Xo‘mraygan quyoshni ko‘rganmu olam?
Bo‘ralab so‘kingan andalibni gul?
Balkim, quyosh yonib, yig‘laydir benam,
Hatto sensirashni eplolmas bulbul.
Bizga nasib o‘lmish yorug‘ jahonda
Botinan yig‘lab ham, zohiran kulish,
G‘uncha yanoqlarda porlar gul-xanda,
Shul taqvo, e’tiqod, eng ezgu yumush…
***
Sizga ham yarashmas bir qovoq uyush,
Oshiqni senlarmu jarangdor chinni?
Balkim, kulganingiz – asli bir kuyish,
Tabassum ortida sezmadim kinni.
Shamshodday sarvlaru mehri daryolar,
Sizdan obi hayot, sobirlik soyi.
Bomdod. Azon. Qaymoq sahar. Sabolar –
Ko‘ngul – mangu shukur, zikrning joyi!..
***
Tong sahar quyoshni uyg‘otay degan,
Sharqning erka Cho‘lpon sayyorasidur,
Ming quyosh taftini ko‘ksida tuygan,
Bu yolg‘on dunyoning ayyorasidur.
O‘n sakkiz ming olam – egam ro‘zg‘ori,
Ikki jahonimda hamroh shukrona.
Sadoqat mash’ali, iymon tumori,
Tong otgan Farg‘onam – bir parixona!..
***
Ikki jahon ichra har qulu banda,
Albatta topolsin ilmu kamolin.
Ko‘ksida chechaklar qiladir xanda,
Ko‘nglida yagona sohibjamoli…
***
Shoyad har nafas haj, har lahza umra,
Hojilik rutbasi ko‘ksingizda cho‘g‘.
Ko‘ngul Madinasi, Makkasi aro,
Bir umr zindonband biror banda yo‘q.
Shoyad, siz loyiqsiz ushbu rutbaga,
Peshonangiz silar saxiy sabongiz.
Shunday qalb ziyorat oyin kutmagay,
Hoji akbar demish g‘aniy bobongiz.
***
Do‘stim Xudoybergan, oshnam Egamqul,
Dunyoda podshohu begu begim qul.
Ollohberdi edi qul hoja Ahmad,
O‘n sakkiz ming olam sheri Muhammad…
Ulug‘ zotlar buyuk, a’zam zotlar nor,
Ularning yonida bizga nima bor?
Shukur, shul safdamiz, eng so‘ngi qator,
Og‘am Xudoyorxon, inim Ollohyor!..
***
Bul olamda vahm bor,
Ul dunyoda zahm bor,
Gul ochunda rahim bor,
Ko‘nglimda bir ohim bor,
Yagona ilohim bor,
Pushtim bor, panohim bor,
Quldirman, podshohim bor…
Shukur qilmay nima qilaman…
Yig‘ladimmu, kuldimmu?
Yashnadimmu, so‘ldimmu?
Tug‘ildimmu, o‘ldimmu?
Ketyapmanmu, keldimmu?
Oshiq-ma’shuq bo‘ldimmu,
Ko‘kartdimmu, yuldimmu?
Zag‘chamanmu, bulbulmu?
O‘zi bilar, o‘zim bilaman…
_____________________________________________________Abdumalik ISOMIDDIN.