O'tkazib yubormang

Yuzlab fohishaxonalar fosh etildi

Internet tarmoqlarida Toshkent shahrida 334 ta fohishaxona fosh etilgani haqida xabar tarqaldi…

Bu xabarni o‘qib, beixtiyor titrab ketdim. Ayol degan ulug‘ nomni poymol etib, fohishalikni kasb qilib olgan, pul uchun va lahzalik huzur-halovat uchun insoniylikdan voz kechishga, millat nomini yer bilan yakson qilishga tayyor bu ayollarni kim deyish mumkin? Ko‘plab oilalarning buzilib ketishiga sabab bo‘layotgan, ota-ona, aka-uka, opa-singillar, boringki millat yuzini yerga qaraishga sabab bo‘layotgan bu illat nega bu qadar ildiz otdi ekan? Shu savollarga javob topish uchun bu yoqimsiz xabar faktlariga e’tibor qaratib, bu illatga qarshi qanday jazo choralari ko‘rilayotgani bilan qiziqdim.

Bu haqida «Darakchi» o’z sahifasida ma’lumot bermoqda.

2b5053e7347f1655972c31d6e95b1

Internetda keltirilgan xabarlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 69 ta, Samarqandda 50 ta, Sirdaryo va Jizzaxda 22 ta, Buxoroda 46 ta, Navoiyda 19 ta, Farg‘onada 47 ta, Andijonda 30 ta, Namanganda 74 ta va Qoraqalpog‘istonda 40 ta ishratxona aniqlangan. Mazkur xabarga oydinlik kiritish maqsadida esa O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklarni oldini olish Bosh boshqarmasi boshlig‘i U. Narzullayevga murojaat qildik.

— Internetdagi xabarlarga oydinlik kiritsangiz…

— Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlari tomonidan keng jamoatchilikni jalb qilgan holda ahloq-odob doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 1000 nafardan ortiq fohishalik bilan shug‘ullangan, qo‘shmachilik qilgan, shuningdek fohishaxona saqlagan qonunbuzarlar aniqlandi va ularga sudlar orqali jazo muqarrarligi ta’minlandi.

— Ushbu turdagi jinoyatni oldini olish borasida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Bugungi kunda ahloq-odob doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun ichki ishlar idoralarining profilaktik hisobida turgan mingdan ortiq fohishalik va qo‘shmachilik bilan shug‘ullangan shaxslar bilan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Aldanib qolmang”, “OITS kasalligi profilaktikasi” va boshqa mavzularda mahallalarda, korxona va tashkilotlarda, oliy o‘quv yurtlarida, akademik litseylarda, kasb-hunar kollejlarda va umumta’lim maktablarda davra suxbatlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek maxsus rejalar asosida “Oriyat”, “Tozalash”, “Tun” kabi maxsus profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

QO‘ShMAChILIKNING JAZOSI QANDAY?

Huquqshunos javob beradi:

— O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasiga binoan, fohishaxona ochish yoki saqlash, shuningdek g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilish — eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ushbu harakatlar:

a) voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda;

b) takroran, xavfli retsidivist yoki ushbu Kodeksning 135 (Odam savdosi) yoki 137-moddalari (Odam o‘g‘rilash)da nazarda tutilgan jinoyatlarni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan sodir qilingan bo‘lsa, — olti oygacha qamoq yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

FOHIShALIK BILAN ShUG‘ULLANAYoTGANLAR-ChI?

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasiga asosan fohishalik bilan shug‘ullanish — eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

OGOH BO‘LING!

Ne-ne olimu-ulamolar yetishib chiqqan bu yurtda bunday illatlar odatiy holga aylanib qolmasligi uchun birgalikda qarshi kurashmog‘imiz, loqaydlikdan voz kechmog‘imiz zarur.

Katta gunohlardan biri bo‘lmish zinokorlikdan saqlanish o‘zimiz uchun ham, jamiyatimiz uchun ham qarz, ham farz.

Siz ham befarq bo‘lmang, yashash hududingizda ahloq-odob doirasidagi huquqbuzarliklar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, hududiy ichki ishlar idoralariga murojaat qiling!

Laylo RUSTAMOVA tayyorladi.

Bitta fikr

  1. Bunday illatlarga barxam berish uchun, bu mening fikrim albatta: 1-o`rinda yoshlikdan tarbiyani to`g`ri olib borish kerak( yoshlarda ), Internet tarmog`idagi pornografik saytlarga taqiq qo`yish kerak.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*

Flag Counter