O'tkazib yubormang

Siz nimaning shaydosi?..

«Adnoda yangi sayt ochdim», «Chatda bitta zo‘r “narsa” bilan tanishdim», «O‘rto, mana bu saytga kirsen, vabshe qichchu “annaqa” o‘zbekcha videolar borakan», kabi tutruqsiz, bema’ni jumlalarga ko‘p duch kelar edik, bundan besh-olti yil avval internetga oshno bo‘lgan paytlarimizda. Havoyi virtual tanishuvlarda o‘zi aytgan “narsa”ning hatto jinsini ham anglolmay turib “o‘ldim-kuydim” qilganlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, profil bilan saytni ham farqiga bormaydiganlar shuncha edi o‘shanda. 

Garchi hozir ham onda-sonda bundaylar uchrab tursa ham, bugun internetdan foydalanuvchilarning, yoshlarning onggi ancha shakllangan. Behuda tanishuv saytlariyu maza-matrasiz ko‘ngilochar portallarga nisbatan ularning qiziqishi asta so‘nmoqda. Bir tomondan eski foydalanuvchilarning yoshi ulg‘ayib, “aql tishi” chiqib borayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan internetdan foydalanishni endigina boshlagan yosh ishtirokchilarning bu olam haqidagi tashqi tasavvuri biz foydalanishni boshlagan paytimizdagiga qaraganda ancha yuqori. Va ularning virtualda qilayotgan ahmoqliklari ham biz qilganlarimizdan qanchalik yuqori bo‘layotgan bo‘lsa, foydali ishlar bilan ham ular bunda shunchalik ko‘p shug‘illanishyapti.
Xolis axborot bilan ta’minlayotgan, ma’rifat va ziyo ulashuvchi saytlarga kuniga yuz minglab yoshlarimiz kirib, foydali ma’lumotlar, elektron xabarlardan bahramand bo‘lishmoqda. Chet el matbuot nashrlaridan biri «Bugungi kunda “odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘idan yetti milliondan ortiq o‘zbekistonlik foydalanmoqda», deya xabar berib, buni ko‘ngilxushlik uchun kirayotgan bekorchilar soni sifatida fojeali baholadi. Yo‘q. Bildirilgan fikr qisman to‘g‘ri bo‘lsa ham, aslida unday emas. Sifatli va qulay xizmati uchun mamlakatimiz miqiyosida uzoq yildan beri faoliyat yuritib, qadrdonga aylanib ulgirgan bu tarmoq bir tomondan qulay xabarlashish uslubi orqali ko‘pchiligimizning uzog‘imizni yaqin qilayotgan aloqa vositasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan unda onggu shuurni o‘stirishga, ma’rifat tarqatishga xizmat qilayotgan yuzlab tuzilma (gruppa)lar ham borki, mamlakatimiz va dunyoning turli burchaklaridagi fuqarolarimiz o‘zaro fikr alishmoqda, mulohazali, foydali bahslar yuzaga kelmoqda. Asosiysi, fikrlanmoqda, tafakkur faoliyatda! Haqiqat bahslarda tug‘ilishi hammamizga ayon. Bunda o‘sha aytilgan fojeadan ko‘ra, foyda kelib chiqish ehtimoli ham ancha yuqori. Nisbatan yangiligi uchunmi bilmadim, ishlash jarayoni va dizayni anchayin zamonaviy va qulay bo‘lsa-da, mamlakatimizda feysbuk, tvitter tarmoqlar ham hozircha “sinfdoshlar” darajasida a’zolar qatlami(auditoriya) to‘play olmadi.
Turmushimizning ajralmas qismiga aylanib ulgirgan qo‘l telefoni bilan bog‘liq og‘riqli muammolar ham hayotimizda talaygina.
Er xotinining qo‘l telefonini tekshirayotib, ovoz yozish(diktofon) sozlamasida beixtiyor yozilib qolgan ovozni eshitib, lolga(shokka) tushibdi. Unga ko‘ra yuvoshgina xotini begona erkakka eri va qaynonasini “tesha tegmagan” jumlalar bilan “pardozlab”, keyingi uchrashuvlari qachon bo‘lishini bayon qilayotgan ekan. Qaynonaning soddaligini qarangki, uningcha shu “o‘t tushgur matoh” – qo‘l telefonini deb, muomalasi tayyorlagan ovqatlaridan ham shirin, farishtadek oqila kelinidan ajralib, o‘g‘lining “gul”dek oilasi buzilib ketibdi.
Nima, ichdagi ilon shaklidagi bu “buyuk san’atkor” – kelinning kirdikorlari shu texnika yordamida fosh etilgan bo‘lsa, yomonmi? Dunyoda hech bir narsa behikmat emas-ku!
Yana bir holatda yangi uylanmoqchi bo‘lgan yigit unashtirilgan qizining labini cho‘chchaytirib tushgan, behayo muqomlar qilayotgan rasmlarini “instagramm” tarmog‘idan topib olishi natijasida to‘y to‘xtatilibdi.
Bunda kechayotgan qing‘irliklarni qirq daqiqadayoq fosh etib, bizni kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan katta faokatlardan saqlab qolayotgan Yaratganning qudrati va taraqqiyot mo‘’jizalariga rahmat aytish kerak emasmi aslida?
Rivojlangan mamlakatlar bilan taqqoslaganda internet tarqmog‘i ham yurtimizda nisbatan yangi va yalpi qatlam to‘la tushunib ulgurmagan soha. Inson qo‘li bilan yaratilib, tarixda avval kuzatilmagan muvaffaqiyat va dolzarblikka erishib ulgirgan, tom ma’nodagi bu mo‘’jizaning mislsiz qulayliklari afsuski doim ham yaxshilikka emas, tajovuzkor tuzulmalarning bug‘unchi g‘oyalariga ham xizmat qilayotgani bor gap. Xo‘sh bundan vahim yasamoq, chora sifatida internetdan butunlay voz kechmoq mumkinmi va shunday qilsak, biz nima topamizu nima yo‘qotamiz?
Tojikiston, Turkiya kabi ayrim davlatlar internet tarmog‘idagi g‘oyaviy bo‘xronlardan bezib, unga davlat darajasida qisman yoki butunlay to‘siq qo‘yishgacha bormoqda. “Idrok.uz”ga bu kabi mamlakatlarning ushbu harakati sahnada bo‘laturib, millionlab tomoshabinlarining ko‘z o‘ngida raqiblarining xomsemiz tashqi ko‘rinishidan cho‘chib, kurashsiz taslim bo‘lgan polvonni eslatadi. Insonning tabiati shundayki, nimanidir “mumkin emas” deb cheklov qo‘ysangiz, aynan o‘shanga nisbatan kuchliroq qiziqish bildiradi. Taassufki, yaralmish fe’l-atvoridan kelib chiqib, bor haqiqatni ham o‘shanda deb o‘ylaydi u. Internet shunday tarmoqki, unga qaysidir tomonlama to‘la himoya tizimi o‘rnatishning iloji yo‘q. Agar imkoni bor bo‘lganida turli virtual himoya tizimlari, antivirus xizmatlariga bunda non qolmasdi. Turli mamlakatlarda internet brauzerlari va tegishli tashkilotlar tomonidan ponagrafik tarmoqlar, urush va buzg‘unchilikni targ‘ib qiluvchi, e’tiqodni-da o‘zgartirib yuborishga qaratilgan g‘oyaviy, diniy-ekstremistik, terroristik ruhdagi saytlar, axborotni manfaatdor usullarda noxolis baholayotgan turli qo‘shtirnoq ichidagi mustaqil elektron nashrlarining aksariga cheklov qo‘yilgan bo‘lsa ham, aynan o‘shanday axborotlarga xumori tutgan odam bir yo‘lini qilib, ochib o‘qimoqda baribir. Shaxsan o‘zim ham qiziqish doiramdan, sohamdan kelib chiqib, bular nima deyapti o‘zi, maqsadi nimayu qayoqqa qarab ketyapti, degan o‘yda dunyo va Vatanimizga doir xolis-noxolis munosabatlar bildirilayotgan o‘shanday “mustaqil” nashrlarni ham kuzatib boraman.
Asosiy muammo cheklovda emas, insonni o‘zida qolgan gap. Oddiy misol: ateizm – xudosizlik targ‘ib qilingan sobiq ittifoq paytida ham e’tiqodi mustahkam kattalarimiz ibodatini qilib, namozini o‘qib yuravergan. Yo‘lini topganlari Muqaddas haj ziyoratiga ham borishgan hatto. Bugun mahallalarimiz guzarlarida qasrni eslatuvchi, bir-biridan go‘zal qilib qurilgan, fayzli masjidlarimiz muntazam faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, o‘sha paytda peshonasi sajdaga tegmay, qimor o‘ynab yurgan amaki, bugun soqol qo‘ysa qora joyi qolmaydigan dodaga aylanib ham, nevarasi tengi qorasochlarni mashinasida aylantirib yurishdan boshqasini o‘ylamayapti. Endi bundaylarning farzandu nabirasi u yoqda tursin o‘zidan ham e’tiqod, ma’rifat, iymon, vatanga muhabbat nima ekanligini so‘ramay ham qo‘ya qoling.
Bu misolni keltirishimga sabab shuki, ikki gapning birida kattalar yoki yoshlarning aybini qidirmasdan, chorasizliklar sababini zamonu muhitdan izlamay, kim bo‘lishimizdan qat’iy nazar, besh kunlik o‘tkinchi dunyoda kengoq fikr qilish, umumbasharish g‘oyalar bilan yashashga harakat qilaylik.

PS IDROKBugunda axborot oqimlari shunday ahamiyatli voqelikki, yer shari o‘z o‘qi atrofida go‘yo tili bilan aylanmoqda. Aniq bir manfaat yuzasidan tarqatilayotgan, tegishli har qanday axborot ma’lumotlarini «haqiqat shu ekan-da» deb baholamaylik. Bundan tashqari, shu bashar ahli ekanmiz, dunyodagi voqeliklarni o‘zgartirib yuborishga aqlimiz yetmas ekan, internet va turli ijtimoiy tarmoqlar, mavjud taraqqiyot shakllaridan fojelik yasamasdan, haqiqatga tik boqib, idrok eta olaylik.
Umuman olib qaraganda bugunda internet olami – chiqindixona. Bunda nushqitning istalgan turi topiladi. Bu chirkinlikni o‘g‘it sifatida baholab, undan muattar gul o‘stira olish, yaxshilikka xizmat qildirish ham mumkin, faqat bu qay birimiz nimaning shaydosi ekanligimizgagina bog‘liq.

Alisher ABDUMALIKXON, IDROK.UZ 

8 ta fikr

  1. Nima qilaylik a ~¿¿

  2. Ishiyizga omad tilayman Abdumalik aka

  3. Rahmat. Ismim Alisher. ABDUMALIKXON otamning ismlari va ayni paytda taxallusim.

  4. Biz g’iybatning shaydosimiz ..!Bugungi kunimizni g’iybatlarsiz tasavvur qila olasizmi .?
    Yo’q, albatta ..! G’iybatu ,mish-mishlarsiz kunimiz o’tmaydi.
    Aytishlaricha ,avvallari odamlar oyog’i bilan yurishar ekan ..,bugungi kunda esa odamlar tili bilan yuradilar ..!
    Atrofimga nazar tashlab, yonverimda avj olayotgan ,g’iybatu joiz bo’lsa ,fisqu-fasodlarni ,aytilganidek «bekorchi xotinlar» emas ,tuppa-tuzuk ziyoli ,qolaversa erkak jinsiga mansub shaxslarning ishtiroki katta ekanligidan hayratga tushaman.
    Qayoqqa qarama mish-mishlaru ,g’iybatlar ..!
    Enternet ham g’iybatu ,mish-mishlarning asosiy maskaniga aylanib qolgan .!Zamonamizni ham ,hayotimizni ham shu mayda ,gap-so’zlar boshqaryapti,nazarimda.
    Soatlab vaqtimizni ,biron «yulduzcha»ning kundalik yumushlarini muhokama qilishga sarflaymiz,biron saytga kirib.Shu shov-shuvlar orqasidan o’z auditoriyasini kengaytirib olgan adminlarimiz ham ko’pchilikni tashkil etadi.
    G’iybat gunohi kabiradir-deyilgan hadislarda.
    Nahotki,oltinlarga tenglab bo’lmas vaqtimizni,kimlarningdir hayotini «chaynash»ga sarflasak.
    Yoshi 40 dan oshgan erkak hamkasblarimning, ishni ham o’z holiga tashlab ,erta tongdanoq ,kunni kim qanaqa kiyimda kelgani-yu,tirnog’ini qaysi rangga bo’yagani haqidagi gaplar bilan boshlashini ko’rib,kulishni ham ,yig’lashni ham bilmayman.Eng qizig’i ,hozirgina shu honada bo’lgan muhokamaning ,yarim soat ham o’tmasdan ,2 qavat yuqorida o’tiradigan direktor kotib

  5. asidan eshitib, hayratdan yoqa ushlayman …
    Bizda BBS ga ham hojat yo’q.Ma’lumot tarqatish tezligimiz oldida «Megafon» ham «hijolat»da .

  6. Boringizga shukur!

  7. Sayt juda yaxshi chiqibdi, maqolalar undan ham yaxshi, Ishlarizga omad, Allox quvvat bersin

  8. Saytdagi maqolalar dolzarb mavzuda yozilganligi va ,eng asosiysi, har bir maqolada muallif so`zining o`tkirligi, xalq qalbidagi so`zlarni aytgani meni hayratda qoldirdi. Sizlarga yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter