Jizzax shahar hokimligida viloyat adliya boshqarmasi, viloyat xotin-qizlar qo’mitasi hamda «Istiqlol avlodi” nodavlat notijorat tashkiloti va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan davlat va nodavlat tashkilotlari uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha ko’rinishlariga barham berish to’g’risidagi Konvensiyasining mazmun mohiyatiga bag’ishlangan davra suhbati bo’lib o’tdi.
Davra suhbatida O’zbekiston Respublikasining Konvensiyani bajarishga doir To’rtinchi milliy ma’ruzasining CEDAW Qo’mitasi tomonidan ko’rib chiqilishi yakunlari muhokama etildi. Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha ko’rinishlariga barham berish to’g’risidagi konvensiyaga asosan mamlakatimizda Milliy Harakat Rejasi amalga oshirilmoqda.
Tadbirda so’z olganlar Ijtimoiy va iqtisodiy sohada xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishdagi mexanizmlar, shuningdek, ayollarga nisbatan zo’ravonlikning barcha shakllariga barham berish va huquqiy himoyalash, oiladagi kelishmovchiliklarning oldini olishning huquqiy asoslari va oqibatlari, oilaviy zo’ravonlikning oldini olish, kamsitilishga yo’l qo’ymaslik, erkak va ayollarning oilada tengligini ta’minlash borasida davlat idoralari, huquq-tartibot organlari va jamoat tashkilotlarining roli va loyihalari to’g’risida tushunchalar berdilar.
Bundan tashqari hozirgi kunda jamiyatimizdagi eng dolzarb muammo bo’lgan odam savdosi bilan bog’liq masala yuzasidan suhbatlashildi.
Ma’lumki, 1979 yilda BMT tomonidan Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha ko’rinishlariga barham berish to’g’risidagi Konvensiyasi qabul qilingan. Davlatimiz mustaqillikka erishgandan so’ng 1995 yilda mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qildi.
Davra suhbati davomida mazkur yo’nalish bo’yicha tayyorlangan videomateriallar muhokama qilindi.
Manba: sangzor.uz