Ateizmning cho‘kishi

INSONIYAT TARIXINING BURILISH ONI

Insoniyat o‘z tarixi va rivojlanishi davrlarida juda ko‘p hal qiluvchi onlarni boshidan kechirgan. Ayni shu ma’noda bugunni ham ana shunday davrlarning biri deb to‘liq ishonch bilan aytaolamiz. Kimdir buni “globallashuv” deb atasa, kimdir “taraqqiyot asri”ning boshlanishi deb ta’kidlamoqda. Har ikki tarafni ham fikri to‘g‘ri, ammo so‘nggi kunlarda yana bir o‘ta muhim yo‘nalish taboro oydinlashib bormoqda. Ehtimol hali ko‘pchilik ko‘rmagan, bilmagandir, biroq so‘nggi 20-25 yil ichida ilm va falsafa tub o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazmoqda. XIX asr o‘rtalaridan ilmiy va falsafiy dunyoda hukmron bo‘lgan dahriylik (ateizm) shiddat va qaytmas darajada o‘zining barcha mavqeini boyitib bordi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Xudoni inkor qiluvchi dahriylik dunyoqarash sifatida qadimgi dunyoda ham ma’lum bo‘lgan edi. Shunday bo‘lsa ham, XVIII asrdan boshlab, din dushmanlari bo‘lgan moddiyunchi (materialist) faylasuflar Yevropa mamlakatlarida dahriylik g‘oyalarini targ‘ib qilishlari bilan mazkur mafkuraning tarqalishining yangi to‘lqini boshlandi. Deni Didro, Baron Golbax yoki Devid Yum kabi moddiyunchi faylasuflar tabiatda materiyadan boshqa hech narsa yo‘q, degan g‘oyani jamiyat ongiga singdirdi va mazkur g‘oyaning faol targ‘ibotchilariga aylanishdi.

ateizmning cho'kishi
XIX-XX asrlarga kelib, Feyerbax, Marks, Engels, Nitsshe, Dyurkgeym va Freyd kabi yangi moddiyunchi faylasuflar avlodi ularning ishini davom ettirdilar. Ular dahriylikni asosan ilm va falsafaning turli sohalariga singdirishdi. Dahriylik mafkurasining ilmiy asosini tashkil qilgan, ingliz havaskor tabiatshunosi Charlz Darvin tarafidan ilgari surilgan, hayotning Xudo tarafidan yaratganligini inkor qiluvchi, Yerda hayotni paydo bo‘lishi va uning evolyutsiyasi ta’limotini rivojlanishi ham bunday qarashni keng jabhada tarqalishiga olib keldi.
Moddiyunchi faylasuflarning fikricha, darvinizm ular javob topa olmagan yoki yetarli darajada javob bera olmagan eng muhim savolga “ilmiy”javob bergan emish: “Yerda hayot qanday paydo bo‘lgan va inson qayerdan kelgan?” degan savol bu yerda muhim ahamiyat kasb etgan.
Darvinizm tabiatda jonsiz materiyani tiriltirishga qobil va bundan so‘ng ulardan turli xil millionlab tirik mavjudotlar yaratilishi mexanizmi bor deb ta’kidlaydi. Bu g‘oya bema’ni bo‘lishiga qaramay, o‘z davrida uni ilmiy dalil deb qabul qilganlar. XIX asr so‘ngida dahriylar xatto o‘z dunyoqarashlarini ta’riflab berishga muvoffiq bo‘ldilar. Unga ko‘ra, Yerda hayotning paydo bo‘lishini tushuntirish juda oson emish. Ular dunyo Alloh taolo tarafidan yaralganligini to‘liq inkor qildilar. Ularning e’tiqodicha, dunyo abadiy mavjud bo‘lgan, shuning uchun ham uning avvali bo‘lmagan. Dunyodagi mavjud buyuk tartib va uyg‘unlik ham tasodif tarzda mavjud bo‘lgan. Hamma narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan va bunda hech qanday ilohiy ma’no va maqsad yo‘q.
Moddiyunchi faylasuflarning o‘ylashicha, darvinizm shu tarzda hayot va insonning paydo bo‘lishi masalasiga javob berishga harakat qilgan. Bundan tashqari, tarix va sotsiologiya fanlari Marks va Dyurkgeymlarning dahriylik g‘oyalari asosida boshqatdan ko‘rib chiqilgan psixologiya asoslarini esa Freyd ifoda qilib bergan. Biroq, XX asrda rivojlanib borayotgan ilmiy, ijtimoiy va siyosiy bilimlar bu bema’ni g‘oyalarni birin ketin yakson qilib tashladi. Ilm-fandagi yangi kashfiyotlar, astronomiya va biologiyadan boshlab, psixologiya, ijtimoiy odob va sotsiologiya dahriylarning bunday faraz va taxminlarini yolg‘on ekanini isbotlab berdi.
Amerikalik taniqli yozuvchi Patrik Glinni 1997 yili nashrdan chiqqan “Sekulyar dunyo so‘ngidagi ilohiy guvohliklar, iymon va aql ittifoqi” kitobida shunday yozadi: So‘nggi 10 yil ichidagi ilmiy tadqiqotlar ularning sekulyar va dahriycha Xudo mohiyati haqidagi faraz va davolarining barchasini moddiyunchilarga qarshi qaratib qo‘ydi… Zamonamizning mutafakkirlari ilm-fan Koinotning mexanik va tasodifan paydo bo‘lib qolganini uzil-kesil ravishda isbotlab berishini faraz qilgan edilar. Biroq, ularga umuman kutmagan natija namoyon bo‘ldi, ya’ni ilm hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydigan darajada koinotda insoniyat aqli yetmaydigan “Buyuk g‘oya, loyiha” borligini va daqiq qonuniyatlarning uyg‘unligi va olamdagi muvozanat tufayli hayot borligini isbotlab berdi.
Zamonaviy psixologlar, iymon inson ongining nevroz yoki dilsiyohlikning bir turi deb aytishar edi. Biroq, so‘nggi 25 yil ichida psixologiya sohasida olib borilgan tadqiqotlar, Freyd va uning tarafdorlari aytmoqchi Xudoga bo‘lgan iymon nafaqat nevroz emasligi, balki aksincha insonning aqliy sog‘lom va baxtli bo‘lishi uchun o‘ta muhim element ekanligi tajriba asosida isbotlandi. Menimcha, hali ko‘p odamlar bu narsalarning mohiyatiga tushunib yetmadilar, lekin inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat quyidagicha: Bir asr davom etib kelayotgan ilm va iymon o‘rtasidagi bahsda oldingi pozitsiyalar butunlay o‘zgarib ketdi. Darvin nazariyasidan so‘ng, aksar agnostik va dahriylar, masalan Xaksli yoki Rassel kabilar o‘z qarashlarini koinot va hayotning hech qanday ma’nosiz, tasodifan paydo bo‘lganligi haqidagi tezisga suyanishar edi. Hozir ham juda ko‘p olim va ziyolilar ushbu qarashni hali ham himoya qilib yotibdilar. Bu qarashga qattiq yopishib olganidan, ular ko‘p hollarda tutruqsiz va bema’ni dalil-hujjatlardan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Bugungi kunimizning fundamental bilimlari Alloh taologa bo‘lgan iymonning haq ekanini aniq dalillar bilan isbotlab bermoqda…
Bu maqolada biz ilmning turli sohalaridagi ba’zi dalil-hujjatlar haqida so‘z yuritamiz halos. Ko‘ramiz, “urushqoq dahriylik” davridan so‘ng bular insoniyatga nimalarni taqdim qilar ekan.

Kosmologiya: Koinotning abadiyligi nazariyasining barbod bo‘lishi

XX asrda ilmning kosmologiya sohasi dahriylik mafkurasiga birinchi zarbani berdi. Moddiyunchilarning “dunyoning abadiy va avvali yo‘q” ekani haqidagi asosiy tezisi barbod bo‘ldi. Hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydigan ilmiy dalillar olimlarning koinotning avvali bo‘lgan, ya’ni boshqacha so‘z bilan aytadigan bo‘lsak yo‘qlikdan bor qilingan, deb xulosa qilishiga sabab bo‘ldi. G‘arb dunyosi qabul qilgan “koinotning abadiy va turg‘un holatda mavjud bo‘lgani” haqidagi dahriylarning g‘oyalari insoniyat uchun yangi bir narsa emas edi. Bu g‘oya qadimgi yunon moddiyunchi faylasuflari orasida ham bor edi.
Cherkov e’tiqodlari hukumron bo‘lgan va o‘rta asrlarda deyarli to‘liq unut bo‘lgan bu g‘oyani yangi davr faylasuflaridan eng birinchi bo‘lib targ‘ib qilib chiqqan olmon faylasufi Emmanuil Kant bo‘ldi (falsafiy nuqtai nazarda uni moddiyunchi, deb bo‘lmasa ham). Uning fikricha, koinot abadiy mavjud edi, uning avvali va oxiri yo‘q, shunday ekan bu abadiy maydonda undan boshqa narsalar kelib chiqishi mumkin.
XIX asr boshiga kelib koinotning avvali bo‘lmagan, ya’ni uning Yaratuvchisi bo‘lmagan degan e’tiqod ilmiy va dunyoviy doiralarda keng tarqalgan edi. Karl Marks va Fridrix Engels bu g‘oyaning faol targ‘ibotchilari bo‘lib, bu g‘oyadan dialektik moddiyunchilik ta’limotini ishlab chiqdilar. Mazkur ta’limot nihoyat “ilmiy asosga” ega bo‘lib, ziyolilar orasida ko‘p tarafdorlarga ega bo‘la boshladi. XX asrga kelib butun Yevropa bo‘ylab tarqaldi.
Vaqt o‘tgan sayin “Koinotning abadiy mavjduligi” haqidagi e’tiqod dahriylikning eng muhim tezisiga aylandi, chunki agar koinot yaralmagan bo‘lib, u tasodifan paydo bo‘lgan bo‘lsa, o‘z navbatida bundan Xudoni inkor qilish g‘oyasi ham kelib chiqadi. Shu o‘rinda moddiyunchilik g‘oyalarining eng yorqin tarafdorlaridan biri Georg Politser kitobidan iqtibos keltirishni o‘rinli bo‘lar edi. U o‘zining XX asr boshlarida yozgan “Falsafa asoslarining paydo bo‘lishi” deb nomlangan kitobida Xudoning mavjud emasligini bayon etgan edi. “Koinot kimningdir tarafidan yaratilgan emas. Agar u yaratilgan bo‘lganida u Xudo tamonidan yo‘qlik davrining ma’lum bir vaqtida yaratilgan bo‘lar edi. Koinotning yaratilgani haqidagi e’tiqodni qabul qiladigan bo‘lsak, avvalo koinot yo‘q bo‘lgan qandaydir ma’lum bir vaqt bo‘lganini tan olishimiz kerak bo‘ladi. So‘ng esa, yo‘qlikdan Xudo bor qilgan. Biroq, bunday e’tirof ilm-fan nuqtai nazaridan maqbul emas.
Politser bu bilan o‘sha vaqtning barcha moddiyunchilarning qarashlarini ifoda etdi. Uning fikriga ko‘ra, ilm-fan ular foydasiga xizmat qilmoqda emish va tez orada ularning ishonchlari qat’iy dalil-hujjatlar bilan tasdiqlanarmish. Biroq ilm-fan tez orada moddiyunchilar o‘jarlik bilan ishongisi kelmayotgan, Politser so‘zi bilan aytganda “agar u yaralgan bo‘lsa, koinot yaralmasdan oldin qandaydir davr mavjud bo‘lganini, so‘ng esa, Xudo tarafidan yaratilganini tan olishimiz kerak bo‘lib qoladi”. Ilm esa, koinotning aniq boshlanishi, avvali borligini isbotlab berdi. Bu dalil-hujjat Big Beng yoki buyuk portlash nazariyasi bilan keldi. Bir qator tadqiqotlar natijasi o‘laroq buyuk portlash nazariyasi taqdim qilindi. 1929 yili amerikalik falakiyotshunos olim Edvin Xabbl yulduzlarni kuzata turib, koinotdagi galaktikalar doim bir-biridan uzoqlashayotganini kashf qiladi. Bu esa koinotning to‘xtamasdan kengayishidan darak edi. Kengayib borayotgan koinot haqidagi haqiqatni qabul qilib, vaqtni orqaga aylantirsak quyidagi mantiqiy xulosaga kelishimiz mumkin bo‘ladi: koinot bitta yagona nuqtada boshlangan. Falakiyotshunoslar mazkur “yagona nuqta” ma’lum bir ma’noda metofizik tushuncha bo‘lib, u “nol hajm” va “mislsiz tortish kuchiga” ega bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Demak, materiya va vaqt portlash natijasida paydo bo‘lgan va o‘sha nol hajmli yagona nuqtadan boshlangan. Boshqacha so‘z bilan aytganda, koinot yo‘qdan bor qilingan.
Buyuk portlash nazariyasi moddiyunchilarning mazzasini qochirgan va koinotni abadiy deb qaraydigan olimlar tarafidan to‘xtovsiz tanqid qilingan. Taniqli fizik, moddiyunchi Artura Eddington bu haqda shunday yozadi: Falsafa nuqtai nazaridan, meni borliqdagi tabiatdagi mavjud tartibning to‘satdan paydo bo‘lishi haqidagi fikr tashvishga soladi. Biroq Buyuk portlash nazariyasi moddiyunchilarning istamagani va xavotiriga qaramay yangi-yangi dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topmoqda. 1965 yili Arno Pensias va Robert Uilson kabi falakiyotshunoslar, kuzatishlar davomida butun kosmosga sochilgan ushbu portalashning radiaktiv qoldiqlarini tasodifan topishga muvoffaq bo‘lishdi.
1989 yili kosmosning radiatsion fonini (KOBE) tadqiqot qilish uchun NASA maxsus yo‘ldoshini uchirdi, u esa falakiyotshunoslarning kashfiyotlarini amalda tasdiqlab, isbotlab berdi. Ushbu dalillar oldida dahriylar gangib qolishdi va endi o‘zlarining haq ekanini yoqlay olmay qoldilar. “Dahriy gumanizm” (Atheistic Humanism) kitobining muallifi, Riding universitetining falsafa bo‘yicha professori, dahriy Entoni Flyu bu haqda diqqatga sazavor shunday fikrni qayd qiladi:
Gunohlarni tan olish jon uchun foydaligi ma’lum bo‘lgan narsadir. Shuning uchun ham zamonaviy kosmologiya sohasidagi hayrixohligidan dahriy chinakkam xavotirda bo‘lishini tan olishdan boshlayman. Chunki, Koinotning avvali bo‘lgani haqida ilmiy tadqiqotlar dalil-hujjatlarni taqdim qilmoqdalar. Men hali hamon dahriyman, biroq ilm-fan keltirayotgan hujjat-dalillar oldida o‘z qarashlarimni bayon qilishim oson bo‘layotgani yo‘q…
Bugungi kunda dahriylar ilmiy dalillar oldida mutloq boshi berk bo‘lgan ko‘chaga kirib qoldilar. Dahriylikni targ‘ib qiluvchi, mashhur «Neychur» («Nature») jurnali bosh muharriri Jon Meddoks Buyuk portlash nazariyasi dalil-hujjatlariga bo‘lgan ularning munosabatlariga 1989 yili chop qilgan bir maqolasidagi fikri yorqin misol bo‘la oladi. “Yo‘qolsin Buyuk portlash” deb nomlangan sarlavhali maqolada Meddoks yozadi, Buyuk portlash nazariyasi falsafa nuqtai nazariga ko‘ra maqbul emas, chunki Buyuk portlash nazariyasining hujjat-dalillarini qabul qilsak dunyoni Xudo yaratgan, deydigan ilohiyatchilarni juda kuchli qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz. Bundan tashqari, u buyuk portlash nazariyasi o‘n yilga qolmasdan yo‘q bo‘lib ketishini bashorat qiladi. Ammo, bugungi kunda Meddoks kabi moddiyunchilarning umidlari puchga chiqib, zamonaviy ilm-fanda buyuk portlash nazariyasi yangi-yangi dalil-hujjatlarga ega bo‘ldi. Juda ko‘p kashfiyotlar mazkur nazariyaning haqligini tasdiqlab berdi. Ba’zi moddiyunchilar ushbu dalillar oldida mantiqiy yo‘lni ham tutishdi. Masalan, taniqli ingliz moddiyunchi fizikachisi Lipson “o‘zi istamasa ham” Koinotning yaratilgani ilmiy dalil ekanini tan oladi: Menga ko‘ra, barcha ilmiy kashfiyotlardan so‘ng, hayotning paydo bo‘lishini faqat uning yaratilishi bilan izohlab, shu narsani tan olishimiz kerak bo‘ladi. Bu narsalarni men va men kabi juda ko‘p fizik olimlar, hamda moddiyunchilar tan olishi qiyin ekanini bilaman. Biroq, eksperimental ilm ushbu dalillarni tasdiqlar ekan biz o‘zimizga yoqmagani uchun uni inkor qila olmaymiz.
Natijada zamonaviy astronomiya quyidagi dalillarni anglab yetdi: Dunyo materiya va zamonga (vaqtga) muhtoj bo‘lmagan butun olamlar parvardigori Alloh taolo tarafidan yaratilgan.

Fizika va Astronomiya:
Koinotning tasodifan paydo bo‘lish tezisining barbod bo‘lishi

XX asr astronomlari kashfiyotlari bilan dahriylikning yana bir yanchib tashlangan aqidasi “tasodifiy koinot” tezisidir. Materiya, koinotda yagona tizimni tashkil qiluvchi narsalar, fazo va fizik qonunlarning tasodifan paydo bo‘lgani haqidagi qarash sharmandalarcha muvoffaqiyatsizlik tarafiga yuz burib, barbod bo‘ldi. Ilk bor, 70 yillarda olimlar koinotdagi barcha fizik qonunlarning nihoyatda ajoyib tarzda inson hayoti uchun barcha zarur shart-sharoitlar asosida yaralganiga e’tibor qaratishdi. Keyingi olib borilgan chuqur tadqiqotlar, koinotdagi fizik, kimyoviy va biologik qonuniyatlar, yerning tortishish kuchi va elektromagnit to‘lqinlar, atom va elementlarning tashkil topishi, umuman aytganda barcha qonuniyatlar insonning yashashi uchun ideal sharoitlarni ta’minlash uchun yaratilgan ekan.
Nazariy fizika professori mashhur Pol Devis Buyuk portlash nazariyasi bilan bog‘liq koinotning kengayishi tezligini hisob-kitobidan kelib chiqqan holda ta’kidlashicha, mazkur tezlik inson aqli yetmaydigan darajadagi aniq mezonga solingan: Koinotning kengayish tezligi juda puxta hisob-kitob qilingani uni keskin miqdorga juda yaqin qiladi. Bu chiziqdan o‘tib ketilsa Koinot o‘zining tortish kuchidan chiqib, makonda (fazoda, bo‘shliqda) tarqab ketgan bo‘lar edi. Agar u sal sekinroq kengayganida tortish kuchi uning ichini yakson qiladi; agar sal tezroq bo‘lsa, kosmik modda alla qachon tarqab ketgan bo‘lar edi. Agar portlash tezligi berilgan o‘lchamdan kvadratdagi milliard bo‘lakning biriga sal og‘ganida edi qandayir portlashni yo‘q qilishga kifoya edi. Biroq, portlashning har bir lahzasi puxta ravishda dasturlangan va aniq tizimga solingan.
Mashhur fizik, professor Stiven Xoking o‘zining “Vaqtning muxtasar tarixi” kitobida ta’kidlashicha, koinot hatto tasavvurimizga ham sig‘dira olmaydigan o‘ta daqiq hisob-kitob va muvozonatga asoslangan. Koinotning kengayishi tezligi haqida Xoking quyidagilarni yozadi:
Agarda koinotning kengayish tezligi buyuk portlashdan so‘ngi soniyada bir yuzming millionlik tenglikdan kamroq bo‘lganda edi u o‘z ichiga tushib ketardi, Xatto o‘zining hozirgi holatiga ham yetib kela olmasdi.
Pol Devis bunday nozik ko‘rsatgich va hisob kitob natijasida yuzaga keladigan xulosani shunday asoslaydi: Koinot o‘zining eng kichik o‘zgarishlarga ta’sirchanligidan tashqari Oliy aql tomonidan mukammal o‘ylagan holda yaratilgan. Tabiat o‘zining eng fundamental konstantalarga belgilab qo‘ygan sonli kattaliklarning g‘aroyib mutanosibligi, kosmik makonning Buyuk maqsad asosida yaratilganligiga bosh dalil bo‘lib xizmat qiladi.
Yerning tortish kuchi yoki elektromagnetizm kabi tabiat qonunlari hozirda mavjud bo‘lgan mukammal Borliqning paydo bo‘lishi uchun aynan zarur bo‘lgan ko‘rsatkichlarni hosil qiladi. Buning ustiga bu ko‘rsatkichlar aynan hayot davom etishi uchun zarur bo‘lgan nisbatlardadir. Kengayishning dastlabki oniy tezligi (Buyuk Portlashning portlash kuchi) aynan kerakli qiymatda bo‘lgan, undan kam ham emas, ko‘p ham emas. Olimlar bu kuch salgina ko‘p yoki kam bo‘lsa, aytaylik, 1 : 1 000 000 0001 000 000 000 darajada (birning milliardning milliardinchi darajasiga teng bo‘lagicha) nima bo‘lar edi, degan taxminning ehtimolini hisoblab ko‘rishdi. Agar bu kuch hozirgidan shu qadar kichik miqdorda farq qilsa, materiya o‘zini qaytadan ichkariga tortib ketgan bo‘lar yoki koinotning cheksiz makoniga mutlaqo tarqalib ketgan bo‘lar ekan. Boshqacha qilib aytganda, Borliqning eng dastlabki bir lahzasining tasodifan paydo bo‘lish ehtimoli 1 : 1 000 000 000 1 000 000 000 ga teng ekan.

Olamda mavjud barcha fizik kuchlar (tortishish kuchi, zaif yadroviy kuch, yadroviy kuch, elektromagnit kuchi), olamning mukammal tizimi yaralishi mumkin bo‘lgan parametrlar, uni tashkil qiluvchi barcha unsular hayratlanarli tarzda hayot mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan mutanosiblikda vujudga kelgan. Ushbu kuchlardan birortasining parametrlari ozgina (masalan 1 ga 1039 darajada, ya’ni, sodda hisob-kitoblarga ko‘ra milliardga ko‘paytirilgan milliard darajada) o‘zgargan taqdirda olam faqatgina radiatsiyadan iborat bo‘lishiga yoki unda vodoroddan boshqa unsur bo‘lmasligiga olib kelar edi. Agar shunday bo‘lganida na Quyosh tizimi na bizning Yer mavjud bo‘lgan bo‘lar edi.
Quyoshning kattaligi, quyosh nuri to‘lqinlarining uzunligi va Yerning quyoshdan uzoqda joylashgan masofasi, suvning betakror kimyoviy va fizik xususiyatlari, inson nafas olishi uchun atmosferadagi gazlarning mutonasibligi, Yerning magnit kamari, sayyoramiz relefi va behisob “nozik mutanosibliklar” insonning mavjud bo‘lishi va yashashi uchun sharoitlarning aqlbovar qilmas aniqligidir. Masalan, insonning nafas olishi tizim uchun atmosferada gazlarning mutanosibligi, Yerning “nozik hususiyatlari”, sayyoramiz ustining shakli – bularning hammasi inson hayoti uchun maksimal qulayliklarni ta’minlovchi mukammal qonun va tizimlarga ba’zi misollar xalos…
Yerning to‘rtdan bir qismini qoplagan suv ham inson yashash uchun juda qulay, o‘ziga xos hususiyatlarga ega. Suv boshqa suyuqliklardan farqli o‘laroq yuqorisi muzlaydi, bu esa o‘z navbatida daryolarning muzlab, muz tog‘lariga aylanib qolishining oldini oladi. Shu tarzda qahraton qishda ham daryo tubida hayot o‘lmaydi.
Suvning oquvchanligi, fizik yoki kimyoviy tuzilish hususiyatlari ham uni tirik mavjudotlar uchun idel ekanidan dalolat qiladi. Biz keltirgan juda ko‘p o‘ta daqiq va mutanosiblik haqidagi misollarning ba’zilari olimlarning quyidagi muhim fikrga kelishiga sabab bo‘ldi: Koinotda “Insoniyatning birlamchi asos tamoili” mavjudligi, ya’ni Koinotdagi barcha qonunlar inson yashashi uchun qulay sharoitlarni yaratish uchun yaratilgan deganidir.
Koinotda mavjud bo‘lgan aniq mutanosiblikni anglash astrofiziklar uchun eng muhim kashfiyot bo‘lgan desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Koinotning qaysi bir fizik qonuni yoki o‘lchamini tadiqiqot qilib ko‘rmang, ularning barchasi inson va barcha tirik mavjudotlarning yashashi uchun ideal sharoitdan kelib chiqqanining guvohi bo‘lasiz. Taniqli astranom Pol Deyvis o‘zining “Kosmik reja” kitobida: “Biz bu mukammalliklarning barchasida aniq g‘oya, loyiha borligini tan olishimiz kerak”, deb tushuntiradi.
Astrofizik V. Press «Nature» jurnalida nashr qilgan maqolasida yozadi: “Koinotda buyuk g‘oya mujassam bo‘lgan, u esa ongli hayotni qo‘llab-quvvatlaydi”. 
Yuqorida zikr qilingan hujjat-dalillarning aksari g‘irt moddiyunchilar tarafidan keltirgan, aftidan ular shunday bo‘lishini istamagani ham ochiq-oydin namoyon bo‘lmoqda. Ular o‘zlarining olib borgan tadqiqotlarida Xudoning borligini isbotlashni maqsad qilmaganlar. Biroq, ular bari-bir hohlamasalarda Koinotning mavjudligini aqlbavor qilmas g‘oya bilan tushinish mumkin degan yagona xulosaga kelishgan.
Amerikalik astranom Jorj Grinshteyn o‘zining “Simbiotik Koinot” deb nomlangan kitobida quyidagi e’tiroflarini qayd qilgan:
Dalil-hujjatlarni o‘rganish chog‘ida, biz bitta inkor qilib bo‘lmas dalilga duchor bo‘lyapmiz: Koinotning paydo bo‘lish jarayonida ilohiy Ong ishtirok etgan. Nahotki, bizning barcha qarshiligimizga qaramasdan bir zumda Xudoning borligi haqidagi ilmiy hujjatga duch kelaversak.
Ashaddiy dahriy hisoblangan Grinshteyn o‘z savolini “nahotki” degan so‘zlar bilan boshlab haligacha yosh bolalarga o‘xshab savoliga javob borligini tushunishni istmaslikka harakat qilmoqda. Ammo har qanday odam beg‘araz hisobsiz ilmiy dalillarni o‘rganar ekan, u haqiqatdan ham Koinot maxsus, insonning yashashi uchun maksimal darajada qulay qilib yaratilganini ko‘radi.
Insoniyatning zamonaviy rivojlanish bosqichida moddiyunchilik johil eskilik sirqiti sifatida mavjud bo‘lib, fundamental ilm-fandan ancha tashqarida qolib ketgan. Amerikalik genetik olim Robert Griffit bugungi kun moddiyunchiliki haqida shunday yozadi: Agar men baxslashish uchun biron bir dahriyni topmoqchi bo‘lsam, Universitetimizning falsafa fakulteti tamon yo‘l olaman, chunki fiziklarimiz orasida dahriylarni endi topishning ilojisi yo‘q. Taniqli molekulyar biolog olim Maykl Denton o‘zining 1998 yili nashrdan chiqqan “Tabiat taqdiri: Biologiya qonuni koinotning buyuk g‘oyasini qanday isbotlaydi” (Nature’s Destiny: How the Laws of Biology Reveal Purpose in the Universe), deb nomlagan kitobida quyidagi xulosalarni yozadi:
XX asrda paydo bo‘lgan astranomiya ilmidagi dunyoning yangi xaritasi so‘nggi to‘rt yuz yil ichida keng tarqalgan Koinotda tasodif va ma’nosiz tarzda hayotning paydo bo‘lishi haqidagi farazni katta shubha ostiga oladi.
“Koinotning tasodif paydo bo‘lishi” haqidagi dahriylikning asosiy tezisining barbod bo‘lganiga shubha yo‘q. Olimlar moddiyunchilikning barbod bo‘lganini ochiq-oydin ayta boshladilar.
Dahriylar e’tiqod qilib kelayotgan qarashlarining jiddiy xatosi 14 asr avval Qur’oni karimda insoniyatga marhamat qilingan edi. Alloh taolo aytadi:Biz osmonu yerni va ularning orasidagi narsalarni behuda yaratganimiz yo‘q. Bu kufr keltirganlarning gumonidir…” 

Tabiatshunoslik:
Darvinizmning barbod bo‘lishi va “maqsad bilan yaratilgan” tezisining g‘alabasi

Avval ta’kidlaganimizdek, XIX asrda o‘z cho‘qqisiga chiqqan dahriylar mafkurasining asosi Darvin nazariyasi edi. Darvin insonlarning va yer yuzidagi butun tirik mavjudotlarning paydo bo‘lishiga tabiatning ongsiz mexanizmlari sabab degan g‘oyani ilgari surdi. Shunday qilib, asrlar davomida, mayli ahmaqona bo‘lsa ham dahriylarni qiynab kelgan savolga javob topilgandek bo‘ldi.
Darvin zamondoshlari bo‘lgan dahriylar yangi nazariyani katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Marks va Engels boshchiligidagi moddiyunchi faylasuflar darhol evolyutsiya nazariyasini o‘z falsafalarining ilmiy asosi deb e’lon qilishdi. Biroq, dahriylikning eng mustahkam asosi XX asr ilmiy kashfiyotlari natijalari bilan rad qilinib, yolg‘on deb e’lon qilindi. Paleontologiya, biokimyo, anatomiya, genetika va boshqa tabiiy ilmlar evolyutsiya nazariyasini barcha jabhalarda puch narsa ekaniga yangi-yangi dalil-hujjatlarni keltirib tashlashdi.
Ushbu maqolada biz mazkur haqiqat bo‘yicha qisqacha bayon qilib o‘tamiz

Paleontologiya: 

Darvinning ta’kidlashicha, yerdagi turli xil mavjudotlar bitta umumiy ajdoddan tarqalgan emish. Biroq, uzoq muddatli davr ichida atrof olamdagi turli sharoitlar yig‘ilib qisqa bosqichli o‘zgarishlar tufayli ular bir-biridan farq qila boshlagan.
Darvin kelajakda Yerdan qazib olinadigan qoldiqlar uning haqligini yana bir bor isbot qilishiga umid qilgan. Ammo, XX asr davomida qazib olingan behisob qazilmalar bularning aksini isbotladi. Ya’ni, tirik mavjudotlarning bosqichma-bosqich rivojlangan deb ta’kidlaydigan Darvin nazariyasiga hujjat-dalil bo‘la oladigan biron-bir “o‘tish turi”ga oid qoldiq topilgani yo‘q. Bundan tashqari tirik mavjudotlarning asosiy guruhlari Yer tegining ma’lum bir ostida tasodifan topilgan bo‘lib, ularning hozirgi tirik mavjudotlar bilan umuman farqi kuzatilmagan, ya’ni ularning ma’lum bir bosqichda qandaydir ma’lum bir umumiy “ajdodi” bo‘lmagan.
Paleontologiyada «Kembriy portlashi» degan fenomen ma’lum. Shuning o‘zi evolyutsiya nazariyasining ustunlarini yiqitish uchun kifoya. Yerning ilk geologik davri qatlamlarida hozirgidan umuman farq qilmaydigan barcha asosiy tirik mavjudotlarning qoldiqlari topilgan. O‘sha davrda hozirgi mavjud barcha mavjudot sinflari to‘satdan paydo bo‘lishgan: mollyuskalar, umrtqalilar, bo‘g‘imoyoqlilar, ignatanlilar va boshqa, favqulodda kompleksli va betakror hayot uchun zarur tizimlilar. Ushbu qazilmalar barcha tirik mavjudotlarning yaratilganligini isbot qildi va hayotning rivojlanishi haqidagi evolyutsiya nazariyasini ostun-ustun qilib tashladi. Chunki, evolyutsiyachilarning o‘zlari ham tan olib aytishicha, hayotning komil va murakkab turlarining to‘sattan paydo bo‘lib qolishi qandaydir oliy kuchlarning aralashuvisiz bo‘lmaydi, ya’ni yaratilishsiz.

Biologiya va seleksiya:

Darvin o‘z nazariyasini ilgari surar ekan, u it va otlarning yangi turlarini chiqarayotgan seleksionerlar misoliga tayanadi. Seleksionerlar tarafidan yangi zotlarning chiqarilishi va ularning xususiyatlaridagi o‘zgarishlari, uni o‘z fikrida sobit qildi, ya’ni barcha tirik mavjudotlar faqat yagona ajdoddan kelib chiqishi mumkin. Biroq, fundamental ilmlarning rivojlanishi o‘ta zaif bo‘lgan XIX asrda ilgari surilgan bu qarash XX asrga kelib butunlay rad qilib tashlandi. Turli xil hayvon va o‘simliklar ustidan o‘n yillab olib borilgan kuzatuvlar, bir tur hech qachon o‘zi mansub bo‘lgan ma’lum genetik chegaradan hech qachon o‘tib keta olmas ekan. Boshqacha so‘z bilan aytganda, Darvinning “men ayqning bir turi kitga aylanish jarayonida hech qanday mushkullik borligini ko‘rmayapman. Tabiiy seleksiya natijasida ayiqlar asta-sekinlik bilan quruqlikda emas, balki suvda yashash uchun barcha qulay sharoitlarga ega bo‘la boshlaydi, og‘izlari esa kattalashadi…”  Ushbu so‘zlar sog‘lom aqlning gapi bo‘lmay, g‘irt johillikdan o‘zga narsa emas.
Boshqa tarafdan, neodarvinistlar tarafidan ilgari surilgan mutatsiyalar hayot rivojlanishining evolyutsion mexanizmi tirik mavjudotlarga yangi genetik xususiyatlarini ziyoda qilmasligi, buning ustiga jismoniy norosa va majruh qilib qo‘yayotganini genetik tajribalar yetarlicha ko‘rsatib berdi. Mutatsion ta’sir asosida drozofill pashshasi ustida behisob darajada ilmiy tajribalari olib borildi, lekin barcha ilmiy tajribalar asosida faqat majruh mutantlar chiqaverdi. Bugunga kelib mutatsiya natijasi asosida ilm-fanda biron bir ijobiy natija borligi ma’lum emas.

Hayotning kelib chiqishining boshlanishi:

Darvin nazariyasiga ko‘ra, yer yuzida hayot o‘lik materiyadan kelib chiqqan emish, madomiki shunday ekan Yerda birinchi tirik jonzot qanday paydo bo‘lgan ekan? Darvin mazkur masalani aylanib o‘tishga intilar edi. U faqat barcha tirik mavjudotlar bitta ajdoddan tarqalganini aytgani bilan, o‘sha yagona ajdod qanday qilib paydo bo‘lgani haqida sukut saqlar edi. U o‘z asarida qisqacha qilib, quyidagi narsalarni qayd qilgan edi: “birinchi tirik hujayra juda ko‘p kimyoviy reaksiyalar oqibatida issiq suvli kichik bir ko‘lda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin”. Ammo, darvinizmning ushbu bo‘shliq hosil qilgan joyini to‘ldirib, uni ilmiy ravishda asoslashga uringan evolyutsiyachi biologlarning bu yerda ham puch hayollari barbod bo‘ldi. Barcha ilmiy kuzatuv va tajribalar tirik hujayrani o‘lik materiyadan aslo paydo bo‘la olmasligini ko‘rsatar edi.
XX asrning ikkinchi yarmida olimlar yanada quvvatliroq kashfiyotlar qilishdi. Taniqli ingliz matematigi va astranomi, Nobel mukofatining laureati, professor Freyd Xoyl o‘zining dahriylik qarashlariga qaramay ushbu jarayonlarni real emasligini tan oldi:
“Tirik hujayrani tasodifan, “o‘zicha” paydo bo‘lishi (shakllanishi) hamda kuchli shamol oqibatida Boing 747 samalyoti bir uyum temir-tersaklar yordamida paydo bo‘lishi mumkin emas”

HAYOTNING BUYUK G‘OYASI

Tirik hujayraning hamda uning tarkibiga kiruvchi molekulalarning tuzilishini o‘rganish, hujayralarning organizmdagi barcha a’zolarning faoliyatiga mukammal uyg‘unlikdagi aql bovar qilmas tartibini o‘rgangan olimlar evolyutsionistlar tish-tirnog‘i bilan tirishib inkor etishga uringan ulkan xulosaga kelishdi: Yerdagi barcha tirik jonzotlar, avvalo eng sodda tirik hujayra va uning tarkibiga kiruvchi organellalar misli ko‘rilmagan, betakror kompleks tuzilishga egadir.
Xatto eng zamonaviy kamera ham yaqin yo‘lay olmaydigan mukammal optik funksiyalarga ega bo‘lgan ko‘zlarimiz, muhandislarni uchish texnologiyasini o‘rganishga ilhomlantirgan qush qanotlari, tirik hujayra ichidagi g‘oyat murakkab va qat’iy rejalashtirilgan hayotni ta’minlash tizimi yoki ko‘zga ko‘rinmas DNK molekulasi ichidagi shifrlangan ulkan axborot massivlari…. Bularning hammasi yer yuzidagi hayot tasodif tufayli paydo bo‘lganligini targ‘ib qiluvchi evolyutsiya nazariyasini boshi berk ko‘chasiga tiqib qo‘yadigan Buyuk g‘oyaning mavjudligiga dalildir.
XX asr so‘nggiga kelib bunday ilmiy haqiqatlarning hammasi darvinizm nazariyasining to‘liq barbrod bo‘lishiga olib keldi. Bugun Yevropaning aksar mamlakatlari va AQShdagi barcha soha olimlari darvinizm ta’limotini inkor qilishmoqda. O‘zlari e’tiqod qilib kelayotgan moddiyunchilik mafkurasini saqlab qolish ilinjida ular hayotning “ongli qasd” (intelligent design) nazariyasini jon-jahdi bilan himoya qilmoqdalar. Chunki, ilmiy kashfiyotlar barcha tirik mavjudotlarning tasodifan emas, balki Buyuk g‘oya natijasida paydo bo‘lganiga dalolat qilmoqda, ya’ni butun tirik narsalar Alloh taolo tarafidan yaralganini yana bir karra isbot qilmoqda…

Psixologiya: Freydizm halokati va iymonning tan olinishi

XIX asrda dahriylik aqidasining eng ko‘zga ko‘ringan vakili avstraliyalik taniqli psixiatr Zigmund Freyd bo‘lsa kerak. Freyd metafizik tushuncha sifatida ruh mavjudligini inkor qildi va insonning butun ma’naviy dunyosini jinsiy (seksual) sabablar bilan izohlab, psixologik nazariyasini ilgari surdi. Freydning eng ashaddiy hujumi din va xudoga ishonuvchilarning diniy xissiyotlariga qaratilgan edi.
1927 yili chop etilgan “Bir puch hayolning kelajagi” (The Future of an Illusion) kitobida u Xudoga ishonishni ruhiy xastalik deb aytadi. Uning ta’limotiga ko‘ra, shunga o‘xshash bo‘lmag‘ur diniy e’tioqdlar insoniyatning rivojlanib borishi bilan yo‘q bo‘lib ketar emish. Freydning aytishicha, u odamlarning barcha kechinmalari sabablarini tushuntirib bera olar ekan. Aslida esa, uning nazariyasi odamlarni yanada xavfli inqiroz va kechinmalar vasvasasiga solar edi. Insonni faqat o‘z nafsini qondirish uchun yashayotgan qandaydir hayvonning bir turi sifatida qaraydigan ta’limot inson ruhining axloqiy qadriyatlarini butunlay vayron qilib, insonni yolg‘izlik, qo‘rqinch va depressiyalar og‘ushiga solib qo‘ydi. Bunga ba’zi bir rassomlarning Freydning zulmat bosgan ta’limotining ta’sirida chizgan rasmlari misol bo‘la oladi.
Freyd psixologiyada dahriylik yo‘nalishining asosini barpo etgan. Biroq, nafaqat Freyd, balki XX asrning boshqa ko‘p taniqli psixolog va psixiatrlari ham dahriy edi. Masalan, bixeviorizm ya’ni yurish-turish sabablarini o‘rganuvchi maktabining asoschisi Berres Snikker yoki ratsional-sezgirlik ta’limotining asoschisi Albert Ellislar ularning eng mashhurlari edi. Natijada, psixologiya dunyosi darhriylikning muomaladagi tarafiga aylandi. 1972 yili Amerika psixologlar jamiyati a’zolari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, bir foiz psixologlar xudoga ishonishlarini ma’lum qilishdi. Biroq, psixologlar e’tiqod qilib kelayotgan eng buyuk zalolati o‘zlarining tadqiqotlari natijalari bilan inkor qilindi. Avvaliga Freyd nazariyasining butunlay ilmiy yaroqsiz ekani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Freyd va boshqa psixologiya nazariyotchilarining qarashlaridan farqli ravishda psixologlar insonni aqli sog‘lom va mukammal bo‘lishi poydevorida iymon asosiy tosh, degan xulosaga keldilar. Amerikalik yozuvchi Patrik Glinn psixologlarning xulosasini quyidagicha ifodalagan:
XX asrning so‘nggi choragida Freyd tarafidan ilgari surilgan psixoanalitik qarashga nisbatan murosasiz bo‘ldi. Freydning iymon haqida aytganlarining hammasi mutloq ravishda yanglish bo‘lib chiqqani diqqatga eng sazavor bo‘lganidir. So‘nggi 25 yil ichida psixologiya sohasida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar, Xudoga bo‘lgan iymon nafaqat Freyd va uning hamfkirlari aytmoqchi nevroz turi, balki aksincha, iymon inson baxti va salomatligi uchun aqliy va jismoniy monandligining (garmoniya) unsuridir. Ketma-ket olib borilgan juda ko‘p tadqiqotlar, diniy ibodatlarni ado qiladigan, xudoga ishonuvchi odamning sog‘lom hatti-harakatlari va iymonsizlikdagi odamlarning ichkilikka ruj’u qo‘yishi, naroktik moddalariga qaramligi, ajralishlar va o‘zi joniga suiqasd qilish, kofirlar orasidagi depressiyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini ochib berdi.
Patrika Glin so‘zi bilan xulosa qiladigan bo‘lsak “XX asr so‘nggidagi zamonaviy psixologiya, o‘zi oldin aytganidek hayotdan din va iymonni “surib” chiqarish o‘rniga u bilan tanishib, yaqinlasha boshladi” va “inson salomatligi borasida ong osti va psixologik jihatlariga oid nazariy va amaliy quruq sekulyar qarashlar barbod bo‘ldi”

Jamiyat: Kommunizm, fashizm va XX asr 60-yillar so‘nggining avlodi.
Dahriylik mafkuralarining barbod bo‘lishi.

XX asrda dahriylikning barbdod bo‘lishi nafaqat ilm-fan sohasida balki siyosiy va ijtimoiy axloq sohalarida ham yaqqol ko‘rina boshladi. Kommunizmning barbod bo‘lib, sharmandasi chiqishi bu gaplarning eng yorqin tasdig‘idir. Chunki, XIX asrda kommunizm dahriylik va shunga yaqin zalolatlarning eng maqtalgani (apofeozi) edi. Ta’limot asoschilari Marks, Engels, Lenin, Trotskiy yoki Mao Szedunlar dahriylikni kommunistik dunyoqarashning eng muhim asosi deb qarashar edi.
Kommunistik tuzumlarning asosiy maqsadi dahriylikni omma ongiga singdirishga qaratilgan targ‘ibotlari bilan Xudoga bo‘lgan iymonning barcha ustunlarini yiqitishga qaratilgan edi. Sobiq sovet ittifoqi yoki Qizil Xitoy, Kampuchiya, Albaniya va boshqa kommunizmni qurishga kirishib ketgan mamlakatlarda xudoga ishonuvchilarga, ayniqsa musulmonlarga qarshi shiddatli qatog‘onlar qo‘llanildi. Bundan tashqari mazkur rejimlar o‘z xalqiga nisbatan genotsid uyushtirib turar edi. Biroq, dahriylik tuzumlari 80-yillar oxiriga kelib birin ketin, tabiiy ravishda barbod bo‘la boshladi, Aslida dahriylik barbod bo‘ldi, desak ham bo‘ladi.
Amerikalik yozuvchi Patrik Glinn ushbu holatga qo‘yidigigcha ta’rif bergan:
Sekulyar tarixchilarining xulosalariga ko‘ra, kommunizmning eng katta xatosi iqtisodiy qonunlarni inkor qilishi bo‘ldi. Biroq, mazkur tuzumning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lgan boshqa qonunlar ham bo‘lgan. Kommunizmning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillarni tadqiq qilgan tahlilchilarning yozishicha, sovetlar mamlakatining intelektul elitasi “dahriylik e’tiqodining inqirozi” azobida edilar. Dahriylik mafkurasining kuchli ta’sirida bo‘lgan sobiq ittifoq aholisi hamda davlat rahbarlari ham chuqur axloqiy inqirozni boshidan kechirayotgan edi. SSSR xalqlari iymon va umidning barcha axloqiy qadriyatlarini yo‘qotib qo‘ygan edi.
Sovet tuzumidagi “Xudosizlik inqirozi”ning eng ko‘zga tashlangan narsasi, davlat rahbari Mixail Gorbachev boshchiligida islohatlarni amalga oshirishga urinishlari bo‘lgan. U davlat tepasiga kelgan ilk kunlaridan boshlab iqtisodiy muammolar bilan birga davlat ijtimoiy axloqqa katta e’tibor qarata boshladi, masalan ichkilikka qarshi kurash kompaniyasi boshlandi. Jamiyatda ko‘tarinki ruhni shakllantirish uchun u eski, va ko‘pchilikka yaxshigina tanish bo‘lgan marks-lenincha tushuncha va tavsiflardan foydalandi, lekin bular hech qanday ta’sir qilayotganini ko‘rib, o‘zi butun umri maboyinida g‘irt dahriy bo‘lsa ham so‘nggi yillarda o‘zining chiqishlarida Xudoning nomini zikr qiladigan bo‘lib qoldi. Biroq, iymon haqidagi aytilgan noxolis so‘zlar hech qanday foyda keltirishi mumkin emas edi, sovet jamiyatida e’tiqod inqirozi kuchayishni davom etaverdi. Mazkur inqiroz natijasida sovet imperiyasining tezda yiqilishi muqarrar bo‘ldi.
XX asrda nafaqat kommunistik mafkura, balki XIX asrining dahriylikka asoslangan falsafiy ta’limotlarining samarasi bo‘lgan fashizm ham bardob bo‘ldi.
Fashizm irqchilik, dahriylik va butparastlikning chatishgan o‘ziga xos falsafa mahsuloti edi.
Fashizm mafkurasining asoschisi hisoblangan Fridrix Nitsshe barcha samoviy dinlarga zo‘r ishtiyoq bilan hujum qilib, butparastlikni esa maqtagan. Bundan tashqari u o‘zini dajjolman, deb ham tanishtirgan. Nitsshe va uning ashaddiy izdoshi Martin Xaydegger fashizm mafkurasining asoschilariga aylanishdi.
U ikkalasi madh qilgan dahriylik falsafasi fashistlar olmoniyasidagi noinsoniy vaxshiylikning kelib chiqishiga sababchi bo‘lishdi. Dahriy hisoblangan Gitler va uning atrofidagi gumashtalari Olmoniyani dahshatli, agressiv mamlakatga aylantirishdi, insoniyat tarixida eng qonli urushni boshlashdi, mamlakat ichkarisida doimiy qo‘rquv asosidagi hayot uchun chidab bo‘lmas sharoitlarni barpo qildi. Ikkinchi jahon urushi deb ataluvchi jinnilik 55 million odamning yotig‘ini quritdi.
Mashxur ingliz tarixchisi Jeyms Joll o‘zining “1870 yildan beri Yevropa” («Europe since 1870″) deb nomlagan kitobida yozishicha, yevropa mamlakatlarining rahbarlari haddan oshiq tarzda sotsial-darvinizmga berilib ketishi Birinchi va Ikkinchi jahon urushi boshlanishining dastlabki shart-sharoitlaridan edi. Ular urushni biologik zarurat deb qarashar, millatlarning taraqqiyotini esa sivilizatsiya va xalqlarning to‘qnashuvida deb bilishar edi.
Dahriylikning boshqa bir ijtimoiy oqibati G‘arb jamiyatida paydo bo‘la boshladi. Bugun jamiyat g‘arb dunyosini “nasroniylik” dunyosi deb qarashga moyilligi bor. Aslida esa, XIX asr o‘rtalaridan boshlab g‘arb dunyosida nasroniylik bilan birga dahriylar madaniyati ham shiddat bilan rivojlanib bordi, bugun Yevropada ularning nufuzi ancha yuqori.
Bugun biz “G‘arb” deb ataydigan sivilizatsiya ikki madaniyat o‘rtasidagi doimiy ixtilof-to‘qnashuvdadir. Imperializm, axloqlarning cho‘kishi, despotizm va kuch ishlatishga moyilliklari shubhasiz g‘arb sivilizatsiyasidagi dahriylik unsurlaridan hisoblanadi. Amerkialik yozuvchi Patrik Glin o‘zining “Ilohiy shohidlik, postsekulyar dunyoda iymon va aql ittifoqi” deb nomlangan kitobida, G‘arbning dahriylari va xudoga ishonuvchilarni qiyos qilish uchun Amerika va Fransiya inqiloblarini misol qilib olsa bo‘ladi, deb alohida ta’kidlaydi. Amerika inqilobi xudoga chin qalbdan ishonuvchilar tarafidan amalga oshirilgan; Amerikaning Mustaqilligi dekloratsiyasida: “Inson huquqlari Xudo tarafidan in’om qilingan”, deb aytilgan. Fransuz inqilobi xudosizlar va dahriylar tarafidan amalga oshirilgan. Fransiyaning inson huquqlari dekloratsiyasi dahriy va hatto mushriklar mantig‘i asosida tuzilgan. Ikkita inqilob natijalari bir-biriga zid bo‘lgan: amerika modeli esa, tinch va din erkinligini hamda xuodga ishonadiganlarning xissiyotlarini hurmat qiladigan jamiyatni barpo qildi. Johil va dahriylikka burkangan Fransiya inqilobi mamlakatda qonlarning daryo bo‘lib oqishiga sabab bo‘ldi. Shu vaqtgacha uchramaydigan vahshiylik, “Buyuk terror” davrini boshlab berdi. Patrik Glinning ta’rif berishicha, “dahriylik va axloqiy va siyosiy kataklizamalar orasida hayratga soluvchi tarixiy korrelyatsiya (o‘zaro bog‘liqlik) mavjud”. Muallifning ta’kidlashicha, Amerikani dahriy qilishga urinishlar ijtimoiy kataklizamalar va salbiy oqibatlarni keltirib chiqargan, masalan 60-70-yillarda “jinsiy inqilob” keng tarqladi, bu esa o‘z navbatida katta ijtimoiy jarohatlarni keltirib chiqardi. Buni hatto sekulyar tarixchilar ham tan olishadi.
Nasroniy oilalarda voyaga yetgan, biroq Darvin, Marks, Freyd va shular kabi dahriylarning ta’limotlari ta’sirida G‘arb yoshlari Xudoga bo‘lgan iymon va dinga ochiqcha nafrat bilan qaraydigan bo‘lishdi. 1960 yillarda, bu oqimlar AQSH va G‘arbiy Yevropa yoshlari orasida shiddat bilan tarqala boshladi, jinsiy erkinlik va xippicha yashash tarzi faol ravishda targ‘ib qilina boshlandi.
Iymondan mahrum etilgan yoshlar cheksiz narkotik moddalar va erkin muhabbat vositasida baxtli bo‘lamiz deb o‘ylashdi. Jon Lennonning kult darajasiga chiqqan “Xudo yo‘q bo‘lgan dunyoni tasavvur qil” deb nomlagan qo‘shig‘i bilan ko‘chalarga chiqqan yoshlar chuqqur ommaviy psixoz holatida edi. Iymon yo‘q bo‘lgan dunyo ularga ayanchli oqibatni hozirlab qo‘ygan edi. 60 yillarda otilib chiqqan xippi harakatining yetakchilari 70 yillarga kelib narkotiktiklar ta’sirida komaga tushishgan yoki o‘zlarini o‘zlari o‘ldirishgan.
Zo‘ravonlikni shior qilib olgan yoshlar esa, o‘zlariga nisbatan ham zo‘ravonlikka duch kelishdi. Bu dunyoda inqilob va jinsiy erkinliklar najot berishiga ishongan Xudo va Iymondan yuz o‘girgan 60-yillar avlodi o‘zlarini o‘zlari hamda o‘zlari yashayotgan jamiyatlarni yo‘q qilishdi.

Iymonga murojaat

Maqola qisqacha to‘xtalib o‘tgan narsalarimiz kufr mafkurasining albatta barbod bo‘lajagiga guvohlik beradi. Insoniyat Olamlar Robbisiga yuzlanmoqda. Bu haqiqat biz bu yerda zikr qilgan ilmiy yoki siyosiy sohalar bilangina cheklanib qolmagan. Juda ko‘p davlat arboblari, kino va pop-musiqa yulduzlari, aksar mafkuralar va g‘arb mamlakatlarining peshvolari tarixning o‘tgan davrlariga qaraganda ancha xolis va xudoga ishonuvchan bo‘lib qolishgan. Juda ko‘p vaqt davom etgan dahriylik zulmatidan so‘ng juda ko‘p insonlar atrofidagi haqiqatlarni ko‘ra boshlashdi, Yaratuvchiga iymon keltirdilar.
70 yillarning ikkinchi yarmidan ilm-fanda Xudoga qaytishga sabab bo‘ladigan ilmiy kashfiyotlar birin-ketin kashf qilina boshlanganini alohida qayd qilishimiz kerak bo‘ladi. Olimlar ilk maratoba Koinotdagi barcha qonunlar va tizimlar inson uchun yaralgani haqida 70 yillarda gapira boshladilar.
Ilm-fan dunyosida 70 yillarda ham dahriylikni ochiq tanqid qilishgan. Natijada, psixologiya Freydning dahriy qarashlaridan voz kechdi. 1978 yili nashrdan chiqqan Skot M. Pekning «The Road Less Traveled» kitobi bunga katta hissa qo‘shdi. Patrik Glin so‘nggi 20 yil ichida ilm-fan kashfiyotlari haqida yozadi. Bular esa o‘z o‘rnida, uzoq vaqt hukmron bo‘lgan zamonaviy sekulyar e’tiqodining asoslarini yaqson qilib tashladi.
Dahriylik dunyo qarashi barbod bo‘ldi, endi uning o‘rniga boshqa “dunyoqarash” kelishiga shubha yo‘q. XX asrning 1970 yillaridan boshlab dunyoda “iymonning yuksalishi kuzatilmoqda. Boshqa barcha ijtimoiy hodislar singari iymonga qaytish jarayoni ham bir kunda sodir bo‘lgani yo‘q. U asta-sekinlik bilan pishib yetiladi, balki haligacha bugun u sezilmayotgandir. Biroq, dunyodagi hodislarni tahlil qilib, mafkura va ma’naviy sohalarda dunyo burilish davrini boshidan kechirayotganini to‘liq ishonch bilan ta’kidlash mumkin. “Sekulyar tarixchilar” bu jarayonlarga biron javob topish ilinjidadirlar. Biroq bu kishilar Xudoning borligini inkor qilar ekanlar ular chuqur zalolatdadirlar va ularning tarix rivojlanishiga bergan baholari ham zalolat bo‘lishi mumkin. Darhaqiqat, tarix Alloh taolo taqdir qilgan yo‘l bilan rivojlanib boradi. Alloh taolo bu haqiqatni Qur’oni karimda zikr qilib o‘tgan: “Allohning sunnatiga hargiz badal topa olmassan. Allohning sunnatiga hargiz o‘zgartirish topa olmassan”. (Fotir surasi, 43 oyat).
Tarixning yuqoridan belgilangan, ma’lum bir maqsadi borligiga shubha yo‘q. Tarix Alloh taolo taqdir qilgani bo‘yicha rivojlanib boradi. Alloh taoloning irodasi esa, Uning yo‘lini ko‘rsatuvchi yo‘lni haqiqat nuri bilan to‘ldirishdir. “Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir. (Ya’ni, faqat o‘z nurining to‘kis bo‘lishini istaydi.)” (Tavba surasi, 32)
Oyati karimaning tafsiri quyidagichadir: Alloh taolo insoniyatga O‘ziga bo‘lgan iymonni nozil qildi, O‘z nurini in’om etdi. Kofirlar Haqiqat nurini o‘z so‘zlari, dav’atlari, targ‘ibotlari va falsafalari bilan o‘chirmoqchi bo‘ladilar. Biroq, darhaqiqat Alloh taolo o‘z nurini batamom qilishni istaydi, ya’ni O‘z dinini O‘zi yaratgan dunyosida hukmron qiladi. Hadislarda hamda Islom ulamolarining asarlarida kelgan “Tarixning burilish nuqtasi” haqida maqola boshida zikr qilgan edik, ehtimol hozir tarixning shu nuqtasida turgan bo‘lsak kerak. (Asl haqiqatlar faqat Allohgagina ayondir).

Xulosa

Shuning uchun ham yashashimiz taqdir qilingan davr insoniyat rivojlanishi tarixining burilish naqtasi hisoblanadi. Asrlar davomida ilm-fan rivojining yagona yo‘li deb taqdim qilib kelinayotgan dahriylik o‘zining johil va absurd narsa ekanini ko‘rsatdi.
Moddiyunchiik falsafa toza ilmdan o‘zlarini xudosizlik maqsadlariga yetish uchun foydalanmoqchi bo‘lishdi, biroq ilmning o‘zi ularni bir yoqlama qilib qo‘ydi. Telba dahriylikdan qutilib olgan dunyo Alloh taolo va iymonga qarab yuzlanmoqda. Aslida bu jarayonilar avvalroq ham boshlangan. Shunday oqibat bo‘lishi muqarrar edi. Chunki, dahriylik eng buyuk aqlsizlikdir. Qur’oni karimda Alloh taolo, Yaratuvchini inkor qiluvchilar qattiq adashuvda ekanini zikr qilgan edi:
“Allohga qanday kufr keltirasizlar? Va holbuki jonsiz edingiz U sizga jon berdi, so‘ngra joningizni oladi va yana tiriltiradi va sizlar Unga qaytajaksizlar. U sizlar uchun yer yuzidagi barcha narsani yaratgan zot. So‘ngra osmonga yuzlandi va ularni yettita qilib to‘g‘riladi. Va U har bir narsani biluvchi zotdir”. (Baqara surasi, 28-29)
Shu bosqichda musulmonlarga katta ma’suliyat yuklanishiga shubha yo‘q. Musulmonlar dunyoning barcha mafkuraviy o‘zgarishlarini fahmlashi, jarayonlarni to‘g‘ri tushunishi kerak. Globalizatsiya jarayoni insoniyatga taqdim qilayotgan barcha vosita va imkoniyatlardan foydalangan holda insoniylikning barcha fazilatlarini o‘zida ko‘rsatgan holda haqiqiy din haqidagi ta’limotni butun insoniyatga taqdim qilishi kerak. Bugun asosiy mafkuraviy urush iymon va dahriylik o‘rtasida bo‘layotganini aniq tasavvur qilish kerak. Ba’zi tahlilchilar aytmoqchi, G‘arb va Sharq tamaddunlarining o‘rtasida to‘qnashuv bo‘layotgani yo‘q. G‘arb dunyosida ham, Sharq dunyosida ham Xudoga ishonadigan va unga qarshi isyon qiladiganlar bor. Shuning uchun ham haqiqiy nasroniy va yahudiylar xudosizlik va kufrga qarshi musulmonlar bilan birgadirlar…

“Krax ateizma” kitobidan
Abu Muslim, rus tilidan erkin tarjima.  Ushbu maqola «InfoIslom»dan olindi.  

3 ta fikr

  1. Bu yerda juda burtirib yozilibdi

  2. Hayotning qanday turlanishini bilish uchun evalutsiyani tushunish kk Darvinni davrida buni tushunishga imkon bulmagan bulsada Charlis Darvin buni tushuntirishga harakat qilgan evalutsiya hozir ham davom etyapti masalan kimdir 6 ta barmoq bilan tugilyapti agarda bu tabiatda bulganda bu foydali busa usha odamni geni kopayishni davom etardi va yangi tur paydo bulardi men tushunarli bulishi uchun odamni misol qildim

  3. Ateizm hozirda chokmayapti rivojlanyapti buni statistika kursatyapti hozirda hayotning tasodif tufayli ham paydo bulishini allaqachon olimlar isbotlashgan . Ateistlar ishonuvchilarga qaraganda ancha kam jinoyat qilishadi bu ham stasistika . Ateistlar johil bulsa kup olimlar astranomlar biolog fizik vaboshqalar hammasi yovuz insonlar ekanda. Turlar uzgara olmasa unda nega dinazavrlar davridayoq hayot yoq bulib ketmadi ushanda 90% jonzotlar qirilib ketgan agar hayvonlar yana rivojlanmaganida biz ham tabiatda kurib turgan jonivorlar ham shu darajaga yetmasdi

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter