… Kimga vafo etmish bu ko‘hna falak,
Hatto Momo Havo – Navro‘z kelinchak.
Atomiz Odamni ranjitgach beshak,
Arosat, sinovlar tutmishdir etak…
Kel, kelgil, malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Kim so‘rdi o‘zidin o‘ziga berdi,
Har banda har elni teppa-teng ko‘rdi,
Kim yuho, dil qiya, badnafsi o‘rdir –
Qiyomat qadar lol, gung, soqov, ko‘rdir…
Kel, kelgil, malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Balkim yuzi qora, balkim g‘irt malla,
Shaytoni la’inmen, dermish bir mulla,
Jam’i qabohatni aylamish salla,
Yangramish azonlar huzurdir, alla…
Kel, kelgil malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Ota bir: arabu nasli yahudo,
Sahroda iymonla behishtim barpo,
Ujmoh dil ham so‘lur kim nafsga gado,
Taqdiri azalning hoqoni xudo…
Kel, kelgil malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Shukur, odam etding, men bir bandangman,
Goh zahri qotil, goh asal-qandingman,
Shoyad ikki dunyo ichra tantiman,
O‘n sakkiz ming olam aro bandiman…
Kel, kelgil malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
O‘zimdin ulug‘roq unvondir o‘zbay,
O‘zingdin keyingi eng asal so‘zday,
Ko‘nglimga yaqindur qosh ila ko‘zday,
Istarasi issiq: Cho‘lpon yulduzday…
Kel, kelgil malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Nasibkim, mulkingda dilim tig‘ladim,
Bolamgamas, elu yurtga yig‘ladim,
Mayliga, goy kuldim, gohi siqtadim,
Shaytonga tosh otdim, seni maqtadim…
Kel, kelgil malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Sifati ming bitta, muqobili yo‘q,
Lomakonda mavjud – manzil, eli yo‘q,
Zalvorli kalomning asli zili yo‘q,
Chamanim – behishtday, hur, komili yo‘q…
Kel, kelgil malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Iymon, sen dunyoda eng tabarruk nom,
Sahiy ko‘ngullarg‘a berg‘onsen ilhom,
G‘aniylik martabang Tiyonshonday tom,
Toabad til-dilda qutlug‘, gul kalom…
Kel, kelgil malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Yorug‘ dunyo guldir, makoni sinov,
Oppoq ochunlarda zulumotlar yov,
O‘zimni bilmadim, senmas bo‘sh-bayov,
Kelinchak kelajak, man bugun kuyov…
Kel, kelgil malagim – go‘zal kelajak,
Behisht bo‘yina boy, asal kelajak.
Go‘zal iloh, insof, iymon kelajak,
Go‘zal aql-idrok, ruh-jon kelajak…
___________________________________________________Abdumalik ISOMIDDIN.