Euronews xabariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida Suriyaning o‘nlab harbiy xizmatchilari “Islom davlati” jangarilari tomonidan qatl etilgan. Bu haqda Daryo.uz nashri xabar tarqatgan.
Jumladan, islomiylar 24-avgust, yakshanba kuni Tabka — Suriya armiyasining mamlakat shimoli-sharqidagi so‘nggi tayanchidagi aviabazani egallab olgach, askarlarni asir olgan edi.
Ekstremistlar qo‘liga tushgan kamida 135 kishi qatl qilindi, ushbu jarayon aks etgan kadrlarni jangarilar internetga joyladi.
Shuningdek, Iroq xavfsizlik kuchlari va kurdlarning Peshmerg otryadlari Mosul to‘g‘oni hududida “Islom davlati” jangchilarini chekinishga majbur qildi. Biroq jangarilar mamlakat shimolidagi uchta neft konini yoqib yuborgan. Boshqa manbalarga ko‘ra, neftni qayta ishlash zavodlari va neft ombori yonmoqda. Islomiylar esa o‘zlarining tog‘lardagi bazalariga chekingan.
Bir qator Yevropa mamlakatlari, jumladan Chexiya, Daniya, Buyuk Britaniya Iroq aholisi uchun qo‘shimcha gumanitar yordam va “Islom davlati” jangarilari bilan kurashish uchun qurol, shuningdek samolyotlar yetkazib berishini ma’lum qilgan.