Xalqaro jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari qatori mamlakatimizni ham “O‘zbekiston – jurnalistlar uchun eng havfli mamlakatlar sirasidagi davlat”, deya e’lon qildi o‘z hisobotida. Human Rights Watch (Hyuman raytz votch) huquq tashkiloti esa 2014 yil yanvar oyi oxirida tayyorlab, chop etgan chiqishida O‘zbekistonda jurnalist erkin fikr bildira olmasligi, mustaqil jurnalistlar yo‘qligi, siyosiy mahbuslar orasida shu soha xodimlarining ham mavjudligi va inson huquqlari himoyasi qoniqarli darajada emasligini keltirib o‘tdi.
Assalomu-alaykum!
Chet el matbuotining o‘zbek xizmati xodimlari ya’ni Siz tomoningizdan tayyorlanib, e’lon qilingan ushbu ma’lumotlarning xolislik darajasi shubha ostimda bo‘lgani uchun ham, “suyunchilab” keltirgan sharhlaringizga to‘xtalib o‘tirmayman.
Payti keldi. Bor narsani aytadigan payt keldi. Men ham jurnalistman. Tom ma’nodagi mustaqil jurnalist! Ehtimol, hali yosh va tajribasizdirman, fikrlarim qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi xususida ham bahslashgim yo‘q. Ammo bu MENING SHAXSIY FIKRIM! MUSTAQIL FIKRIM! HURMAT QILING!..
Bugun nafaqat men, balki mamlakatimizdagi barcha jurnalistlarning ham o‘z erkin fikri bor, pozitsiyasi mustaqil! Mustaqil mamlakat jurnalisti qanday qilib mustaqil bo‘lmasligi mumkin? U erkin fuqarolik jamiyatining o‘z oldiga avvaldan belgilab olgan ulug‘ maqsadi tomon tobora ilgarilamoqda. Mustaqil gazetalarimizni kuzating, davlat telekanallarimizda e’lon qilib borilayotgan, jamiyatimizda mavjud muammolar ayovsiz ochib berilib, chora izlanayotgan ko‘rsatuvlarni ko‘ring, vertual tarmoq orqali muttasil e’lon qilib borilayotgan yosh o‘zbek jurnalistlari va bloggerlarining oshkora-demokratik fikrlarini o‘qing!
“O‘zbekistonda siyosiy mahbuslar bor”mi? Yo‘q! Qonunlarimizda bunday band umuman mavjud emas. Faqat tinchlikka rahna, jamiyatga tahdid soluvchi, milliy xavfsizlikni izdan chiqarish harakatlariga qarshi qaratilgan kodekslar bor. Qonun siyosatimizning asosi ekan, qanday qilib bizda siyosiy mahbuslar bo‘lsin?!
Haqiqatdan ham ayrim qalami o‘tkir jurnalist mutaxassislarning jazo muddatini o‘tayotgani xususida ham tortishmayman. Ha, ular qaysidir noxolis harakati va jamiyatga xavfli deb topilgani uchun ham sudlanib, qayta tarbiyalanmoqda. Bir vaqtlardagidek sud qarorisiz, aybi tasdiqlanmay qamoqda saqlanayotgani, “quloq” qilinayotgani yo‘q-ku! O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida qayerda edingiz? Nega xolis bo‘lolmaysiz?
To‘g‘ri, jamiyatda kamchiliklar yetarlicha. Ularga imkon qadar barham berilib, muttasil kurashilmoqda. Bu kurashda esa jurnalistning ishtiroki unchalik ko‘rinmayotgani ham rost. Qonunlarimizda senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Amalda ham huddi shu prinsp. Ammo aksar OAV rahbarlari va jurnalistlar o‘z-o‘ziga tabu qo‘yib olgan: loqaydlik, qalamiga, o‘z fikriga ishonchsizlik, shundoq ham kuni o‘tayotganidan egoistik shukr bilan chegaralanish va hokazo. Asl muammo shunda.
Ha, bizda siyosat kir. Jamiyatdagi ayrim shaxslarning bir-biriga bo‘layotgan munosabati va ular o‘rtasidagi o‘zaro siyosat poklanishga muhtoj. Himmat, andisha, oqibat, kabi aslida go‘zal tuyg‘ularimizning mohiyati o‘zgarib, poraxo‘rlik, huquqbuzarliklarni ko‘rib ko‘rmaganga olish va bunda jinoyatlarga zamin hozirlab berish holatlari uchramoqda. Yoshlar orasida esa muhabbat, vafo, ishonch tushunchalarini noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida “ommaviy madaniyat” kasofati, terrorizm va diniy ekstremizm muammolari o‘z aktualligini yo‘qotmayapti. Biz jurnalistlarning aksarimiz esa qarsakbozlikdan boshqa zarurroq vazifalarimiz ham borligini his qilmayapmiz. Aytmoqchimanki, odamlar orasida huquqiy savodxonlik yetishmasligi barobarida shaxslararo munosabatlar siyosatining kirligini davlat siyosati bilan adashtirmang. Xolis bo‘ling, jahon “demokratiya kuychilari” o‘zbek xizmati sifatida jamiyatimizdagi muammolarni ayovsiz tanqid ostiga olsangiz ham maqsad va manfaatlaringiz uyg‘unligi davlatimiz siyosatini yomonlash bo‘lib qolmasin.
(Shu o‘rinda o‘zbek jurnalistlariga murojaat: xo‘sh, nimadan qo‘rqish mumkin? Qalamingga ishonsang, ko‘ngling toza va qarashlaring har qanday manfaatlardan holi bo‘lsa, kasb mas’uliyati, vijdon oromi uchun ham yoz!.. Nega xalqimiz axborot haqiqatlarini alvon rangga bo‘yalgan holda chet el matbuotidan topishi kerak?!. Chunki, sen yozmayapsan!.. To‘rt yoki olti yil nimaga o‘qiding unda? “Boshga tushganini ko‘z ko‘radi” – mard bo‘l: asosli haqiqatlarni yoza olishda o‘zingda kuch top. “O‘lib ketadigan dunyodan eng yaxshi narsalarnigina ol, asosiysi yaxshi yashash va moddiyat”, deya faqat o‘z tinchini, buguninigina o‘ylaydigan sayoz yevropacha aqidalarni unut! Dunyoga sog‘lom nigoh bilan boq, ziyo ulash, fikrlaringni ayta ol, toki qachondir o‘lasan, toki o‘shanda bu mardliging senga gunohkor bandaliging maqomi oldida najot keltiradi. Umr yakuniga yetsa, moddiyat hech qachon armon bo‘lmaydi. O‘zlikni anglamay ketish, qalb ko‘zlarining so‘qir qolishi esa chinakam mag‘lubiyat.
Bunda davlat rahbarining “Shuni yozsam, o‘zimga dushman topaman, deb o‘ylaydigan jurnalistlarga “Boshqa ish topinglar”, degan bo‘lardim” deya bir ma’ruzasida aytgan so‘zlari haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rishning o‘zi kifoya).
Mamlakatimizda faqat biror muammo chiqsagina ko‘rasiz. “Pashshadan fil”, “Tirnoq ichidan kir” – sizning prinsplaringizmi bu? Maqsad nima o‘zi? Bo‘shatib beraylikmi yo Vatanni?..
Chindan ham xolis bo‘lsangiz, kamchiliklarimiz bilan birga yutuqlarimizni ham e’tirof eting. Xo‘sh aytingchi, 1991 yil bilan 2011 yilni yoki birgina 2012 yil bilan 2013 yil O‘zbekiston sharoitini, aholining yashash tarzini taqqoslab bo‘ladimi? Iqtisodiy o‘sish yoki inqiroz statistikasini prognozlab bering-chi?! Bunga juda ustasiz-ku!
Juda sekin bo‘lsa-da, bir yilda atigi yarim qadamdan tashlayotgan bo‘lsak-da, asos mustahkam, manzil tobora yaqinlashmoqda. Aqli raso dunyo iqtisodchiyu siyosatshunoslari mamlakatimiz sharoitida “o‘zbek modeli”ning naqadar to‘g‘ri va ishonchli tanlov ekanligini allaqachon e’tirof etgan. Nega siz ko‘z yumasiz?
Inson yashar ekan, o‘zaro muammolar albatta bo‘ladi. Kamchiliksiz jamiyat yo‘q. Faqat mukammallik tomon intilish bor va ana shu intilishning o‘zi ko‘p narsani belgilaydi. Biz o‘zbeklar o‘sha intilish yo‘lidamiz!
Aslida aytmoqchi bo‘lgan gaplarim ko‘p. Ammo jurnalistning xolislik prinspiga tayangan holda Sizlar kabi chegaradan chiqqim, hissiyotga berilgim kelmayapti. Mayli, yozayotganlaringizni to‘g‘ri tushunaman va hurmat qilaman. Sizlar ham o‘z ishingizni qilayapsiz. Xolislikni hisobga olmaganda, jurnalistikaning barcha talablari faoliyatingizda mujassamligi ham e’tirofga loyiq. “Axborotni manfaatdor baholashni to‘xtating”, deganim befoydaligini bilaman. Mayli, davom etavering, biz ham yo‘ldamiz. Kimning ketuvi to‘g‘ri ekanligini hayotning, vaqtning o‘zi ko‘rsatadi.
IDROK.UZ asosan yosh o‘zbek jurnalistlarining xolis nuqtai nazarini ifodalovchi, O‘zbekiston ichida faoliyat olib borayotgan(!), mustaqil, demokratik sayt. Agar maqolani shu saytdan o‘qiyotgan bo‘lsangiz, demak o‘zbek “to‘rtinchi hokimiyat”i to‘g‘risidagi umumiy fikrlaringiz puch ekan.
Salomat bo‘ling.
Alisher ABDUMALIKXON, mustaqil jurnalist. Mustaqil elektron OAV “IDROK.UZ” uchun maxsus.
Javob berildi.
«Масад нима ўзи? Бўшатиб берайликми ё Ватанни?…» Ука Сиз олий маълумотли «мустақил» журналист экансиз. Ҳис ҳаяжонга берилиб калтафикрлик қилмай сал пастроқ тушинг. Анча ўқимишли болага ўхшайсизу лекин уқимишли эмас. Мен мухолифат ҳам, сиёсатчи ҳам, диндор ҳам ва ўзингиз айтмоқчи террорист ҳам эмасман. Оддий шу мўъжаз Ватанни бир дарвеш шоириман. Агар бу фикримни муболағага йўймасангиз дунёда Ватанини шоирчалик бор вужуди билан севадиган одам бўлмаса керак деган бўлардим. Тўғри мухолифатман деганларни ичида чаласавод аламзадалари анчагина. Нима бўлганда ҳам шу Сиз яшаётган Ватан уларни ҳам Ватани. Балки улар Ватанини сизданданда кўпроқ яхши кўрар. Сизга бир маслаҳатим шуки ақлингизни таниган кунингздан то шу кунларгача бўлган вокеа ходисаларни оддий деҳқон кўзи билан таҳлил қилиб кўринг. Ишончим комилки бор ҳақиқатни чин мустақил журналистик нуқтаи назардан ёритсангиз икки ҳолатдан бири рўй беради: яъни ё сизга ҳам сиёсий махбус ёрлиғини ёпиштиришади ёки Ўзингиз ҳоҳлаётгандек Ватанни бўшатиб қўясиз. Биламан бу ёзганларимни Сиздан бошқа ҳеч ким ўқимайди лекин шуни ўзи етарли. Ушбу фикрлардан тўғри ҳулоса чиқарсангиз битта савоб иш кўпаяди.
Ёзаётган, фикр билдираётган шахс этика қоидаси бузмай, фаросат чегараларини топтамаса ҳар қандай қараш чоп этилади. Ҳиссиётга берилиш ва ёки калтафахмликни «улар» ёзганларларидан қидирсангизлар тўғри бўларди. Улар на бугунги дунё сиёсатини ва на динни яхши англамай туриб, жазавага тушмоқдалар.
Жаҳолатга қарши фақат маърифат билан курашиш, қалам билан жиҳот қилишни ИДРОК мақсад қилди. ИДРОК ҳеч бир гуруҳ ёки мафкуранинг идеалогияси тарафдори эмас, бундан зиғирча манфаатдор ҳам эмас. Ният ва фикрни айта олиш, Сўз эркинлигининг ўзи кўп нарсани ҳал қилади. Шукр ва фикр керак, эй ақл эгалари. Сўзларимизнинг қанчалик самимийлиги, савоби бор йўқлигини Ўзи ҳал қилади. Буёғи Аллоҳга таваккал.
Uydagi muammolar ko’chaga ovoza bo’lsa osha oilaning mavqei mahalla oldida pasayib ketadi. Muammolarni chetdan turib dunyoga jar solgan bilan hal qilib bo’lmaydi. Agar shu yurt va uning kelajagi uchun chindan qayguradigan inson bolsa unga keng maydonni keragi ham yoq. Muammoni chetdagilar emas,ichkaridagilar hal qilishi kerak.
«Agar maqolani shu saytdan o‘qiyotgan bo‘lsangiz, demak o‘zbek “to‘rtinchi hokimiyat”i to‘g‘risidagi umumiy fikrlaringiz puch ekan.»
XON shu fikringizni qöllab quvvatlayman!
Siz izohlarga uncha bosh qotirmang, agar ular «quda»larning «jarlik»dan yo’llayotgan jarlarini eshitishganda, balki bunaqa fikrlar bildirmasdi.
Ikkinchi, qarash balki, aynan shular «jarchilar»dir…
🙂