O'tkazib yubormang

Halol yashab bo‘lmaydi

Yozuvchining zukkoligi orqali sobiq sotsializm tuzumi Abdulla Qahhorning “Sarob” romanida shunday tasvirlanadi: Qishloqqa o‘sha davr mafkura targ‘ibotchilari kelib, dehqonlarga juda o‘rniga qo‘yib sotsializmning ta’rifini keltirishadi. Shunda bir dehqon ularning kattasiga savol beradi: “Agar shunday bo‘lsa, davlatga balli, o‘g‘lim. Faqat menga bir narsani tushuntirib ber: hukumat qanday qilib hammani teng qilmoqchi – kambag‘alni boy qilibmi, boyni kambag‘al qilibmi?”…

Farosatli kishilar sobiq mafkuraviy g‘oyalarning mag‘zi to‘q yoki puchligini shu qisqagina badiiy tasvir vositasidagi suhbatdan ham anglab olishlari mumkin. Oradan chorak asr vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ba’zi o‘rinlarda o‘sha boqibeg‘amlik, tiriktovonlik hissi – nega anavi qo‘shnim boy, men esa nochorman, hukumatning adolati qani bunda degan eskicha qarashlar uchrab turadi hozir ham.
Ha, bugun mehnat qilgan, miyasini yuqori notalarda ishlata olayotganlargina qandini uradigan payt. Harakat bo‘lsagina rag‘bat bor!
“Falonchi yashashni biladi-da! Qizini chiqarganida to‘yini ko‘rib, butun shaharning og‘zi ochilib qolgandi. Mana hozir endigina pastort yoshiga yetgan ikkita o‘g‘lining har birida ikkitadan mashina. Sen yashayotgan uyini gapirasan, shahar chetidagi dala hovlisini bir yarim million dollarga sotmabdi, eshitdingmi shuni. Quruq oylikning hisobiga shunaqa yashash mumkin, deb o‘ylaysanmi?”
Shu va shunga o‘xshash g‘iybatnamo gaplarga ko‘p duch kelamiz. Fikr yuritmoq, idrok etmoq o‘rniga birovni cho‘ntagi ichidagilarni sanashga ishqibozmiz. Xavas qilib qo‘ya qolmasdan, kamiga o‘z noshudligimizni niqoblash uchun ularning bu darajaga yetishishi zamiri haqida bilib-bilmay, osongina fatvo ham chiqarib yuboramiz: halol bunday yashab bo‘lmaydi, bir balosi bo‘lmasa, bu daradjada boyib ketmasdi. Undaylardan hazar qilaman. Bir so‘m bo‘lsa ham peshona teri bilan halolidan topayotganim men uchun afzal, degan xulosalar eshitiladi.
Shaxsan bir akani taniyman. O‘zining aytishicha, yangi uylangan payti 2000-2001 yillarda xotini, go‘dak farzandi bilan qaynotasi olib bergan uyda ichkuyovsifat bo‘lib yashagan ekan. O‘sha paytlarda bir o‘rtog‘ining taklifi bilan bog‘dorchilikka asoslangan bir biznesga bosh qo‘shibdi. Avvaliga ho‘l, keyinroq quruq mevalar savdosi bilan shug‘illangan shu akaning ishi keyinchalik qanday rivojlanib ketganini hozirgi yashash sharoitidan bilish mumkin: Shayxontohur tumanida deylik yuzta “manaman” degan hovli-uchastka bo‘lsa, o‘shalarning birida shu aka istiqomat qiladi, maktab yoshidagi farzandlarini chet elda o‘qityapti, shahar markazlarida bir nechta savdo do‘koni, avtomashina yuvish shahobchalari bor. Sirasini aytganda, bu aka kabi ishning ko‘zini biladigan, “omadi kelgan yangi o‘zbek boylari” mamlakatimizda talaygina.

halol   Xo‘sh endi aytingchi, ana shunday boy bo‘lish yomonmi, yaxshi yashash gunohmi? Farovon hayot kechirayotganlarning barchasini ham xarompazga chiqarish to‘g‘ri bo‘ladimi? Halollik degani shukr va sabr bilan harakat qilishdan keladigan barakani, o‘sha baraka esa boylik ekanligini anglatmaydimi? Qashshoqlik yo‘qolib, boylar ko‘payishi jamiyat farovonlashuvining dalili emasmi?
Xoh u shifokor bo‘lsin xoh u o‘qituvchi har qaysi jabhada bo‘lmasin, bugun zamon tadbirkor kishiniki.

 

Bunda tadbirkor deganini aynan qaysidir biznes bilan shug‘illanuvchi savdo xodimi deb emas, ishbilarmonlik ma’nosida tushunishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Tadbir bilan ish ko‘rib qaltis vaziyatlardan chiqib keta olish, pul topishdan ham ko‘proq uni qanday sarf qila bilish haqiqiy tadbirkorlik aslida. Oddiygina qilib aytsak, shahar misolida hovlida yashaydigan oila yordamchi xo‘jalik tashkil etib: to‘rtta qo‘y yoki ikkitagina buzoq, hech bo‘lmaganida o‘n dona tovuq boqib ham oila g‘aznasiga foyda keltirishi mumkin. Ko‘p qavatli xonadonda istiqomat qiluvchilar ham bo‘sh paytida qo‘lidan kelgan hunarini o‘rgatib – shogird tayyorlabmi, ayol kishi bo‘lsa to‘quvchilik yoki tikuvchilik qilibmi, umuman biror kasbi orqali qo‘shimcha daromad topishlari mumkin. Bu endi har bir insonning o‘z salohiyatiga bog‘liq jarayon. So‘nggi yillarda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan bir qatorda oilaviy korxonalarni tashkil etish va rivojlantirish yo‘nalishiga ham mikrokredit tashkilotlari va banklar orqali xukumat tomonidan diqqatga sazovor amaliy ishlar qilinmoqda. Mamlakatimiz rahbari tomonidan kuni kecha qabul qilingan Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarning yana bir misoli bo‘la oladi.
Aynan biror davlat tashkilotida ishlab turib ham, xizmatchi yollagan holda yerga urug‘ qadab hosil olish, biror mahsulot ishlab chiqarish korxonasini ta’sis etish, o‘z uyida kasanachilik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoq kabi tadbirkorlik yo‘nalishlari uchun bir necha o‘nlab imkoniyat eshiklari ochiq bugun. Nimadan boshlashni bilish uchun esa bunda insonning o‘zi tadbirli bo‘lishi kerak xolos. So‘z ustasi, rahmatli Hojiboy Tojiboyev “O‘zbek bir oyda to‘rt yuz ming so‘m oylik olsa-da, bir millionlik oilaviy harajatlarini qoplaydi”, deya yumor qilganida azaldan sohibkor bo‘lgan xalqimizning diqqatga sazovor tadbirkorligini ham nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.
Daholar va yuksak iste’dod egalari ko‘pincha iqtisodiy tanazzul yoki urish davrlarida shakllanadi, degan edi faylasuflardan biri. Ammo bunda yana bir jihat ham borki, tom ma’nodagi aql egalari, komillikka yaqin insonlarning bo‘y ko‘rsatishi, eng go‘zal g‘oyalar, umumbashariy maqsad va intilishlarning amalga oshishi odatda moddiyatdan holi vaziyatlardagina yuzaga chiqadi. Besh asrdan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da o‘z asarlaridagi o‘lmas g‘oyalari bilan dunyoni hayratga solib kelayotgan Navoiy bobomiz yoxud rusning buyuk shoiri Pushkin ham o‘ziga to‘q oilaning farzandlari bo‘lishgani tarixdan ma’lum.
O‘zbekiston – har tomonlama boy mamlakat. Uning buyuk kelajagi tobora bo‘y ko‘rsatib yaqinlashmoqda. Korupsiya, uyushgan jinoyatchilik kabi allaqachon erishishimiz kerak bo‘lgan yuksak marralarimizni ortga surayotgan illatlarga ayovsiz barham berilib, qonun ustivorligining ta’minlanishi tobora mustahkamlanib bormoqda. Kichik biznes sub’ektlari va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni esa sanab o‘tirsak, doston bo‘ladi. Demak, halol yashab bo‘ladi, halol yaxshi yashab ham bo‘ladi hatto halol judayam farovon hayot kechirish ham mumkin. Bunda tinim bilmas yuksak harakatlarimiz ortida biroz idrok, ozgina sabr va yana zig‘irtak shukr bo‘lsa kifoya.

“Mana bu qurilayotgan “Gaz quyish shahobchasi” To‘rabek akamga qarashli”, deydi bir og‘ayni ikkinchisiga. “Qaysi To‘rabek aka?”. “Voy, eshitmaganmisan? Shaharning manaman degan boyvuchchalaridanlar-ku, akam! Poytaxtdagi anavi birinchi raqamli to‘yxonaning egasi bor-ku!” “Ha, umi? Qanaqa oken bo‘ladi u sanga?”. “Tug‘ishgan okammaslar-ku-ya, lekin judayam yaqinmiz. Taqachida turadigan katta ammam bor-ku, shuni dugonasi To‘rabek akamlarning qaynisinglisi bo‘ladi, tushundingmi?..”.halol3
Zamonamizning dog‘uli kishilariga ana shunday xavas qiladi hozirgi yoshlar. “Falonchi akam bilan tushlik qildik, Fistonchi opam qo‘ng‘iroq qilib bir kelib ketgin dedilar”, kabi xalq shoirlari va davlat arboblaridan o‘zining tug‘ishganini yasab olayotgan yosh qalamkashlarni ham kuzataman sohamizda. Moddiyati yoinki ma’naviyati, mansabi yoxud martabasi orqali baobro‘ bo‘lgan bunday kishilarimizni kamsitmagan holda aytmoqchimanki, marra ularning marrasiga intilish, harakatlarimiz ularga taqlidan harakat qilish bo‘lib qolmasin, toki boshqalar aurasiga o‘ta ketgan shaydolik va intilish insonni qoliplab qo‘yadi, o‘z imkoniyati yetadigan ma’lum natijaga erishishga yo‘l bermaydi. Ularda bor narsa sizda ham bor. Hatto sizdagi imkoniyat ularnikiga qaraganda bir necha barobar yuqori ham. Ehtimol, o‘sha xavas qilayotganingiz “katta odam”lar sizning yoshingizdalik paytida hozir sizda bor imkoniyatlarga ega bo‘lmagandir. Maqsadlaringizni har qanday martaba yoinki moddiyatdan yuqori qo‘ying. Anavi narsami, ha menda undan ancha yaxshisi bo‘ladi. Anavi darajami, ha men undan-da yuksak darajaga bemalol yetisha olaman, deya ishonib, ezgulikka intilib yashang!..

Bolaligimda ko‘p ertak o‘qiganman. O‘sha olamga tushib qolishni xayol ham qilardim. Yosh ulg‘ayib hozir shuni anglab yetyapmanki, aslida o‘sha ertaklar ertak emas haqiqiy hayot, umr kechirayotganimiz – bugungi hayotimiz esa ertak. Izohlash uchun aytmoqchimanki, taqvodor kishilar bu foniy dunyoga ekinzor deb qaraydilar. Yaxshilik urug‘ini sepish, gunohlardan tiyila bilib, iymon nihollarini ekish mavsumi deya baholaydilar. Hosilni yig‘ib, qilingan amallar huzurini ko‘rmoq esa narigi dunyoda bo‘ladi deyishadi. Xo‘sh endi bunda qilayotgan yaxshi amallarimiz orqali orzulaganimiz jannatni yashayotgan bu kunlarimizga qiyoslasak, qay bir ertak?.. Demak, muqaddimada ertakda edik, nihoyada ham ertakka qaytajakmiz, inshaalloh. Halol yashab bo‘ladi, faqat kimki o‘sha ertakdan umidvor bo‘lsa.

Alisher ABDUMALIKXON,
mustaqil jurnalist,  IDROK.UZ .

3 ta fikr

  1. Shaxsan halol yashash va boy bo’lish mumkin. Hatto halollik bilan boylik ortadi.

  2. «Mustaqil jurnalist» janoblari! Men sizni yozgan maqolangizni o’qib chiqdim… Xafa bo’lmangu, avvalgi qatorlaridanoq zerikishni boshladim. Balkim fikrlaringiz ko’p kishiga ma’qul kelar… Lekin bizning xalq halol yashamasa, halol pul topmasa, ularni Al-Buxoriy, At-Termiziy, Navoiy kabi insonlarga qanday nisbat berib ularning avlodlari, ularning zurriyotlari deyiladi?! Axir bilmaysizmi bizning ota-bobolarimiz halol yashab kelishgan. Tarixni qayta varaqlab chiqing. Sizning fikrlaringiz ko’p kishini ranjitadi.
    Kechirasizu muhtaram Alisher ABDUMALIKXON janoblari, sizga savolim bor. Va u quyidagicha: Xo’p mayli, siz (insonlar) boy bo’lib ketishsa ham, hammaning puli ko’paysa ham… Keyin nima bo’ladi? Tabiiyki hamma boy bo’ladi. Hamma puli halolmi, harommi buni ahamiyatiga bormaydi. Halollik bo’lmagan joydan baraka, ilm qochadi. Ilm bo’lmagan joyda esa ma’naviyat, madaniyat degan tushuncha bo’lmay qoladi. Buni qarang-ki hamma boy-u lekin ichi bo’sh?! Ma’naviyat shakllanmagan yurtning kelajagi nima bo’ladi? «Buyuk» bo’ladimi? Keyinchalik hamma bizni ular juda ham boy edi deb eslashadimi? O’ylab ko’ringga, siz misol keltirib boy deyayotgan Navoiy hazratlarini qaysi sifat bilan eslashadi? Balkim u kishining boy bo’lganlarini ko’p kishi bilmas, lekin u kishining halollik-u, ilmda oliy darajada ekanligini bilishadi. Maqolangizda mantiq yo’q. Shu masalani boshqacha tushuntirish kerak. Maqolangizning boshidan, sarlavhasidan oxirgi sarlavhasigacha xato. Jannat-u do’zax bor va buni yaqinda ko’ramiz.

  3. Erinmasdan fikr bildiribsizu, avval diqqat bilan o’qimabsiz-da, Ali Zairov. Maqola tushunarsizmi yoki bildirgan fikrlaringiz g’azlizmi, o’ylab ko’ring! Aniq nima savola bergansiz o’zi, anglolmadim. «Halol yashab bo’lmaydi» zamonamizdagi ba’zi odamlar gapi. Maqola «Halol yashash mumkin, kimki o’sha ertakdan ya’ni jannatdan umidvor bo’lsa», deya yakunlangan. Fikrlarga qo’shilmaslikka haqqingiz bor. Nima bo’lganida ham e’tibor uchun tashakkur. IDROK har qanday e’tirozni ham qabul qila oladi.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter