O'tkazib yubormang

“Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘nglima”

O, muhabbat!.. O, shirin dard!..Bu darddan kimlar og‘rimagan deysiz?! Davo topganidan, kuyib kul bo‘lganlari ko‘p. Barcha zamon va makonlar tarannumi u. Lekin hammaga ma’lum va mashhur bu tuyg‘uga qarashlar turlicha. Buyuk hissiyot ichra hislar turfa. “Sevgini juda mukammal deb bilma, aks holda undan ko‘ngling qoladi” deya yozgandi faylasuflardan biri.

Mahluqotga bo‘lgan muhabbat maksimal bo‘lmagani ma’qul. Ammo bu ham nisbiy tushuncha. “Sening qiyofangda Tangrimning jamolini ko‘rdim” iborasi uchraydi hind kinolarida. Buning ham to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi aslida nisbiy.Muhabbat ko‘pincha qurbonlik talab qiladi. Buyuk muhabbat qissalari fojea bilan yakunlangan. Chin sevgi egalarga bu dunyoda visol nasib qilmasligini kuzatganmiz. Zahmat chekib sevgisiga yetishmoq, qirq kechayu-qirq kunduz to‘y qilib, yurtga osh berish baxti esa voqealar yakuni yaxshilik bilan yakunlanishi shart bo‘lgani uchun ham ertaklarda ko‘proq uchraydi. Real hayotda ham sevishib turmush qurib, saodatli hayot kechirayotganlar ko‘p. Ammo romantikaga oshno qalblar ko‘pincha muhabbatdan sarguzasht izlaydilar. Iztiroblarni o‘zgacha entikish va boshqa o‘rinlarda kam uchraydigan mardlik bilan qarshi oladilar. Ha, sevgi sharobi insonga ilohiy qudrat beradi, qo‘rqmas qilib qo‘yadi. Bu o‘ta sirli his. Biz odatda bu tuyg‘uda oson va to‘g‘ri yo‘lni topolmay qiyinchiliklarga duch kelamiz va oqibatda ko‘pincha muhabbatimizni yo‘qotamiz. Qayerda xato qilganimizni esa ancha kech bo‘lganidan so‘ng anglashimiz mumkin. Peshonamizga yozilmagani uchun ham sevgi deb o‘ylaganimizdan voz kechishga majbur bo‘lamiz-u, baxt manzili tomon istamaygina boshqa bir inson bilan ketib, vaqtlar o‘tgach yonimizdagi inson haqiqiy ikkinchi yarmimiz ekanligini anglaymiz. Voz kechishga majbur bo‘lganimiz esa taqdirning katta falokatdan asragan bir tuhfasi bo‘lib chiqishi ham mumkin. “Har ishda bir hikmat bor” deyishadi mashoyihlar. Atigi ikki xil versiyasi keltirdim. Aslida esa muhabbat shunchalar keng, anglash mushkul va bir qaraganda aniq formulaga solishning imkoni bo‘lmagan tuyg‘uki, bunda har bir juftlik qancha urinmasin, minglab versiyalar ichra taqdirida yozilgan ma’lum bir chizgidan ketadi. “Yoshlar aynib ketyapti” deya yozilgan ekan miloddan avvalgi yillarga taalluqli arxeologik topilmalardan birida. Ha mayli, buguning bolalari har qancha tarbiyali yoki tarbiyasizligini qo‘ya turaylik. Ularning muhabbatga munosabati qanday? “Faqat bitta qiz bilan gaplashish uyat-ku, o‘rtoq. Umring davomida yakka ko‘ylak bilan yurish ham mumkinmi”, deydi “babnik”lik modasini yaratgan aksar yigitlar. O‘nlagan balki yuzlagan nomahramlar bilan ayshini surgan “modniy” — nar yigit uylanganidan keyin bularning javobi o‘z modasidan albatta qaytishini o‘ylamaydimikin. Hamma narsa hisob-kitobli ekanligi barchamizga ayon-ku! Irodang yetsa, sadoqatni modaga aylantir, chin muhabbatga qul bo‘l. Nima topasan, aslida o‘zing kabi “urf”da yurgan, sen shohida yurgan oning farishta niqobida barg oralab shaytonni hayratga solayotgan, ta’bir joiz bo‘lsa, qiz(!)larga umringni sarflab?! To‘g‘ri, umrida birgina insonni chin dildan sevgan yosh oshiqlar ham bor. Ammo o‘z sevgisidan umid qolmagan taqdirda ular nima qilishyapti. Umuman, bu ilohiy hisning ilohiylik hikmati ularga nimalarda ko‘rinyapti? “Chilonzor” metrosida poyezd tagiga o‘zini tashlab, dunyodan ko‘z yumgan qiz haqida gap chiqdi. O‘tgan yilning o‘zida bu kabi holat “Mirzo Ulug‘bek” va “Do‘stlik” metrobekatlarida ham kuzatildi. Muhabbat dardida o‘zini osib qo‘yibdi, sirka ichib o‘libdi, bir quti uyqu dori yutib ko‘zini ochmabdi kabi holatlarni siz ham eshitgansiz. Nega “Romeo va Juliyetta”ni sevasiz-a?! Nega “O‘tkan kunlar”ni ko‘rmaysiz, “Farhod va Shirin”ni o‘qimaysiz? Hozirda ko‘pchilik yoshlarning eshitsa ensasi qotadigan, aslida esa naqadar muhtoj aqidalarimiz o‘zlikni anglash mohiyati va milliy mentalitet tushunchalarimiz shunchalik chuqur va keng qamrovliki, haqiqiy muhabbat egasi o‘limdan qo‘rqmaydi va shu barobarida o‘z joniga qasd ham qilmaydi. Yaxshilab o‘ylab ko‘ring, sevgi yo‘lida jondan kechmoq bu o‘zini o‘zi o‘ldirish degani emas. Milliy adabiyotimizdagi muhabbat qissalari boshqalarning husumati bilangina fojeali yakun topgan. Bunda mentalitetimiz muqaddas e’tiqodlarimiz bilan ham chambarchars bog‘liq ekanligi haqida fikr yuriting. Juda jonga tegdi bu “ommaviy madaniyat”! Tanazzulning qay bir ko‘rinishi bo‘lmasin “Salom, gruppadagilar” deya g‘olibona ishshaygani ishshaygan. Eshitganingiz on “Ummon”ga xalq artisti bersak arzirkan, deya kechagi xirgoyilar holvaligini his qilib, musiqasining so‘zlaridan aqli raso odamning asablar o‘ynaydigan hozirgi xitlarning asosiy mavzusi shu: fojeali muhabbat qissasi. Qiz nimadir qilib o‘zini o‘zi o‘ldirgan, bola avariyaga, yo rak, yo spidga uchragan va yoki nimadir… Inson hayoti oldida qanaqadir arzimas va mayda bo‘lgan turmush tashvishlardan musiqaviy fojea yasab, yana qanaqadir “dramma”, “triller” yaratish va bunda tinglovchining ruhiyatiga ta’sir qilib, ma’naviy-ahloqiy tanazzul va hokazo… 2

Nima qilay? Ruhiyatga eng katta ta’sir musiqa orqali ekan, “nimadir” olamiz deya saytni kuzatayotgan Siz azizlarga “nimadir” aytmoqchi, “nimadir” bermoqchi bo‘lsak, ikki muammoning bittasi san’atga borib taqalaversa… “Yuzingda ko‘zing bormi” demay… Aslida gapirilmagan joyi ham qolmadi san’atni. Hech narsa aytilgani ham yo‘q…

Xullas, chalg‘imaylik. O, muhabbat!.. O, shirin dard!.. Bugun 14-fevral — sevishganlar kuni. Yo‘q, ulug‘ shoh va shoir, bobomiz Boburmirzoning tavvallud ayyomi! Xullas, bayram. Aslida yana bir yangi kunni qarshilaganimiz, ertangi kunga ishonch va bugundan shukronalik hissi, qandaydir sana sabab bir birimizga shirin tilak bildirib, sof tuyg‘ularni pokligicha asrashni unutmaslik, ulug‘ ajdodlarimiz yodi, o‘lmas ma’naviyatga ta’zim bu kun. “Muhabbat kuni” mentalitetimizga yot, “tug‘ilgan kun” aqidasi esa e’tiqodimizda yo‘q!
Televideniya anonsida aytishdi: bugun “Behayolik bayrami” nomli ko‘rsatuv namoyish etiladi. Har doimgidek “antivalentin” qarashlar ifodasi. Kurashib bo‘ladimi shunday?.. Xo‘sh natija-chi? Bo‘larmikin?.. Yana ko‘rsatuv bayram nihoyasiga yetib bo‘lgan paytda, kechki dastur orqali namoyish etilsa…
Mana bu ishlarni qilma, mana bunday kiyinma, mana bu saytlarga kirma deb boladagi qiziqishni qitiqlab, biz kattalar nimalar mumkin emasligini aniq qilib ko‘rsatib qo‘yamiz-da, havotirimiz sodir bo‘lsa, aytmaganmidim senga, bilmasmiding, deymiz kuyinib.
“O‘g‘lim, sening ustingdan bir ish qilib qo‘ydik”, “Aqlli kishilarning o‘z farzandlari ustidan qilgan ishlari nojoiz bo‘lmas” — qadrdon jumlalar. Yuz yillar avvalgi ota-ona va farzand o‘rtasidagi pardalar, oila munosabatlaridagi hayo hozir qay darajada?!.
Aytmoqchi bo‘lganim, davom etayotgan tarbiya va tashviqot ishlarimiz tor doiralarda qolib ketmasin, har qanday illatning avvalo ildizi nish urmasligiga intilaylik. Havas uchun sevish, yolg‘onga qurilgan tuyg‘ular eng katta ruhiy tanazzul. Birovni aldash eng avvalo insonning o‘zini sindiradi. Bu yolg‘on dunyodan hech kim vafo topmagan. “Dunyoni go‘zallik qutqaradi”. Mustahkam e’tiqod, sobit tarbiya va o‘sha najotkor go‘zallik — haqiqiy muhabbat bilan dunyoni qutqaraylik.33333333333333
Kim ko‘ribdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?
Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘!
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘nglima,
Kelmadi jonimga hech oromi jondin yaxshilig‘.

Mirzo Bobur ayyomi bilan! Hech birimizni sof tuyg‘ular tark etmasin!.. Juma muborak!

…………………………………………………………………………………………………………………IDROK.UZ

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter