O'tkazib yubormang

Uchinchi yo’l

“Biror ishda yo maksimal oshirib yuborasan yo harakatlaring maqsadga umuman yaqinlashmaydi ham: me’yoring yo‘q”, deyishadi ulfatlarim. Ular qayoqdan ham bilishsin maksimal me’yor ham bo‘lishi mumkinligini.

Har qaysi sohada bo‘lmasin baxt ana o‘sha haqiqiy me’yorni topa bilishda ekan. O‘n olti yoshidayoq “Adabiyot yashasa, millat yashar”, deya sharq va g‘arb, qo‘shni mamlakatlar adabiyoti bilan bizdagi holatlarni taqqoslab, bu haqida fikr yuritib, o‘z so‘zlarini mardona ayta olgan Cho‘lpon milliy adabiyotimizdan ana o‘sha me’yorni qidirgan bo‘lsa, ajab emas.

Jamiyat muammosi zamon va makon tanlamaydi. Mutakabbir xonlar zamonidan so‘ng “oq podsho” zug‘umlarini, alvon rangli bolsheviklar hukumati va Stalincha hayot tarzni, xayoliy kommunizm, oshkoralik va qayta qurish davrlarini ko‘rdi xalq. Muammolar hozir ham bor, o‘sha davrda ham bo‘lgan, . Yutuqlarchi? Tarix va adabiyotni xolis tahlil qilish uchun siyosat o‘zgarishi bilan o‘tgan kunlarga faqat qora rang berish ham o‘rinsiz. O‘sha paytlarda hammamiz bilgan kamchiliklar bilan birga, e’tirof etish shart bo‘lgan jihatlar ham ko‘p edi. Avvalo, XX asr uyg‘onish davri va 50-yillardan keyingi adabiyotimizda yuragi katta, xalq dardu quvonchini topib, kuylay bilgan o‘nlab zabardast chinorlarimiz etishdi. Kolxoz, sovxoz siyosati har qancha avj olib, xalq mehnatda har qancha ezilgan bo‘lmasin, odamlarning ilm o‘rganish ishtiyoqi hozirgiga nisbatan ancha kuchli bo‘lgan. Oddiy misol: hozir sakson yoshga kirayotgan, o‘z vaqtida o‘ninchi sinfni bir amallab tamomlagan dodam mendan savodli yozadi, mendan ko‘p kitob o‘qigan va hanuz o‘qiydi, rus va nemis tillarini biladi. Sobiq sovet davrida o‘n minglab, millionlab nusxada kitob, gazeta-jurnallar chop etilgan va o‘qilgan. Aksariyati mazmunan o‘sha davr idealogiyasini targ‘ib etuvchi nashrlar bo‘lsa-da, noshirlar, o‘z davrining mutaxassislari savodxonlikka yetarli e’tibor qaratishgan, varaqlasangiz, imlo xato topish ham mushkul. Hozirchi?.. Barcha sohada barcha imkoniyatlar eshigi ochiq, turli bosim va zug’umlardan holmiz. Erkin ijod, mustaqil noshirlik davri. Ammo oldingdan oqqan suvning qadri ham yo‘q…

Birgina o‘ttizichi yillar qatag‘onida to‘rt yuz ellik mingdan ziyod o‘zbek ma’rifatparvarlariga qarshi jinoiy ish ochilib, ularning ko‘pchiligi jisman yo‘q qilindi. Umuma’noda, Sohibqiron davridan keyin bir necha yuz yillar davomida daryo bo‘lib oqqan qonlar, cheksiz ko‘z yoshlar evaziga erishdik Mustaqillikka. Xo‘sh, bugun bu bebaho ne’matning qadriga yeta olyapmizmi? Faqat “u yo‘q, bu etishmayapti”, deya zamonko‘rlik qilib o‘lib ketamizmi yo? Nima, o‘ttiz million xalq ichida biror odamning burni oqsa, dastro‘molni ham xukumat tutishi kerakmi? Mavjud muammolarda ayb faqat siyosatdami?..

Tuman hokimi adolatsizmi borib yoqasidan ushla, yuqori tashkilot to‘ralari ta’magirmi qonun himoyachisidan huquqingni talab qil. U ham bir balomi, undan teparog‘iga chiq. Avval Sen masalaning oxirigacha bora olginchi, nima bo‘larkin?!

Bunda Biz – jurnalistlar ana shunday muammolarni hadikmay ko‘tarib chiqa olaylik, toki shuncha payt mudrayotgan vijdonimiz asta uyg‘onsin. O‘ylab qolaman, bu kunlarni Qodiriy ko‘rsa, nima bo‘lardi, Usmon Nosir nima derdi, Behbudiyning fikri qanday kechardi? O‘z o‘rnida fikrni, o‘z o‘rnida shukrni bilmasak, qoni tutmaydimi ularning? 23 yil davomida erishilgan tarixiy yutuqlarimizni sanab o‘tirmayman. Hozir buni kamdan-kam odam chin dildan his qilib, qadriga etyapti. Yana ellik, balki yuz yildan so‘ng avlodlar tomonidan bu mehnatlar o‘zining munosib bahosini oladi, albatta. Hozir esa, asl haqiqatlarni, mavjud muammolarni xolislik bilan jurnalist yoritmayotgan ekan, xalq nimani o‘qisin, nimaga ishonsin? Ijod ahlining, ayniqsa jurnalistning atrofda kechayotgan hodisalarga sog‘lom munosabati yo‘qligi – bir toifasining qarsakdan qo‘llari qabarib ketgani, yana bir toifasining esa gohi oshkora, goho xufyona tarzda chet el matbuoti o‘zbek xizmati bo‘rttirib tarqatgan xabarlarini haqiqat bilib, ularning qarashlari tomonda bo‘lgani uchun, xalq oldida OAVning qadri yo‘q. Qadrlilari ham oldi-qochdi gap, shov-shuvli safsata, ko‘chirma axborotlari bilan bevafo auditoriyasini shunchaki ushlab turishibdi. Asosiy muammolar qayoqdayu, OAV nimalar bilan band?..

Nega tahlikali zamonlarda – qonunda aniq qilib OAVga ta’qiq qo‘yilgan paytlarda ham Usmon Nosiru Cho‘lponlar, Abdulla Qahhoru Ozod domla Sharafiddinovlar haqiqatni ayta olishning yo‘lini topishganu, qonun ustivor – erkin fuqarolik jamiyatida – mustaqil mamlakatda dadil so‘z aytgani bugun biz qo‘rqamiz?! Yoki aytish ekan deb, yot aqidalarga berilib, sallani olish kerak bo‘lgan joydan kallani qo‘shib ko‘taramiz, o‘sha me’yorni topolmaymiz?! Nega?!

Bizda jurnalistika, ikki oqimga ajralib olgan. Yo zamon jannatga qiyoslanadi yo butunlay zalolat sifatida tasvirlanadi. Birinchi toifa ahlini, (Alloh rahmat qilsin) ustozimiz – Ozod domla Sharafiddinov 2003 yil bosilgan “Muqaddas burch” maqolasida quyidagicha ta’riflagandilar: “… Hatto mustaqillik zamonida, demokratik jamiyat poydevori barpo etilayotgan sharoitda ham odam ichki erkinlikdan mahrum holda qolaverishi mumkin… …Chexov yashagan zamonda qulchilik rasman tugatilgan edi, ammo ulug‘ yozuvchi “har birimiz butun umrimiz davomida ichimizdagi qulni sitib chiqarmog‘imiz kerak”, deb bejiz aytmagan edi. Ana shu “ichimizdagi” qul bizni har narsadan hadiksiraydigan qo‘rqoqqa, har cho‘qishidan oldin tevaragiga ming marta olazarak qarab oladigan ehtiyotkor odamga aylantiradi. Shu qul bizni fikr qilmaslikka, eskicha tasavvurlar og‘ushida yashashda davom etishga undaydi, vujudimizga “och qornim, tinch qulog‘im”, “dunyoni sel olsa olib ketavermaydimi, menga nima?” degan chirkin falsafani singdiradi. Bu “falsafa” chirkin bo‘lsa-da, qulay, odamning vijdonini allalaydi.

ozod-domla

(O‘zbekiston Qahramoni, ustoz Ozod domla Sharafiddinov Alisher Navoiy nomli Respublika Nafis san’at litseyi o’quvchilari davrasida. 2002 yil).

Biz – ijodkorlar ichimizdagi qulni mahv etib, Istiqlol in’om etgan erkinlikka to‘la erishganimiz yo‘q. Hamon haqiqatni emas, chala haqiqatni yozamiz, hamon biron dadil gap og‘zimizdan chiqib ketsa, necha muddat «falonchi akam nima dedilar ekan?» deb o‘zimizcha havotirlanib yuramiz. Natijada osongiga maddohlik yo‘liga o‘tamiz, hayotning faqat nurli tomonlari haqida hayajonlanib yozamiz, bunday jurnalistlar yozganini o‘qisang, go‘yo hayot kunda bayram, kunda to‘yu tomoshadan, tak-taka-tum bilan gijbangdan, hurliqo parivashlarning ko‘z suzib, shox tashlab raqsga tushishlaridan iboratday”.

Bilamizki, domlaning asosiy faoliyati sobiq sovet davrida kechgan. U kishining bu so‘zlari ham, asosan o‘z safdoshlari, hozirda yoshi  ulug‘ qalamkashlarga tegishli edi. Ushbu maqola yozilganidan o‘n bir yil o‘tibdi, hozir ustoz oramizda yo‘qlar. Xo‘sh, bugun biz – Vatan kelajagi ko‘zlarida aks etib turgan yoshlar – yosh qalamkashlar o‘zgacha fikrlay olyapmizmi? Yoki hali ham “o‘z tinchinigina o‘ylaydigan” o’sha ayrim ustozlarimiz ta’sirida yuribmizmi? Umuman, bugungi kun adabiyoti, jurnalistikasining yangi bosqichga chiqa olmayotganida aybdor kattalarmi yoki yoshlar?

Xalq shoirlari, yozuvchilarimiz va hatto ayrim jurnalistlarimizni ham bugun dunyo taniydi. Lekin tan oladimi? Adabiyot yo‘nalishida “Nobel” mukofotigacha O‘rta Osiyodan Chingiz Aytmatovgina etib bordi. Qardosh dahoni kamsitmagan holda aytmoqchiman, nima bizda “Qiyomat”, “Jamila”, “Oq kema” kabi asarlar yozilmadimi yoki o‘z asarida badiiy chizgilar orqali yuksak g‘oyalarni ilgari surgan adiblarimiz yo‘qmi?..

Mayli, bu mavzuga vaqti kelsa, yana qaytamiz. Endi gap ikkinchi toifa jurnalistlar haqida. Bu toifa esa, hatto yuqorida aytganimiz – ana o‘sha qarsakbozlikni ham eplab qilolmaydigan, qalami, iste’dodi bo‘lsa-da, ming afsuski mustaqil fikri, o‘z qarashiga ega bo‘lmagan jurnalistlardir. Shu el farzandi bo‘laturib, pana-pasqamlarda Vatan g‘iybatini qilayotgan va bunda manfaatdor tomonlar nog‘orasiga o‘ynayotganlarni kuzatib, “o‘qish bilan uqish boshqa-boshqa narsalar ekan”ligini mulohaza qilib, ularga faqat achinaman.

“Matbuot organlarida o‘tiradigan mutasaddilar kimning maqolasi qanday chiqishini hech kim bilan hisoblashmay, mualliflik huquqini mutloqo nazarga ilmay o‘zlari hal qilib yuboraveradilar, maqolalarni o‘zlaricha, ko‘ngillariga kelganicha qisqartiradilar, telva-teskari tahrir qiladilar. Axir, biz doim qoralaydigan zamonlarda ham muallifning maqolasini bosishdan oldin unga o‘qitib, roziligini olib qo‘l qo‘ydirib olar edilar. Masalan, shaxsan men “Leteraturnaya gazeta”da bosiladigan maqolamning korrekturasini o‘qib kelmoq uchun tahririyat hisobidan bir necha marta Moskvaga borib kelganman. Nahotki, muallif huquqiga bunday qarash eskilik qoldig‘iga aylanib ketgan bo‘lsa, nahotki, bugun ortiqcha bosh og‘riq sifatida baholansa?”, deya kuyunib yozadi yana ustoz, O‘zbekiston qahramoni o‘sha maqolasida.

Ayrim o‘rinlarda ona tilimizga bo‘layotgan bepisand munosabatlar tanqid ostiga olingan “Men millatchi emasman” sarlavhali maqolamni chop etish uchun “Jamiyat” gazetasiga taqdim etdim, 2013 yilning 24 oktyabr sonida bosilib chiqdi. Aniqrog‘i, ism-sharifimga ko‘zim tushdi, o‘z qalamimga doir birorta ham gapni topolmadim. Bu qadar “olamshumul” tahrirni hali uchratmagandim. Kattagina maqola bir sigareta qutisi hajmidagi umumiy gaplar yig‘indisi bo‘lib, maktab o‘quvchisining yozgan inshosidek ko‘rinish beribdi. Ism-sharifim uchun jon kuydirib, “qayta ishlagan” tahrirchining hizmatiga achindim. O‘z mehnati ostiga nima qilardi “Alisher Isomiddinov”ni qo‘yib?.. Judayam achindim.

Mayli, katta masala xususida so‘z yuritayotgan ekanmiz, bunday “ortiqcha”, “bosh og‘riq” gaplarni qo‘ya turaylik. Xullas, ta’kidlaganimiz – jurnalistika sohasidagi ikki oqim o‘rtasida yana bir irmoq ham borki, hali oqimi sust va mayli biroz sayoz bo‘lsin, o‘zbek jurnalistikasi va jamiyatning taqdiri, bevosita, shu shaklning yo butunlay yo‘qolishi va yoki ummonga aylanishi bilan bog‘liq. “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida tashkil etilgan “O’zbek Bloggerlari” guruhidagi o‘nlab qalamkashlarni ana shu irmoq sifatida misol keltirish mumkin.

images (7)

Cho‘lpon roppa-rosa yuz yil avval – 1914 yil “Sadoi Turkiston” gazetasida “Adabiyot nadur?” maqolasini yozgan edi. Bir asr ichida, ijtimoiy jamiyatning barcha sohasida misli ko‘rilmagan, avval tarixda kuzatilmagan hodisotlar bo‘lib o‘tdi. Davr o‘tib, “Adabiyot nadur?” savoli hali ham unchalik o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan bo‘lsa-da, G‘ofur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, O‘lmas Umarbekov, Shukur Holmirzaev, O‘tkir Hoshimov kabi o‘nlab adabiyotchilarimiz va Shavkat Rahmon, Asqar Qosim, Rauf Parfi, Anvar Obidjon, Muhammad Yusuf singari yana o‘nlab shoirlarimiz adabiy merosi o‘laroq adabiyot nima ekanligini angladik, deya olamiz. Bugun eski savolga javob topilganida esa, savol o‘zgardi: jurnalistika qachon chin ma’noda “to‘rtinchi hokimiyat” bo‘ladi?..

«Matbuot, agar ustalik bilan foydalanilsa, chinakam xazina», deydi ingliz yozuvchisi Artur Konan Doylning asar qahramoni.

OAV xodimi siyosatchi emas va undan begona ham emas. Siyosat odamlar o‘ylaganidan ko‘ra keng, bir qaraganda aniq, ammo aslida mavhum hilqat. Siyosatni osmon deb olsak, jurnalist misoli parashyutdan sakrab ko‘rmagan uchuvchi. Ortidagilar – o‘z xalqi – yo‘lovchilarini manzilga elitar ekan, u doimo osmon bilan. Yo‘lda uchoqni qayeridir ishdan chiqsayu, uchuvchi muammoni ichkarining o‘zidan bartaraf etishga harakat qilmay, boshqaruvchilik vazifasini unutib, foydalanishni ham bilmaydigan parashyutiga ishonib, ortidagi yo‘lovchilarni o‘ylab-o‘ylamay havoga aralashib ketishi aqlsizlik.

Mabodo Lavhul qalam shuni bitgan bo‘lsa, umuman, qulamoq ham parvozday bir gap.

Alisher ABDUMALIKXON,

IDROK.UZ uchun maxsus.

Bitta fikr

  1. ДЕҲҚОН

    «журналистика қачон чин маънода тўртинчи ҳокимият бўлади?…» – агар шу тузум шу шаройит бўлса, ҳеч қачон! Сабабини оддий деҳқон ҳам яхши билади.
    Сўзларингиздан шахарликка ўхшайсиз. Деҳқончиликдан оз моз хабарингиз бўлса ўзимни соҳам мисолида фикримни исботлашга уриниб кўраман. Албатта яхши мўл кўл баракали ҳосил олишни омиллари бир қанча лекин энг асосилари тўрттадир. Булар қулай фурсат, ҳосилдор замин яъни ер, сара уруғ ва тинимсиз меҳнат. Фараз қилинг Сиз ҳали тажрибаси йўқ энди тетопоя қилаётган оддий бир ёш ўзбек деҳқонисиз. Агар ерингиз унча сув чиқмайдиган адирлик жойда бўлса қолаверса уруғингиз ҳам унчалик ишончли эмас. Ҳали ерингизни яхши тайёрламай туриб уруғ экишни бошласангиз ҳар қанча фидокорона меҳнат қилсангиз ҳам кўзлаган ҳосилни ололмайсиз. Яна баъзи бир ишингизга ҳечам алоақаси йўқ сабаблар ҳам борки ҳисоблашмай иложингиз йўқ. Масалан айталик Сизни соҳангизни заррача тушунмаса ҳам фалон пайтда экасан, фалон пайтда ишлов берасан ва фалонча ҳосил берасан. Энг ачинарлиси шундаки минг машаққатлар билан пўпалаб авайлаб ўстирган сара ўруғлардан униб чиққан кўчатчаларингизни » ишлов » баҳонасида «ягона» деб юлиб ташлашади.
    Вақтида сув ололмайсиз чунки сувни ўз «мироблари» бор. Бир амаллаб сув олсангиз кимёвий ўгит ололмайсиз уни ҳам «ўз эгалари» бор.
    Демак деҳқончилик қўлимдан келмайди экан , демоқчимисиз?
    Йўқ, йўқ асло тушкунликка тушманг! Сиз ахир Бободеҳқонни фарзандисиз!
    Фақат ишга бошқачароқ ёндашинг . Энг аввало анчадан бери қаровсиз ерингизни кузда яхшилаб шудгор қилинг. Ҳар ҳил занг босган кераксиз терим терсаклардан ва йигирма йиллик «чириган тўнка»лардан тозаланг. Иложини қилиб куздаёқ далага маҳаллий ўғитлардан солинг. Баҳор келгунча уруғларни энг сараларини тайёрлаб туринг. Ҳар ҳил чала деҳқонларга эмас оддий халқ илмига амал килинг. Энг асосийси ҳосилингиз энди бўй берганда далага ҳар ҳил зараркунанда паразит «ҳашоратлар»ни йўлатманг. Кўчатларни ҳам нав ниҳол пайтида фақат ўзингиз ишлов беринг, ягонани ҳам ўзингиз қилинг. Албатта «мироб»лар ва унга ўхшаган шериклар билан инсоф доирасида муомила қилишга мажбурсиз. Қисқаси оддий деҳқон сифатида ўз ерингизга ўзингиз «тўртинчи» эмас биринчи ХЎЖАЙИН бўласиз. Мен бир оддий деҳқонман унақа олий маълумотли ўқимишли эмасман агар фикрларим мантиқсиз беўхшов бўлса айбга буюрмайсиз чунки фикрлашимиз ҳам
    турмушимизга ярашада. А , лабай нима дедийиз?

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter