O'tkazib yubormang

MUNOJOT

stress

… Falak qah-qah urur: ko‘zlarida nam,
Yig‘larmu, kularmu nurafshon shams ham,
Oq-qora libosda rango-rang olam?..
O‘zina qul, banda, oshig‘i bo‘lam,
Aytsam – o‘ltirurlar, aytmasam – o‘lam…
Ins-jins to‘la ochun – gul, parixona,
Samo – pushtipanoh, zaminim – ona,
Dilda ujmoh mangu, tamug‘ afsona,
Yamg‘urday yig‘laram, na gulday kulam,
Aytsam – o‘ltirurlar, aytmasam – o‘lam…
Dil – dilbar sohirdur, serobdur sehr,
Ranj ila ranjida muhabbat, mehr,
Bahri muhit aro mavj urur qahr,
Asiri andalib o‘lmisham gulam,
Aytsam – o‘ltirurlar, aytmasam – o‘lam…
Qing‘ir-qiyaliklar so‘nggi sirot – yo‘l,
Dilboshchi, elboshchi, yo‘lboshchidur dil,
Yaqom chok-chok vayron, bosh-ayog‘im ho‘l,
Na yiroq keturam, na yaqin yo‘lam,
Aytsam – o‘ltirurlar, aytmasam – o‘lam…
Bechora bag‘rimning bag‘ri hadsizdur,
Mo‘’jaz mo‘’jizalar totli, otsizdur,
Ulug‘ zot karami yora yotsizdur,
Dastamni cho‘zaram saxiy bir qo‘lam,
Aytsam – o‘ltirurlar, aytmasam – o‘lam…
Istaram: qo‘shchiroq zinhor so‘nmasun,
Har balo dilga xush, qazo suymasun,
Issiq istaralar qoshin uymasun,
G‘unchani uzmayam hofiz bulbulam,
Aytsam – o‘ltirurlar, aytmasam – o‘lam…
Bepayon, lomakon bayotu o‘lan,
Yashil dor tug‘ina ko‘z boylab, yo‘lan,
Zamona Farhodi murodi to‘lan,
Ishqimiz o‘lmasun orolday ko‘lam,
Aytsam – o‘ltirurlar, aytmasam – o‘lam…
Yetmish yetti tamug‘, soz sakkiz behisht,
Har nafas oyatim saroyimg‘a g‘isht,
Gunohkor bandag‘a savob cho‘x yumush,
Assalom alaykum, o‘ngimu so‘lam,
Aytsam – o‘ltirurlar, aytmasam – o‘lam…

_______________________________________________Abdumalik ISOMIDDIN.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter