O'tkazib yubormang

OSMON

osmonBoshimda o‘tlug‘ osmon,
Dudlug‘, bulutlug‘ osmon,
Beshik tobutlug‘ osmon,
Hirqa, sovutlug‘ osmon,
Hud, behududlug‘ osmon.
Yurdim yomonning yo‘lida,
Qoshi kamonning yo‘lida,
Rangi somonning yo‘lida,
Jonim egamning qo‘lida,
Zulmatli, sutlug‘ osmon.
Qaydin kelub, qayga ketay,
Gul bu jahonni bog‘ etay,
Nodon ko‘ngulni chog‘ etay,
Ardog‘ etay, dog‘-dog‘ etay,
Iymon, subutlug‘ osmon.
Dil qasri – ganj, armonimiz,
Nafs tog‘u, chang imkonimiz,
Odam Atodin qonimiz,
Sargashta bo‘ldi jonimiz,
Obli, gugurtlug‘ osmon.
G‘amdor o‘zum, g‘amxo‘r falak,
Ruh bitta, ming bir tan kerak,
Mevam abas: shamshod terak,
Boshimda shamshir, dor, chelak,
Isrofil udlug‘ osmon.
Rizqim samodin yog‘ilur,
Tufroq tanimg‘a qorilur,
Oxir makong‘a borilur,
Mehrigiyahmen, dilda nur,
Barqutli, qutlug‘ osmon.
San bir musavvirg‘a mato,
Ilk mahsuling Odam Ato,
Ibrohim, Is’hoqdir sado,
Iyso, Muhammaddin nido,
Muso, Dovudlug‘ osmon.
Biru borim, mavjud o‘zung,
Farmoni oliy har so‘zung,
Ikki jahonda gul yuzuning,
Mahsharda porlar yulduzing,
Inson vjudlug‘ osmon.
Bitta egamda mo‘l madad,
Hamdu sanoyim beadad,
Berdi nozik jon, sarvqad,
Idrok tarozusinda had,
Pirim murudlug‘ osmon.
O‘n sakkizu mingdur jahon,
Ko‘p o‘lchamu, olti tomon,
Rang yettita, parda nihon,
Besh irq aro o‘zum yomon,
Unsuri to‘rtlug‘ osmon.
Jon qandu, chok-chok ruhu tan,
Qayda Odam Ato, Vatan?
Piyodaman, aqlim saman,
Iymon nurila dil chaman,
Ujmohli yurtlug‘ osmon.
Kechdim jahondin, o‘zda ayb,
Tomirda jo‘sh, vahdatli may,
Qaynar buloq dil, sirli soy,
Yulduz yoshimdur, boshim oy,
Jam jomi sirtlig‘ osmon.
Mehring ila ahdim ulug‘,
Gavhar iymon, naqdim ulug‘,
Rizqim to‘lug‘, baxtim ulug‘,
Ketsam, vaiyahdim ulug‘,
Koshona girdlig‘ osmon.
Boshimda porlab har dame,
Rohimda hamroh, hamdame,
Bormu jahonda bir g‘ame,
Tinglar firoqu dardimi,
Feruza shodlig‘ osmon.
Sone muallimsen agar,
Darsimda ta’limsen agar,
Olamda olimsen agar,
Shogird Malikdurmen magar,
Zangori tug‘lug‘ osmon!..

________________________________________________Abdumalik ISOMIDDIN.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter