O'tkazib yubormang

Hurmat saqlang, janoblar!

Liberal demokratik partiya yo‘lboshchisi Vladimir Jirinovskiy 23-fevral Rossiya armiyasi va floti kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida Ukraina voqealariga xulosa berarkan, O‘rta Osiyoni Federatsiya hududiga qo‘shib olish taklifini ilgari surdi.

1234«Masala haqida Vashington va Moskvada bir to‘xtamga kelib olish payti keldi. Bizning ta’sir doiramiz yo‘nalishlari janubda Turkiya, Eron va Afg‘oniston», deya fikr bildirgan Jirinovskiy Pushkin maydonida yig‘ilganlarga «O‘rta Osiyo federal okrugi»ni tuzish tarafdori ekanligini ta’kidladi.

Ayrim o‘rinlarda bugungi zamonaviy dunyo siyosatiga mutloqo zid va konservativ fikrlari bilan nafaqat boshqa mamlakatlar, Rossiyaning o‘zida ham ko‘plab davlat arboblari va ko‘zga ko‘rinarli shaxslarning ham noroziligini tan olmaydigan bu qiziqqon siyosatchi, yana o‘ylab o‘tirmay fikr bayonladi. Nima deyishga ham hayronsan, dunyo qayoqqa ketmoqda, Jirinovskiy qayoqqa?.. U o‘z g‘oyasini ilgari surar ekan, postsovet mamlakatlari tarkibida Yevroittifoq kabi har tomonlama teng huquqli integratsiyalashgan davlatlar birlashmasini emas, balki «Markaziy shahri Almata bo‘lgan O‘rta Osiyo federal okrugi»ni tuzish haqida doimgidek o‘z fe’l-atvoriga mos asabiy va ishonch bilan so‘zladi.

Nega alqaganimiz dunyo demokratiya qoidasi olti milliard inson ko‘z o‘ngidagi yuqori mavqega ega zotlardan oddiygina etika qoidalarini, o‘zaro hurmat va haqoratdan tiyilish siyosatini ham talab qilmaydi-a?
Zodagonlar partiyasi yetakchisining umummaqsadlari negizi «idrok.uz»ga tarixni, Fon Kaufman qarashlari va Gitler g‘oyalarini eslatgandek bo‘ladi.

55555Qadirli rus xalqi mantiqda benazir. Shukrki, har qancha urinmasin bu shaxs hokimiyat tepasiga kela olmayapti. Aks holda aqldan jahlni, odamiylikdan kibrni ustun qo‘yadigan, kerak bo‘lsa «taqirboshlar»ga ham siyosiy huquq berishdan toymaydigan Jirinovskiy janoblari oliy maqsadiga yetsa, nara tortayotgan «dohiyona fikr»larini amalga oshirishga harakat qilar va oqibatda ulug‘ rus xalqining ming yillarga teng zalvorli obro‘sini jahon ko‘z o‘ngida qisqa muddatda to‘kib tashlagan bo‘lardi.
Olti yil avval bu qaynoqqon janob shaxsan O‘zbekiston va uning hukumati sha’niga ham tahqirli so‘zlarni aytgandi. Biz tomonimizdan bunga munosabat bildirilmadi, parvoga ham ilmadik. Ammo Markaziy Osiyo haqida gap ketar ekan, bu naralarni endi jim qabul qilgimiz kelmadi.
O‘zbekiston o‘z suverenitetini saqlagan holda, hech bir davlat yoki imperiyaga imtiyoz taqdim etmay, mutloq teng huquqqa asoslangan iqtisodiy-siyosiy munosabatlardagina mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi. Biz o‘zimiz tanlagan eng to‘g‘ri yo‘ldamiz. Yildan yilga bu yo‘limiz ravonlashib, marralar soni tobora ortib bormoqda. Chalg‘ish va sayoz g‘oyalar bilan shug‘ullanishga esa vaqt yo‘q.
Gavhar tosh bilan urishmaydi. Lekin andishaning oti qo‘rqoq ham emas. Bugunda Markaziy Osiyo va jahon hamjamiyatida mustahkam o‘rin egallashga ulgirgan O‘zbekiston va mustaqil OAV sifatida «idrok.uz» nafaqat janob Jirinovskiy, barcha dunyo arboblaridan ham O‘zbekistonga har bir bildirilayotgan nuqtai-nazarda hurmat saqlanishini talab qiladi. Umumbashar manfaatlari yerga urilgan va yaxlit bir xalq nafsoniyatiga tegilganida xalqaro darajada raddiya berish, persona non grata e’lon qilishimiz ham mumkin. Ammo, mayli biz hissiyotga berilmaymiz. Buyuk marra, oliy maqsadlar yo‘lida to‘g‘rimi-noto‘g‘ri fikr, e’tirofu e’tiroz hamda chalg‘itishga urinishlar bo‘laveradi. Biz esa xulosa o‘rnida xalq maqolini ikki misra she’rga solamiz:

Yulduzlarni urib tashlashda kerak bo‘lmay qolsa narvoning,

Alam qilar ekanda faqat, itlar aro qolsa, karvoning.

Hurmat saqlang, janoblar!..

Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ.

4 ta fikr

  1. zafar mirzaliyev

    Kuchuk birla xo’tukni qancha qilma tarbiyat, It bo’lur dag’i eshak, aslo bo’lmas odami. Hazrat Navoiy haq gapni aytgan ekanda… Asosiysi, o’z tanlagan yo’limizdan og’ishmaslikdir. Axir jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish payti kelganini muxtaram Prezidentimiz doim ta’kidlab keladiku. Mayli, har qanday it ham hurib-hurib bir kun charchaydi. Biz, ahli O’zbekiston, bu hurishdan qo’rqmasak bo’ldi.

  2. It xurayveradi, karvon o’taveradi degan ekan ota bobolarimiz va bu ibora Jirinovskiy misolida naqadar haqiqat ekanligini ko’rishimiz mumkin…Nima ham derdik, jamiyatga shunday insonlar ham kerak, ularni harakatlari ba’zida o’zligimizni anglashda turtki bo’ladi…

  3. bu inson azaldan O’rta Osiyo xalqlarini yomon ko’rgan, odam o’rnida ko’rmagan ekan. agar davlat tepasiga shunday insonlar chiqsa, menimcha jamiyatda parokandalik vujudga keladi.

  4. Bir-ikkita sassiq gapi bilan biror nima o’zgarib qolmaydi!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter