Ichki ishlar sohasi, ayniqcha izquvarlik kasbi o‘zining siru sinoatlari bilan ohanrabodek meni o‘ziga tortardi. Kursantlik paytimda ham huquqiy mavzudagi, detektiv yo‘nalishlardagi asarlarni o‘qish jonu dilim edi. Detektiv dunyosi boshidanoq meni o‘ziga rom etib kelgani bois, tezroq o‘qishni bitirsamu xizmat faoliyatimni boshlasam, degan niyat menga hech tinchlik bermasdi. O‘qishning so‘nggi bosqichlarida boshqa safdoshlarim qatori Ichki ishlar boshqarmasida amaliyot o‘tay boshladim. O‘sha paytda izquvarlikda o‘zimni sinab ko‘rishda tasodifiy tarzda menda birinchi imkoniyat paydo bo‘lgani va bu bilan bog‘liq voqea hech xotiramdan chiqmaydi.
Qo‘shnimning uyida qurilish bo‘lib, ustalar ishlayotgan edi. Dam olish kunlarining birida ulardan ikkisi uyga meni so‘rab chiqdi.
– Sardor, oldingizga bir iltimos bilan chiquvdik. Yordamlashib yuborsangiz, esimizdan chiqarmasdik, – dedi Xushnud deb o‘zini tanishtirgan ulardan biri.
– Qulog‘im sizda, agar qo‘limdan kelsa, gap-so‘z yo‘q, – dedim xayron bo‘lib. Ustalarga qanday yordamim tegishi mumkinligini bilmasdim. Balki biror narsani ko‘tarishib yuborarman, balki qurilishga yordamim kerakdir(!)
– Sherigim bilan telefonlarimizni yo‘qotdik. Topishga yordamlashib yuborsangiz degandik, Sardor, – dedi u hafaqon ohangda. Uning tushkun kayfiyati yuz-ko‘zlaridan shundoqqina bilinib turardi. To‘g‘rida, kim ham qo‘l telefonini yo‘qotsa, xursand bo‘lardi?!
– Mayliku-ya, lekin sizlar tuman ichki ishlar idoralariga murojaat etganingiz yaxshiroq edi, aka.
– Siz ham militsiyada ishlaysiz-ku, Sardor, – xafa bo‘lgan kayfiyatda murojaat etdi usta aka.
– Men hali o‘qishni tamomlaganim yo‘q. Yo‘qolgan narsalarni topishning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor, aka, – dedim unga tushuntirishga harakat qilib.
– Siz ham milsiyasiz-ku, uka. Bir yordam berib yuboring, har holda qo‘shnimiz-ku! – dedi qo‘shnim iltimosini o‘zimdan soqit qilayotganimdan oshkora ranjib. Mehnatdan boshqa nrsaga aqli yetmaydigan jaydari usta akaga xizmat yo‘l yo‘rig‘ini tushuntirib o‘tirish foydasiz ekanligini sezdim.
– Yaxshi, unda ertaga boshqarmaga o‘ting, bir yo‘lini qilarmiz – dedim, noiloj.
Ertasi kuni aytilgan paytda ular amaliyot o‘taydigan joyimga keldi. Men ulardan voqea aslida qanday bo‘lganligini miridan-sirigacha so‘rab, surishtirdim. Ma’lum bo‘lishicha, ular Qo‘yliq bozoridan yo‘lovchi taksiga o‘tirib, Sobir Rahimov avtoshohbekatida tushishganida har ikkalasining ham qo‘l telefonlari mashinida qolgani ma’lum bo‘lgan. Taksi orqasidan chopib, baqirgan yo‘lovchilarning nolasiga parvo qilmay shitob bilan o‘z joyidan qo‘zg‘algan mashina zum o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Jabirdiyda ikki yo‘lovchi esa mashinaning «Jiguli Vaz 21011» markali ekanligini va davlat raqamini eslab qolishga ulguradilar, xolos. Bor gap shundan iborat ekan. Men ulardan mashinaning davlat raqamini bilib olgach, uyali aloqa kompaniyasidan telefon yo‘qolgan kundan bugungi kungacha bo‘lgan qo‘ng‘iroqlarni chiqartirib kelishlarini so‘radim. Raqam o‘zlariga tegishli bo‘lgani uchun ular ko‘p o‘tmay har ikki telefonga tegishli qo‘ng‘iroqlar ro‘yxatini chiqartirib kelishdi. Menda ushbu qonunbuzarlik holatini aniqlashga bo‘lgan ichki bir ishtiyoq paydo bo‘lgan edi. Qasddan o‘ylab qilinmasada, vaziyatdan foydalanib qolish ham jinoyat, aslida. Ichki ishlar idorasida ishlar ekanman, garchi bu mening xizmat vazifamga kirmasa ham menga ishonilayotgan bu muammoni yechishga o‘zimni mas’ul deb bildim. Qarasam, yo‘qotishdan so‘ng, telefonlarning har ikkisidan ham chiqish qo‘ng‘roqlari bo‘lgan ekan. Qizig‘i shundaki, har ikkisidan ham bir xil raqamlarga qo‘ng‘iroqlar amalga oshirilgan. Men men uchun ishning bir qadam olg‘a siljigani edi. Xonamga kirib, menga ma’lum bo‘lgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qila boshladim. Dastlabki raqam o‘chirilganligini bilib, ikkinchisiga tergan ham edimki, tovushi yoqimli bir qiz javob berdi.

– Assalomu-alekum, uzr, sizni bezovta qildim. Men shahar ichki ishlardan Asilbekov bo‘laman. Marhamat qilib o‘zingizni tanishtirsangiz!..
– Kechirasiz, tinchlikmi, nima gap o‘zi? – dedi qiz hayron bo‘lgan ohangda.
– Singlim, siz xavotir olmang, avval ism-sharifingizni ayting, sizga tushuntirib beraman.
– Ismim Nigora…
– Nigoraxon, men sizga bir savol bilan murojaat qilaman, faqat rost javob berishingizni so‘ragan bo‘lardim,– deya qo‘limdagi boyagi ro‘yxatlarga ko‘z tashladim. – Sizga yigirma sakkizinchi avgust kuni kech soat yigirma uchdan besh daqiqa o‘tganida «33-58» raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan, siz u bilan yetti daqiqa gaplashgansiz. Yigirma to‘qqizinchi sanada, soat kechki o‘n sakkizdan o‘ttiz besh daqiqa o‘tganida esa esa «52-28» raqamidan ham qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Siz u bilan o‘n ikki daqiqa gaplashgansiz. Marhamat qilib, ular kimligini menga aytsangiz. Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi, aytavering.
– O‘g‘irlangan qo‘l telefonlaridan sizga qo‘ng‘iroq qilingan, – deya dangal maqsadga ko‘chdim men.
– Yo‘g‘-ye-ye, xazillashmayapsizmi, nahotki u bola o‘g‘ri bo‘lsa, – deb yubordi qiz sirini oshkor etib.
– Buni endi aniqlaymiz, singlim. Marhamat qilib, o‘sha bolaning kimligini va o‘z telefon raqamini aytsangiz, shunday qilsangiz, hammaga yaxshi bo‘ladi, – dedim uni diqqat bilan tinglar ekanman.
Qiz yana biroz tixirlik qilgach, nihoyat javob berishga majbur bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha u Sarvar ismli bola ekan. Bu qiz bilan u yaqinda tanishgan va ulararo muhabbat aloqalari boshlanish arafasida ekan. «Lekin Sarvar akaning bunday ish qilishiga umuman ishonmayman. U judayam xalol, o‘ziga to‘g‘ri yigit. Menimcha siz yangishyapsiz», dedi u suhbat oxirida. Sarvarning qo‘l telefon raqamini qizdan bilib olgach, oramizdagi bu gapni hech kim bilmasligi kerakligini unga uqtirib, Sarvar akasi haqiqatdan ham yaxshi inson bo‘lsa, unga hech narsa qilmasligini aytib, xayrlashdim. Endigi vazifa gumondor Sarvarboy bilan qo‘ng‘iroqlashish edi. U bilan telefon orqali bog‘langach, qisqa salom-alikdan so‘ng, yuqoridagi kabi o‘zimni tanishtirib, yigitni siquvga oldim.
– Sarvarbek! Jabirlanuvchilarning arizasi qo‘limda turibdi. Bizga hamma narsa ma’lum. Tezda ikkala telefonni ham olib, shahar ichki ishlar boshqarmasiga yetib kelsangiz, masalangiz oson yechiladi, – dedim jiddiy ohangda.
– Qanaqa telefonlar, aka? Men hech qanday telefon o‘g‘irlamaganman. Nima haqida gapirayotganingizni ham tushunmayapman.
– Yigirima sakkizinchi, yigirma to‘qqizinchi avgust kunlari siz o‘g‘irlangan telefon raqamlaridan qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirgansiz, faqat tonmang, biz hammasini aniqladik.
– Men faqat sim kartalarni o‘z telefonimga qo‘yib, foydalanganman. Boshqa hech qanday o‘g‘irlangan telefondan xabarim yo‘q.
– Ularni, sim kartalarni qayerdan oldingiz?
– Ukam ko‘chadan topib olgan ekan, undan olib qo‘ydim. Telefonimga qo‘yib ko‘rsam, ikkalasining ham hisobida puli bor ekan, gaplashdim.
– Sarvar, bunaqa yolg‘onlarni boshqa joyda ishlatasiz. Yaxshi gapga tushunmaydigan odam ko‘rinasiz. Yigirma daqiqa ichida ichki ishlar boshqarmasiga yetib keling, shu yerda gaplashamiz qolganini. Agar kelmasangiz, uy manzilingizga yigitlarni yuborishga to‘g‘ri keladi, – deya ish telefoni go‘shagini joyiga qo‘ydim. Inson ruhiga ta’sir etish nuqtai nazaridan o‘ylashimcha, agar telefonlarni haqiqatdan ham Sarvar olgan bo‘lsa, bu muomaladan so‘ng u taslim bo‘lishi kerak edi. Ammo u aytilgan vaqtda boshqarma binosi yoniga yetib kelib, yuqoridagi gaplarini yana takrorladi.
– Aka, nima qilsangiz o‘zingizga havola. Lekin men vijdonim oldida to‘g‘riman. Siz aytayotgan telefonlar haqida umuman xabarim yo‘q, – deya oyoq tirab oldi yigit.
– Yaxshi, men sizga ishondim, Sarvar. Faqat, ertami-indin haqiqat oshkor bo‘lib, siz aybdor bo‘lib chiqsangiz, aldaganingiz uchun ishingiz og‘irlashishini eslatib o‘tishim kerak, – dedim biror-bir o‘zgarishni kutib, uning yuz-ko‘zlariga tikilgancha.
– Gap bo‘lishi mumkinmas, aka, – dedi u o‘ziga ishonch bilan menga qarab.
Shundan so‘ng u bilan xayrlashishdan o‘zga choram qolmadi. Iste’dodim pand berdimi, yigit mendan ham «iste’dod»liroq chiqdimi yoki u haqiqatdan ham bu qonun buzilish holatiga aloqador emasmi, harholda, Universitetda psixologiya fanidan olgan bilimlarim ish bermadi.
Jabrlanuvchilardan yo‘qolgan telefonlarning karobkasi – hujjatini so‘raganimda ular yo‘qolganini aytishdi. Agar telefonlarning ushbu hujjati bo‘lganida maxsus raqamlar orqali ularning topilishi oson kechardi. Endi esa muammoni boshqa yo‘l bilan hal etish kerak.

– Doston, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra telefonlar sizda bo‘lib chiqayapti. Mijozlaringiz o‘z manzilida tushib qolganidan so‘ng, telefonlari yodiga tushib, ular ortingizdan baqirib qolgan, siz esa yarim kechasi atrof tinch bo‘lishiga qaramay, eshitmagan kishi bo‘lib, ketib qolgansiz. Zum o‘tmay qo‘ng‘iroq qilishganida har ikkala telefonni ham o‘chirib qo‘ygansiz. Boshqarmaga telefonlarni olib kelib berishingizga yigirma daqiqa vaqt beraman, – dedim po‘pisa qilgan ohangda.
– Oka, isbotlaringiz bo‘lmay turib, manga bunaqa muomala qilmang, iltimos! Tuhmat qilganlik uchun ham jazo borligini yaxshi bilamiz, – dedi u bepisand ohangda.
Uning o‘zini tutishidan ichidan pishganlar xilidan ekanligini sezish qiyin emasdi. Bir tomondan gapi to‘g‘ri. Menda uning aybdor ekanligini isbotlovchi aniq dalil yo‘q, harxolda. Telefon turubkasini joyiga qo‘ygach, nima qilishga boshim qotib, stolim ustidagi qog‘ozlarga xayolchan termuldim. Gumonlanuvchilardan biri Chilonzor tumanida istiqomat qilsa, ikkinchisi Uchtepa hududida turar ekan. Bu ma’lumotlarni o‘qir ekanman, miya xujayralarimda so‘nib borayotgan umid yana uchqunlashni boshladi. Shahar xaritasidan Sarvar va Dostonning uy manzilllarini topib, oradagi masofani chamaladim. Ikki chaqirim masofani aytmaganda ular bir-biriga yaqin joyda turardilar. Taxminimcha, bu ikki shaxs bir-biriga qarindosh yoki ulfat bo‘lishi kerak edi. Faqat buni isbotlash kerak. Ramziddin akaga yana istimos qilishimga to‘g‘ri keldi. Unga Sarvarning qo‘l telefon raqamini berib, so‘nggi uch kun ichidagi ushbu telefon raqamidan chiquvchi hamda kiruvchi qo‘ng‘iroqlar ro‘yxatini chiqarib berishini so‘radim.
– Nima ish qilayotganiningni bilmadim-ku, Sardorboy, lekin bu oxirigisi. Boshliq bilib qolsa, meni ham seni ham jazolaydi, uka, – dedi Ramziddin aka menga ma’lumotlarni topshirar ekan. Men esa unga katta rahmat aytib, xonamga yo‘naldim. Afsus… Qo‘ng‘iroqlar ro‘yxatidan bilishim bo‘yicha na Sarvar Dostonga tegishli raqamlarga na Doston Sarvarning telefoniga qo‘ng‘iroq qilmagan edi. Axir ular tanish bo‘lsa, hech bo‘lmaganda bir marta telefon orqali bog‘langan bo‘lishi kerak edi-ku?! Ammo taffakkurimning qaysidir burchaklari bilan aniq xis qilayotgan edimki, bu olg‘irlik ikki gumonlanuvchining qaysi biri bilandir bog‘liq edi…
Qo‘limdan kelgan barcha ishni qilgan bo‘lsamda, hamon haqiqat mavhum. Tushkun kayfiyatda ko‘zimni yumgan ko‘yi voqea yuzasidan qilgan ishlarimni miridan-sirigacha xayolimdan o‘tkazdim. Garchi bundan foyda chiqishiga ko‘zim yetmasa ham yana ikki og‘iz savol-javob qilish maqsadida Sarvarning uy telefoniga qo‘ng‘iroq qildim. Telefon trubkasini to‘rtinchi sinf o‘quvchisi o‘zini Jamshid deb tanishtirgan Savarning ukasi ko‘tardi. Undan akasini qayerda ekanligini so‘raganimda ish bilan ko‘chaga chiqib ketganligini, zarur bo‘lsa qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, topish mumkinligini aytdi. Shu payt Savarning «Sim kartalarni ukam ko‘chadan topib olgan ekan», degan so‘zlari xayolimga keldi.
– Jamshidjon, sen bundan uch kun avval akangga bergan sim kartalarni qayerdan olganding, – so‘radim undan.
– Siz Murodni akasimisiz? Uni urganimni aytibti-da, sotqin! – dedi Jamshid bolalarcha soddalik bilan. – Uning o‘zi kompyuter o‘yinida menga qarz bo‘lib qoluvdi. Besh yuz so‘m qarzini berishi kerak edi, puli yo‘q ekan. Bir hafta kuttim ham pulimni bermadi. O‘sha kuni qo‘lidagi sim kartalarni ko‘rib, olib qo‘ydim. Urmoqchi emasdim, o‘zi yaxshilikcha bermadi, aka. Menda aybmas, akamga aytmang, iltimos, yana savalamasin, – shoshib gapini davom ettirdi bola.
«Kichkina qaroqchi»ning so‘zlarini miyamda birma-bir taxlil qilar ekanman, unga keyinchalik menga masalaning yechimini ko‘rsatgan javobni olgan savolni berdim:
– Meni tanidingmi o‘zi, Jamshidjon?
– Doston akamisiz, siz?!.

***
Keyinchalik bu voqea o‘zimga nisbatan ishonch ruhining yanada oshishini, izquvarlikka bo‘lgan muhabbatimning jo‘sh urishini ta’minladi. Ichki ishlar sohasining turli idora va tizimlarida faoliyat yuritib, ko‘plab jinoyatlarga guvoh bo‘lar, ularning tafsilotlari bilan tanishib chiqar ekanman, borgan sari bilganlarimdan bilmaganim ko‘pligini xis qilib, tajribam oshib bordi. Jinoyatning ildiziga yetish uchun avvalo uning mohiyati, sabablari haqida bosh qotirish kerakligini, hech bir inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmasligini, uning bu yo‘lga kirib qolishiga sabab bo‘lgan omillarga ko‘proq e’tibor qaratilganidagina adolat qaror topishini va hayotda hech bir qing‘ir ish qay yo‘sinda bo‘lmasin jazosiz qolmasligini anglab yetdim.
Ayniqsa, bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga qadam bosgan o‘smirlar va ularning qilmishlari bilan bog‘liq qonun buzilish holatlarini achinish hissi ila kuzatar ekanman, yaqin do‘stim, sinfdoshim Ilhom ham qiziqqon yoshlikning qurboni bo‘lgani haqida o‘ylab, bot-bot qayg‘uga tushaman. Uni bu yo‘ldan vaqtida qaytara olmaganimni o‘ylasam, o‘zimni-o‘zim yomon ko‘rib ketaman».«Alvido bolalik, assalom yoshlik,
Xanuz tark etmadi sho‘xlik odatim.
Kechirilmas endi hech bir beboshlik,
Ko‘klarga kuzatdim ozod omadim…»
G A R O V
Turmada
Posbon Ilhomning qo‘lini orqasiga qilib kishanladi. U hali ham karaxt ahvolda edi.
– Mahkum, oldimga tushing.
Xodimning baland ovozidan o‘ziga kelgan Ilhom nimalar bo‘layotganini fikrlay boshladi. «Mahkum… Naqadar yoqimsiz so‘z. Marhum so‘zi bilan naqadar o‘xshash. Darhaqiqat, qamalgan odamning murdadan qanday farqi ham bo‘lardi. Bu haqida vaqtida o‘ylash kerak edi. Inson hayotga nisbatan jiddiy munosabatda bo‘lmasa, hayot ham insonning ustidan kulishni boshlar ekan. Birgina o‘yin tufayli hammasi chappa ketdi. Aslida ayb o‘zimda, g‘irromligimda… Har nima bo‘lganida ham umr daftarimga qora siyoh to‘kildi endi».
Turkumning dastlabki qismini o’qish: Izquvarning kundaligidan: MEN OFITSERMAN
(davomi bor)
Alisher ABDUMALIKXON.