kelganida , quruqgina so`rashadiyu ,TV da berilaverib, siyqasi chiqib ketgan serialini ko`rishda pinagini ham buzmasdan davom etadi. Olti oy -bir yilda bir qorasini ko`rsatadigan ,shunda ham dimog`idan qurt yog`ilib tuzuk-quruq hol so`rashga yaramaydigan,shaharda qaysidur tashkilotning korchaloni bo`lgan o`g`lini o`tqazishga joy topolmaydi.To`yu –ma`rakasida o`tidan kirib ,kulidan chiqadigan kelindan qo`shnilarga zorillaydi-yu, yarim yilda bir marta kelaganida ham uy to`rini birovga bermaydigan kelinni maqtovini oshiradi. ”Kambag`alni tuyani ustida ham it qopadi “ ,deganlari shu bo`lsa kerakda.?!
    Yoshi yetmishdan oshgan “Hoji ona” larimizning ,to`y dasturhoni ustida bir ryumkadan ko`tarvolib ,davra o`rtasida o`yin tushishiga nima deysiz.?!
    Tushgacha hayit namoziga chiqib ,tushdan keyin yaqinda uzatilgan nabira qizining hayitlik dasturhonida ,yuzt-yuzta olib ,yoshlarga baht tilayotgan “Xoji ota”larimizgachi .?!
    Mana sizga andisha ,mana sizga oqibat..!
    Hayosizu andishasizlarning oshig`I olchi , ta`magir “shantajchi”ning pichog`I yog` ustida …
    Avom esa bunga ko`r-ko`rona ergashadi…Bu savodsizlik oqibatimi yoki . ???
    Sen menga tegma ,men senga tegmayman .!!
    Xalq orasidan bitta-yarimta haqiqatni gapiradigan mard topila qolsa ,unga och bo`ridek tashlanishadi.Davlat tashkilotlari tugul ,hattoki ta`lim-tarbiya maskanlari ham “Qashqirlar makoni”ga aylanib qolgan.Hamma o`z jig`ildonini o`ylaydi.Bu haqda ogohlantirilgan nazoratchi tashkilotlar esa , chora ko`rish o`rniga “Hammamiz ham charchaganmiz ” deb “bosdi-bosdi” qilib yuborishadi.Axir qo`l-qo`lni taniydi-da..!
    Qachongacha och qornim, tinch qulog`im qabilida ish tutamiz.
    Pora olamiz-u ,tirikchilik ,bola-chaqani ro`kach qilib ,tinchlantiramiz , qalbimizda isyon qilgan vijdonni…Quruq maoshga ro`zg`or tebratib bo`ladimi ,axir.?!
    Aslini olganda, qo`sha-qo`sha imoratlar qurib ham, qator-qator mashinalar olib ham ,kunda yangi ”jazman” topib ham to`ymaymiz..!Nafsning quliga aylanib qolganmiz.Uni qondirish uchun hech narsadan tap tortmaymiz .Eng achinarlisi ,bugun ko`pchiligimiz shundaylarga havasmandmiz ..!
    Imom al-Buhoriyning “Sahih hadislar” to`plamida keltirilishicha , Rasullulloh S.A.V. aytgan ekanlar: “Faqat ikki kimsagagina havas qilish joizdir!Birinchisi ,to`g`ri ilm olib ,ilmini Alloh yo`lida boshqalarga o`rgatayotgan ustozga ! Ikkinchisi, haloldan davlat topib ,savob uchun beva-bechoraga tarqatayotgan insonga..!”
    Bizni orzu-havaslarimiz-chi .?!
    Kim o`zarga to`y qilmoq, qo`shninikidan baland tom qurmoq va hokazolar…
    Yaratgan qaysi soniyada omonatini bilmaymizu ,lekin toat-ibodatga kelsak , huddi hammasini biladigandek ,hammasiga ulguradigandek bahazur yuraveramiz.Xato ustiga xato,gunoh ustiga gunoh orttiraveramiz ..!
    Soatlab vaqtimizni bekorchi gaplar ,gurunglarga sarflab yuboramizu,namoz o`qishga o`zimizda iroda topolmaymiz..!
    Har kuni mozorlar yonidan o`tganda , yangi qabrlarni ko`rganda ,”kechagina falonchi tirik edi,tirikchilik kuyida yelib-yugurib yuruvdi .” deb ,loqaydgina gapirib qo`yasiz..!
    Inson nega yaratilgan ?! Modomoki ,kuni kelib ,qazoi ajal aniq ekan ,nafsimiz dilozorliklariga nega yon beraveramiz ?!Agarki , bu o`tkinchi hayot sinov ekan ,dunyo matolariga nima sabab uchmo qdamiz ?! Nega bilaturib mangulikka turli shaklda da`vo qilaveramiz ?!Nega bosh qomusdagi Buyruqlar,Ko`rsatmalarga amal qilmaymiz ?!Nega tilimizda Alloh deymizu ,dilimiz boshqa narsalar bilan band ?!
    Nima ,BIZ ABADIY YASHAYMIZMI?!

  3. Эркинжон

    Катта раҳмат. Самимий ёзилган. Кўп масалаларда ҳамфикр эканмиз. Бундай теран фикрларингиз бардавом бўлсин ва уларни биз билан баҳам кўриш ёдингиздан чиқмасин.

  4. Аввало сизга раҳмат, Эркинжон! Мақолага фикр билдириш баробарида илиқ қаршилаганингиз учун.

  5. Раҳмат сизга, Парвина!!!

  6. Assalomu alaykum.
    “Сен шуғулланмасанг, сен билан шуғулланишади”. To’g’ri gap, chunki bekorchilikdan ko’p narsa kelib chiqadi.
    Shariat ahkomlarini bilmaslikka nima sabab?
    Nikoh o’qimoqchi bo’gan Imom-domla kelin-kuyovdan Shahodat kalimasini so’ragandagi jimjitlik biz musulmonlar uchun og’ir musibatku…
    Missionerlar kimni yo’ldan uradi? Ilmsizlik oqibatida yuzaga chiqmoqda bunday ishlar…
    O’zbeklarda o’z singlisini zo’rlash umuman kechirib bo’lmas holat. O’sha bola shu narsani internetda ko’rgan. Keyin o’ylagan nimaga men qilolmiman bu ishni? Bu og’ir gunohligini qaydan bilsin bechora,Axir ota-onasi nima qilib bunday farzand tarbiyalagan???
    Dunyoviy qonunlarni sizu-bizga o’xshagan insonlar chiqarishadi. Agar biz HECH QANDAY SHAK-SHUBHA YO’Q VA TAQVODORLAR UCHUN HIDOYAT YO’LI BO’LGAN QUR’ONI KARIMda buyurilgan ishlarni qilsak bizga hech qanday qonunni keragi yo’q.Agar insonlarni qalbida HAR BIR QILAYOTGAN ISHIMNI TEPADA RABBIM KO’RIB TURIBDI degan tushuncha bo’lganida hech kimni kuzatishni,tekshirishni hojati qolmagan bo’lardi…
    O’tkan yili uylanmoqchi bo’lganimda shariat bo’yicha, tejamkor qilib to’y qilaman deb siz eshitgan gaplarni men ham eshitganman. Hayotimni kimlargadir aroq quyib, katta to’yhonalarni to’ldirib ularning qadahlarini eshitib boshlamaslik uchun,qanaqadir dabdabali moshinalarda ochiq-sochiq kelin dugonalirini begonalar bilan qayoqlargadir aylantirib kelish,kelinning atigi bir necha soatga palon million so’mga kiyadigan oddiy bir matosi o’rniga o’sha kelinga yuklanadigan UY BEZASH ishlarini ERKAK sifatida qo’limdan kelgancha o’z bo’ynimga olganman… O’shanda hamma meni siz kabi “Vahhobiy”ga chiqarishdi, Hatto ba’zi yaqinlarim AGAR SHUNAQA TO’Y QILADIGAN BO’SA BIZ BORMIMIZ deyishgacha borishdi. Men ularga qarab zavq bilan Vahb ibn Munabbihning ushbu so’zlarini aytdim: “Odamlarni ayblashidan qo’rqma, maqtashiga ishonma,ular har kuni bir o’zgaradilar.Nimaiki qilsalar kayfiyatlariga qarab qiladilar.Shuning uchun sen Vohidu-Axad, Fardu-Samad bo’lgan Alloh bilan bo’l,undan o’zgani qo’y.Chunki Alloh kishilar istasinlar-istamasinlar qalblarini sen tomonga burib qo’yadi”
    Bir tomonlama fikrlash – bu juda yomon narsa. MASJIDGA KO’P BORAVERMA,HAR XIL GAP KO’PAYADI… Kechirasiz qanaqa gap men bir foxishaga yoki o’g’irlikka borayotganim yo’qku… Ibodatga, xalovotga borayapman. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo’mitasi tavsiyasi va ruxsati bilan chiqgan kitoblar bor o’zbek tilida. A tushunmasangiz o’shalarni olib o’qing axir, 80 betli Darakchini 2 soatda o’qib tashlaysizku degim keladi bunday tor tushunchalilarga… Yurtboshimiz ogohlikka chorlayotgan bu davrda NIMADAN OGOH BO’LISHIMIZNI BILISHIMIZ KERAKKU AXIR…
    Namozni boshlaganimga 7 yil bo’ldi. Birov kelib oldimga nima qilyapsan degani yo’q. Inson namozni o’zi uchun o’qiydi. Mahalla yoki qishlog’ingizdagi ozgina gap-so’zni darrov tarqalishini hisobga olsak, DAVLAT, VA MILLAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH, JAMOAT TARTIBINI SAQLASH IDORALARINING TERAN FIKRLI XODIMLARI KIMDAN NIMA SO’RASHNI SIZU-BIZDAN YAXSHI BILISHADI…
    Inson qalbidagi ishonch eng oliy tuyg’u. Islomning eng asosiy arkoni bo’lmish Iymon ham 7 ta ishonchga asoslangan. Inson bu dunyoda ham oxiratda yaxshilik umid qiladi. Shunday ekan Alloh buyurgan 5 ta arkonni bajarish mobaynida shu yurt,shu xalq uchun jon kuydurmasak qanaqa qilib bu dunyoda yaxshi yashaymiz… Prezidentimiz mustaqillikning ilk kunidan hozirgacha biror kun qo’ymay mana shu odamlar hayotini farovon qilaman deb tinmay harakat qilayotgan paytda biz qanday bir chetda turishimiz mumkin.O’zimizdan bir yaxshi nom, yaxshi amal qoldirmasak yashab nima qildik?.?.?
    Hozir birovga bir narsa aytishning keragi yo’q. Har kim o’ziga kerakli narsani yerni tagidan bo’lsa ham topib olayapti.Kim to’g’ri-qiyinini izlaydi, kim noto’g’ri-osonini izlaydi.Farq shunda. Dinga da’vat to’g’risida: Rasululloh S.A.V Islom da’vatining eng yuqori darajasini ko’rsatganlar.Bizlarga yo’l bo’sin da’vatga.Avval o’zimizni to’g’irlab olaylik.Butun umrimiz ham yetmasligi mumkin o’z kamchiliklarimizni to’g’irlashga…
    Men jurnalist emasman. Faqat ichimdagi ba’zi gaplarimni yozdim.Xatolarim ko’p.Shunday bo’lsada bu boshlagan ishingizda yana bir sizni qo’llovchi borligini bildirgim keldi. Kecha Buyuk kelajak rukniga “aaa” taxallusida yozgan men edim.Hammasi yaxshi bo’ladi degan javobingizni ko’rganimdan keyin o’yladim…Qachongacha ichimda saqlayman bu gaplarni???
    Endi har bir maqolangizga qo’limdan kelgancha comment yozaman…

  7. Sizga RAHMAT!.. So’zlarimni tushunganingiz, tushuna olganingiz uchun. Demak, idrok.uz behuda tashkil qilinmapti. Sizdek so’z qadriga yetadigan insonlar bor ekan, intilayotgan maqsadlarimiz ulkan va Mamlakatimiz KELAJAGI ALBATTA BUYUKDIR!!!

  8. Жуда ҳам ажойиб фикрлар! Ёзишда давом этинг! Сизга ижодий умрбоқийлик тилайман!

  9. Assalomu alaykum. «Vaqt qisqa umr yugurik» deyishadi. Vaqtini behuda sovurayotganlar ehhe qnachadan qancha. Hozir ular haqida emas vaqtni eng qimmat boylik deb doim qizg’anib yashaydigan kaminai Sokina, maqolani o’qib vaqtim zoe ketmaganiga shukur qildim.
    Men jurnalist emasman va terrorchi ham emasman!)
    Menga ham sizga aytilgan «ogoh» gaplar qadrdonlarim tarafidan ko’p bora aytilgan.) Niyatim xolis bo’lsa yana nimadan qo’rqaman. Men ham shu yurtning bir parchasiman, undagi quvonchlar bilan faxrlansam, fojealar uchun qayguraman. Jamiyatdagi illatlarni esa faqatgina yuzaga qalqib chiqqandagina bartaraf etish mumkin deb hisoblayman. Odamlarimiz jamiyat bilan shaxsni almashtirib qo’yishayapti. Illat qolib shaxsiy hayotga daxl qilishga, o’zgalar hayotini muhokama qilishga otib ketishgan. Ongni foydali ilm bilan toldirish,tafakkur yurita olishni o’rganinsh kerak.
    Buning uchun har bir shu yurtda yashovchi insonning vijdoni uyg’oq bo’lishi kerak. Kimdir tashqaridan kelib bizga shuncha sharoit qilib bergan yo’q. Oddiy mehnatkash xalqning himmat- saxovati,samimiyligu kamtarinligi,ochiq ko’ngliyu gayrati bilan shu darajaga yetdik. Afsus, buni tushunmaydiganlar ancha. Daraxtning qurti tanasidan chiqadi.
    Fikringizga qo’shilaman,
    dushman yasab olish bizda keng tarqalgan «urf»ga aylandi va bundan oramizdagi va tashqaridagi badnafslar uddaburonlik bilan foydalanayapti.
    Gapirsa gap ko’p hammasi amalda ko’rinishi kerak. Ijodingizga baraka!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter