O'tkazib yubormang

Bolalarga bermang dunyoni!..

Bolalarga bermang, dunyoni,
Axir ular hali bola-ku…
Haqiqatga bo‘ylab ro‘yoni,
Kipriklarda qotgan jola-ku!.. 

Bolaga sifatli ta’lim maskanida o‘qish, chet tilini o‘rganishi va sport to‘garaklariga qatnashishiga sharoit yaratishgina undagi tarbiyani kafolatlab bermaydi. Ular bilan bir qatorda oiladagi tarbiya, bolaning bolalarcha o‘rni, ota-onaning esa farzandlar ko‘z o‘ngida doimo komil shaxslar bo‘lib gavdalanishi ayniqsa ahamiyatli. Bu nimalarda ko‘rinishini izohlash shart emas, nazarimda. Shunchaki bolaning ko‘zini xotirasi mustahkam videokamera deb tasavvur etishning o‘zi yetarli bunda. 

idrok.uz01.06.2014
Mehr berish mazmunida haddan oshirmay erkalatmoq, oiladagi buzilmas tartib qoidalarga o‘rgatib borishda qattiqqo‘llik chegarasini ham tutmoq muhim. Ota-onaning nazorati, oiladagi ma’lum tartib qoidalar – eng katta tarbiya vositasi. Avvaliga konfet olib bering harhashasidan boshlangan bola ko‘ngli keyinchalik shunday katta va shirin narsalarni qo‘msab qoladiki, o‘shanda ota-ona farzandining bolaligidagi shirinkomalari uchun qattiq achchiq tortishga majbur bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqda bir kishining “Inson o‘lmaydi. Uni bolalari o‘ldiradi”, deya yozgan izohi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi… Ha, buni tushunish mumkin…
Texnologiyalar rivojlanib ketdi, hayotimizga internet kirib keldi, bo‘lgan sari yanada bo‘lgisi kelaveradigan odamzodni bu zamon bir qaraganda shunchalar ko‘p orzu-xavas, turmush tashvishlariga o‘rab tashladi, yana bir qaraganda esa, shunchalar dangasaga aylantirdiki, bugunda insonlar orasida oila masalasi, bolalar tarbiyasi ikkinchi, ehtimolki eng so‘ngi o‘rinlarga tushib ketgandek…
Yo‘lovchi transportida chamasi boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan ikki o‘quvchisi o‘zaro tortishib ketmoqda. “San kecha manga nima deding? … tiqib qo‘yaman, chundingmi, … qilma vobshe?!” “Ho‘, …, o‘zingdan chiqdi-ku birinchi, bollarni oldida … bormidi o‘zini ko‘rsatib, ustimdan kulib?!” Avtobusda odam kam edi. Ammo hamma o‘zi bilan ovora, bolalarga hech kim e’tibor bergani yo‘q. Kichkintoylarning so‘kinishga to‘la, yoshiga yarashmagan davomli bahsiga asabim dosh bermay, ulardan birini turtdim: “Jim ketlaring, namuncha, hammayoqni boshlaringga ko‘tarmasalaring, uyalmaysanlarmi?! Juda bo‘lmasa, tushgandan keyin urisharsanlar”. “Manga qaren brat, ne turtvos, keyin bizani ishimizga ne aralashvos?! Tengizi obkesam, duxizga o‘tqizadi hozir. Problema sotvolasmi, qancha kere sizga?!”
Bu paytda tushadigan bekatim yaqinlashdi va “duhimga o‘tirib”, shoshayotganim uchun “yigitchalar” bahsiga “bor-yey” deb, qo‘l siltab tushib ketdim.
Shu voqeadan boroz avval messenjer tarmoqlardan yuborilgan bir rolikni ko‘rib, “Ha, endi bu Rossiyada-ku”, deb qo‘ygandim. Unga ko‘ra boyagi «zo‘ravonchalar» tengi o‘n-o‘n ikki yosh bolakay bilan kattaroq yigitlar savol javob qiladi. Polyak millatiga mansubligini aytgan haligi kichkintoy sigaret chekib turarkan “Vobshemta ti kto?” “Ya?! Ya – shpana”. “Kem budish?” “Velikiy vor v zakone”, deya savol-javoblardagi tilini aylantirishiyu, “Vaqtimni olmasdan yo‘limni bo‘shatlaring, bo‘lmasa hozir hammangni ichak chavog‘ingni boshingga salla qilaman”, deya uning rusiyzabon zona lahjasidagi dadilligiga videoga olgan yigitlar qatori men ham hayratlangandim. Uning o‘zini tutishi go‘yo qirq besh yosh erkakni bir urib kichkina qilib qo‘ygandek tasavvur uyg‘otardi odamda. Ha, Gitler ham buyuk shaxs bo‘lgan…
Bizning davrimizda… deb fikratimni davomlasam, g‘alati bo‘ladi. Bolalik ko‘chasidan chiqqanimga ko‘p bo‘lmadi o‘zimni ham. Ehtimol, hali ham bolaman. Ota-onam ko‘zida esa aniqki hali ham kichkina bolakayman. O‘zimdan qiyoslab, ko‘p emas o‘n besh yil avvalgi o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlari, ota-ona va farzand muomalasidagi chegara, bola va san’at o‘rtasidagi paykonlarini solishtirarkanman, bugunimiz go‘yo butkul o‘zgarib ketgandek…
Xonamda “Bolalar”ning “Sen meni jonim” qo‘shig‘ini baland qilib tinglayotganimda dadam ko‘rib qolib onamga “Katta yigit bo‘lib qolibdi-ku, o‘g‘limiz…” deganlarida uyalganimdan yer yorilmagan, men unga kirib ketmaganman…
Zangiota tumanidagi kollejlardan birida qo‘l telefonlari bo‘yicha tekshiruv bo‘lganida voqealar rivoji shu darajagacha yetdiki, o‘quvchilarning, ayniqsa qizlarning ota-onalari farzandlarining telefon apparatlari xotirasidagi manbaalar yuzasidan ancha vaqt yer chizishga majbur bo‘ldilar… Shuning uchun ham bugunning 16 yosh bolalarning qo‘l telefoni fleshkasida nimalar bo‘lishi mumkinligini tasavvurga sig‘dirmay qo‘yaqolaylik-da, birgina chaqiruv gudoklariga e’tibor beraylik. Oyisi qo‘ng‘iroq qilsa: “Sen qalbimda yagona, yo‘g‘u borimsan, Hammadan qizg‘onganim shakarchoyimsan”. Dadasi yo‘qlab qolsa: “Qanaqa kefe ey, qanaqa disney ey, qanaqa bayram ey, uyda jim o‘tir ey”.
Bugunda bolalar dunyosiga imkoniyatlar qatori yana o‘sha taraqqiyot, yana o‘sha texnologiyalar orqali imkonsizliklar ham kirib kelmoqda. Bolakaylarning hamma narsaga salohiyati yetmasa ham aqli yetib turadi. Masalan men 7 yoshimda qumdan uychalar yasasam ham, qumning albastirdan farqini anglamasdim. Hozirgilar qum bilan albastirni farqlash u yoqda tursin, ulardan qanday qilib imorat tiklashni ham yaxshi biladi…
“Bolalar aynib ketmoqda”, deya yozib ketilgan ekan, eramizdan avvalgi davrlarga oid qadimiy arxeologik bitiklarga. » Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidur», degan edi  ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy.

1iyun_idrok.uz

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat dasturining ishlab chiqilib, masala siyosat darajasiga ko‘tarilgani, ayollar va bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy muhofazasi, yaratilgan va yaratishda davom etilayotgan asrlarga tatigulik islohotlar haqida to‘xtalsak, bir maqolaga sig‘maydi ham. Joriy “Sog‘lom bola yili” ham izchil olib borilayotgan ana shu hayrli ishlarning uzviy davomi bo‘lib, oltin siyohlar bilan mustaqil mamlakatimiz tarixga muhrlanmoqda, albatta. Ha, hukumat tomonidan bolalar uchun juda ko‘p imkoniyatlar taqdim etilgan. Davlat tomonidan shuning o‘zi yetarli, shuning o‘zi katta tuhfa. Bunda endi biz bolalarimizga bolalikdan yiroq boshqa dunyolar uchun yo‘l ochib qo‘ymaylik. Bolalarga dunyolarni emas, avvalo tarbiya beraylikki, shunda u kelajakda o‘zi istagan dunyoni o‘zi qo‘lga kirita oladi. Lekin yana qaytarib aytamizki, oiladagi tarbiyani boshqa hech kim taqdim eta olmaydi. Ota-onaning ma’lum qoidalardan suv ichgan mehrini, andisha, or-nomus, lafz, halollik kabi millatimiz qon-qoniga singib ketgan, go‘zal hislatlarga o‘ralgan muhabbatini hech bir kitob va yoki hech bir davlat qonuni kafolatlab bermaydi. Bolalarimizga imkoniyatlarni shunday oqil tarbiya bilan taqdim etaylikki, toki bugunda yaratib bergan moddiy sharoitlarimiz qatoridagi beparvoligimiz kelajakda imkonsiz oqibatlarni keltirib chiqarmasin.

Buyuk mamlakatning buyuk kelajagi bo‘lgan bolajonlaringizni mehr bilan yuzlaridan o‘pib qo‘ying. 1-iyun – xalqaro bolalar kuni bilan!!!

Alisher ABDUMALIKXON,
mustaqil jurnalist.

Bitta fikr

  1. aslida zamonmas insonlarni ozi ozgarib bormoqda.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter