Alisher ABDUMALIKXON (Alisher Abdumalikovich ISOMIDDINOV) (XON)
1988-yil 27-avgustda Qo‘qon shahrida, ziyoli oilada tavallud topgan. Hayotdagi shiorlari ko‘p. Ulardan ba’zilari :
“Yuraging urib turibdimi, hali hech narsaga kech emas”.
“Bugun o‘ladigandek oxirat uchun, hech qachon o‘lmaydigandek dunyo uchun yasha”.
“Dunyodagi barcha narsa nisbiy”.
“Har qanday holatda ham tushkunlikka tushma, yozilgani qurigan, Kitob yopilgan”.
“Kamtarlikni shior, g‘ururni libos bil”.
“Vatanni sevsang, gulu tikanaklari bilan ham sev”.
“Muqarrar keladi hal o‘sha kun,
Bunga taqvo kerak zikrlar kerak,
Vatan buyuk vatan bo‘lmog‘i uchun,
Olov so‘zu uyg‘oq fikrlar kerak”.
“Farzinni boy bersang ham achinma, hali piyodalaring bor-ku”!
Shavkat RAHMON she’rlari, “Ming bir kecha” ertaklari, «Sherlok Xolms hikoyalari» – eng sevimli asarlari. 1994-1999, 2000-2002 yillarda Qo‘qon shahridagi 3-umumta’lim, 8-o‘rta ta’lim maktablarida; 1999-2000 yillarda poytaxtdagi 45-gimnaziyada; 2002-2005 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Respublika Nafis San’at litseyida; 2005-2009 yillarda O‘zbekiston Davlat jahon tillari Universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Poytaxtning bir burchagida istiqomat qiladi.
O‘zini diplomi borligi uchungina jurnalist deb hisoblamaydi. To‘rt yillik yo‘qotgan vaqti va shartnoma pulini foydaliroq yumushga sarflaganida ham ijodi shunday va yoki bundan ancha qizg‘in kechishi hamda hayoti boshqacharoq bo‘lishi mumkinligi haqida ham o‘ylab qoladi. Ammo oliy ta’limdan norozi emas. Lekin Alisher Navoiy nomidagi Respublika Nafis San’at litseyidan olganlarini hammasidan ham ortiq deb baholaydi. Talabalik paytida, xususan 2006-2011 yillar davomida nufuzli hamda nufusli davlat tashkilotlarida faoliyat yuritgan. Dastlabki ijodiy ishlari 1998 yildan e’tiboran matbuot yuzini ko‘rib, «Bahor ostonasida» nomli ilk she’riy to‘plami 2004 yilda «Kamolot» YOIH Toshkent shahar Kengashi homiyligida chop etilgan. Respublika matbuotida yuzlab chiqishlari e’lon qilingan.
Avvalo otasi, shoir va jurnalist Abdumalik ISOMIDDINning ulkan hissasi, shu bilan birga ustozlari O‘zbekiston Qahramoni Ozod SHARAFIDDINOVning o‘gitlari, O‘zbekiston xalq shoirlari Anvar OBIDJON, Halima XUDOYBERDIYEVAlarning maslahatlari, atoqli yozuvchi Tohir MALIKning bolalikdagi amaliy darslari uning yuragidagi adabiyotga bo‘lgan mehr va qiziqishning yanada sayqallanishiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari muallif o‘zidan katta va qaysidir jihati qalbiga yaqin bo‘lgan barcha qalam ahlini ustoz deb biladi.
Bugungi kunda mustaqil jurnalist.
“IDROK.UZ” 2014 yilning 15 yanvarida ishga tushirilgan.
Ommaviy axborot vositasi davlat ro’yxatidan o’tkazilganligi to’g’risida 28.10.2014 yilda berilgan №1037 sonli Guvohnoma mavjud.