Tuyaqushdan “nega uchmaysan”, deb so‘rashsa, “men hayvonman”, derkan. “Unda nega o‘zingni tutishing hayvondekmas”, deyishsa, “men qushman”, derkan. Bir blogger tengdoshimga “Qo‘lga qalam olibsizu, nega dadilroq yozmaysiz, desam men iqtisodchiman”, deydi. Dadillik va jur’atni nosohaviylikka burib, gapni shunaqa aylantirsa va yana kamiga bloggerlar chempionligiga da’vo qilsa, “Unda opog‘dodam bormilar bu yerga blog suqishtirib”, deging kelarkan.
“Emas oson bu maydon ichra turmoq, Navoiy panjasiga panja urmoq”. Ha, ijod maydonida qalam ko‘tarib turmoq, unga munosib bo‘lish juda murakkab, qiyin holat.
Jurnalistika yo‘nalishi soha tadqiqotchilarining fikricha eng xavfli o‘nta kasbning bittasi. Hammamiz ham ana shu “qil ko‘prik” ustida ekanmiz, sinib ketmaslik, oniy umrda o‘zdan yaxshi nom qoldira olish uchun qo‘liga qalam olgan ijodkorning yuragi toza va katta bo‘lishi shart. Buning tagida esa mardlik yotadi. Sohadagi mardlikni kamtarlik va o‘zi kabilarga hurmat, qalami o‘zidan kuchliroq hamkasblarini e’tirof qila bilish bilan izohlayman. Shu o‘rinda o‘z kamchiliklarini tan ola bilish ham kerak. Masalan men, haligacha beixtiyor imlo xato o‘tkazaman, grammatikada ham oqsagan holatlarim uchraydi. Miyada fikrlar ko‘p ammo tarqoq. Tizginlashga qiynalaman. Ammo muhimi, mavjud kamchiliklarimni to‘g‘irlash barobarida fikrimni bayonlash, o‘z qarashlarimni o‘z qalamim orqali himoya qila bilishimda, deb o‘ylayman. Mustaqil pozitsiyasiga ega bo‘lish insonning e’tiqodidan dalolat beradi.
Yutuqlariga mahliyo bo‘lish avvalo ijodkor tabiatiga xos. Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan o‘rdak ham shu qalam ahli. Barchasi o‘zi uchun bir olam. Aksariyatida esa dilgirlik kayfiyati ask etadi. Go‘yo dunyo undan qarzdor, hech kim uni tushunmaydi, telbalar orasida yakka aql sohibi o‘zi. Ularning ko‘pchiligida nafaqat boshqalar o‘z hamkasblarning yutuqlariga nisbatan ham nafrat, ko‘rolmaslik xislari ko‘pchib turadi. O‘zicha chiroyli tashbehlar qilgan holda hamkasbining ajoyib g‘iybatini qilayotgan qalamkashlarni ko‘rganmisiz? Balki bunday yig‘inchalar ishtirokchisi ham bo‘lgandirsiz. Shu sohada bo‘lsangiz, ko‘p ko‘rgansiz, bilaman. Ishonch xosil qilishni istaganlar uchun esa, ana “skver” – Mustaqillik maydoni. Bir tomoni “gazetniy”, bir tomoni “jurnalniy” zdanyalar. Metrodan chiqishingiz bilan yozuvchilar uyushmasi ham bo‘lardi avval…
Poytaxtda qalami orqali non topayotgan kishilarning asosiy qismini shu atrofda uchratasiz. Satrlari bilan xayolida dunyoni zabt etib bo‘lib, turmush atalmish mayda ermak uchun shunchaki ishga kelib ketayotgan daholar makoni. Ularning aksariyati moddiy taqchillikni yemishdan taqvo qilishga mengzab, tushlikda kayfiyat uchun bir piyola “vahdat mayi” bilan kifoyalanadilar. Ha, darhaqiqat ularning ko‘pchiligida chinakam daholikka etarli iste’dod bor.
Ammo dag‘al dunyo nozik qalblariga sig‘mayotgani uchun ham ularning iste’dodlari bir qaraganda tushunarsiz iztiroblarga qorishib, yo‘qolib boradi.
O‘z ustozlarim orasida ham ming afsuski shu toifaga mansublari borligi menda achinish hissini uyg‘otadi. Shogirdlari ichida ularning yo‘lidan ketayotgan yosh iste’dod egalari esa inchunun. Barcha sohalarda ham bir-biridan o‘zishga intilish bor. Lekin ijod ahli orasidagi ko‘rolmaslik illati, o‘zidan avvalgi o‘tganlarning fazilati qatori salbiyatlarini ham mujassamlashtirish, fikriy qaramlik va yoki “dohiyona qaysarlik” kabi nosog‘lom qarashlar kelajak avlodlarni zaharlaydi. “Qachon xalq bo‘lasan, ey sen olamon”, deya dunyodan ko‘ngli yarim o‘tgan Cho‘lponning ham umumma’noda aytgan bu satrlari aslida o‘z doirasiga ham tegishli edi. Usmon Nosir, Abdulla Qodiriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Maqsud Shayxzoda, Botu, Rafiq Mo‘min kabi bobolarimizning zavolida o‘z doirasidagi zamondoshlarining imzolari ham ahamiyatli bo‘lganligini tarix varoqlaridan o‘qiganmiz.
Xalq shoirlari, yozuvchilarimiz va hatto ayrim jurnalistlarimizni bugunda dunyo ahli taniydi. Lekin tan oladimi? Adabiyot yo‘nalishida “Nobel” mukofotigacha O‘rta Osiyodan Chingiz Aytmatovgina yetib bordi. Qardosh dahoni kamsitmagan holda aytmoqchiman, nima bizda “Qiyomat”, “Jamila”, “Oq kema” kabi asarlar yozilmadimi yoki o‘z asarida yuksak g‘oyalarni ilgari surgan adiblarimiz yo‘qmi?..
Albatta, bor! Keragidan ham ko‘p, hatto. Ammo tasavvur qiling, jahon adiblari qo‘mitasi xalqaro darajadagi mukofotga O‘zbekistondan birgina nomzod ko‘rsatishlarini so‘rab, yozuvchilar uyushmasiga rasmiy murojaat yubordi. Nima bo‘ladi?.. Tomoshani o‘shanda ko‘rasiz. Hamma bir-biridan zo‘r, hammaning ijodi bir-biridan a’lo. Hech kim hech kimga yo‘l bergisi kelmaydi.
G‘ayrlik, ko‘rolmaslik, shubha va tarqoqlik bor ekan, milliy publitsistikaning har qanday sohasi bo‘lmasin umumjahon darajasida ko‘tarila olmaydi. “Yevrey yevrey-da” deymiz yahudiylarni. Aslida ulardan o‘rnak olarli jihatlarimiz ham ko‘p…
“Mastlik rostlik”, deya bekorga aytishmagan. O‘n yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsada bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Maktab o‘quvchisiman. Barchamiz bilgan xalq shoirimizning tug‘ilgan kun tadbirida, “Do‘rmon”da choy tashish xizmatidaman. Ayni bazm avjiga chiqqan paytida atrofdan o‘ziga boshqa ovunchoq topolmagan bir xalq yozuvchimiz meni oldiga chorladi. Musiqaning avjidan ovozi yaxshi eshitilmagani uchun u kishi yelkamga qo‘lini qo‘yib, meni o‘ziga tortdi va bir qo‘li bilan sahnaga ishora qilib, “dil yordi”: “Bu odam… Bu odam, odam emas! Nega buncha maqtaydilar uni?! U hech kim emas-ku, aslida. Buncha hurmat, buncha e’tibor nega?”.
To‘g‘ri, o‘shanda sevimli yozuvchimiz hushyor holatda emasdi. Uning bu so‘zlari zamirida ko‘rolmaslikdan ancha yuqori turuvchi va men o‘shanda tushunishim mumkin bo‘lmagan hissiyotlar yashirindir, ehtimol. Hozir u kishi oramizda yo‘q. Alloh rahmat qilgan bo‘lsin. “Nobel” olmagan bo‘lsada, u kishining o‘lmas asarlari milliy adabiyotimizda to abad o‘rin olganligiga ishonaman.
Aytmoqchi bo‘lganim esa, buyuklar orasida kuzatgan bu holatimni keyinchalik faoliyatim davomida ham ko‘p ko‘rdim. Ijodingga birgina iliq fikr yoki kamchiligingni yuzingga aytib, aniq aybingni isbotlab berib, do‘stona maslahat beradiganlardan ko‘ra hech bir izoh bermay, iste’dodingni nolga tenglaydigan va yoki orqangdan tosh otadiganlari ko‘proq uchrar ekan.
O‘n to‘rt yoshimda eng katta ustozim Ozod domla Sharafiddinov bilan uchrashganimda, u kishi bolalarcha yozgan qoralamalarimni ko‘zda kechirib, “Yanada ko‘proq kitob o‘qisang, til o‘rgansang, sendan adabiyotchi chiqishi mumkin”, degan edilar. Buyuk munaqqidning ana shu “mumkin” deya bildirgan fikrlari mening keyingi hayot yo‘limni belgilab berdi. O‘sha paytda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdieva o‘z bag‘rilariga olib, ilk she’riy kitobimga oq yo‘l berish barobarida kamchiliklarimni birma-bir ko‘rsatib, keyinchalik menga juda as qotgan katta saboq berdilar. To‘garakda sevimli yozuvchimiz Tohir Malikdan olgan darslarimdan ham behad minnatdorman.
Shu o‘rinda, o‘n to‘rt-o‘n besh yoshida litsey yotoqxonasida yashab, xavaskor sifatida vaqtli matbuotga yozganlari ortidan “qalam haqi” olib, poytaxtda mustaqil yashayotgan go‘dak Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i, Cho‘lponning “Kecha va kunduz”idan ta’sirlanib taqrizlar yozsayu, o‘ziga hali begona bo‘lgan bu olamning ma’lum ma’nodagi darg‘alari, muharrirlari qo‘lyozmani uning yuziga otishsa, buni qanday izohlash mumkin? Bu yoshdagi go‘dak hatto jinoyat qilgan taqdirda ham qamamaydilar-ku?!. Ha, mayli, bunga to’xtalib o’tirmayman.
Bugun ijod, bugun jurnalistika yangi bosqich ostonasida. Muhit ko‘rinmas kishanlardan deyarli holi. Imkoniyat taqdim etilgan. Undan qanday foydalana olish esa fikri tiniq, e’tiqodi mustahkam, yuragi katta biz qalamkashlarning o‘zimizga bog‘liq. Faqat bu yangi ostonaga oq va keng ko‘ngil, shukr va fikr, mustahkam ishonch va e’tiqod kabi faqat ijobiy hislatlar bilan qadam bosaylikki, hasad, ko‘rolmaslik, qo‘rqoqlik kabi tushkunlikka yetaklovchi kayfiyatlar ortda qolsin.
Asosli gaplarni yozayotgan qalam egasi turli ta’na-dashnomlardan qo‘rqishi kerak emas. Cho‘chidimi, umuman yozmay qo‘yaqolgani foydaliroq. Adabiyotdagi o‘rtamiyonalik maddohlik, o‘quvchining vaqti va qog‘oz uvolidan o‘zga narsa emas.
Aytish kerak gapni ayta olsak, yangi davr boshlay olsak, aslida bizga “Nobel” ham kerak emas.
Alisher ABDUMALIKXON,
IDROK.UZ uchun maxsus.
“Эмас осон бу майдон ичра турмоқ, Навоий панжасига панжа урмоқ” Навоий эмас балки Низомийдир. Хазрат Навоийнинг узлари айтган эдилар чамамда Хамсани ёзишдан аввал.
Sizga rahmat. Juz’iy xato uchun muallif nomidan uzr.
Assalomu alaykum. Ko’nglimdagi gaplarni yozibsiz. Rahmat sizga.
Ilmu-ma’rifatli, qatiyatli , samimiy to’griso’z insonlarni hurmat qilaman.
Ijodingizga bardavomlik tilayman!
“Qachon xalq bo‘lasan, ey sen olamon”, deya ko‘ngli yarim o‘tgan Cho‘lpon эмас, Абдулла Орифнинг шеъридан, шекилли бу?
Холис админстратор бўлса тасдиқлайди-да
Чўлпон айтган. Бахслашишимиз мумкин: менда манбаа бор!.. Эҳтимол, Абдулла Орипов ҳам Чўлпондан таъсирлангандир!
Холислик ва очиқлик мустақил ОАВнинг шиори, ҳотиржам бўлинг!