«Kun»ning yozishicha, 2013 yilning senyatbr va oktyabr oylarida O‘zbekiston hukumati ilk marta Xalqaro mehnat tashkiloti bilan Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi konvensiyasi talablari asosida paxta terish jarayonini monitoring qilishda hamkorlik qildi.
Bu haqda AQSh Davlat departamentining 2014 yilda odam savdosi bo‘yicha ma’ruzasiga asoslanib, 12news.uz nashri xabar tarqatdi.
XMTning Hukumat vakillari hamrohligidagi monitoring guruhi mazkur Konvensiya talablari buzilishi bo‘yicha 53 ta holatni qayd etgan. Shu asosda Xalqaro mehnat tashkiloti “O‘zbekistonda 2013 yilgi paxta yig‘im-terimi davrida tizimli asosda majburiy bolalar mehnati ishlatilmagan” degan xulosaga kelgan.
Hukumat ikki marta 15 yoshga qadar bolalarning paxta terimiga jalb qilinishini taqiqlash bo‘yicha tegishli hujjat e’lon qilgan. XMT O‘zbekiston hukumati monitoring qilishga ruxsat berganini ijobiy baholagan.
Xabarda aytilishicha, Xalqaro mehnat tashkiloti va Hukumat kuzatuvchilari paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanilgan 53 ta holatni qayd etgan. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, 8 nafar fermer jarimaga tortilgan, 3 nafar fermer esa ogohlantirilgan. XMT va O‘zbekiston hukumati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi mehnat inspektorlarini belgilangan tartibda o‘qitgan.
IDROK.UZ