O'tkazib yubormang

SIZNI…

… Boringizga beadad shukur,
Nomingizdir dilimda zikr,
Tamom endi boshqa o‘y-fikr,
Sizni dunyo naqshi ko‘rurman,
O‘zingizni yaxshi ko‘rurman.
Endi bilsam, dil so‘zi sasdir,
Kamtarlik ham kibrday nafsdir,
Mehr yo‘qsul, qolgani pastdir,
Nafs yantog‘in asta o‘rurman,
O‘zingizni yaxshi ko‘rurman.
Shukur, ko‘ngil ishqqa to‘lug‘dur,
Dil limmo-lim, rizqim ulug‘dur,
Obi hayot, kel, ko‘ksim cho‘g‘dur,
Tortinishni nari qo‘yurman,
O‘zingizni yaxshi ko‘rurman.
Muhabbatga sadqa yo‘limni,
Sadoqatga sajda dilimni,
Ikki dunyo qumri tilimni,
Zangori, yam-yashil bo‘yarman,
O‘zingizni yaxshi ko‘rurman.NATURE_000020
Yurar yo‘lim Sahroi Kabir,
Dil dashtida suv yo‘q, mo‘l sabr,
Yo‘ldoshim shams nuri baribir,
Muhabbatning bo‘yin tuyurman,
O‘zingizni yaxshi ko‘rurman.
Bir kun tufroq bo‘lajak ko‘ksim,
Bosib o‘tur kofiru muslim,
Chohi g‘am, ishq ufqina o‘sgum,
Ko‘hiqofday ko‘ksim o‘yurman,
O‘zingizni yaxshi ko‘rurman.
Bitta xunuk yo‘qdur dunyoda,
Bitta yomon qani, qayonda?
Yomon, xunuk bo‘lsam ayondur,
Gunoh bo‘lsa hamki suyurman,
O‘zingizni yaxshi ko‘rurman.
Oqib o‘tdi soylarda zahr,
Erib bitdi metinday qahr,
Sizu men bor, mavjudki mehr,
Dilga ishqim naqshin o‘yurman,
Bitta sizni yaxshi ko‘rurman,
O‘zimni ham baxshi ko‘rurman,
Sizni dunyo naqshi ko‘rurman…
____________________________________________________Abdumalik ISOMIDDIN.
 

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter