
Yetar endi, yolg‘on dunyo yolg‘onlari,
Oy ko‘ngulning ko‘lmaklarda qolg‘onlari,
Erib bitg‘on muzqaymoq yosh qotg‘onlari,
Shamchiroqning zulmatlarda tolg‘onlari,
Ma’nan tuban nokaslarning chalg‘onlari…
Yetar endi, yolg‘on dunyo yolg‘onlari…
Sani hatto lochin bolang tushunmasa,
Tabiatday g‘amxo‘r onang tushunmasa,
Jamoatday mard bir otang tushunmasa,
Qalbing kulsa, dilda nolang tushunmasa,
Yetar endi, yolg‘on dunyo yolg‘onlari,
Ma’nan tuban nokaslarning chalg‘onlari.
Har bir nafas hajday aziz, Makka o‘zing,
Bir yolg‘uzim, yagonamsen, yakka o‘zing,
Rost so‘zimni aytolmadim tikka o‘zim,
Noqis o‘zim, g‘alat o‘zim, chakki o‘zim,
Yetar endi, yolg‘on dunyo yolg‘onlari,
Murodimning g‘irt nomurod qolg‘onlari.
Ko‘ngul mangu, vujud mulki,bormu yo‘qsen?
Qaro zulmat zulmidagi yorug‘ cho‘g‘sen,
Somon yo‘lin ujmohidin uchg’on o‘qsen,
Muhabbatga tashna bo‘lsang, ko‘ngli to‘qsen.
Yetar endi, yolg‘on dunyo yolg‘onlari,
Oy ko‘ngulning ko‘lmaklarda qolg‘onlari…
Katta yo‘lda shayton mo‘lu, rahmon bitta.
Munofiqu mo‘ltoni ko‘p, iymon bitta,
Subhdin to subhga qadar subhon bitta,
Zamon bitta, Vatan bitta, makon bitta,
O‘n sakkiz ming olam sohib jahon bitta,
Yetar endi, yolg‘on dunyo yolg‘onlari,
Anvar dilning zulmatlarda qolg‘onlari.
A’zamim yo‘q, tolibim yo‘q, buvim yo‘qdur,
Boshda bayg‘oq hilpirar, dil tug‘im yo‘qdur.
Madrasayu o‘quv ko‘p, uquvim yo‘qdur.
Sirning sirli sohilinda ohim yo‘qdur,
Yetar endi, yolg‘on dunyo yolg‘onlari,
Erib bitgan muzqaymoq yosh qotg‘onlari
Bitta do‘stni bilmag‘on kas ming «do‘st» topur,
Noshukurdur baxil, nokas kam-ko‘st topur,
Ruhin mayib, jonin zaif, noqis topur,
Jannat bo‘yin tuymay sira, bir his topur,
Yetar endi yolg‘on dunyo yolg‘onlari,
Nokas do‘stu oshinolar sotqonlari…
_____________________________________Abdumalik ISOMIDDIN.