O'tkazib yubormang

Izquvarning kundaligidan: MEN OFITSERMAN

Muqaddima o‘rnida

« … «Men – Sardor Asilbekov Ichki Ishlar idoralari safiga qabul qilinar ekanman, xalqimga, Vatanimga, Prezidentimga sodiq farzand bo‘lib xizmat qilishga qasamyod qilaman».

Bolalikdagi orzularimning chinakam ro‘yobi shu so‘zlar bilan boshlandi. Garchi oilamizda ichki ishlar xodimlari bo‘lmasa ham, bu kasbga nisbatan goh oshkora, goh pinhona muhabbat kichkinaligimda, aqlimni taniy boshlagan paytimda paydo bo‘lgandi.
Kunlardan bir kun mahallamiz ko‘chasidan ot mingan militsioner o‘tib qoldi. Uning barvasta kelbati, baland oti, yarashgan maxsus libosiga bir muddat mahliyo bo‘lib qoldim-da, o‘sha onda meni otga minish fikri qamrab oldi. Uch yoshlik bolaning harxashasiga dastlab yonimdagi ota-onam e’tibor qilmadilar. Men esa yer tepinib chinqirishimni qo‘ymasdim. Buni kuzatib turgan militsioner amaki otini biz tomon burdi-da, oldimizda to‘xtab, egardan tuщdi. Men tomon engashib jajji qo‘lchalarimdan tutdi. Amakining e’tiboriga ma’qul kelib, tinchlandim.
– Ismi nima bu to‘polonchini?
– Siz militsonermisiz? – shoshib savol berdim unga. «Ismi Sardor, xarxashasi olamni buzadi, o‘zingiz urishib qo‘ying, amakisi», dedilar onam. «Otga minaman», dedim yana boyagi ishtiyoqim esga tushib. «Yiqilib tushasan, o‘g‘lim, qara balandligini», dedi otam. «Mindiring! Minaman, otga!» «Agar quloqsiz bola bo‘lsang, militsioner amakingga berib yuboraman», ta’kidladi otam. «Mayli, berib yuboring, lekin otga minaman», dedim ko‘z yoshlarimni artib. Uchovlari nima qilarni bilmay bir-birlariga qarab qo‘yishdi. Militsioner amaki mening ko‘zlarimga termulib, jilmaydi-da, dast ko‘tarib, otga mingashtirdi. Yerdan oyog‘im uzilganidan bir qo‘rqsam, otning lo‘killab yurishidan bir cho‘chidim. Agar o‘zim minishni xohlab, xarxasha qilmaganimda yig‘lab yuborishim tayin edi. Amakining otida mahallani aylandik. U baquvvat qo‘llari bilan meni ushlab borardi. Ko‘chada o‘ynab yurgan o‘rtoqlarimning havas bilan tikilishini ko‘rib, qo‘rquv esdan chiqib, zavqim oshdi. Aylanib kelgach, amaki meni otdan tushirdi. «Xo‘sh, Sarxon, ko‘ngling joyiga tushdimi? Amakingga rahmat aytmaysanmi endi?» dedilar otam. «Rahmat, amaki!» «Arzimaydi, polvon, botir-qo‘rqmas bola ekansan, qoyil», dedi amaki menga. «Amaki-i-i-i», dedim yana unga yaliganannamo. U menga savol nazarini qadadi. «Pistoletingizni ushlab ko‘rsam maylimi, iltimos?!» «Bu bola yana nimalarni xohlaydi-a? Dadasi bo‘ldi, oling o‘g‘lingizni, uyga kiramiz», dedilar onam norozi bo‘lib. Dadam ham menga bir xo‘mrayib qo‘ydilar. Amaki belidagi pistoletni yechib, yana men tomon asta engashdi.
– O‘g‘lim, bu – qurol! Buni men senga berolmayman, hatto ushlashga ham. Bu aslo mumkin emas. Avvalo, qurol ushlash orzu qiladigan narsa emasligini yodingda tut. Agar men kabi otda yurishga, mana bunday forma kiyib, qurol taqishga havas qilsang, vaqti-soati kelsa, albatta bo‘lasan. Buning uchun odobli, aqlli bola bo‘lib, ota-onangning so‘zlariga quloq tutishning zarur. Nega qurolni bermaganimni o‘shanda bilib olasan. Yaxshi yigit bo‘laman desang, kattalar gapirganda «xo‘p» degin bo‘ptimi, kelishdik-a? To‘polonchi bolalar militsioner bo‘lolmaydi. Aqlli bola bo‘lishga va’da berasanmi, Sardorjon?
– Xo‘p, amaki. Men ham katta bo‘lsam, albatta sizga o‘xshagan militsioner bo‘laman. O‘shanda mening ham o‘z otim, siz kabi yelkasida yulduzchalari bor chiroyli kiyimim, pistoletim bo‘ladi. Mahallamizni yomon bolalardan himoya qilaman. Gapimga kirmaganlarni pistoletimda «paq-puq» otaman, – dedim qiqirlab kulib. – Yomon odamlar militsionerdan qo‘rqadi-ku, a amaki?
– Sardorjon, pistolet yomon odamlarni otish uchun berilmaydi senga. Odam tug‘ilganda yomon bo‘lib dunyoga kelmaydi-ku, to‘g‘rimi? Masalan, sen o‘zingni yomon bola deb o‘ylaysanmi?
– Yo‘q, men yaxshi bolaman, amaki! Bundan keyi siz aytgandek odobli ham bo‘laman.
– Ana, ko‘rdingmi! Yomon odamlar ham o‘zining yomonligini to boshqalar uning xatosini tushuntirib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmagunlaricha bilmaydilar. Bizning ishimiz ularni tarbiyalash, yaxshi odamga aylantirish.
– Unda pistolet nimaga kerak?
– Qurol – posbonning hamrohi. Eng so‘nggi vaziyatlarda bu narsa kerak bo‘lib qolishi mumkin. Militsioner har qanday holatga tayyor bo‘lishi kerak. Lekin quroldan iloji boricha foydalanmaslik kerak. Mard odam birinchi bo‘lib kuch ishlatmaydi.
– Tushundim, amaki! Men ham mard bola bo‘laman.
– Barakalla, azamat!
Ana shu unutilmas voqea hayot yo‘limni belgilab berdi. Ko‘cha-ko‘yda, televizorda yelkasida yulduzchalari yarqirab turgan militsionerlarni ko‘rsam, allanechuk bo‘lib, orzular dunyosiga singib ketardim. Kuchli ishtiyoqim sabab mana bugun orzuimga yetdim. Uyim tomon yurib emas, go‘yo qanot chiqarib uchmoqdaman. Gohi ishongim kelmay chiroyli formamga yarashgan ikki yelkamdagi ikki yulduzchani paypaslab qo‘yaman. Hovliqib uyga kirganimda meni shu darajaga yetishimga sababchi bo‘lgan mehribonlarim – padarim hamda volidam yo‘limga peshvoz chiqishdi. Quvonchimning cheki yo‘q. Qulochimni keng yozib, ularning bag‘riga otildim:
– Otajon, onajon tabriklanglar! MEN OFITSERMAN!..
* * *
Muvaffaqiyatimdan hamma xursand bo‘ldi. Qarinoshlar, yoru birodar, yaqin do‘stlarim tabriklashdi. Mahallaga osh berdik. Do‘stlarimga alohida hurmat ko‘rsatdim. Mening shahodatlanganim uch kun bayram qilindi. Ishimga ham ancha ko‘nikib qoldim. Orzularim ro‘yobidagi faoliyatim qizg‘in kecha boshladi. Har kun ishga barvaqt borib, kechroq qaytaman, chunki kasbimni sevaman. Ishga chanqoqlik faoliyatimning boshidanoq o‘zini ko‘rsatayotgandi.
Ish vaqtim tugab uyga ketishim mumkin bo‘lgan bo‘lsa-da, xonamda muhim bir hujjatni yakuniga yetkazib qo‘yish maqsadida o‘tirganimda qo‘l telefonim chaqira boshladi. Odatda bu paytda onajonim havotir olib qo‘ng‘iroq qilardilar. Qarasam, sinfdoshim Ma’mur ekan.
– Labbay, do‘stim!
– Assalomu-alaykum, o‘rtoq boshliq, bormisiz?
– Ha, Ma’murjon, yaxshimisan do‘stim?
– O‘zimiz qo‘ng‘iroq qilmasak, yo‘qlamaysizam?!.. Qayerdasiz, Sardorboy?
– Hozir ishdaman, Ma’mur!
– Xullas, gap bundoq! Sinfdoshlar bilan har doimgi joyda choyxonada o‘tirgandik, osh pishay deb qoldi. Yetib kelishingga suzamiz! Yig‘ishtir endi ishingni, Sardor!
– Do‘stim, ikki kun oldin biznikida o‘tirgandik-ku! Shartmikan men borishim? Ishdaman…
– Ish-ish deb, bizni unutib yuborarkansan-da?! Bolalar xafa bo‘lamiz deyishyapti, kelmasang. Balandga ko‘tarilib, bizni unutvoribdi, deb o‘ylashadi. Bugun tug‘ilgan kunimliginiyam unutvoribsan!
– Uzr, do‘stim yodimdan ko‘tarilibdi, boraman!
Jo‘raboshimiz Ma’mur o‘zi shunaqa, nima deb bo‘lsa ham kelmaganga qo‘ymaydi. Borishdan boshqa iloj topolmay, ishlarimni bir chetga yig‘ishtirdim-da, formamni alishtirgani uyga ham o‘tmay, xizmat kiyimimda to‘g‘ri choyxonaga bordim. Do‘kondan yo‘l-yo‘lakay do‘stimga sovg‘a ham oldim. Maqsad biroz ular bilan o‘tirib, barvaqtroq uyga ketish edi.
– Iya, iya ! Keling, keling, komandir! – deya kutib oldi jo‘raboshi quchoq ochib. Davradagilarning deyarli barchasi sarxush edi.
– Suzavering oshni, aka! Glavniy insonimiz keldi! – dedi Ma’mur xush kayfiyatda choyxonachiga ishora qilib.
– Endi, Sardorboy, bir ish qilamiz! – jo‘raboshi stol ustidagi aroqlardan birini olib qadahga yarimlatib quyib menga uzatdi. – Mana shuni olmasang, do‘stligimiz haqqi xafa bo‘laman! Aroq ichmasligingni bilaman. Ammo boya yigitlarga maqtanib qo‘yuvdim, Sardor men bilan bugun albatta ichadi, deb. Buning alohida sababi ham bor: bugun tug‘ilgan kunim!
Davradagi boshqa yigitlar ham bir ovozdan g‘ala-g‘ovur qilishdi.
«Olaqol, Sardor!», «Ol endi, Sarik!» «Bitta olsang, hech narsa qilmaydi» « Otaboshini qo‘lini qaytarma»
– Yigitlar! Bir daqiqa!
Baland ovozimdan jimlik cho‘kdi. Men Ma’murning qo‘lidagi qadahni olib yonimdagi sharbat solingan stakan bilan alishtirdim.
– Ma’murjon! Avvalo tug‘ilgan kuning bilan chin dildan tabriklayman, do‘stim! Eng yaxshi tilaklar hamrohing bo‘lsin! Mana bunisiga uzr,– deya aroq quyilgan qadahni bir qo‘lim bilan yopib, sharbat to‘la stakanni qo‘lga oldim.
– Yo‘q! Bunaqasi ketmaydi! Ol anuni, Sardor, erkaksan-ku!
Ma’murning oxirgi so‘zlari qattiq tekkan bo‘lsa-da, tishimni tishimga qo‘yib chidadim.
– Qo‘y, do‘stim, yaxshi kunlarda asabbuzarlik bo‘lmasin, yarashmaydi. Men aytadiganimni aytdim.
– Nima endi, hurmatim bir tiyinmi oldingda?!
– Meni azaldan bu narsaga hushim yo‘qligini bilasizlar, buning ustiga ustimdagi bu kiyimda ichishim haqida umuman gap bo‘lishi ham mumkin emas. Yana shuni bilingki, hurmat aroq bilan o‘lchanganda, dunyodagi barcha aroqxo‘rlar hurmatli zot bo‘lib ketardi.
– Nimangga aqllilik qilayapsan?! Bir oddiy bola eding-ku, dono bo‘p qopsan! Formang nima, o‘zing kim? Kimsan o‘zing? Ayt, kimsan? – qizishib haqorat qildi Ma’mur baqirib. Yana sabrga yuz burdim, indamay choyxonani tark etdim.
Davradagilardan ba’zilari meni tushundi, ba’zilar harakatimni oqlamadi. Kayfiyatim buzilgan bo‘lsa-da, g‘olibona shukuh bilan uyga qaytdim. Yo‘l bo‘ylab borar ekanman, Ma’murning oxirgi so‘zlari qulog‘im ostida jarangladi: «Kimsan o‘zing? Ayt, kimsan?» Menda bunga javob tayyor edi: Men – ofitserman! Ha, men ofitser!..
* * *
Ichki ishlar boshqarmasining tergov bo‘limida tergovchi vazifasida faoliyat olib borish barobarida juda ko‘p voqealarga guvoh bo‘ldim. Bilganlarimni qonun-qoida va mavjud nizomlarga tayangan holda o‘z kuchim bilan, bilmaganlarimni ustoz-murabbiylar ko‘magida bajarib bordim. Bo‘lim men uchun qisqa fursatda katta maktab vazifasini o‘tadi. Qonun buzilish holatlari yuzasidan turli xildagi jinoyatchilar bilan suhbatlashish, ularni so‘roq qilib, haqiqatni yuzaga chiqarish va nihoyat adolatli ayblov xulosasini sudga taqdim etishni o‘z burchim, xolis vazifam, deb bildim.
Shunday jinoyatchilar ham bo‘larkanki, ularni jamiyatdan siqib chiqarib, o‘z vaqtida jazolanmasa, tup qo‘yib, palak yozib bolalab ketaverar ekan. Bu toifalar jamiyatdagi sog‘lom muhitni zaharlashi, falokat keltirishi aniq. Shulardan ba’zilari menga ham uchradi. 1983 yilda tug‘ilgan Shuhrat Sagdiyev ismli shaxsni tergov qilish zimmamga yuklatildi. U uzoq vaqt mobaynida geroin oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib, ichki ishlar idoralari xodimlariga chap berib yurgan. Buzoqning yugurgani qayga ham borardi? Ko‘za kunida singani kabi, u katta miqdordagi qoradorini xaridorga pullayotgan paytda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan birga qo‘lga olinadi. Bundan tashqari uning shaxsiy avtomashinasi xolislar ishtirokida tekshirilganida yana bir kilogrammdan ortiq opiy giyohvandlik vositasi va yirik miqdordagi AQSh dollari, shuningdek bir qancha tilla taqinchoqlar topiladi. Jinoyatchi aniq, guvohlar yetarli, ashyoviy dalillar keragidan ortiq. Ammo aybdor tergov jarayonida hech narsani bilmasligini aytib, savollarga javob berishdan bosh tortardi. U nimanidir kutayotgani aniq edi. Lekin nimani?.. Ertasi kuni u kutayotgan najotkor menga ro‘para bo‘ldi: elliklardan oshgan, barvasta kelbatli, qorachadan kelgan, mo‘ylovli kishi ishdan keyin o‘n daqiqa vaqtimni olishini aytib, gaplashib olishimizni iltimos qildi. Insoniylik burchim yuzasidan suhbatga rozi bo‘ldim. Ishxonadan chiqishimga u qimmatbaho “inomarka” mashinasida kutib olib, qo‘yarda qo‘ymay o‘tirishga undadi. Mashina shaharning eng ko‘rkam restoranlaridan birining ro‘parasida to‘xtadi. Biz uchun avvaldan tayyorlab qo‘yilgan shinam, tinch, alohida xonaga kirib o‘tirdik. Avvaliga kishining maqsadga ko‘chishi qiyin bo‘ldi. Keyin esa bildimki, u Shuhrat Sagdiyevning otasi ekan.
– Endi, uka, o‘g‘iltoy bir yoshlik qilibdi. Biznes qilaman, degan-da, o‘zicha. Menam bilmay qolibman. O‘zi bunga nima yetishmaydi, bilmayman. Uylab qo‘yib ham tinchimadim. O‘zi yomon bolamas, nazarimda yomon odamlarga qo‘shilib qolgan ko‘rinadi. Xullas, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, shu o‘rtog‘ingizni qo‘llab yuborsangiz. Yosh umri xazon bo‘lmasin, bittayu bitta o‘g‘lim bor o‘zi.
– Aka, buni yoshlik deb bo‘lmaydi. O‘g‘lingiz yirik jinoyat sodir etgan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra u ko‘pdan beri bu ish bilan shug‘ullanarkan, nahotki xabaringiz bo‘lmasa? – dedim uning so‘zlariga javoban.

1212111212121212– Ha endi, bo‘lar ish bo‘ldi. Ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q-ku! Yordamlashib yuborsangiz qiyomatli aka-uka bo‘lib qolamiz, qo‘lim ko‘p joyga yetadi, uka. Xarajatidan qochgan nomard, og‘zingizga siqqanicha aytavering, tortinmang.
Uning loqaydlik bilan, bamaylaxotir aytayotgan gaplari ich-yetimni tirnab yubordi. Dardu dunyosi puldan iborat bu ota o‘z o‘g‘lining taqdiri ustida qayg‘uryapti, lekin boshqalarni ham o‘ylaganda o‘g‘lining bunday nopok ishga qo‘l urishiga qarab turarmidi? Zurriyodi o‘z manfaati yo‘lida necha-necha oilalarni, qanchadan-qancha insonlarni «qora ajal» bilan zaharladi. Shularni o‘ylar ekanman, bu kimsa bilan suhbatlashishga rozi bo‘lib bekor qilganimni sezdim, u bilan bir stolda o‘tirganimdan ijirg‘anib ketdim.
– Vijdon sotilmaydi, aka, agar u bor bo‘lsa, – dedim uning ko‘zlariga tikilib. Chunki qarshimdagi inson va uning o‘g‘li kabilar vijdonsizligi bilan birga o‘zligini pulga sotgan, manfaati yo‘lida hech narsadan tap tortmaydiganlar xilidanligi aniq edi. Ota shunchalik o‘ziga ishonch bilan o‘tirardiki, go‘yoki o‘g‘li jinoyat emas, qahramonlik sodir etgan-u, hozir men uni mukofotlashim kerakdek. –Vaqtimni olmang, iltimos, men ketaqolay. Aybdor jazolanishi tayin, harakatlaringiz foyda bermaydi. Ertaga shu ish yuzasidan sizni ham tergov qilishim kerak. Otasiz, bilgan bo‘lishingiz kerak o‘g‘lingizning xatti-harakatlari xususida.
– Bo‘lmagan gaplarni qo‘ysangiz-chi, ayting dardingizni. Ko‘kida qancha beray, ellik ming, yuz ming, ikki yuz ming, balki undan ham ko‘proqdir? Aytavering, tortinmang, men hammasiga tayyorman. Qancha bersam o‘sha sotilmas vijdoningiz orom oladi, uka?
Uning bamaylaxotir muomalasi g‘ashimga tegdi. Go‘yoki u berilajak porani oshirib borsa, masala hal bo‘ladigandek, o‘zimni sotib olish mumkin bo‘lgan bir buyumdek his qildim.
– Aslida axloqsiz farzandlar uchun siz kabi otalarni jazolash kerak. Farzandiga tarbiya berolmaslik huquqbuzarlik bo‘lsa, mansabdor shaxsga pora taklif etish esa, jinoyat agar bilsangiz. Qilmishingiz uchun o‘g‘lingizga qo‘shib sizni ham sud hukmiga topshirsam, o‘shanda vijdonim orom oladi, aka, tushundingizmi, – dedim shahd bilan va o‘rnimdan turib, restoranni tark etish uchun eshik tomon yurdim.
– Menga qara maraz, – xirilladi ortimdan haligi kishi. – Istasam bir kunda xonumoning bilan yo‘q qilib yuboraman. Izzatini bilmagan odam ekansan, nega buncha katta ketasan, kimsan o‘zing, nimangga bunchalik ishonayapsan, ahmoq?biznesssssssss3
Qo‘llarim musht bo‘lib tugilib, ortga o‘grildim. U tomon ikki qadam tashlab, stolga mushtimni tiradim:
– Senga o‘xshagan palidlarning qo‘lidan har narsa kelishini bilaman, haromni ham, gunohni ham bilmaysanlar. Lekin men adolat himoyachisiman, avvalo qalbimda imon, ortimda pokiza xalqim va metindek baquvvat qonun turibdi. Men avvalo o‘zimga va ana o‘sha qonunlarga ishonaman, jamiyatda sen kabilarga o‘rin yo‘q! Kimligimga kelsak, men sen kabi tuzalmas kasallarni jamiyatdan yulqib tashlovchi shifokorman, senlarga qarshi kurashda haqiqatni qaror toptirish uchun o‘sha xonumonimni, kerak bo‘lsa jonimni fido qilishga tayyor OFITsERMAN !
Shundan so‘ng ortiqcha gapga o‘rin qoldirmay bu yerni tark etdim. Keyingi tergov-surishtiruv ishlari natijasida aniqlandiki, ayblanuvchi Shuhrat Sagdiyev bir nechta hamtovoqlari bilan otasining ko‘magida uyushgan holda qoradori oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan ekan. Bunga javoban odil sud o‘z xukmini aytdi.
«KICHKINA QAROQCHI»
Ichki ishlar cohasi, ayniqcha izquvarlik kasbi o‘zining siru sinoatlari bilan ohanrabodek meni o‘ziga tortardi. Kursantlik paytimda ham huquqiy mavzudagi, detektiv yo‘nalishlardagi asarlarni o‘qish jonu dilim edi. Detektiv dunyosi boshidanoq meni o‘ziga rom etib kelgani bois, tezroq o‘qishni bitirsamu, xizmat faoliyatimni boshlasam, degan niyat menga hech tinchlik bermasdi. O‘qishning so‘nggi bosqichlarida boshqa safdoshlarim qatori Ichki ishlar boshqarmasida amaliyot o‘tay boshladim. O‘sha paytda izquvarlikda o‘zimni sinab ko‘rishda tasodifiy tarzda menda birinchi imkoniyat paydo bo‘lgani va bu bilan bog‘liq voqea hech xotiramdan chiqmaydi.

(davomi bor…)

Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ

Davomi 05.04.2014 qo’shildi:     Izquvarning kundaligidan(davomi): Birinchi ish

2 ta fikr

  1. davomini tashlavoring

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter