Vaqtli matbuotda bir paytning o‘zida ikkita yangi maqola bosilib chiqsa, biri “Kecha va kunduz asarining kunduz qismi topildi” ikkinchisi “Usmonova Pugachevaning sochini yuldi(mi)?!” sarlavhali bo‘lsa, qaysi birini mushtariy ko‘proq o‘qiydi?.. Albatta, ikkinchisini! Aslida, ikkinchi xabar matbuotning o‘zini piar qilish uchun bo‘rttirib ko‘rsatgan, yolg‘on ma’lumoti bo‘lishi ehtimoli ko‘proq. Birinchisida esa aniq qilib, “topildi”, deya yozilgan. Va bunda haqiqat bilan bir qatorda xalqning katta yutug‘i haqida ham gap ketayapti. Lekin aksar odamlarga bu yutuqning qizig‘i yo‘q. “Kecha va kunduz” nima o‘zi, Cho‘lpon kim edi, deydiganlar ham topiladi hatto, ishoning.
Hech e’tibor berganmisiz, ruhiyatga ta’siri kuchli, hazmi biroz og‘ir filmlardan ko‘ra tomoshabin komediyalarni xush ko‘radi. Chunki, ko‘pchilik uchun ong mehnati jismoniy harakatdan ham qiyin jarayon. Unday emasligini bilsakda, hayotni faqat qizil ranglardan iborat to‘kis zavq, deya tasavvur qilish qulayroq hammamizga ham. Ko‘tarinki kayfiyatlar mujassam voqealar muhokamasi ham o‘zgacha zavq bilan kechadi, g‘iybati boshqacha. Chunki odamlarga shou kerak! “Vahaha-hahaha” kerak ko‘proq!..
“Hayotning o‘zi g‘irt tashvish bo‘lsa, bir oz ko‘ngilxushlik qilib, kayfiyatni ham ko‘tarish kerak-ku”, deya ko‘pchilik, fikr yurgizish kerak bo‘lgan muammoli manzaralardan o‘zini olib qochadi. Aslida esa, hayotdagi tashvishlar biror masala ustida o‘z vaqtida ko‘proq o‘ylab ko‘rilmaganidan, o‘sha ko‘ngilxushliklarning ko‘payib ketgani sabab kelmasmikin? Pissimizm deb tushunmang, bu ham shunchaki bir fikr.
Bulardan farqli yana bir toifa ham borki, fojeadan ham shou izlaydi. Kimningdir oyoqosti qilib kaltaklanishi, qabih usullar bilan zo‘rlanishi yoki vahshiyona o‘ldirilishini “yangilik” qilib, ko‘rganda hayratda zavqlanish uchun messenjer tarmoqlar orqali bir-birimizga yuborish odat tusida kirgan. Bunday sahnalarni ko‘zlar ko‘raverib, qondan qo‘rqadigan, zulmdan seskanadigan odam ham qolmadi.
“O‘zbekchalaridan yo‘qmi, og‘aynilar”, deb so‘rashadi ko‘pincha. Nimani o‘zbekchasi? Shounimi? Ha, biznikilar ham chetnikidan qolishmay, “ko‘rsa-ko‘rishli” ko‘rgiliklarni o‘ylab topishayapti yoki qanday qilibdir “oltin lahza”larni syomka qilishga ulgurishayapti. “Ko‘rishga arzigulik o‘zbekchalari” ko‘payib ketayapti hozir. Odamlarga shou kerak. O‘z talablarini o‘zlari yaxshi bilganlari uchun takliflar ham o‘zlaridan chiqayapti. Buyog‘i endi “xalqniki xalqqa” degandek…
Mashinaning gaz baloni portlab hammayoq qip-qizil, tomoshatalablarning esa go‘yo hammasi reportyor – telefon kameralari “yangilik”ni muhrlashga kirishgan…
Xizmat “rezultat”iga chiqqan mas’ul xodim jinoiy jarayonlarda ulfatlariga “vatsap rezultati” uchun ham lavha tayyorlab, ikki tomonlama foydali ish qilayapti…
Asrlar davomida xonadon ichida saqlangan oilaviy harir munosabatlarning “qoilmaqom shpionlik” yoki “ichdagi ilonlar”ning ahmoqligi evaziga ikki soat ichida butun mamlakatga tarqalayotganiga nima deysiz?..
«Ha, bularning bari shou va shu qatorda hammasi ham hayotimizda sodir bo‘layotgan haqiqatlar-ku! Sarlavhadagi savol nimaga», deyishga shoshilmang. Bugun odamlar axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini istalgancha va istalgan uslubda qondirishlari mumkin. Ammo demokratik sharoitlarda hamma narsa inson manfaatlariga xizmat qilarkan deya, faqat o‘z havoyi qiziqish va ehtiyojlarimiz uchun andisha, mehr-oqibat, or-nomus, boshqalarga hurmat, nafsoniyat kabi e’tiqod chegaralarimizni ham toptab tashlasak, haqiqatdagi adolat qani bu yerda? Milliy demokratiya deganimiz, shunchaki gapmi?
Davrada ma’ruzachi “ommaviy madaniyat” haqida so‘z ochib, yig‘ilganlardan bu haqida tushunchalarini so‘rabdi. Shunda bir odam o‘rnidan turib, “Ommaviy degani hammaga tegishli, xalqona degan ma’nolarni berishini ham, madaniyatning nima ekanligini ham, hammamiz bilamiz. Demak biror-bir yaxshi, zamonaviy odatning boshlanishidir-da, bu «ommaviy madaniyat» deganlari”, deya izohlabdi javobini.
Qoyil! Fohisha kabi ko‘pchilikka birdek xizmati sinayotgan bu madaniyat haqida kap-katta odamlarimizningda tushunchasi shu darajada ekan, jiddiy masalalarda fikrlash nimaga kerak?! Bizni komediyalar kutmoqda. Ko‘ngilxushliklar oldinda…
Alisher ABDUMALIKXON,
IDROK.UZ uchun maxsus.