O'tkazib yubormang

SINOV

Bahrom yoshligidan aqlli bola bo‘lib ulg‘aydi. U huquq sohasiga qiziqar, sud ishi bilan bog‘liq kinolarni miriqib tomosha qilardi. Maktabni a’lo baholar bilan tugatgach, oliy o‘quv yurtiga imtihon topshirish maqsadida poytaxtga yo‘l oldi. Kirish anchagina qiyin bo‘lsa ham yaxshi niyat bilan Yuridik institutiga hujjat topshirdi. Nihoyat niyatiga yetdi hisob, endi test sinovi javoblarini kutish qoldi. Ko‘ngli sezib turibdi: o‘qishga kiradi!
Kutilgan kun etib keldi. Bahrom shartnoma bilan o‘qishga qabul qilinganini ko‘rib, o‘zida yo‘q quvonib ketdi. Mayli-da, odamlar shunga ham ilingani yo‘q…

– Ayajon, dadajon, meni tabriklang, o‘qishga kirdim!

Sharifa xola o‘g‘lini quchoqlab, peshonasidan o‘pdi:

– Tabriklayman o‘g‘lim, boshing toshdan bo‘lsin.

– Barakalla, ota o‘g‘il! – o‘g‘lini quchoqlab bag‘riga bosdi Bahodir aka.

– Faqat shartnoma asosida, dada…

– Bo‘laveradi, shunisiga ham shukur. Eng asosiysi – kiribsan-ku, o‘g‘lim! Bu institutga kirish deganlari oson ish emas.

O‘sha kuni ularning xursandchiliklari to‘yga aylanib ketdi. Otasi Bahodir aka qo‘y etaklab chiqib so‘ydi. Uch-to‘rt kun davomida uylaridan odam arimadi. Har kuni Bahromning o‘rtoqlari kelib uni tabriklashar edi. Bu quvonchga ayrim do‘stlari havas, ayrimlari xasad bilan qarab chiqib ketardilar.

Shunday katta joylarga o‘qishga kiribsan, tabriklaymiz, o‘rtoq. Katta odam bo‘lib ketsang, bizni unutib yuborma, ishqilib, – dedi maktab paytida yaxshi chiqisha olmaydigan sinfdoshlaridan biri soxta samimiylik bilan.

Shu tariqa bir hafta davomida goh u, goh bu o‘rtog‘i kelib Bahromni xursandchilik bilan qutlardi. Shunday bo‘lsa ham uning ko‘ngli g‘ash edi. Chunki, yoshligidan birga katta bo‘lgan chin do‘sti O‘tkirdan darak yo‘q. U tijorat ishi bilan chet elga ketgan ekan. Ikki-uch oydan keyin kelib qolarmish. Sentyabr oyi yaqinlashib, o‘quv yurtlarida darslar boshlandi. Bahrom ota-onasidan oq fotiha olib Toshkentga jo‘nab ketdi. U poytaxtga kelib, yotoqxonaga joylashdi. O‘zi bilan tengdosh bolalar bilan tanishdi. Dastlabki kunlarda uni bir oz hayajon bosdi, so‘ng hammasi iziga tushib ketdi. Talabalikka o‘rganib qoldi.

Bir kuni dars tugaganidan so‘ng, yotoqxonada dars qilib o‘tirsa, navbatchi kelib:

– Birinchi bosqichdagi Usmonov Bahrommisiz?

– Ha.

– Sizni so‘rab kelishdi.

O‘tkir chet eldan qaytgach, Bahromning o‘qishga kirganligini eshitdi. Uyiga borganida ko‘risha olmagani uchun o‘zi Toshkentga kelgan edi.

– Sudya janoblari, qalaysan endi, – deya xazillashib quchoq ochdi O‘tkir.

– Ishlaring yaxshimi, do‘stim, – kulimsirab so‘rashdi Bahrom.

– Rahmat, tuzuk.

– Yur, yaxshisi, biror holiroq joyda o‘tirib gaplashamiz, – dedi O‘tkir Bahromning yelkasidan quchib.

Ular oliygohga yaqin bo‘lgan kafeda anchagacha suhbatlashib o‘tirishdi.

– Mayli, do‘stim, sening ham vaqtingni olmay, – dedi O‘tkir o‘rnidan turib.

– Bo‘pti, O‘tkir… Ta’tilda borganimda gaplasharmiz, – Bahrom do‘stini kuzatib qo‘ydi.

… Kunlar tez o‘tib, sessiyalar boshlanib ketdi. Imtihonlar tugab, uyga ketishga ruxsat berildi. Bahrom uyga bormaslikka qaror qildi, negaki, yaqinda yana shartnoma pulini to‘laydigan vaqt keladi. Ota-onasi buni qiynalib qolishmasin deb, uyidagilarga yordam bermoqchi bo‘ldi. Uyiga xat yozib, ta’tilda bora olmasligini aytdi. Bahrom biror ish topish uchun bozorga yo‘l oldi. Darvoza oldidagi avtomobil to‘xtash joyida nima qilishini bilmay to‘xtab qoldi. Shu payt qop-qora «MERCEDES»dan tushgan o‘ziga bino qo‘ygan yigit Bahromning oldiga keldi.

– Ukam, stoyankachimisan?

– Yo‘g‘e, aka…

– Bu o‘rtada mashina yuvadigan bolalardan yo‘qmi?

Bahrom o‘ylab qoldi: «Shu mashinani o‘zim yuvib bersam-chi?!»

– Siz bozor qilib chiqavering, men ungacha yuvib qo‘yaman, – dedi shosha-pisha yigitga qarab.

– Xorosho, tozalab yuvgin, ukam, – u shunday degancha bozorga kirib ketdi. Bahrom yugurib bozorga kirib, ikki quloch doka, mochalka, sovun, poroshok va chelak bilan qaytib chiqdi. Elkasidagi sport sumkasini bir chetga qo‘yib, ishga tushib ketdi. Mashina yangidek bo‘lib qoldi. Bozordan qaytgan mashinaning egasi yuklarini bagajga joylagach, mashinani aylanib, tozaligini tekshirdi.

– Yaxshi, ukam, zo‘r, – deb cho‘ntagidan anchagina pul olib uzatdi.

– Rahmat.

Bahrom pulni changallagancha uzoqlashayotgan mashina orqasidan qarab qoldi.

– Bo‘shmisan, jiyan?

Bahrom ovoz kelgan tomonga qaradi. Yoshi kattaroq kishi unga qarab turardi.

– Bozor qilib chiqqunimcha shu «arava»ni yuvib qo‘y, – dedi u qizil «Tiko»ga ishora qilib.

– Bo‘pti, amaki, – dedi Bahrom quvonib.

Shunday qilib, kechgacha anchagina mashinani «moyka»dan chiqardi. Bozor tarqagach, narsalarini yig‘ishtirdi. Pullarini sanagan edi, o‘zi o‘ylaganidan ham ko‘proq ekan. Quvonganidan ko‘zlariga yosh qalqidi. Bu uning peshona teri evaziga erishgan pullari edi.

Bahrom bir xonadondan ijaraga turish uchun joy topdi. Ertasiga tongda turib ishini davom ettirish uchun otlandi. Shu tariqa ta’til tugab, o‘qishga boradigan kun yaqinlashdi. Bahrom ham ishini yig‘ishtirib yotoqxonasiga keldi. Yana o‘qishlar boshlanib ketdi…

U kursning eng oldi talabalaridan edi. Boshqalar kabi kiyinib, katta-katta pul sovurmasa ham, bilimi, aql-zakovati tufayli hamma uni hurmat qilardi. Kunlar o’tib, u ota-onasini juda sog‘indi. Vaqtini asosan dars tayyorlash, kitob o‘qish bilan o‘tkazardi. Ko’z ochib yumguncha yana imtihonlar boshlandi. Bahrom birinchilardan bo‘lib reyting daftarchasini a’loga yopdi. Endi uyiga ketishi mumkin edi: qishlog‘iga yo‘l oldi.

– Assalomu alaykum, ayajon, – darvozadan kira solib, onasi tomon otildi Bahrom.

– Voy bo‘ylaringdan aylanay, o‘g‘lim, keldingmi?! Kutaverib ko‘zlarimiz to‘rt bo‘ldi-ku!

O‘sha kuni Bahrom o‘qish taassurotlarini ota-onasiga gapirib berib, kunni kech qildi. Ertasiga do‘sti O‘tkirnikiga bordi. Ular uzoq suhbatlashdilar. Kechki payt O‘tkirnikidan chiqib, uyiga qaytdi. Qishloq choyxonasida qo‘shni mahalladagi bolalar bazm qilishayotganini ko‘rdi. Ularni Bahrom negadir xushlamas edi. Shuning uchun ko‘rmaganga olib o‘tib ketmoqchi bo‘lgandi, ulardan biri gap qotdi:

– O‘-h-o‘-o‘, katta odamlar bizlarni tanimay qolishibdi-da?!

Bahrom choyxonaga burilishga majbur bo‘ldi.

– Kechirasizlar yigitlar, xayol bilan bo‘lib ko‘rmay qolibman, – dedi Bahrom xijolatomuz ular bilan so‘rashayotib.

– Toshkentga borib xayolparast bo‘lib qoldingizmi?! Yoki biror qiz xayolingizni olib qochdimi?

Bir ozdan so‘ng Bahrom ketishga chog‘landi. Yigitlar uni qo‘yib yuborishmadi.

– Qayoqqa ketasan? Axir shundoq katta shahardan kelsang-u, biz tuzukroq mehmon qilolmasak, bu nima degani?!

Bir oz vaqt o‘tib oshni suzishdi. Yigit ular bilan birga osh edi. Albatta odatdagidek aroq ham ochishdi. Bahromga ham quyib uzatdilar. U ichmadi.

– Ol endi, o‘g‘il bola, yo bizni nazaringga ilmayapsanmi?

Bahrom ichishga majbur bo‘ldi. Keyin ikkinchi piyola, uchinchi… Oshdan so‘ng o‘yin boshlandi.

– Senga ham qarta suzaymi? – dedi ulardan biri.

– …

– O‘ynaysanmi, erkak, – deya qistadi yana biri.

– Qo‘yinglar, qo‘rqayapti.

«Nima? Men qo‘rqyapmanmi? O‘ynash qanaqa bo‘lishini hozir ularga ko‘rsatib qo‘yaman», deb o‘yladi Bahrom sarxush ko‘zlarini suzib:

– O‘ynayman. Suz!

Avvaliga Bahromning omadi yurishib, anchagina pul yutdi. Keyinchalik ishi chappasiga keta boshladi.

Puli tugab, egnidagi charm kostyumini ham tikdi. Uni ham yutqazgach, qarzga o‘ynay boshladi. Ellik, yuz, ikki yuz, uch yuz ellik, olti yuz…

– Yigit, bo‘lar endi. Hali bu yog‘ini to‘lash bor, – dedi davradagilardan biri Bahromning elkasidan turtib.

– Qancha qarz bo‘ldim?

– Unchalik ko‘p emas. Bir million xolos.

– Nima???

– Ertaga pul shu erda bo‘lsin. Keyin o‘pkalab yurma.

2222222222

Bahromning boshi bir narsaga qattiq urilgandek bo‘ldi. Kayfi tarqab, o‘ziga keldi. Endi nima qiladi? Otasidan bir yillik shartnoma pulini olsa ham etmaydi-ku.

U tosh yo‘lda gandiraklab ketar ekan, qayoqqa borishini, nima qilishini bilmasdi. Shu payt orqasiga berilgan qattiq zarbdan yuztuban yiqildi. Uni mashina urib yuborgan edi. Haydovchi kabinadan tushib, Bahromning yoniga keldi.

– Bahrom?!. Bu senmisan! Qattiq lat yemadingmi?

Bu O‘tkir edi. Uni mashinasiga o‘tirg‘izib, o‘z uyiga olib keldi. Bahrom bir oz o‘ziga kelganidan so‘ng do‘stiga nimalar bo‘lganini aytib berdi.

– Shunaqa gaplar, do‘stim. Endi o‘qimayman, qarzimni to‘lashim kerak. Keyin Toshkentga ketaman. Bir kunim o‘tar.

O‘tkir indamay o‘rnidan turib qo‘shni xonaga kirib ketdi va pul ko‘tarib chiqdi.

– Sen siqilma, do‘stim. Mana bu bir million, borib qarzingni to‘laymiz. Mana buni berib, kostyumingni ol… Seni bu ahvolda tashlab qo‘yolmayman-ku!

Bahrom hayron bo‘lib O‘tkirga tikildi.

– Shuncha pulni qachon qaytarishim kerak?

– Nimalar deyapsan? Do‘stligimiz hurmati, buni qarz deb o‘ylama. Sen o‘qishing kerak. Yiqilgan payting suyamagan do‘st – do‘st emas.

Bahrom yig‘lab O‘tkirni quchoqladi. U tinimsiz rahmat aytardi…

Oradan yillar o‘tdi.

* * *

– Davlatov, tushlikka chiqasizmi?

– Shoshmang, janob tergovchi, mana bu ish bir oz chalkash ekan, – dedi Bahrom Davlatov ishdan boshini ko‘tarmay. – O‘zingizning ishlaringiz qalay? Giyohvandlikning tomiriga bolta urishda charchamayapsizmi?

– Ha… Lekin meni ham bir-ikkita ish o‘ylantirib qo‘ygan. Bilsangiz, vodiyda O‘tkir boyvachcha degan millioner bor edi. Yaqindan buyon qo‘l ostidagi firma, magazinlarini sotyapti ekan. U ham giyohvandlikka aralashib qolgan deyishdi. Kecha oxirgi qolgan birgina do‘konini ham kim oshdi savdosiga qo‘yibdi. Shu boyvachchani «ilintirgan» narkobizneschilarni topishim kerak.

– O‘tkir?!. Bahrom sapchib o‘rnidan turib ketdi.

– Nima, siz uni taniysizmi?

– Ha. Sizdan iltimos, shu ishni menga topshiring. O‘zim shug‘ullanmoqchiman.

– Yaxshi, hoziroq topshirishim mumkin.

Bahrom Davlatov tergovchilardan kerakli ma’lumotlarni olgach, shoshilinch tarzda vodiyga yo‘l oldi. U qishlog‘iga kirib borganda kech tushib qolgandi. Ota-onasi og’lini ko‘rib quvonib ketishdi. Bahrom ulardan O‘tkir haqida so‘radi. Aytishichlaricha, u shaharga ko‘chib ketgan ekan. Bahrom erta tongdayoq ota-onasi bilan xayrlashib, shaharga yo‘l oldi. O‘tkir boyvachchaning uyini topish uncha qiyin bo‘lmadi. Did bilan qurilgan ikki qavatli uy, deraza oynalariga naqshinkor panjara tutilgan, temir darvozasi esa endi chiqayotgan quyoshning ilk nurlarida tovlanardi. Bahrom darvozaning qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Eshikni bo‘ynilari yo‘g‘on, basavlat kishi ochdi.

– Nima deysan?

– O‘tkirni mumkinmi?

– Qanaqa O‘tkir? Ha, umi?! Undan uyini sotib olganman.

– Uni qayerdan topsam bo‘ladi?

– Bilmayman, – barzangi kishi shunday deb, boshqa savoling yo‘qmi, degandek birpas qarab turdi-da, qarsillatib eshikni yopdi. Avvaliga Bahrom nima qilishini bilmay qoldi. Keyin fikrini bir joyga jamlab, shahar Ichki ishlar boshqarmasiga bordi. U yerdan ham O‘tkir haqida birmuncha ma’lumot oldi. Uni topishga ko‘maklashish uchun bir xodimni ham qo‘shib berishdi. Bahrom u bilan O‘tkir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xilvatgohlarga bordi, u haqida so‘rab-surishtirdilar. Nihoyat, shahar chetidagi bir xaroba kulbadan uni topishdi. U xonada g‘ujanak bo‘lib yotardi. Bahrom uning boshiga borib, yuziga tikildi. U avvalgi O‘tkirga sira ham o‘xshamasdi. Yuzlari so‘lg‘in, sochlariga oq oralagan, qovoqlari qip-qizil bo‘lib bo‘rtib chiqqan edi. G‘amgin va ma’nosiz ko‘zlariga tikilgan Bahrom uni tanidi.

– O‘tkir, tur o‘rningdan…

U ko‘zlarini kattaroq ochib qaradi.

– Bahrom, do‘stim, senmisan? Meni ajalim etganga o‘xshaydi.

– Bu nima deganing? Hali hammasi yaxshi bo‘ladi!

O‘tkir shifoxonaga yotqizildi. Doktorlarning aytishicha u giyohvand moddalarga o‘rganib qolgan ekan. Oradan bir yarim oy o‘tgach, u ancha sog‘aydi. Bu orada Bahrom do‘stining giyohvand bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan narkobizneschilar guruhini hibsga olishga erishdi. Noqonuniy yo‘l bilan jinoyatchilar qo‘liga o‘tib ketgan firma va do‘konlar egasiga qaytarildi. Uch oydan so‘ng O‘tkir butunlay sog‘ayib chiqdi.

– Sen menga juda katta yaxshiliklar qilding, Bahrom. Qayta tug‘ilib, yangidan hayot boshladim, desam ham bo‘ladi. Sen bo‘lmasang holim ne kechardi bilmadim, do‘stim…

– Nimalar deyapsan? Biz axir do‘stmiz-ku, O‘tkir?! «Yiqilgan payting suyamagan do‘st – do‘st emas», deb o‘zing aytganding, esingdami?..

Ular qattiq quchoqlashishdi.

Taqdir bu ikki do‘stning bir-biriga bo‘lgan sadoqatini sinovdan o‘tkazgan edi…


XON, 2002. 

 

Bitta fikr

  1. Таъсирли хикоя экан! Ҳақиқий дўстлик ҳеч қачон сўнмасин!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter